Navoiyda ilk bor murakkab jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan vohada birinchi bor yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar va yoshlarda bepul murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

 Markazda ikki kun davomida to‘rt nafar bemor AIK — sun’iy qon aylantirish jihozi yordamida operatsiya qilindi. Ushbu jihoz Ita­liyaning “Sorin” firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Butun dunyo tibbiyoti bugungi kunda murakkab yurak jarrohlik amaliyotida ushbu jihozdan foydalanadi. Muassasaga mahalliy byudjetdan orttirilgan mablag‘lar hisobidan olib berilgan yangi texnologiya aholi salomatligi va tibbiyotimiz rivoji uchun xizmat qiladi, shub­hasiz.

— Hozircha faqat kam ta’minlangan va uzoq yillardan buyon shu kasallik bo‘yicha ro‘yxatda turgan oila farzandlarining jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdik, — deydi markaz bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi M.Ahmedov. — Chunki bunday jarrohlikni amalga oshirish uchun katta mablag‘ talab etiladi. Yangi texnologiyaning afzalligi u ma’lum muddat yurakning vazifasini bajarish imkoniga ega. Bu esa jarrohlarga amaliyot jarayonida qulaylik yaratadi. 2009 yildan buyon faqat poytaxtdagi klinikalarda bunday uskuna mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozir Namangan, Xorazm va Sa­mar­qand viloyatlarida ham shunday zamonaviy uskunalar yordamida o‘ta murakkab amaliyotlar o‘tkazilmoqda. Viloyatimizga keltirilgan ushbu zamonaviy jihoz poy­taxtdagi davolash muassasalarida ro‘yxatda turgan qanchalab aholining uzog‘i yaqin bo‘lishiga hamda iqtisodi tejalishiga yordam beradi.

Nuriya Sharipova Nur­ota tumanida istiqomat qiladi. Bir nafar farzandning onasi. Yuragida nuqsoni borligi yoshligidan ma’lum edi. Biroq oilaviy sharoiti tufayli kasallikni bartaraf etish imkoni bo‘lmadi. Shifokorlar operatsiya qilish lozimligini aytsa-da, u faqat dori-darmon bilan cheklanib yurdi. Keyingi vaqtlarda sog‘ligida kuzatilgan salbiy o‘zgarish Nuriyani chuqur qayg‘uga soldi. Ilojsizlikdan taqdirga tan berib, yashashdan umidini ham uzgandi. Ammo viloyatda ilk bor xayriya sifatida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti bemorning hayotini o‘zi va yolg‘iz farzandi uchun qaytardi. Shifokorlarning aytishicha, u yana bir oy nazoratda turgach, bemorlar ro‘yxatidan chiqariladi. N.Sharipovaning yaqinlari uchun bundan katta va yaxshi yangilik bo‘lmasa kerak.

Qiziltepa tumanining “Vang‘ozi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 6 yoshli Aslbek Shomurodov ham tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Operatsiyadan keyin u ham ro‘yxatdan chiqib, tengdoshlariday to‘rt muchasi sog‘ bolalar qatorida bo‘ldi.

— O‘g‘limning kasalligi xavfli ekanini bilardim, — deydi bemorning onasi K.Mirzaeva. — Poy­taxt­dagi maxsus klinikaga olib borgandik, murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kerakligini aytishdi. Ammo bizda buning uchunyetarli mablag‘ yo‘q edi. O‘g‘limning tez-tez charchab qolishi, holdan ketishi meni xavotirga solardi. Viloyatimizda bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini aytib, bizni chaqirishganda, quvonganimdan ko‘z yoshlarimni tiyolmadim. Ming shukur, farzandim operatsiyadan sog‘-omon chiqdi. Buning uchun viloyat rahbariyati va shifokorlardan minnatdorman.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda yiliga 2,5 – 3 ming nafar bola yurak nuqsoni bilan dunyo­ga keladi. Ammo poytaxt klinikalarida bir yilda shulardan 600 nafarinigina operatsiya qilish imkoni bor. Navoiy viloyatida esa ayni kunda 10 ming nafardan ziyod yurak nuqsoni bilan og‘rigan yoshi kattalar turli muassasalarda jarrohlik amaliyoti uchun navbat kutishmoqda. 200 nafardan ziyod bola tug‘ma yurak nuqsoni bo‘yicha ro‘yxatda turadi. Bemorlarga o‘z vaqtida va to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatilsa, ularni hayotga qaytarish mumkin. Respublikamizdagi ko‘plab tibbiyot muassasalarining bunday zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanishi esa qanchalab oilalarga shodlik ulashmoqda.

Zebo QUTLIYEVA

Navoiy viloyati.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =