Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

“OQIBATSIZ” ODAMLAR

Asosiy boyliklarimizdan biri oltin bo‘lgani uchun bu savol g‘alati tuyulishi aniq. Ammo oltin bilan bog‘liq bir holat borki, undan ham g‘alatiroq.

Xorijga safarimiz oldidan aeroportning kutish zalida ikki yo‘lovchining o‘zaro suhbatiga guvoh bo‘ldim:
— Ie, baribir ham taqinchoqlaringizni yechib kelmabsiz-ku! Qo‘lingiz ham, quloqlaringiz ham bo‘m-bo‘sh qolsin degandim-ku!
— Qo‘yavering, olsam ikkita uzuk olarman.
— Siz olmasangiz, men olaman. Mening tillalarimni qaytishda o‘tkazib berasiz degandim-ku! Shumi oqibatingiz?..
Bunday “oqibatsizlik» aeroportlarda har kuni, har soatda uchrashini keyinroq bildim. Safarimiz qarib, uyga qaytar kunimiz aeroportda to‘rt o‘zbek ayolining biri oldimizdan chiqdi, yana uchtasi boshqa yurtdoshlarimizni qidiryapti, chog‘i atrofga olazarak:
— O‘zbekistongami? Voy aylanay, ayolingizning qo‘lida bittagina uzuk ekan. Iltimos, mening tillalarimni ham o‘tkazib beringlar.
Notanish ayolning naq yong‘oqdek keladigan o‘ntacha tilla taqinchoqni tiqishtirishi dabdurustdan bizni xavotirga soldi. Rad etishga harakat qilarkanmiz, “bunchalik oqibatsiz bo‘lmaydi odam” degan dashnomni ham eshitib oldik. Shu voqea sabab aeroportda boshqa yurtdoshlarimizni uchratganimda beixtiyor quloq, barmoqlariga qaraydigan bo‘lib qolibman. Xoh ishoning, xoh ishonmang: qulg‘i-yu qo‘llari mamlakatimizdan chiqishda bo‘m-bo‘sh, qaytishda taqinchoqlarga to‘la! Darvoqe, iyul oyining o‘zida birgina Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan aeroportda mamlakatimizga noqonuniy olib kiritilayotgan talay tilla taqinchoqlar to‘xtatib qolingani haqda bir necha marta ma’lumot berdi.
Qiziq-a? Biz oltin qazib chiqarish va uni eskport qilishda hech qachon dunyoda birinchi o‘ntalikdan tushmaganmiz.  2015 yil salkam 1,9 milliard dollarlik oltin eskport qilib, dunyoda yettinchi o‘rinni band etdik.
Joriy yilning birinchi choragida esa xorijga eng ko‘p sotilgan mahsulotimiz ham oltin bo‘ldi — 1,3 milliard dollar! Jami eksportning 40 foizi.
Bir yilda yuz minggga yaqin hamyurtimiz Turkiyaga, yana o‘n minglab fuqarolar Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni kabi Sharq davlatlariga boradi. Agar 50 ming kishi o‘rtacha 200 dollarlik tilla taqinchoq olib kelgan taqdirda ham (aslida kichik kuzatuvimiz davomida 90 foiz xotin-qiz taqinchoq bilan qaytishiga guvoh bo‘ldik) bir yilda aynan oltindan tayyorlanadigan mahsulotlar uchun 10 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy valyuta chetga chiqib ketar ekan.

