Hamkorlikning ufqlari keng

“O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJda O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda birja savdolarida Qozog‘iston kompaniyalarining ishtiroki va import tovarlarni sotish bo‘yicha yangi mexanizmni yaratish masalalari  muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi, Bojxona, Soliq qo‘mitasi, Raqobat qo‘mitasi, «Commerzbank AG»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Trastbank” XAB, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasining Milliy banki, «Bank RBK» AJ va tsement ishlab chiqaruvchi zavodlari vakillari ishtirok etdi.
— Mamlakatimiz iqtisodiyotning samaradorligini yanada oshirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi, “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ raisi vasifasini bajaruvchi Farohiddin Ibragimov.

— Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xomashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Birja faoliyatini tubdan takomillashtirish hamda xorijdan keltirilayotgan xomashyolar savdosining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qator muhim chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Ayni vazifalardan kelib chiqqan holda Qozog‘istonning “YeST” tovar birjasi” AJ bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida eksport-import birja savdolarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Bundan tashqari, shu yil 19 aprelda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembaevning “O‘zRTXB” AJga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida birja savdolari sohasi bo‘yicha savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zaro kelishuvlar natijasida ichki bozorda narxlarning asossiz ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan yoki kam miqdorda ishlab chiqariluvchi import tovarlar bo‘yicha birja savdolarini tashkil etish mexanizmi ishlab chiqildi.
Davra suhbatida birja savdolarida norezidentlarning ishtirok etish tartibi, o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmi qo‘shni mamlakat ishlab chiqaruvchilariga batafsil tushuntirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlariga o‘zgartirish kiritish yuzasidan zarur takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Ayni vaqtda norezident-sotuvchilar UZEX birjasida bir kunda akkreditatsiyadan o‘tmoqdalar. Birja shartnomasini ochish va savdolarda ishtirok etish uchun ular listing jarayonidan o‘tadilar va birjaning Hisob-kitob kliring palatasiga kelishuvning taxminiy bahosidan 10 foiz miqdorigacha bo‘lgan garov pulini kiritadilar. Elektron birja savdolari brokerlik idoralari vositachiligi asosida boshlang‘ich narxning o‘sib borish mexanizmidagi auktsion shaklida o‘tkaziladi. Elektron savdolar natijalariga ko‘ra, birjaning import shartnomasi rasmiylashtiriladi. Bu shartnoma birja hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
O‘z navbatida birja bitimi bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblar Hisob-kitob kliring palatasi orqali milliy valyutada amalga oshiriladi. Bitim bajarilganidan so‘ng, norezidentga xizmat ko‘rsatuvchi brokerlik idorasi bitimning yakuniy hisob-kitobini amalga oshirish uchun o‘z mijozining talabi bilan vakolatli bank va O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi orqali mablag‘lar konvertatsiyasini amalga oshiradi.
— Joriy yilnig avgust oyidan boshlab “O‘zRTXB” AJ orqali Qozog‘iston tsementini sotish bo‘yicha loyiha sinov tarzida ishga tushdi, — deydi Birjaning matbuot kotibi Hikmatulla Tillaboev. — O‘tgan ikki oyga yaqin muddatda Birjamiz orqali Qozog‘istonning “SAS-Tobe Technologies” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan  PS II B-Sh 32,5 N tsement markalarini sotish bo‘yicha beshta  shartnoma tuzildi.     Ya’ni, umumiy qiymati 726,6 mln so‘mga teng bo‘lgan 1,4 ming tonna tsement xaridorlarga yetkazib berildi. Xomashyo Sariog‘och temir yo‘l bekatiga yetkazib beriladi. Savdoda ishtirok etuvchi xaridorlar oldindan bir foiz garov pulini to‘lashlari shart. Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan tsementning birja kotirovkasi bir tonna uchun 534,3 ming so‘mga teng bo‘ldi. Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan tsement sotuvlari bo‘yicha barcha moliyaviy harakatlar “Trastbank” XAB orqali amalga oshiriladi.
Shu tariqa, “O‘zRTXB” AJning savdo mexanizmi import tovarlar ishlab chiqaruvchilarni birja savdolariga vositachilarsiz jalb qilish imkoniyatini taqdim etdi. Birja tizimining ochiqligi va shaffofligi respublikamizga import qilinayotgan tovarlarning monitoringini o‘tkazish imkoniyatini bermoqda. Yaqin kelajakda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda birja mexanizmini qo‘llash yanada takomillashadi. Bu, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasining oshishiga xizmat qiladi.

Jobir Xo‘jaqulov

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − five =