Gulnoza HUSANOVA: “Men kasbimni to‘g‘ri tanlaganman…”

“Uzreport” axborot agentligi telekanalining katta muharriri, taniqli jurnalist  Gulnoza Husanova kuni kecha «Yilning eng faol jurnalisti» respublika tanlovi g‘oliblaridan biri bo‘ldi. Muxbirimiz hamkasbimiz bilan bugungi matbuot, jurnalistika, umuman ijodiy jarayonlar xususida suhbatlashdi.

 

— Gulnoza opa,  avvalo, “Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovida g‘oliblar safidan o‘rin olganingiz bilan tabriklaymiz.

— Tashakkur!

— Bilamizki, anchagina vaqt “Yoshlar” telekanalida ishlagansiz, yillar davomida kechgan ana shu faoliyatingiz va orttirgan tajribangizdan ko‘nglingiz to‘ladimi?

— Chindan ham “Yoshlar” telekanali, xususan, “Davr” men uchun katta maktab bo‘lgan. Bundan 20 yil avvalgi “Davr”ni eslaysizmi? Men uning birinchi xodimlaridan bo‘lganimdan faxrlanaman. Ustozlarim Furqat Zokirov, Guli Ikromova, Sohibjon Alijonov, Hayrulla Nuriddinov, Sobir Turdievdan jurnalistikaning sir-asrorlarini amaliyotda o‘rganganman. Ular bugungi o‘zbek jurnalistikasining zabardast vakillaridan. Bir umr minnatdorman. O‘zi aslida, jurnalist ustoz ko‘rib, har doim o‘rganishi, o‘z ustida ishlashi kerak. Men o‘zimga o‘zim juda talabchanman, deb o‘ylayman. Chunki tayyorlagan materialim o‘zimga hamisha ham yoqavermaydi. Shuncha yillik tajribam bo‘lsa-da, hozir ham jurnalistlar uchun mo‘ljallangan xalqaro treninglarda qatnashib turaman. Jahon matbuotida, ayniqsa, televidenie sohasida yangiliklar ko‘p. Ularni o‘z faoliyatimizda qo‘llashimiz uchun dunyoga mashhur informatsion dasturlarni doimiy kuzatib boraman. Ishonasizmi, hattoki, tasvirchilar ishini o‘rganaman: qanday rakursdan tasvirga olgan, montajchilar qanday effektlarni ishlatgan. Bularning barchasi men uchun juda qiziq. O‘zim yoqtirgan xorijiy jurnalistlarning intervyularini doimiy ko‘rib boraman.

Men bilan ishlayotgan hamkasblarimga xorijiy telekanallarni muntazam kuzatib borishni tavsiya qilaman.

— Jurnalist qavmi hammaga ham hamisha yoqavermasligi mumkin. Aytaylik, tayyorlagan maqola yoki ko‘rsatuvi, eshittirishi tufayli ba’zida hatto o‘ziga “muammo” ham orttirib olishi mumkin. Shunday emasmi?

— Haqiqatni gapirgan jurnalist, umuman, har qanday inson hammaga ham yoqavermaydi. Bu — tabiiy. Lekin men kasbimni to‘g‘ri tanlaganman, deyman. Chunki yolg‘onni yomon ko‘raman, adolatsizlikka chiday olmayman. Onam meni shunday tarbiyalaganlar. Ammo ming afsuski, ba’zida muayyan sabablarga ko‘ra, to‘g‘ri so‘zni har doim ham ayta olmaysiz. Bir vaqtlar mening bir shiorim bo‘lar edi. «Haqiqatni gapira olmasang, hech bo‘lmaganda jim tur. Aldama, ko‘zbo‘yamachilik qilma». Bu shiorimni bugun ko‘pam tilga olmayapman. Buning sababi bor, albatta. Bugun matbuotimizda ochiqlik ya’ni holis va adolat bilan so‘z aytish imkoniyati bor. Bilasizmi, yaqinda face­book ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirdim. Guvohi bo‘lyapmiz, atrofimizda o‘zgarishlar ko‘p. Biroq, muammo va kamchiliklar hamyetarlicha. Asosiysi, jurnalistlarimiz muammolarni ko‘rganda jim ketmasdan, ularga jamoatchilik e’tiborini qarata olishyapti. Bu milliy jurnalistikamizdagi katta o‘zgarish. Yozilgan maqolalar, tayyorlangan ko‘rsatuv, eshittirishlar  va ular asosida yuzaga kelgan jamoatchilik muhokamalari sabab, hattoki hokim va vazirlar o‘z qarorini o‘zgartiryapti. Albatta, bunday tanqidlar yuqorida aytganimdek hammaga ham ayniqsa, mutasaddilarga yoqmaydi. Aytish joizki, bu jarayonlarga ularning o‘zi ancha ko‘nikib qolishdi, nazarimda. Jurna­listlar bilan hisoblashadigan ya’ni jurnalist mehnatini, samimiy maqsadini to‘g‘ri tushunadigan vazirlar ham bor hozir.

 — Yuqorida aytdik, o‘zingiz ham e’tirof qildingiz, “Davr”ning eng peshqadam sharhlovchilaridan biri edingiz, ammo ma’lum vaqt tomoshabinlar sizni «yo‘qotib» qo‘yganday bo‘ldi…

— Bor yo‘g‘i ikki yilcha xorijga ketib, tajriba orttirdim, til o‘rgandim. Bu men uchun juda muhim edi. Jurnalist xorijiy tillarni bilmasa, bugun ishlashi qiyin. Bugun bir vaqtlar qilgan «tanaffusim» sabab bemalol xorijliklardan intervyu olishim mumkin, xalqaro matbuot anjumanlarda telekanalimiz nomidan qiynalmasdan savol bera olaman. Ba’zida biror bir mavzuda qo‘shimcha ma’lumot kerak bo‘lsa, uni chet el manbaalaridan izlay olaman. O‘zbekistonga qaytishim bilan fao­liyatimni “Uzreport”da davom ettirdim. Buni qarang-ki, shunga ham bir zumda 10 yil bo‘libdi.

 — Siz faoliyat yuritib kelayotgan ushbu telekanalda, yanglishmasam, ko‘ngil­ochar ko‘rsatuvlar yo‘q hisobi. Bunday sharoitda tomoshabin e’tiborini jalb qilish qiyin emasmi?

— To‘g‘ri, biz kino, musiqa, ko‘ngilochar dasturlar tayyorlamaymiz. Kanalimizni seriallarga qiziqadigan uy bekalari deyarli ko‘rmaydi. Biz tomoshabinga axborot beramiz. Informatsion dasturlar, ayniqsa, iqtisodiyot, moliyaga yo‘naltirilgan ko‘rsatuvlarning tomoshabinlari kam bo‘ladi. Ammo, oramizda axborotni Rossiya kanallaridan oladigan tomoshabinlar ham ko‘p. Maqsadimiz, media makonni sifatli kontent bilan ta’minlash. Agar siz tomoshabinga xabarlarni ko‘pchilik hamyurtlarimiz ko‘radigan o‘sha Rossiya telekanallaridan oldin bera olsangiz, ular milliy axborot dasturlarini tomosha qilishlari mumkin. Biz aynan shu maqsadda «Reyter», «Blumberg» kabi agentliklar bilan litsenziya asosida hamkorlik qilyapmiz. Bizning telekanal boshidan millionlab tomoshabinlarni qamrab olishni maqsad qilmagan. Shiorimiz «Uzreport — qarorlar qabul qiluvchi insonlar uchun!» Bizni asosan ishbilarmonlar, shu jamiyatning faol insonlari tomosha qiladi. Har doim ularning talabi, qiziqishlariga javob beradigan sifatli mahsulot berish ustida ishlaymiz.

 — Aksariyat telejurnalistlar ish ko‘lamining ko‘pligidanmi yoki boshqa sababdanmi, davriy matbuotda qatnashmaydi. TV jurnalistlari qalamini «yo‘qotib» qo‘yishdan qo‘rqmaydimi?

— Savolingizni tushundim. Jurnalist qalamini televidenieda ham charhlashi mumkin. Chunki, biz ham xuddi gazetalarda faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasblarimiz kabi materiallar ya’ni maqola va xabarlar yozamiz. Faqat televidenie uslubi biroz farq qiladi. Lekin, men har doim tan olib aytamanki, gazetada ish boshlagan jurnalistning qalami boshqalarnikidan kuchliroq bo‘ladi.

 — Sizningcha, bugungi telejurnalistikaning oqsoq tomonlari nimalarda ko‘rinadi va ularni bartaraf etish uchun nimalar qilish kerak?

— Bu juda o‘rinli va dardli savol. Bundan 8 yil avval Germaniya poytaxtida moliyaviy jurnalistikani o‘rganganman. Amaliy mashg‘ulotlar boshlanib, maqola yozish vaqti kelganida, ochig‘ini aytaman, mening ishlarim boshqa davlatlardan kelgan hamkasblarimnikidan umuman farq qilardi. Ba’zida yozgan materialimdan uyalardim, kechalari uxlamasdan ingliz tilida yaxshiroq maqola yozishga harakat qilardim. Mening o‘sha vaqtlardagi kamchiligim o‘zbek milliy jurnalistikasiga xos umumiy tendentsiya edi. Biz odatda biror mavzuda material yozsak, bo‘yab bo‘rttiramiz, buning uchun umuman keraksiz ma’lumotlar qo‘shamiz, voqeani dangal boshlamasdan, uzundan uzoq kirish so‘zlari qilamiz. Bunday amaliyotdan umuman voz kechish kerak. Bugun men bilan ishlayotgan yosh jurnalistlar lav­hasini mana shunday baland­parvoz, keraksiz jumlalar bilan yozib kelsa, ustidan bo‘yab, gapni indallosidan boshlagin, deyman.

Yana bir jihat, biz ko‘pincha matbuot anjumanlarida savol beradigan bo‘lsak, mavzuning ichiga kirmasdan, umumiy savollar bilan cheklanib qo‘yamiz. Oramizda, ko‘p yillik tajribasiga qaramasdan, hatto hali ham savol berishni bilmaydigan yoki savol berishdan uyaladigan jurnalist­lar bor, afsuski. Xorijiy davlatlarda bo‘lganimda xalqaro jurnalistlarni doim kuzataman. Ular qanday savol ber­yapti, berayotgan savollari qanchalik o‘tkir, dolzarb, tanqidiy…

 — Matbuotni ham kuzatib borasizmi? Qaysi nashrlarni va qanday mavzudagi maqolalarni o‘qiysiz?

— Yaxshiyamki, bugun barcha gazetalarning elektron versiyasi bor. Shu bois, asosan iqtisodiyot, moliyaga ixtisoslashgan nashrlarni kuzatib boraman. Bloomberg, Financial Times, RBK, BBC, o‘zimizning “Ekonomicheskoe obozrenie”, Spot.uz kabi nashr­larni kuzatib boraman va ulardagi maqolalarni o‘qib boraman.

 — So‘nggi paytlarda xorij safarlariga tez-tez chiqayapsizmi? Xalqaro doiradagi muhim shaxslar bilan intervyular uyushtirayotganingizda suhbatdoshingizning fikrlari va qarashlarini olishda ko‘proq nimalarga e’tibor qaratasiz?

— Birinchidan, mana shunday muhim intervyularga (ayniqsa ingliz tilida olinadigan) oldindan jiddiy tayyorgarlik ko‘raman. Suhbatdoshimni obdon o‘rganaman. Boshqa telekanallarga bergan intervyularini erinmasdan ko‘rib chiqaman. Uning ichidan bor gapini “sug‘urib olish”ga urinaman. Buning uchun zarur uslublardan foydalanaman. Ko‘proq axborotga ega bo‘lsangiz, ortiqchalik qilmaydi. Qo‘lingizda ma’lumot bo‘lsa, o‘zingizni erkin his qilasiz. Suhbatdoshingiz sizdan “qochib” qutula olmaydi.

Feruza RAHIMOVA suhbatlashdi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 2 =