Qush falsafasi. Hatto go‘rkov ham ta’magir

“Toshkent shahridagi Yunusobod tumani hokimi B.Abdusamatov investorga joy taqdim etish uchun 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotganda ushlandi”. “Zangiotada akusher-ginekolog pora bilan qo‘lga tushdi”. “Xiva shahar hokimi o‘rinbosari 2000 dollar pora bilan qo‘lga tushdi”. “Chust tumani hokimi o‘rinbosari Sh.Yusupjonov yer maydoni berish evaziga 2000 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan”. “Andijon shahar hokimligi bosh mutaxassisi T.Qodirov 16 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olindi”. “Samarqandda oliy o‘quv yurti o‘qituvchilari pora bilan ushlandi”. “Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati O.To‘xtanazarov 500 AQSh dollarini olgan vaqtda qo‘lga olindi”…

 DUNYO KABI KO‘HNA DARD

Bular — qo‘lga tushib, nomi oshkor etilganlarning ayrimlari. 

Tushmaganlari va tushadiganlari qancha? 

Ha, ilgari sir tutilgan bunday qilmishlar bugun aytilayotgani bejiz emas. 

Ayni kurashning, chin ma’nodagi muhorabaning nihoyasi bormi? Samarasi bo‘ladimi o‘zi? Yo qorlar yog‘ib, yana izlar bosilib qolaveradimi?.. 

Dabdurustdan javob berish mushkul.

Umid shulki, bardavom bo‘lgay! Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev qat’iyat bilan boshlagan va dadil davom ettirayotgan yangi islohotlarda davlatimiz rahbariga kamarbasta bo‘layotgan huquqni muhofaza qilish organlarining kuchi, quvvati va irodasi bu ayovsiz bahsda baland kelgay, inshoolloh.

Yerdan bir nima undirib-o‘stirishni istagan odam avval uni zararkunandalardan tozalagani kabi jamiyatning barcha tizimlarini korruptsiyadan xalos qilish zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Nomlari zikr etilganlar asosan quyi pog‘ona amaldorlari. “Teparoqda” ahvol qanday ekan?” degan haqli savol tug‘iladi. Aslida, poraxo‘rlarga ha deb, har tomondan tosh otish ham unchalik to‘g‘ri emas. Axir, jamiyatda shu zormandani bermasa (yo olmasa) ish bitmaydigan vaziyat vujudga kelmaganmi? Korruptsiya ildiz otgach, odamlarda istasang-istamasang, kemaga tushganning joni bir, qabilidagi kayfiyat paydo bo‘lmaganmi? Sho‘ro zamonidan meros shu “kema” muhitiga moslashmay yashashning iloji bormidi? Tan olaylik: yo‘q! Iblis vasvasasi shu darajaga yetganki, odamlar o‘zining so‘nggi manzili uchun ham go‘rkovga oldindan “bir nima” berib, qulayroq joy hozirlaydi. 

Qolaversa, korruptsiya kecha yo bugun, faqat bizning mamlakatda paydo bo‘libdimi? Faqat bizning jamiyatni yemiryaptimi? U — dunyo kabi ko‘hna dard. Unga qarshi kurashish jo‘n ish emas. Inson yaralib, o‘z “men”ini anglab yetibdiki, manfaatlar to‘qnashuvi, kurashi davom etib kelyapti. Ammo ulkan evrilishlardan o‘tib kelgan bugungi inson bilan kechagi  — faqat qorin g‘amida yashagan odam o‘rtasidagi farqni o‘ylab ko‘raylik. Bir mutafakkir: tsivilizatsiyaning buyuk vazifasi odamni fikrlashga o‘rgatishdir, degan ekan. Taraqqiyot bilan birga tafakkur ham rivoj topmadimi? Taraqqiyot tafakkur mevasi emasmi? Nega, hamon eski, sarqit odatlardan voz kecholmaymiz? Zamonlar, tuzumlar, qarashlar o‘zgardi, tafakkur sarhadlari kengaydi. Ammo jamiyatga ziyon, iqtisodiyotga qiron keltiruvchi kushanda — ta’magirlik surunkali xastalik kabi bot-bot xuruj qilib, hamon insonning oyog‘iga tushov bo‘lmoqda?

