So‘z – tanlov g‘oliblariga 2019

Jurnalistika sohasida Bosh Milliy mukofot 

Xalqaro press-klub rahbari – Sherzod QUDRATXO‘JAYEV:

“Matbuot erkin bo‘lmasa, u jurnalistika emas”

 

— Erkinlik yaxshi, insonni rivojlantiradi, jamiyatni rivojlantiradi. Erkinliksiz ijod bo‘lmaydi. U muammolarni yuzaga olib chiqishga yordam beradi. Bugun ushbu yuksak mukofotning Xalqaro press-klubga topshirilishi jurnalistikaning chin ma’nodagi erkinligidan dalolatdir. Press-klubda tsenzura yo‘q, ta’qiqlangan mavzular yo‘q barchasi — ochiq-oydin. Bu esa albatta, oxirgi ikki yarim yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan katta siyosiy kursning samarasi deb bilaman. Chunki erkin matbuot mamlakatimizda yuritilayotgan siyosatning muhim qismidir. Bu mukofotning klubimizga topshirilishi esa bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanimizni, bajarayotgan ishlarimiz to‘g‘ri ekanidan yana bir dalolatdir. 

Frantsuz yozuvchisi, Nobel mukofoti sohibi Alber Kamyu ta’rifiga ko‘ra, “erkin matbuot yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin, ammo erkin bo‘lmagan matbuot faqatgina yomondir”. Yozuvchining ushbu fikriga qo‘shilmayman. Chunki erkin matbuotdan boshqacha matbuot bo‘lishi mumkin emas. Matbuot erkin bo‘lmas ekan, uning umuman jurnalistikaga aloqasi yo‘q.

Xalqaro press-klubda biz aynan shunday erkin jurnalistikani yaratmoqdamiz. U jurnalistlar va hukumat, parlament, boshqa hokimiyat organlari o‘rtasidagi interaktiv muloqot maydoniga aylangan.  Press-klub sessiyalariga kelgan rahbarlar, jurnalistlar va tomoshabinlar hech qanday cheklovlarsiz, o‘z fikrini bildirishi mumkin. Har holda, biz ularni shunga chaqirmoqdamiz. Ularning so‘z erkinligi faqatgina o‘zlarining ichki tsenzuralari bilan chegaralanishi mumkin, xolos. Yurtimizdagi barcha jurnalistlarga qarata aytmoqchimanki, erkin, dovyurak, jasur bo‘lish kerak! Hozir jamiyat bizdan aynan shu dadillikni kutmoqda! 

  

Ahmadjon MELIBOYEV — Eng yaxshi jurnalistik material uchun  matbuot yo‘nalishida 1-o‘rin, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri:

— Jurnalistika men uchun o‘z ixtiyorim bilan tanlagan ardoqli kasb.  Ilgari  suhbatlarimdan birida: “Jurnalist bo‘lish — bir umr talaba bo‘lish, o‘qish, o‘rganish”, degan edim. Har kuni biror manbani ko‘rib chiqmasam, biror voqea yoki hodisa mohiyatini o‘rganmasam, ikki-uch qog‘oz narsa qoralamasam, ko‘nglim o‘rniga tushmaydi.

Matbuotda ancha-muncha ishladim, ozmi-ko‘pmi tajriba orttirdim, jurnalist sifatida dunyo mamlakatlarini kezdim, o‘zim tahsil olgan oliy o‘quv yurtida yigirma yildan beri bo‘lajak kasbdoshlarimga saboq beraman. O‘ndan ortiq kitoblarim chop etildi. Biroq hayotda yuz berayotgan o‘zgarishlar, kechayotgan murakkab jarayonlar, odamlar ong-tafakkuridagi evrilishlar, umuminsoniy muammolar  shu qadarki, ular oldida esankirab qolish hech gap emas.  Tinimsiz izlanish, yangi mavzu va talqinlarga qo‘l urish, xulosa chiqarish zarur.  

