“Axborot”da kechgan yillar

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida salmoqli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Amaldagi mavjud “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Toshkent” va “Sport” telekanallari qatoriga yangi “Madaniyat va ma’rifat”, “Mahalla”, “Dunyo bo‘ylab”,   “Bolajon” singari yangi kanallar qo‘shildi. Ayniqsa, “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” teledasturi zamirida mana ikki yildirki “O‘zbekiston-24” telekanali faoliyat yuritmoqda.

Kunlik va haftalik xabarlar doirasida yillar sarhisobining yoritilishida asosiy tamoyil odamlarning qalbida shu Vatan farzandi ekanidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish va yuksaltirishga qaratildi. Ichki va tashqi siyosatdagi O‘zbekistonning salohiyati, amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, unda mehnat qilayogan el farzand­larining qahramonona mehnati jonli lavhalarda namoyish etilmoqda.

Har bir ishning o‘z ijodkori, tashabbuskori bo‘lganidek, bosh yangiliklar dasturiga 1968 yilda taniqli telejurnalist Anvar Tojiev boshchiligida kichik ijodkorlar guruhi asos solgan edi. Demak, bunga ham 50 yildan oshibdi. Axborot sohasiga ixtisoslashgan ijodkor bugun 85 yoshni qoralab qolgan bo‘lsa-da, hamon faol. U kishi tomonidan yozilgan badihalar, lavhalar, suhbatlar respublika ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib turiladi. Shuningdek, Anvar Tojiev teleocherk, to‘g‘ridan-to‘g‘ri telereportaj janri ustasi edi.

Quyida uning O‘zbekiston televideniesining mustaqillikdan oldingi yillardagi faoliyati hamda kechagi va bugungi davrdagi rivojlanish bosqichlari haqidagi muxtasar maqolasi e’lon qilinmoqda.

“Axborot-24” dasturini deyarli har kuni kuzatib boraman. Dastur ko‘pchilik aholi uchun asosiy ma’lumotlar man­baiga aylangan. Tezkorlik, mavzularning dolzarbligi va qamrovi kengligi bilan alohida ajralib turadi. Buning zamirida yuqori malakali muxbirlar, rejissyorlar, tasvirchilar hamda montajchilar mehnatining o‘rni katta.

Men 1962 yili televideniega muharrir bo‘lib ishga kelganman. 1968 yili “Televizion yangiliklar” tahririyatiga bosh muharrir etib tayinlandim. “Axborot” teledasturi orqali respublika yangiliklarini mamlakatimiz ichkarisiga hamda tashqi davlatlarga uzatishda ishtirok etdim.

Avvalo, shuni aytishim kerakki, dast­lab o‘sha paytdagi rahbariyat dasturni “Axborot” deb atalishiga qarshi chiqishgan. Nima uchundir “Telegazeta” yoki “Yangilik” deb atashimizni qattiq talab qilishdi. Shunga qaramay, yarim asrdan beri, har kuni, belgilangan vaqtda, millionlab tomoshabinlarni dunyo­da sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan boxabar qiladi, ayni bir payt­da, yurtimiz — O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni dunyoga ko‘rsatib bermoqda.

Tarixga nazar tashlasak, 1966 yil yanvar oyida O‘zbekiston televidenie­si shoshilinch ravishda Ittifoq telekanaliga ulangandi. Chunki, o‘sha damda Hindiston bilan Pokiston o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz bergandi. Bu urushni siyosiy yo‘l bilan hal etish maqsadida ikki davlat rahbarlarining Toshkentda tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, natijada sulh shartnomasi imzolandi. Mamlakatimiz poytaxti “Toshkent — tinchlik shahri” nomini oldi. Tarixiy uchrashuv va ikki davlat o‘rtasidagi sulhning imzolanishi O‘zbekiston televideniesi orqali butun dunyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilgan.