 

BUYUK ORZU, FARZANDLIK BURCHI

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Prezident sifatida imzo chekkan birinchi qonun “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” deb atalganida buyuk orzu, farzandlik burchi, xalqparvarlik, insonparvarlik, adolatparvarlik mujassam. Yigirma besh yil, balki undan-da ko‘proq kechikkan qonunning ijrosini ta’minlash maqsadida 2017 yil 2 fevralda Prezident qarori hamda 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilindi. Mazkur hujjatlar hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunning amaldagi ijrosini yuqoridagi kabi xabarlardan ko‘rish mumkin. Jamiyatni shu illatdan tozalash uchun kuchli qonun bilan birga, siyosiy iroda, qat’iyat va birdamlik ham zarur bo‘layotir. Davlatimiz rahbari bizga erkin va farovon hayot, toza muhit yaratib berishni maqsad qilgan ekan, uni qo‘llab-quvvatlash har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Nomi zikr etilgan qonunda davlat boshqaruvi organlarining oshkoraligi va shaffofligi haqida so‘z boradi. Bir-ikki mas’ul rahbarning shu tarzda qo‘lga tushishi boshqalarga saboq bo‘lar, berilgan mansab “ot o‘yini” uchun maydon emasligini anglab yetar, vakolatning o‘z talab va mas’uliyati borligini eslatib turar, balki. Shu tariqa jamiyat illatlardan tozalanar. Shu yurt taqdiriga daxldormisan, bundan buyon yangicha ruh, yangicha talab bilan ishlashing zarur, degan xitobni ahyon-ahyonda o‘ziga berib ko‘radiganlar ko‘payar…

Soliqchilar har yili fuqarolarni qo‘shimcha daromadlar uchun deklaratsiya topshirish haqida ogohlantiradi. Ikki-uch joyda ishlaydigan (shuni eplaydiganlar) bor. Daromadidan soliq ushlanib, davlat g‘aznasiga tushishi iqtisodiyotimizni va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Buni hech kim inkor qilmaydi. Lekin kim qancha daromad olyapti, deklaratsiya qanday topshirilyapti, buniyam hamma bilishi kerak. Jinoiy daromardlarni legallashtirish (yuvish) bilan bog‘liq ma’lumotlarni ochiq-oshkora e’lon qilib borish ham maqsadga muvofiq — shaffoflikning bir ko‘rinishi bo‘lardi. Har qancha katta daromad topganiga qaramay, u halol mehnat samarasi bo‘lsa, qandini ursin. Qonunlarimiz oshkoralikka chaqirar ekan, korruptsiyaga qarshi kurash borasida mutaraqqiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish ziyon qilmaydi. 

Joriy yilning 23 mayida Prezidentimiz “Byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonda iqtisodiyot rivoji, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy jinoyatlar va korruptsiyaga qarshi kurashish borasida zamonaviy voqelikka to‘la javob bermayotgan Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining  vazifalari, funktsiyalari va vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. O‘rniga Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ish boshladi. Endilikda ushbu organdan umid katta. 

 “O‘ZIMNI TO‘XTATOLMAYMAN!”

Qashqadaryo viloyatidagi “Xalq qabulxonasi” vakilini 9 ming AQSh dollari bilan qo‘lga olishgan. U qurilish ob’ekti ajratish uchun yordam berishni va’da qilib, xususiy korxona rahbaridan 14 ming AQSh dollari so‘ragan. Tergov vaqtida uning o‘zini oqlashini qarang: “Biz qurilish bilan shug‘ullanamiz, tanishlar bo‘lsa, qarashib yuboring, deyishdi. Tanishlarim bilan gaplashib, katta hajmdagi ish 10 ming dollar ekanini aytdim. Ular xizmat haqim qancha bo‘lishini so‘rashdi. 4 ming dollar dedim. Hammasi bo‘lib, 14 ming…”. Bu bilan hammasini o‘zim uchun so‘raganim yo‘q demoqchimi? Gapi rost bo‘lsa, 10 mingini o‘zidan teparoqdagi biror ochofatga beradi. Qarabsizki, pul qo‘ldan qo‘lga o‘tib, korruptsiya zanjirini hosil qiladi. “Halq qabulxona”larini tashkil etganda davlatimiz rahbari aholini sarson-sargardonlikdan qutqarish, qulaylik, yengillik yaratishni maqsad qilmaganmidi? Yuqoridagi ahvol esa eski tos, eski hammomni orzu qilgan mayda amaldorning ko‘zini moshday ochib qo‘ygan bo‘lsa ajabmas.   

Ba’zan yoshlarni andishasizlikda, odob doirasidan chiqqanlikda, qadriyatlarni mensimaslikda ayblaymiz. Qayd etilgan holatlardan kelib chiqib, xolisanillo o‘ylab ko‘raylik, farzandlarimizga qaysi tomondan o‘rnak bo‘lyapmizki, ulardan ayb qidiramiz? 

O‘qituvchi tanishimning aytishicha, poytaxtimizdagi maktablardan birida sinov tariqasida korruptsiya nima, degan so‘rov o‘tkazilgan. Qarangki, o‘smir yoshidagi o‘quvchilar savolning javobini binoyidek tushuntirib berishibdi. Bolalarning beg‘ubor dunyosiga ham kirib borgan ushbu illat jahon miqyosidagi global muammolardan biri sifatida ko‘plab davlatlar hayotiga xavf solib turibdi.

Endi ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarga e’tibor bering. o‘arb mamlakatlarining birida Mudofaa vazirligi bir necha yuz dona tilla soat sotib olish maqsadida davlat xaridlari ro‘yxatidan e’lon beribdi. Qiziq, dunyo tahlikalar ichida qalqib turgan shu zamonda buncha tilla soat kimga darkor bo‘ldi ekan? E’lon ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi va vazirlik xariddan voz kechdi. Bu boshqa bir, yanayam achchiq haqiqatni eslatadi. Har yili iqtisodchilar dunyoning eng badavlat kishilari mablag‘larini hisoblab chiqishadi. Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda ularning qo‘lida salkam 8 trillion AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ jamlangan. Bu boylik qanday to‘planganini aytish qiyin, lekin yonginasida, qo‘shni davlatlarda go‘daklar ochlikdan, qashshoqlikdan qiynalib ko‘z yumayotgan, dunyo haqidagi tushunchasi faqat xorlikdan iborat bo‘lib qolayotgan bir paytda boylar o‘z millionlarini, o‘z reytingini oshirish bilan ovora ekani ayni haqiqat. 

Rumiy hazratlarining bir hikmati bor. Mazmuni shunday: qushlar bugun topgan rizqidan qanoat hosil qiladi. Qolgan donni ertaga yerman deb, qanotiga qistirib olib ketmaydi. Chunki Yaratgan egam erta uchun yana rizq berishini biladi. Odam bolasi esa ana shu haqiqatni anglamaydi, yig‘ib-terish, bisotini boyitishdan to‘xtamaydi. Qo‘shiqdagi kabi “o‘zini to‘xtatolmaydi!”

 KIM QANDAY KURASHYAPTI?

“Transparency International” — Xalqaro ochiqlik harakati korruptsiya bo‘yicha dunyo miqyosida ijtimoiy so‘rovlar va tadqiqotlar o‘tkazib keladi. Ushbu tadqiqotlarda 2003 yildan buyon har yili oltmishdan ziyod mamlakat o‘rganiladi. Ijtimoiy so‘rovlarning navbatdagisi 2014-2017 yillardagi natijalarga bag‘ishlangan. Unda 119 mamlakatdan 162 ming kishi qatnashgan. So‘rovda ishtirok etganlarning har to‘rttasidan biri so‘nggi yillarda davlat organlariga murojaat qilganda, ishi bitishi uchun pora berishga majbur bo‘lganini ta’kidlaydi. Qatnashchilarning 57 foizi o‘z mamlakatida korruptsiyaga qarshi kurash qoniqarli emasligidan shikoyat qilsa, yarmidan ko‘prog‘i faqat oddiy odamlargina unga qarshi bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich asosan 24 yoshdan kichiklar o‘rtasida yuqoriligi yanayam qiziq. Eng korruptsiyalashgan soha esa politsiya va amaldor-chinovniklar deb ko‘rsatilgan. 

Xalqaro tashkilotning ma’lumotlariga qaraganda, ushbu jinoyat yildan yilga o‘sib bormoqda. Eng past ko‘rsatkich Daniya va Yangi Zelandiyada bo‘lsa, Suriya, Somali va Janubiy Sudan davlatlari uning yuqori nuqtasi bo‘lib qolayotir. Markaziy Osiyo va Afrika ham korruptsiya darajasi yuqori mintaqalar deb topilgan. Mazkur jinoyat avj olgan davlatlarda so‘z erkinligiga yo‘l berilmaydi. Jurnalist va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilinib, hatto ularning hayotiga tajovuz qilish, suiqasd uyushtirish ko‘paygani qayd etilmoqda. Birgina Braziliyada oxirgi olti yil ichida ushbu yo‘nalishda ma’lumot to‘play boshlagan 20 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Do‘q-po‘pisa, tazyiq ostida qolganlari qancha?

Xo‘sh, korruptsiya ko‘rsatkichi eng past mamlakat Daniyada bu natijaga qanday erishilyapti? Avvalo, shu yurt fuqarosi hurmat bilan qaraydigan etika normalari, rahbarlarning axloq-odob kodekslari borki, ular mamlakat miqyosida qat’iy, ochiq-oshkora amal qiladi. Mutaxassislarning fikricha, yana bir asosiy sabab, ushbu jinoyatga aloqador amaldorlar ham, oddiy aholi ham birday jazoga tortiladi. Kimda kim shu ayb bilan qo‘lga tushsa, o‘z karerasi bilan vidolashishiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, mamlakat pul aylanmasi aholi uchun sir emas, daromad va xarajatlardan hamma xabardor. Jamoat tashkilotlari va maxsus nazorat-kuzatuv organlari ochiq faoliyat yuritadi va har bir kompaniyaning moliyaviy ahvoli haqida internet orqali hisobot taqdim etib boriladi.

 MANGU BEDOR IBLIS 

Korruptsiyaga qarshi kurashda ko‘pgina davlatlarda yana bir sinalgan samarali usul — barcha xizmatlarning naqd pulsiz amalga oshirilishidir. Jumladan, interaktiv xizmatlar, to‘lovlarning yagona “Billing” tizimi ayni paytda o‘zimizda ham tobora keng qo‘llanilayotgani bu boradagi xayrli ishlardandir.

Janubiy Koreya shaffoflik borasida yaxshi namuna bo‘layotir. Mamlakatda internet orqali nazorat tizimi o‘rnatilgan. Har bir voyaga yetgan fuqaro korruptsiya bo‘yicha nazorat olib borish huquqiga ega.   

Eng shafqatsiz qonun Xitoyda ishlab chiqilgan. Avvallari ushbu davlatda o‘g‘ri va poraxo‘rning qo‘li kesilgan bo‘lsa, endilikda bunday jinoyatni sodir etganlar o‘lim jazosiga hukm qilinmoqda. 2000 yildan buyon mamlakatda o‘n mingdan ortiq amaldor shu jazoga tortilgan. Otilgan! Shunga qaramay, Xitoy korruptsiyalashgan mamlakatlar reytingida 83-o‘rinni egallab turibdi. Demak, har qanday shafqatsiz jazo ham odam bolasini o‘z nafsidan voz kechishga majbur qilolmas ekan. Donishmandlar bekorga nafsni “mangu bedor iblis” deb atamagan. Aslida, hamma gap ongimizda. Ruhiyat sofligi, ma’naviy boylikkina insoniyatni ana shu iblis qutqusidan xalos qilishi mumkin. Ruhshunoslarning aytishicha, badavlat odam chin ma’nodagi xotirjamlikni his qilib, baxtiyor yashay olmaydi. Darhaqiqat, to‘rt kunlik dunyoni tahlikada o‘tkazish shartmi? Ruhimiz shundog‘am jism deb atalmish qafas ichida-ku! Xotirjamlikka nima yetsin. Shunday emasmi? 

Xolida FAYZIYEVA

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × five =