RO‘YXATLARDA YO‘Q

Bilamizki, har qanday mamlakatda iqtisodiyot rivoji eksport va import o‘rtasidagi tavofutga ham bog‘liq. Qachonki, eksport miqdori importdan ko‘p bo‘lsa, iqtisodiyot gullab yashnaydi. Yurtimizdan amalga oshirilayotgan mahalliylashtirish dasturidan maqsad ham shu – xorijdan keltirilayotgan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish orqali importni kamaytirish va ish o‘rinlari yaratish. Prezidentimiz raisligida eksportni oshirish va importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlar holati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari shunday degandi:
«Agar eksport bilan importni har kuni hisob-kitob qilmas ekanmiz, biz oldimizga qo‘ygan vazifalarimizni hech qachon uddalay olmaymiz. Bugundan boshlab hamma vazirlar, bankirlar, assotsiatsiyalar, hokimdan boshlab Prezidentgacha hamma eksportni ko‘paytirish, pirovardida importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlarning haqqoniy holatini tanqidiy ko‘rib chiqishimiz shart. Agar biz shuni o‘zimiz tanqidiy ko‘rib chiqmas ekanmiz, biz uchun hech kim uni qilib bermaydi»
Xuddi shu yig‘ilishda bir yilda 20 million dollarlik kir yuvish kukuni, 13 million dollarlik atir sovun, 49 million dollarlik qurilishda ishlatiladigan va sintetik bo‘yoqlar, 23 million dollarlik shokolad import qilingani afsus bilan qayd etilgandi. Afsuslanarlisi shundaki, biz aytayotgan tilla taqinchoqlar masalasi — norasmiy import. Deyarli barcha uni shaxsiy buyum, taqinchoq sifatida tariflaydi va olib kirgach, ichki bozorda pullaydi. Rasmiy hisobotlarda bu hisobga olinmaydi va ko‘zga ko‘rinmagan holda iqtisodiyotimizga zarar keltiraveradi. Gap taxminan 10 millionlab (ehtimol, bundan ham ko‘pdir) AQSh dollari haqda ketmoqda.

KULGILI HOLAT

Aslida gap bu yerda tilla taqinchoqlar olib kirayotgan fuqarolarda ham emas. Qaysi mahsulot ichki bozorda taqchil bo‘lsa, xorijdan kirib kelishi tabiiy. So‘nggi yillarda mamlakatimizda yetishtirilgan paxtaning xomashyo holida chetga sotilishi qattiq tanqid qilinmoqda. Davlatimiz rahbari har bir tuman o‘zi yetishtirgan paxtaning 70 foizini o‘sha joyning o‘zida qayta ishlashi lozimligini aytmoqda. Maqsad aniq — paxtani xomashyo holida xorijga sotib, tayyor mahsulot shaklida bir necha baravar qimmatiga xarid qilinishiga chek qo‘yish. Xuddi shu kulgili holat tilla taqinchoqlarga ham tegishli. Odamlar xorijdan taqinchoq olib kelyaptimi, demak o‘zimizda bunday mahsulotlarni tayyorlash sanoati abgor holatda.
Shoirning tashbehi yodga tushadi: daryoning bo‘yida qultum suvga zor!
Bir yilcha avval Toshkentda Koreya Respublikasining zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Mehmonlar Toshkentda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi ulkan korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganmoqchi ekanini ta’kidlagan. Bu ish yo‘lga qo‘yilgach, nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki eksport qilish rejalashtirilgan edi. Negadir o‘sha loyiha haqida keyinchalik boshqa gap-so‘z bo‘lmadi. Agar u amalga oshirilsa ham O‘zbekistondek ulkan mamlakat uchun bitta-ikkita loyiha kamlik qiladi. Xomashyo mo‘l!

IMTIYOZ HAM, E’TIBOR HAM BISYOR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolanganiga  yaqinda bir yil bo‘ladi. Hujjatda sohani rivojlantirish uchun turdosh korxonalarga qator imtiyozlar berilgan. Jumladan, 2017 yilning 1 oktyabridan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qimmatbaho metallardan zargarlik va boshqa buyumlar ishlab chiqarish Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan belgilangan litsenziya asosida amalga oshirilishi, Davlat asillik darajasini belgilash palatasining ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi bekor qilinishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, 2020 yil 1 yanvargacha tijorat banklari Prezidentimizning 2017 yil 10 avgustdagi qaroriga muvofiq qimmatbaho metallarni sotish borasida qo‘shimcha qiymat solig‘i va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etildi.
Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini sotishdan, jumladan, eksport qilishdan bo‘shaydigan mablag‘larini ishlab chiqarishni rekonstruktsiya qilish va modernizatsiyalashga, shuningdek aylanma mablag‘larini to‘ldirishga maqsadli yo‘naltirgan holda aktsiz solig‘i va qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashdan ozod etildi.
Xullas, imtiyoz ham, e’tibor ham bisyor. Ammo hali-hamon ayrim fuqarolar xorijdan xufiyona — kontrabanda yo‘li bilan  tilla taqinchoq tashiyotgan ekan, bu muammoga yanada jiddiyroq e’tibor qaratish va uni hal etish chora-tadbirlarini tezlashtirish kerakka o‘xshaydi.
Yo‘qsa, oramizda “oqibatsiz” odamlar ko‘payaveradi.

Samarqand viloyati

Anvar MUSTAFOQULOV
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 18 =