Jurnalistika bir hamla bilan zabt etiladigan tepalik emas. U boshqa ko‘p sohalar kabi  fidoyilikni, adog‘i ko‘rinmaydigan zahmatli mehnatni talab etadi.  Butun hayotingni, o‘y-hayollaringni qog‘oz-qalam ixtiyoriga topshirishing, mavzular, muammolar girdobida harakat qilishing, kutilgan-kutilmagan to‘siqlardan peshonangni g‘urra qilmay o‘tishing kerak. Yillar ortda qolgani sari matbuot oldida yangi-yangi vazifalar paydo bo‘laveradi. Gazetxon atalmish har  yangi avlod sendan yangi so‘z, yangi fikr, voqea-hodisalarning rost va xolis talqinini, ta’sirchan so‘z va iboralarni kutadi. Busiz gazetxonni o‘zingga jalb qila olmaysan, so‘zingga ishontirolmaysan. Gazeta va gazetxon o‘rtasida o‘zaro ishonch ko‘prigi qurilmas ekan, ishda unum bo‘lmaydi. 

Bir vaqtlar yozishdan ko‘ra mavzu topish, tsenzura to‘sig‘ini xatlab o‘tish murakkab ish edi. Bugun-chi? Mavzu deganingiz yopirilib kelmoqda. Matbuotimiz  erkinlik, turfa fikrlilik tomon yuz burdi. Jamiyatda sog‘lom tanqidga nisbatan munosabat o‘zgardi. Yaxshi tomonga, albatta. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari, amaliy ishlari, xalq ko‘ngliga qarab ish tutish uslubi nainki bizlarni, olis mintaqalardagi ijodkor hamkasblarimizni ham ruhlantirmoqda. O‘zbekiston dunyo uchun hech qachon bugungidek jozibador, qiziqarli bo‘lmagan. Bunday paytda ijodkorning qo‘l qovushtirib turishini tasavvur qila olmayman. Chunki, matbuot, ayrimlar o‘zlaricha bir nimalarni pisanda qilishmasin, baribir, jamiyat hayotida bundan keyin ham o‘zining baland mavqeini saqlab qoladi. Gazeta-gazetxon muloqoti davom etadi.  Jurnalistika yurtning ma’naviy qudratini yuksaltiradi, irodasini mustahkamlaydi. Buning uchun esa…

Bugun menga matbuot sohasidagi  nufuzli mukofotlardan biri topshirilgan ekan, muhtasham zalni to‘ldirib o‘tirgan kasbdoshlarim orasida ko‘plab shogirdlarim o‘tirganidan ham shodlandim, ham hayajonlandim. Ustoz sifatida men ularning ishonchini bugun ham, ertaga va undan keyin ham oqlashim kerak. Vaqt hech kimni ayab o‘tirmaydi. Binobarin, kechagi kun bilan yashab ham bo‘lmaydi.

  

Eng yaxshi jurnalistik material uchun  matbuot yo‘nalishida 1-o‘rin, «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari tahririyati (bosh muharriri Husan ERMATOV):

— Jahon matbuoti erkinligi kuni. Aslida bu hammaning bayrami! Chunki matbuot jamiyatda yashovchi har bir insonga daxldor sohadir.

O‘tgan ikki yarim yil bizning soha uchun ham juda katta inqilobiy o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Bu vaqt ichida dilimizga yillar mobaynida in qurgan hadik, xavotirdan qutula boshladik. 

Muhim yo‘qotishlarimizdan biri — matbuotga ishonchu ehtiyojni susaytirib qo‘yganimiz. Shuni tiklash harakatidamiz. Biroq, bu oson kechayotgani yo‘q. Chop etayotgan gazetalarimizni o‘qish tabiiy ehtiyojga aylanishini istar ekanmiz, bu o‘zimizga ham bog‘liq.

Prezidentimiz takror-takror ta’kidlayotganidek, gazetalarimizda kuchli tanqidiy-tahliliy materiallar yetarli emas. Biz bu tanqidning zamirida davlatimiz rahbariga yelkadoshlik ishonchi turganini his etishimiz darkor, deb o‘ylayman. Biroq qo‘li ham, didi ham qotgan, ichki tsenzurasi haddan oshgan jurnalistlarimizga dadillik, tahlil va mohiyatni to‘g‘ri anglab, ifoda etish yetishmayapti.

O‘tgan  davrda Kasaba uyushmalari hayoti bilan birga, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash kabi sohalardagi bir qator masalalarni ko‘tarib chiqdik, millat ma’naviyatining og‘riqli jihatlari bosh mavzularimizdan biri bo‘ldi, iqtisodiy yo‘nalishda ham qalam tebratishga, so‘z aytishga intildik. 

«Xatolardan xoli bo‘lmagan ishlar», «Javob izlayotgan savollar»,  «Qadim qo‘lyozmalar qatidagi ganjinalar», «Keksalar faqat choyxonaga boradimi?», «Chiroqchiga xos ertak», «Tishing borida tishlab qol», «Kolumbda bor alamim manim», «Xalq ta’limi vaziriga ochiq xat» kabi o‘nlab maqolalar chop etildi. Ular bilan kimningdir dardiga malham, kimningdir qalbiga o‘t, kimningdir yuragida jamiyatga daxldorlik hissini soldik, deb ishonaman. Gazetalarimizda xalqimiz tashvishlari va quvonchlarini aks ettirishga harakat qilyapmiz.

Harakatlar, mehnatlar besamar emasligini ko‘ryapmiz ham. Gazetxonlardan kelayotgan xatlar, murojaatlardan ayon bo‘lmoqdaki, matbuotga ishonch “o‘lmagan”, uni kuchaytirish, barqaror tiklash mumkin! 

Shu sabab, o‘tkir va uyg‘oq fikrga ega, islohotlarni tahlil etish qobiliyati bor chet mualliflar bilan ishlashning yangi mexanizmini joriy etdik. Qalam haqi — gonorarni oshirdik. Qo‘liga qalam olgan kishi biladi: dildagi fikrlarni, haroratni ifoda etishning mashaqqati og‘ir. Qolaversa, jamiyat fikrini shakllantirish, tafakkurni uyg‘otish mas’uliyati ham bor. 

“Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda tahririyatlarimiz jamoasining matbuot sohasidagi eng yaxshi jurnalistik material uchun nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa munosib ko‘rilishi  bizga yanada katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

 

 Eng yaxshi jurnalistik material uchun matbuot yo‘nalishida 2-o‘rin, “Kitob dunyosi” gazetasi tahririyati (bosh muharriri Xosiyat RUSTAMOVA):

 — Bugungidek shiddatli zamonda “Kitob dunyosi” gazetasi o‘z nomiga mos ravishda dunyo kitoblari va kitoblar dunyosining sirlarga boy olamini kashf etmoqda. Gazeta 2012 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Shu davr mobaynida o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlarini chop etish, yosh ijodkorlarni topish va ularning mehnatini rag‘batlantirish — doimiy e’tiborimizda.  

Prezidentimizning xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasidagi qat’iy topshiriqlari zamirida millat kelajagi uchun qayg‘urish mujassam. Shu g‘amxo‘rlikni chuqur anglagan holda, gazetamizni kitobxonlik, adabiyot va ma’naviyat minbariga aylantirishga harakat qilmoqdamiz. 

“Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda tahririyatimiz jamoasi amalga oshirayotgan bu kabi xayrli ishlarning matbuot sohasidagi eng yaxshi jurnalistik material uchun nominatsiyasi bo‘yicha ikkinchi o‘ringa loyiq topilishi  bizni yanada katta ilhom va rag‘bat bilan ishlashga undaydi.

 

 Hakim YO‘LDOSHYEV — “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” nomintsiyasi  rag‘batlantiruvchi mukofot, 

“Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari fotomuxbiri:

—Avvalambor, meni fotomuxbirlik kasbiga yo‘naltirgan ustozlarimga rahmat aytaman. Xursandchiligimning cheki yo‘q. Qalbimdan o‘tayotgan tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab bera olmayman. “Xalq so‘zi”dagi faoliyatim davomida ijodiy o‘sdim, ulg‘aydim. O‘z ustimda ishladim. Rasmlar “so‘zlashi” uchun fotoijodkorda mahorat, ko‘nikma va bilim bo‘lishi kerak. Shundagina u o‘z muxlisini topadi. Mana shu sohani tanlab, adashmaganimni angladim. Ustozlarim hamisha menga mehnatning tagi rohat, qiynalib erishgan yutug‘ing mazali, shirmon nondek shirin bo‘ladi, deyishardi. Faoliyatim davomida sekin-sekin mehnatlarimning rohatini ko‘rayapman. Qolaversa, ijodiy xodimning jamoadagi o‘rnini topishda hamkasblarining ham o‘rni yuqori bo‘ladi. Hamkasblarimiz bilan do‘stona muhitda ishlaymiz. Bir-birimizni qo‘llaymiz, tushunamiz. Kasbim-faxrim deb ayta olaman.

 

 Sayyora SHOYEVA O‘zA muxbiri —Eng yaxshi jurnalistik material uchun (internet jurnalistika) 3-o‘rin:

— O‘zimni g‘oliblar safida ko‘rib, juda hayajonlandim.  Agentligimizda material tayyorlashda uchta eng muhim qoidaga e’tibor beriladi. Eng xolis, eng aniq va eng tezkor. Veb-saytimizni kuzatib boradigan o‘quvchilar buni darhol ilg‘ab oladi. To‘g‘ri, kimlardir yanada tezkorroq harakat qilishi mumkin. Bu — raqobat,  bozor talabi. 

  Mazkur yuksak mukofot menga nafaqat faxr tuyg‘usini, balki katta mas’uliyatni ham yuklaydi. Kelgusida  yanada shijoatu ishtiyoq bilan ishlayman.

 

Юлианна МОРОЗ — Энг яхши журналистик материал учун  матбуот йўналишида 3-ўрин, «Правда Востока» газетаси мухбири:

— Свобода для средств массовой информации, плюрализм мнений нужны как воздух. Вместе с тем, работу журналистов невозможно представить без выстраивания сотрудничества с государственными органами. От степени их открытости во многом зависит и то, какими будут материалы в СМИ. Есть большая разница, скажем, получить сведения по слухам или с подтвержденными данными из достоверных источников. Многие уже это поняли и перешли на совершенно новый формат сотрудничества с журналистами. В конечном итоге обеспечение открытости деятельности органов государственной власти и управления, укрепление независимости, экономической самостоятельности средств массовой информации служит реализации конституционных прав граждан на свободу слова, обеспечение прозрачности проводимых реформ. 

Представителей СМИ называют «четвертой властью», подразумевая возможность влиять на ту или иную ситуацию. Было бы, возможно, хорошо, сказать, что так оно и есть. Однако в нашей профессии всегда есть к чему стремиться, планку никогда не опускают, скорее наоборот – поднимают еще выше. Неслучайно глава государства в своем обращении к специалистам этой сферы отметил, что «средства массовой информации должны не на словах, а на деле стать «четвертой властью».

Самое важное, что есть в нашей профессии — доверие читателей. В газету «Правда Востока» приходят обращения от граждан, которые идут к журналистам в надежде, что им помогут. Не все истории завершаются на положительной ноте, не все возможно решить за один день, месяц и даже год. Однако когда есть подвижки, когда поддерживают на уровне госорганов, не на словах, а на деле выстраивают диалог, вот тогда появляется ощущение, что все не зря. 

На конкурс были представлены статьи, опубликованные в газете «Правда Востока», а также на портале издания pv.uz. В статьях сделан акцент на освещение значимых преобразований в стране, результаты проводимых реформ, налаживание диалога средств массовой информации и госорганов, социальную тематику, вопросы экологии, имеющиеся проблемы, а также возможные пути их решения. Конкурс — своего рода подведение итогов работы журналистов за прошедший период. На 2019-й также есть планы, и все они связаны с газетой «Правда Востока», перешагнувшей столетний рубеж. Это большая ответственность — быть частью издания, которое отражает конкретное время, наше с вами «здесь и сейчас». 

«Олтин калам» — это премия, свидетельствующая о признании народа. Президент страны уделяет особое внимание диалогу с народом, глубокому изучению забот и чаяний людей. Мы должны соответствовать требованиям нынешнего стремительно меняющегося времени, быть еще более активными, оперативными, всем сердцем чувствовать свою ответственность за будущее нашей Родины.

 

 Barno SULTONOVA “Xabar.uz” sayti sharhlovchisi — Eng yaxshi jurnalistik material uchun (internet jurnalistika) 1-o‘rin:

— Axborot asrida yangilik yorug‘lik tezligida tarqalib, shu zahoti o‘z ta’sir kuchini yo‘qotadi. Bu esa biz, jurnalistlardan har kuni o‘z ustimizda ishlashimizni talab qiladi. Kecha yangicha yondashib yozdim deb o‘ylagan maqolangiz, ertasiga eskirganini anglaysiz. Yangi so‘z, yangicha yondashuv, yangicha qarash izlaysiz. Yillar davomida siz kashf etgan qahramonlar safi kengayib boraveradi. Jurnalist gohida mehribon o‘qituvchi, gohida quloqsiz o‘quvchi, gohida qo‘li yengil shifokor, farrosh, dehqon qiyofasida o‘zini qidiradi.  

Gazeta chiqarish, maqola yozish, uni tayyorlab sahifaga qo‘yish, navbatchilikka qolish, dam olish kunlari ham turli tadbirlarga qatnashish — bularning barchasi sohada ish boshlagan jurnalist uchun qiyin tuyuladi. Oramizda kasbini o‘zgartirish haqida o‘ylamagan hamkasblarimiz bo‘lmasa kerak. Ammo vaqt o‘tgan sari, tajriba, mas’uliyat oshgan sari jurnalist yelkasidagi yuk qanchalik zalvorli bo‘lmasin, kasbini o‘zgartirish haqidagi fikri unutilib boraveradi. 

Bir paytlar sanoqligina gazeta-jurnal, teleradiokanalar bo‘lardi. Birgina yaxshi maqola yoki ko‘rsatuv, eshittirish tez tilga tushardi. Tabiiyki jurnalistning ham tanilishi, tan olinishi oson edi. Bugun zamon o‘zgardi. Nafaqat tanqidiy, balki tahliliy maqolaga, ko‘rsatuvga, eshittirishga ehtiyoj  va talab kuchaydi. 

Jurnalistlar uchun turli forumlar, tanlovlarning o‘tkazilishi ularni ruhlantiradi. Jurnalist uchun aslida eng katta mukofot jamiyatda yechimini kutayotgan muammolarning hal qilgani. 

“Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni olganimdan boshim osmonga yetdi. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun, avvalo, Prezidentimizdan minnatdorman.

  

Qumar BEKNIYAZOVA Kar24.uz  sayti bosh muharriri — Eng yaxshi 

jurnalistik material uchun (internet jurnalistika)  2-o‘rin:

— Qoraqalpog‘istonning onlayn olamida yangiliklar tarqatish va xalqni aniq, ishonchli axborot bilan ta’minlashga o‘z hissamni qo‘shib kelayotganimdan faxrlanaman. “Kar24.uz” sayti tashkil etilganiga ko‘p yil bo‘lmadi, ammo shu fursatlar ichida o‘zining minglab muxlislarini topa oldi. Ular bizni yaxshi yozishga, Qoraqalpog‘istondagi voqea-hodisalarni shaffof, tez va aniq yetkazishga undaydi. Sayt axborot tarqatish bilan birga jamiyatdagi muammolarni tanqidiy-tahliliy qalamga oladi, kamchiliklarni jurnalistik surishtiruvlar orqali yoritadi. El ardog‘idagi va oddiy insonlar bilan intervyuga kirishadi. O‘z o‘quvchilari va muxlislariga ega saytning “ko‘chasida” bugun katta bayram, ya’ni axborot sohasida ko‘rsatayotgan kamtarin xizmatimiz yuksak baholanganidan mamnunmiz. 

Endi “Oltin qalam” Milliy mukofotiga munosib bo‘lishimiz kerak. 

 

 Jurnalistika sohasida Bosh Milliy mukofot “O‘zbekiston” 24” teleradiokanali jamoasi (Direktori Madamin SAFAROV):

— «O‘zbekiston 24» teleradiokanali yangi davrimizning yangi telekanali sifatida nafaqat milliy, balki xalqaro mediamakonga ham shitob bilan kirib kelganiga ikki yil bo‘ldi. Teleradiokanal Prezidentimizning 2017 yil 2 maydagi «O‘zbekiston 24» informatsion-tahliliy teleradiokanali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. 

«O‘zbekiston 24» yurtimizning yangi tarixidagi keng ko‘lamli islohotlar, o‘zgarishlar va yangilanishlarning in’ikosi o‘laroq yuzaga kelgan muvaffaqiyatli loyihadir. Yangi institutsional tizim sifatida xalq bilan muloqot tamoyilining yo‘lga qo‘yilgani, aholi muammolari izchil o‘rganilayotgani va hal qilinayotganidan to davlat idoralari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini yanada yaxshilash bilan bog‘liq barcha jarayonlar  teleradiokanalimizda tezkor, izchil va ta’sirchan tarzda yoritilmoqda.

