Eshmurod bobo hikmatlari

Inson umrining ziynati — hikmat. Shu bois u hayoti davomida hikmat izlab yashaydi. Xalq iborasi bilan aytganda: «Hikmat – ibrat uchun poydevor».

 

Kimdir halol mehnati, kasb-kori, kimdir ilmi, ijodiy faoliyati, yana kimdir mustahkam imon-e’tiqodi, bukilmas irodasi, ibratli jasorati bilan o‘ziga hikmat yaratishga, ya’ni hayotda iz qoldirishga intiladi. Bunday hikmatni birovlar topadi, kimdir topolmay ovora bo‘ladi. Demak, umrini bekor o‘tkazadi…

Hayotdan hikmat izlagan fidoiy insonlardan biri Karmana tumanidan Eshmurod bobo Hotamov bo‘ladi. Bu mehnatkash dehqonni, bag‘rikeng insonni jaloyirliklar yaxshi biladilar, hurmat qiladilar va qadrlaydilar.

U kishi hayot lazzati va ne’matlarini mehnatdan topgan. Eshmurod boboning qo‘liga ketmon olmagan, ketmon bilan sirlashmagan, suhbatlashmagan kuni yo‘q hisob. Ishlamagan kunini o‘tgan umri hisobiga qo‘shmaydi. U har gal o‘zi yuvib, tozalab qo‘ygan ketmonini zavq bilan olib, tomorqaga kirib, eng avvalo yerga salom beradi. «Bismilloh» deb ketmonni ko‘taradi. Ketmon Eshmurod boboning qo‘lida go‘yo qushday uchadi, yerga mehr bilan botadi. Ketmon taftida tuproq unday elanadi. Yetilgan haroratli bag‘rini qadaladigan urug‘ga tayyorlaydi. Yer goh sabzi, goh piyoz, goh turp, goh kartoshka, boringki, ekiladigan sabzavot va poliz ekinlari urug‘larini tezroq bag‘riga olishni mehr bilan orziqib kutadi go‘yo.

Hovlidagi tomorqaga biror narsa ekkan chog‘ida Eshmurod bobo yurak-yurakdan xursand bo‘ladi. U urug‘ni yerga mehrini qo‘shib qadaydi. 

Eshmurod bobo bu urug‘lardan mo‘l-hosil olishni kutadi, yerdan hikmat axtaradi. Yuragi yer mehri bilan to‘lib-toshib ketganida hayolidan shunday minnatdor o‘ylar kechadi: «Ho‘, ona yerim! Ota-bobomdan qolgan muqaddas tuprog‘im. Bobomni boqqan, otamni yedirgan-ichirgan saxiy zamin. Mening ham rizqi nasibam sendaligini bilaman. Hali farzandlarim, nabiralarim ham saxiy tuproqlaringda yetishadigan shirin-shakar hosillaringdan bahramand bo‘lishiga ishonaman.

Sen Ollohimning biz odamlarga hadya etgan mangu sahovatisan, risqi-ro‘zisan. Sen bor ekan, odamzot och qolmaydi, sen bor ekansan, hayot hamisha davom etadi…»

Turmush o‘rtog‘i Oysara bibi Eshmurod boboni qachon uyida “yo‘qotib” qo‘ysa, albatta tomorqadan topadi. Qo‘ni-qo‘shnilar, qishloqdoshlari ham qachon so‘rab kelmasin, boboni qadrdon tomorqasida uchratadi. U kishi ba’zan ketmonga suyanib hordiq chiqarayotgan bo‘ladi. Ba’zan o‘zi ekib, voyaga yetkazgan daraxtlari bilan «suhbat» quradi. Nigohi hamisha yerda…

Bir gal Navoiyga xizmat safari bilan borganimda, xonadonning yaqin do‘sti, shahrisabzlik tadbirkor ukamiz Bahriddin Yoqubov bilan bobo va bibini ziyorat qilgani Jaloyirga  bordik. Borsak, darvoza berk. Taqillatdik, hech kim javob qilmadi. Keyin hovlining yon tomonidagi pastgina eshikni itargan edik, ochildi. Hovliga kirsak, uzun tomorqaning etagida Eshmurod bobo berilib, yer chopayotgan ekan. Yonlariga borib, quchoqlashib ko‘rishdik. U kishidan mayin va yoqimli saxiy yer hidi keldi, bebaho hid. Yerni sevgan odamning hidi ham toza bo‘ladi. 

Eshmurod bobo bolaligi, otasi va hayot haqidagi oddiy qarashlarini so‘zlaydi: 

— Ertalab Sultonobodning bozoriga bordim. Yaxshi bozor. Xudoga shukr arzonchilik. Bu bozorda dehqon ko‘p. Mahsulotlari mazali. Tez-tez Navoiy, Karmana, Sultonobod bozorlariga borib turaman. Bilasizmi, bolaligimdan bozorga mehrni otam uyg‘otgan. Otamiz — ham zo‘r dehqon bo‘lgan. Rahmatlik juda halol inson edi. Birovning bir tiyiniga xiyonat qilmay, bu dunyodan o‘tib ketdi. Bizni ham halol, to‘g‘ri va imonlik qilib tarbiyaladi. Otam «Bozorda bir-biringizga xiyonat qilmang, xiyonat barakani uchiradi» hikmatiga amal qilib yashadilar. Esimni tanigandan buyon dasturxonimizdan halol luqma arigani yo‘q. Men ham bolalarimni shunday tarbiyaladim. Otam kolxozda brigadir bo‘lgan. Urush yillari Kemerovada shaxtada ishlagan. Meni 1958 yilda uylantirib qo‘ydi. Bir yonimda Oysara yangangiz, bir yonimda otamning 12 gektardan iborat zveno  yeri va qo‘limda ketmon bilan oila quvonchu-tashvishlari boshlangan. Shunga ham 60 yildan oshdi…

— Eshmurod bobo bir zum jim qoldi. Piyoladagi ko‘kchoydan xo‘plab, suhbatni yana davom ettirdi. — Asil kasbim suv nazoratchisi. Samarqand gidrometerialogiya texnikumini sirtdan tugatib, 1963 yildan 1999 yilgacha Karmana tuman suv xo‘jaligi boshqarmasining «Qasoba» kanali bo‘yicha nazoratchi vazifasida ishladim. Bo‘sh vaqtimda dehqonchilik qilardim. Yetishtirilgan mahsulotlarni otam Zarafshon, Uchquduq shaharlariga eltib sotardi. Otam ovora bo‘lib yurmasin, deb yukni ertalab «Niva» mashinasida goh Zarafshon, goh Uchquduq bozoriga olib borib berardim. «Niva» baquvvat mashina, qancha yuk bossangiz ko‘taradi. Cho‘l yo‘liga chiqib olganidan so‘ng, rosa gazni bosardim. Mashina jonivor ham kiyikday uchardi….

Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgan Eshmurod bobo bilan Oysara bibining 8 nafar farzandi bor. Qizlari — Oynisa, Muazzam, o‘g‘illari — Hasan-Husan, Yusufjon, Eldor, Ixtiyor, Sulfiddin. Ular turli kasblarning egalari. 

Bu oilada hamma mehnatkash va bir-biriga mehribon. Bekorchi yo‘q. Maktabga bormasdan avval mehnat darslaridan saboq olganlar. 

— Tishimiz mehnat bilan chiqqan, — deydi farzandlaridan biri shifokor Yusufjon Hotamov. — Otam bizlarni ertalab soat beshda uyg‘otardilar. Maktabgacha ishning bir qismini bajarib, darsga ketardik. Maktabdan kelib, qolganini. Mehnat qilib kam bo‘lganimiz yo‘q. Mehnat tufayli hammamiz o‘qib, oliy ma’lumot oldik. Bizlarni mehnatga o‘rgatgan ota-onamizdan umrbod minnatdormiz. Hozir ham otamning qo‘llaridan  ketmon tushmaydi. Onam uydagilardan  ko‘p ish qiladi. Chumoliga tinim boru, u kishida tinim yo‘q. Shunday mehnatkash, samimiy, mehribon ota-onamiz borligidan nihoyatda faxrlanamiz. Har doim ularning duolarini olib yuramiz. Iloyo, umrlari uzoq bo‘lsin!

— Tabarruk otaxon Eshmurod Hotamov xonadoni biz, san’atkorlar uchun ham qadrdon, — deydi faxr va iftixor bilan O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. — Bu piru-badavlat oila bilan tanishuvimizga Eshmurod otaning o‘g‘li — shifokor do‘stimiz Yusufjon sababchi. Hamkasblarim O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov, Yodgor Sa’dievlar bilan bir necha marta bu qutlug‘ xonadonda mehmon bo‘lganmiz. Eshmurod akaning samimiy suhbatlarini ko‘p tinglaganmiz. Oysara opa yopgan issiq nonlar, jaloyircha shirin patirlarning ta’mi hali-xanuz og‘zimizda. Ular ham Toshkentga mehmon bo‘lib kelganlarida teatrimiz spektakllarini tomosha qiladilar, havas qilsa arziydigan juda ahil, mehribon oila. Eshmurod akadagi g‘ayrat-shijoatni ko‘rib, men ham bir parcha yer olib, bog‘bon dehqon bo‘lib ketdim. Muborak yoshini nishonlayotgan Eshmurod akaga uzoq-umr, sihat-salomatlik tilaymiz. Oysara opamizning ham umrlari uzoq bo‘lsin.

— Hozir O‘zbekistonda Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan katta-katta ishlarni, o‘zgarishlarni ko‘rib, g‘ayratim jo‘shib ketadi, — deydi Eshmurod bobo. — Mening ham biror bir ishga yordamim tegsa qaniydi? Ba’zan televizorda tomorqasini qarovsiz ahvolga solib qo‘ygan odamlarni, oilalarni ko‘rib asabim buziladi. Essizgina, yer uvol bo‘lib yotibdi. Bu ishyoqmaslikdan boshqa narsa emas. Yerning turgan-bitgani xazina-ku! Yer odamni to‘yg‘azadi. Ro‘zg‘or to‘kin-sochin bo‘ladi. Ayrim odamlar mehnatdan qochib dangasa bo‘lib borayapti. Ishyoqmaslik katta illatga aylanyapti. Axir Prezidentimiz «Oddiy odamlarni boy qilsak, davlat ham boy bo‘ladi», — deb to‘g‘risini aytyaptilar-ku! Biz, yoshlarni ko‘proq mehnatsevarlikka o‘rgatishimiz kerak. Oyoq-qo‘li butun odam o‘z nasibasini o‘zi ishlab halol topishi kerak. Shunda dasturxoni to‘kin-sochin, ro‘zg‘ori but bo‘ladi. Ayrim toifa ishyoqmas odamlar borki, hayhotday hovlisi, 5-10 sotix tomorqasi bo‘la turib, shahar do‘konlaridan, bozordan pomidor, piyoz, kartoshka sotib oladi. Bunday dangasalarga ishla, desangiz, «kasalman» deydi. Ishlamaganidan so‘ng kasal bo‘ladi-da. Mehnat faqat qorinni to‘yg‘azib, boy qilmaydi. Aksincha, mehnat — qadr-qimmatini bilganlar uchun bir umrlik rohat-farog‘at, sog‘lik uchun beminnat shifo manbai, saxiy dasturxon, yoshlar uchun  benazir ustoz, xullas, mehnat inson umrining ziynati. Kamina, odam mehnatdan qochmasligi, aksincha mehnat sari intilishini, sevishini juda-juda istayman…

Bu hayotiy xulosalar aslida hali-hanuz qo‘lidan ketmonini qo‘ymay, qaynoq mehnat bilan 80 yoshini qarshilayotgan Eshmurod bobo Hotamovning qalbidan to‘kilgan hikmatlar. 

Umringiz uzoq bo‘lsin, hikmatgo‘y bobojon!  

Ashurali JO‘RAYEV.       

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 9 =