MEHR RISHTASI

Har gal o‘qishdan, ishdan ortib qadrdon uyimga borganimda meni quchoq ochib kutib oladigan onam mo‘’jaz uyimiz haroratini va qarindoshlar diydorini qalbimga shundoqqina joylab qo‘yar ekan.

 Vaqt o‘tgani sayin aqlimiz to‘lishib, hayotga qarashlarimiz o‘zgarib boraveradi. Yoshlikda biz unchalik e’tibor qilavermaydigan oddiy holatlar ham nechog‘li muhim ahamiyatga ega ekanini tushunib qolamiz. Oila, bog‘cha, maktab, dorilfunun… Ulardagi saboqlar Shaxs bo‘lib shakllanishimizda, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topishimizda yordam beradi. Lekin men anglabyetgan haqiqat shuki, hammadan ko‘proq insonni hayot maktabi tarbiyalar ekan.

Bolalik beg‘uborliklari, yoshlik sho‘xliklariyu beparvoliklari pardasi ortida goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay qoladigan o‘tmish xotiralari yurakning bir chetidagi armonni uyg‘otishi bilan birga, eng oddiy, lekin hayotiy zarur o‘gitlarni ham eslatib turadi.

Har gal o‘qishdan, ishdan ortib qadrdon uyimga borganimda meni quchoq ochib kutib oladigan onam mo‘’jaz uyimiz haroratini va qarindoshlar diydorini qalbimga shundoqqina joylab qo‘yar ekan. Men esa… hammasini oddiy va tabiiy qabul qilardim. Go‘yoki har doim hammasi xuddi shunday bo‘lishi kerakdek. “Xolangnikiga borgandim, senga salom aytdi”, “Yaqinda Nilufar dugonangni bozorda uchratib qoldim. Seni so‘radi”, “Qo‘shnimiz Sayyora opa hajga ketayapti”. Xullas, bir zumda bir olam ma’lumotga ega bo‘lib, ko‘nglimda o‘zgacha ishtiyoq ila qon-qarindosh, qo‘ni-qo‘shni, do‘stu yoronlar hayoti bilan hamnafas bo‘lib, uyg‘unlashib ketardim. Go‘yoki men o‘z uyim­dan hech qaerga ketmagandek, go‘yoki salkam bir yillik tanaffus bo‘lmagandek. Umuman, ota-onam bag‘rida hamisha beg‘am, betashvish, baxtiyor, o‘zga olamga tushib qolgandek masrur yashardim, ya’ni mehr og‘ushida bo‘lardim. Onam biror to‘y, ma’raka, yig‘inlar bo‘lsa: “Yur qizim, seni ham olib keling, deb ta­yinlashgan”, deya qo‘yarda-qo‘ymay olib borardi. Shu orqali biz bilan qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi mehr rishtasini bog‘lashga, yanada mustahkamlashga urinardi. Faqat meni emas, opalarim va kelinlarni ham jamlab, ya’ni boshini qovushtirib yurardi. Esimda o‘sha damda onamni zanjirni birlashtirib turadigan ilgakka qiyoslagandim.

Topishu yo‘qotishlar, sinovlardan iborat ekan asli bu dunyo. Onam yorug‘ olamni tark etganidan keyingina u kishining har bir so‘zi, xatti-harakati biz uchun chinakam ibrat ekanini yanada chuqurroq his etdim. Boisi onamning pandu nasihatlariga har qadamda amal qilishimga to‘g‘ri kelayapti…

Har galgidek tug‘ilib o‘sgan uyimdaman. Ikki yoshli jiyanim atrofimda chug‘urlab o‘ynab yuribdi. “Qo‘shnimiz Muhabbat opaning qizi o‘qishni tamomlab keldimi?”, “O‘lmas akaning uyiga kim ko‘chib keldi?” so‘rayman ukamning xotinidan. “Bilmasam, bola bilan ovora bo‘lib ko‘chaga uncha chiqmayman”, — deydi u. Yuragim vayron bo‘ladi. Kelganimga uch-to‘rt kun bo‘ldi. Jiyanimni ertalabki sayrga ko‘chaga olib chiqqandim, yoshligimdan o‘zimga tanish bo‘lgan manzaraga duch kelib ko‘nglim buzildi. Ya’ni, mahalladagi 4-5 ayolning suhbatlashib o‘tirganini ko‘rib bo‘g‘zimga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi. Ko‘zimda aylangan yoshni ko‘rishmasin debyerga qarab salom berib o‘tdim. “Eh, agar onam hayot bo‘lganidami?” degan o‘y kechdi dilimdan.

O‘zaro muomala, munosabat, yaqinlik rishtalari ingichkalashib ketgandek, nazarimda. Kechga yaqin opam keldi. Ishdan qaytayotgan ekan, birrov xabar olishga kiribdi. Shoshib, tez-tez gaplashdi. Men uning bafurja o‘tirishini, dildan suhbatlashishni istayman. Ammo nailoj. Ro‘zg‘or tashvishlari, hamma o‘zi bilan o‘zi andarmon.

— Ammam nabirasiga beshik to‘y qilibdi, bordingizmi? — so‘rayman opamdan.

— Yo‘q, ishdan ortmadim, — deydi u.

— Axir, onam bo‘lganida vaqt topardingiz-ku.

— Ha, unda onam bilan birga borishning gashti bosh­qacha edi-da. U davrlar o‘tib ketdi, — deydi opam ma’yus holda. — Bilasanmi, bir narsani endi anglabyetgandek bo‘layapman. Ota-onalar farzandlari uchun jonli ko‘prik ekan. Otalar o‘g‘illarini, onalar qizlarini o‘zi bilan birga ergashtirib yurishi bejizga emas ekan. Shu tariqa ular farzandlarini el-ulus, qarindosh-urug‘lari bilan tanishtirishadi, yaqinlashtirishadi.

Darhaqiqat, bu manzara hech kimga begona emas. Odamzod hamisha bir-biriga talpinib yashaydi. Bir og‘iz shirin so‘zi, bir chimdim mehri, biroz e’tiborini bir-biriga ulashishga intilgani uchun ham inson aziz. Zotan, shu tuyg‘ular avlodlar bardavomligini, mehr rishtalari mustahkamligini ta’minlaydi. Ota-onalar bamisoli sarbon bo‘lib, farzandlarini oqibat manzillari sari eltadi. Bu esa eng katta baxt, eng ulkan davlat. Vaqti-soatiyetib biz ham ota-onalarning yoshigayetgandagina xuddi ulardek fikrlab, ish tutsak kerak. Umr charxpalak deb shunga aytishadi-da.

Hidoyat JO‘RAYEVA.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 15 =