Aytish kerakki, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga uyg‘un holda «O‘zbekiston 24» teleradiokanalida ham sifat jihatidan tub yangilanishlar amalga oshirildi. 

Biz «O‘zbekiston 24»teleradiokanali katta ijodiy salohiyatga ega, O‘zbekistonning yangi tarixini to‘laqonli yoritishga qodir jamoa ekanimiz bilan faxrlanamiz.

Butun xalqimiz davlatimiz rahbarining hududlarimizga tashriflarini intiq bo‘lib kutadigan bo‘lib qoldi. Chunki, muntazamlik kasb etgan bunday amaliy tashriflar hududlar hayotiga katta yangiliklar, odamlar hayotiga yengillik, farovonlik olib kirayapti. «O‘zbekiston 24» teleradiokanalida Prezidentimizning hududlarga tashrifini tezkor, sifatli va ta’sirchan yoritish borasida yangi yondashuvlar joriy etilmoqda va bu teletomoshabinlarga manzur bo‘layotganidan mamnunmiz. 

Xorijiy ekspertlarning fikricha, Prezident Shavkat Mipziyoevning sa’y-hapakatlapi tufayli O‘zbekiston dunyoga yorqin yuz ochmoqda. Bu fikrning isbotini davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga tashriflarida ham ko‘rish mumkin. Xorijiy tashriflar nufuzli xalqaro telekanallar tajribasi va amaliyotiga mos ravishda, ular bilan hamkorlikda tezkor, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yangicha yondashuvlar asosida yoritilayotgani tomoshabinlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish imkonini berayapti. 

“Obod qishloq” dasturi yurtimizning qiyofasini butkul o‘zgartirish barobarida odamlarning hayotga, kelajakka bo‘lgan ishonchlarini ham ijobiy tarafga o‘zgartirdi. «O‘zbekiston 24»telekanalida “Obod qishloq” dasturi doirasida butkul yangilangan manzillar — Jizzax viloyatining Manas qishlog‘i, Mirzacho‘l tumani, Andijon shahri Mustaqillik mahallasi, Surxondaryo viloyatining Sangardak qishlog‘i, Samarqand viloyatining Jom qishlog‘i, Navoiy viloyatining Tomdi tumani, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoraqalpog‘iston ovulida olib borilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari muntazam ravishda izchillik bilan yoritilmoqda.

Poytaxt Toshkent shahri, garchi barchaning havasi keladigan shahar bo‘lsa-da, uning shunday go‘shalari bor ekanki, ulardagi ahvolni ko‘rib achinib ketasiz. “Obod mahalla” dasturi doirasida «O‘zbekiston 24» telekanalida mazkur kamchilik bor bo‘yicha ko‘rsatildi. Jumladan, ko‘pqavatli uylardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining xom-xataligi, ichki ko‘chalar, yo‘laklarning ta’mirtalabligi, obodonlashtirish ishlarining o‘lda-jo‘ldaligi, haligacha tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti yo‘q holatda yashayotgan keksalar, suv, elektr, gaz ta’minotidagi uzilishlar, foydalanilgan kommunal xizmatlar haqini hisoblashdagi tushunmovchiliklar – barchasi ochiq-oydin tahlil qilindi.

Ta’kidlagim keladiki, teleradiokanalimiz biror muammoga  jamoatchilik e’tiborini qaratar ekan, uning yechimini ham nazardan qochirmaydi. Masalan,  poytaxtimizning Choshtepa mavzesida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarni, Toshkent shahridagi kanal va anhorlar holati tubdan o‘zgarayotganini ko‘rib, bunda jamoamizning ham hissasi borligidan xursand bo‘lamiz.

Muhimi, xodimlarimiz o‘z kelajagi, ijodiy yuksalishi, hatto oilasining baxti va farovonligini teleradiokanalimiz rivojida ko‘radi. Inchunun, jamoamiz o‘z tajribasi va salohiyatiga tayangan holda, doimiy izlanishda va yuksak marralarni ko‘zlab ijod qilmoqda. Jamoamizning “Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda Bosh Milliy mukofotiga sazovor bo‘lishi bizga yanada katta ilhom beraveradi.

 

 O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi:  

“Davlatimiz tomonidan ehtiyojmand oilalar uchun amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risidagi tahliliy materiallari uchun” 

Gulnora XODJAMURODOVA — 

 “Vatanparvar” gazetasining bo‘lim boshlig‘i:

— O‘n uch yildan beri matbuot sohasida ishlayman. Mukofotni olayotgan paytdagi hayajonim va shodligimni ta’riflashga til ojiz. Mamlakatimizda barcha sohalar qatori ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, jamiyatimizda kechayotgan voqea-hodisalarni tezkor va xolis yoritish borasida katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Men ham  xalq bilan armiyani bog‘lashda, o‘z ijodiy ishlarim bilan  hissamni qo‘shib kelganimdan xursandman. Tahririyatimizning ahil jamoasidan  g‘oyat minnatdorman. Chunki men u yerda harbiy jurnalist, gazetachi sifatida shakllandim. Bu mukofot kelajakda  yana ko‘plab  maqolalar yozishimda ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishiga ishonaman. 

 

 Sadoqat ALLABERGANOVA “Darakchi” gazetasi mas’ul kotibi — Xalqaro hamkorlar ta’sis etgan nominatsiyalar: “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) “OAVda korruptsiyaga qarshi kurash masalalari eng yaxshi yoritilgan material uchun”:

– Bunday e’tibor, ishonch kishiga ikki karra ko‘proq shijoat, ko‘tarinkilik hadya etadi. Ruhlantirib, yanada olg‘a intilishga undaydi. Shu yo‘nalishdagi materiallar ichida g‘olib deb topishganidan xursand bo‘ldim. Bu yutuq avvalo, onam va albatta, sohaga chuqur kirib borishimga sabab bo‘lgan ustozlarimniki hamdir. O‘tgan yili onam bilan tomoshabin sifatida o‘tirganimizda, kelasi yil senga ham shu mukofotni olish nasib qilsin deb niyat qilgandilar. Bundan ruhlanib, o‘z ustimda ko‘proq ishlayman.

 

 Hotam MAMADALIYEV O‘zAning Namangan viloyati fotomuxbiri — Turkiya Respublikasi elchixonasi “Turkiya va turk madaniyati haqidagi eng yaxshi material uchun”:

– Uch-to‘rt yildan buyon bir nechta davlatlarda bo‘lib, madaniyati, hayot tarzini aks ettiruvchi suratlar olib kelyapman. Italiyada, Turkiyada bo‘lganimda suratlarim kollektsiyasi yanada boyidi. Turkiya elchixonasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida Toshkent Fotosuratlar uyida “Turkiya – o‘zbekistonlik jurnalistlar va fotoijodkorlar nigohida” tanlovi o‘tkazildi. Unda fotoijodkorlarning yuzga yaqin suratlari namoyish etildi. Ushbu tanlovda birinchi o‘rinni egalladim. Vodiyda ham bir necha bor fotoko‘rgazmalarim tashkil etildi va ulardan o‘nlab yo‘nalishdagi suratlar o‘rin oldi. Namanganda ustoz-shogirdlik maktabini tashkil etdik. Ayni paytda mahalliy gazetalar fotomuxbirlarining aksariyati ana shu maktabning o‘quvchilaridir. Mana shu xizmatlarim ushbu nufuzli tanlovda e’tibor qozonganidan mamnunman. Samimiy minnatdorchilik bildiraman.

 

 Farog‘at BARNOYEVA Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi katta muharriri — Project HOPE (YUSAID dasturi) (AQSH) “Sil kasalligiga qarshi kurash mavzuiga bag‘ishlangan eng yaxshi tele-radio material uchun”: 

 – 2001 yildan buyon Navoiy viloyat teleradiokompaniyasida ishlayman. Uch yildan beri sil kasalligiga qarshi kurash dasturi bo‘yicha tadbirlarda qatnashib kelyapman. Radioda turli eshittirishlar bilan birga, “Sog‘lom bo‘lay desang” eshittirishimiz bor. Unda kasallikni oldini olish, davolashdan tashqari, bolalar orasida sog‘lomlashtirish ishlarining tashkil etilishi bo‘yicha eshittirishlar tayyorlab kelyapman. Jonli efirda ham mutaxassislar yordamida savol-javoblar uyushtiramiz. Mana shu ishlarim tufayli ushbu nominatsiya g‘olibi bo‘ldim. Bugungi rag‘bat menga qanot bo‘ladi.

 

 Sanjar ESHMURODOV “Mahalla” gazetasi muxbiri — Inson huquqlari mavzuidagi eng yaxshi material uchun rag‘batlantiruvchi mukofot:

— “Oltin qalam” XIV Milliy mukofotining “Inson huquqlari mavzuidagi eng yaxshi material” nominatsiyasiga xalqimizning huquqiy ongini yuksaltirish, yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, ularning amaliyotdagi harakati haqidagi ijodiy ishlarimni topshirdim. 

Ular orasida “Tarozining ikki pallasida ham taqdir yotadi”, “Kelajakning g‘amini bugun yeylik”, “Majburiy mehnatga chek qo‘yildi”, “O‘zbekiston taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan barchani birlashtiramiz”, “Qovurg‘angiz sinsa, og‘rimaydimi?”, “Huquqiy targ‘ibot muammolari yechimi”, “Adashganga kim to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi?” kabi maqolalarim bor. Bu ijodiy namunalarimda yurtimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, gender tengligini ta’minlash, majburiy mehnatga chek qo‘yish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qilinayotgan ishlar aks etgan.  

Xususan, “Tarozining ikki pallasida ham taqdir yotadi” maqolasida UNISEF xalqaro bolalar tashkiloti bilan O‘zbekistondagi bolalar mehnatidan foydalanishni cheklash, ularning huquqiy manfaatlarini to‘laqonli himoyalash borasidagi yangi loyihalar haqida so‘z boradi. “Qovurg‘angiz sinsa, og‘rimaydimi?” maqolasida esa oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olish, ayniqsa, gender tengligini ta’minlash, ayollar huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi yangicha tizim va qarashlar borasidagi fikr-mulohazalar o‘rin olgan. 

Shuningdek, maqolalar orasida Prezidentimiz tomonidan avf etilgan hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan kafillikka olingan, to‘g‘ri yo‘ldan adashib jinoyatga qo‘l urgan va qilgan ishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarning keyingi taqdiri to‘g‘risidagi materiallar joy olgan. 

Maqolalarimda bunday insonlarning fuqarolik huquqlari qay darajada tiklangan, ular jamiyatning faol a’zosiga aylana oldimi, yo‘qmi, kabi  savollarga javob izlashga harakat qilganman. Mening kamtarona mehnatimga yuqori baho bergan barchaga minnatdorlik bildiraman. Bugun men va oila a’zolrim uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. Ayniqsa, bu xabardan ota-onam qanchalik quvonganini alohida aytmoqchiman. 

Bu mukofotni va  menga bildirilgan ishonchni  yoziladigan maqolalarim bilan oqlayman. 

 

 Feruza O‘KTAMOVA Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi 1-toifali muharriri — 

Eng yaxshi jurnalistik material uchun (radio)  3-o‘rin:

— Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi jamoasida bugun yurtimizda kechayotgan jarayonlarga oid xabarlar tezkorlik va aniqlik bilan xalqqa yetkazilmoqda. Men ham asosan o‘z eshittirishlarimda bugungi islohotlar va ularning inson manfaati yo‘lidagi o‘rni borasida to‘xtalishga harakat qilaman. “Islohot odimlari”, “Jarayon”, “Taraqqiyot sur’atlari” eshittirishlari aynan shu yo‘nalishda bo‘lsa, yosh tadbirkorlar, investorlar va innovatsion g‘oyalar yaratgan iqtidor egalari hayotidan so‘zlovchi “Tashabbus bizda” eshittirishida, “Izlagan imkon topar” naqlini hayotiy shioriga aylantirgan tashabbuskorlar yutug‘i va shu jarayonda ularning faoliyatidagi muammolari ham e’tibor markazimizda bo‘ladi. “Odamlar orasida” eshittirishi orqali aholimiz orasida uchrayotgan eng og‘riqli nuqtalar tahlil etilib, muammolar yechimiga yo‘llar izlanadi. Ustozlarimiz yordamida oshirgan mahoratimizni  davrning o‘zi yanada sayqallayapti. Davr jurnalistning zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotir. 

Yaratilayotgan keng imkoniyat va sharoit, munosib ko‘rilganimiz yuksak mukofot  o‘z ishimizga yanada sidqidildan yondoshishga undaydi. 

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 3 =