1975 yillarga kelib, 30 daqiqalik “Axborot” dasturi, o‘zbek tilida har kuni, bir vaqtda, efirga uzatiladigan bo‘ldi. Dastur atrofiga avval sport, madaniyat, xalqaro masalalar, “shu kunning eng muhim mavzusi” bo‘yicha, keyinchalik iqtisodiy, siyosiy masalalar buyicha sharhlovchilar to‘planishdi. Dastlab Sa­mar­qand, Buxoro, Urgench, Farg‘ona viloyatlarida, biroz vaqt o‘tib qolgan viloyatlarda ham “Axborot”ning muxbirlar postlari tashkil etildi. 90-yillarda tor kinolentalarda tasvirga oladigan kinoapparatlar o‘rniga qulay video apparatlar keltirildi.

“Axborot” tanqid qiladi” rukni katta obro‘ qozondi. Respublikaning eng mashhur kishilari fikrlari muntazam ravishda efirda namoyish etildi. Xodimlar oddiy syujetlardan lavha, reportaj, intervyu tayyorlay boshlashdi. Xo‘jaliklar miqyosida ham rejalarning bajarilishidagi yutuqlar yoki bajarilmasligi sabablari atroflicha o‘rganilib, tegishli mutasaddilardan intervyu olinib, so‘ng efirga uzatilardi.

O‘sha paytda respublika rahbari bo‘lgan Sharof Rashidovning ko‘r­satmasi bilan musiqali va dramatik teledasturlar qatori “Axborot” ham birinchilardan bo‘lib rangli tasvirda namo­yish etildi.

O‘sha yillari Kuba davlati rahbarlari Fidel va Roul Kastro, Shvetsiya qiroli Karl Gustav, Hindiston bosh vazirlari – Vajpay, Rajiv Gandi, Bang­ladesh davlati prezidenti Mujibur Rahmon, Angola prezidenti Agustino Neto kabi davlat arboblari, mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov, turk adibi Aziz Nesin, rossiyalik xonanda Lyudmila Zikina, hind kino ustasi Raj Kapur, boks yulduzi Muhammad Ali kabi dunyo tanigan insonlarning “Axborot” teledasturi muxbirlariga intervyu berishi faxrli edi.

“Axborot”ning birinchi sonidan boshlab, uni tayyorlashda qatnashgan Meli Mirxo‘jaev, Hasan Hamroev, Abdulla va Usmon Karimovlar, Boqijon Imomov, To‘laboy Ro‘zmatov, Anvar Yoqubov singari fidoyi insonlar butun umrlarini televideniega bag‘ishlashdi. Hozirda To‘ra Rahimov, Irismat Abduxoliqov, Georgiy Minin, Kimyo Xo‘jaeva, Gulnora Mahkamova, Anvar Rashidov, Farhod Mahmudov, Abduhakim Turg‘unov, Mahmud Oripov, Botir Sharipov, Navro‘z Rizaev, Teshaboy Qodirov, Anatoliy Kim, Muxsin Fayzullaev, Mirfayoz Rustamovlardek iqtidorli jurnalistlar sharafli kasbni e’zozlashmoqda.

Qilingan ishlarga baho berish barobarida, hozirgi dastur ijodkorlarining samarali mehnatini ham alohida aytib o‘tish joiz. Muxbirning har bir ijodi igna bilan quduq qazishdek gap, albatta, toza mehnat o‘z mukofotini oladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda jahon hamjamiyatining dastlabkiyetakchi mamlakatlari safidan joy olishga astoydil bel bog‘lagan. Endilikda mamlakatda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarni haqqoniy yoritishda, o‘zgarayotgan O‘zbekistonning buguni va ertasini kishilik jamiyati ongiga singdirishda “O‘zbekiston-24” kanali hamda “Axborot” teledasturining ham o‘ziga xos mas’uliyati juda yuqori va sharafli. Hech shubhasiz, o‘tgan ellik yildan oshiq ish tajribasiga ega teledastur ommaviy axborot vositalari orasida o‘ziningyetakchilik o‘rnini egallaydi hamda zimmasidagi vazifani sidqidildan ado etmoqda.

Anvar TOJIYEV,

mehnat faxriysi,

“Axborot” teledasturining

1968-90-yillardagi Bosh muharriri.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =