“Olamda yaxshi kog'az Samarqanddin chiqar…” yoki ikki asrdan so'ng qayta tiklangan kashfiyot
Buyuk san'atkor hattot Sulton Ali Mashhadiy shunday yozib qoldirgan: “Har qancha sinasang ham Xitoy qog'ozidan yaxshisi yo'q. Ammo Samarqand qog'ozi bebahodir. Agar sen aqlli odam bo'lsang, undan voz kechma, undagi yozuv ravon va go'zal bo'ladi. U oddiy bo'ladimi, “sultoniy” bo'ladimi, yaxshisini olishga harakat qil”.
Yer yuzining sayqali – Samarqand ne-ne ulug' zotlar, piru komillar, olimu fuzalolari, dunyoga mashhur Registon ansambli, tabarruk obidalaru onalar qalbi taftida qizargan noni bilan mashhur desangiz, ming chandon haqsiz. Ammo bu hali hammasi emas! Negaki, bu o'lka ipak matolari, shoyi ro'mollari, xalq hunarmandchiligi bilan azaldan ellarga doston bo'lgan. Maftunkor go'shaning yana bir qimmatbaho ashyosi – harir qog'ozini, ya'ni Samarqand qog'ozini e'tirof etmaslikning iloji yo'q.
Bugun Samarqand yaqinidagi Konigil qishlog'ining dovrug'ini dunyo biladi. Tabiati xushmanzara, havosi toza ushbu makonda eng qadimiy usulda tayyorlanadigan o'ta sifatli, “sulton qog'ozi” ta'rifini olgan — qog'oz ishlab chiqarilmoqda. Ushbu jarayonni o'z ko'zi bilan ko'rishni orzulaganlar uchun eshiklari hamisha ochiq. “Konigil meros” oilaviy korxonasiga tashrif buyuradigan sayyohlar qadami qishin-yozin uzilmaydi. Eng qizig'i, har bir kelgan sayyoh yoki mehmon qog'oz ishlab chiqarish jarayonini kuzatish bilan birga bevosita o'zi ham ishtirok etadi. Biz ham maqtalgan qog'ozni xomashyosidan tayyor mahsulotga aylantirish onlariga guvoh bo'lish maqsadida oilaviy korxonaga tashrif buyurdik.
— Jahonning ko'plab davlatlarida qadimdan qog'oz tayyorlash texnologiyasi bo'lgan. Misrda papirusdan tayyorlangan qog'ozlar, sharqda xitoy va yapon qog'ozlari bunga misol bo'la oladi. Samarqand ipak qog'ozi esa o'zining umrboqiyligi, silliqligi, har ikki tomoniga ham yozish mumkin bo'lganligi, suvda ivimasligi bilan shuhrat qozongan. Samarqand qog'ozidan ayni paytda dunyoning turli davlatlaridagi hattotlar va musavvirlar foydalanishmoqda. Ayniqsa, nodir qadimiy qo'lyozmalarning aynan Samarqand qog'ozida ko'chirilayotgani bizni quvontiradi, — deydi “Konigil meros” oilaviy korxonasi rahbari Zarif Muxtorov.
— Samarqand qog'ozi boshqa qog'ozlarga nisbatan uzoq saqlanar ekan…
— Balx tuti daraxti tolasidan tayyorlangan ushbu qog'ozni bemalol bir necha asr saqlash mumkin. Silliqligidan arab yozuvini yozish qulay. Xabaringiz bor, o'rta asrlarda Samarqandda qog'ozsozlik keng ravnaq topdi. Tadbirkor ajdodlarimiz o'z mahsulotlarini nafaqat qo'shni davlatlar, balki Buyuk ipak yo'li orqali Yevropa bozorlariga olib chiqishdi. Tabiiyki, ushbu jarayon natijasida jahon olimlari, yozuvchi hamda shoirlar, kotibu naqqoshlar yurtimizda tayyorlangan yuqori sifatli qog'ozlardan foydalana boshlashdi. Samarqand qog'ozining ta'rifi haqida buyuk san'atkor hattot Sulton Ali Mashhadiy shunday yozib qoldirgan: “Har qancha sinasang ham Xitoy qog'ozidan yaxshisi yo'q. Ammo Samarqand qog'ozi bebahodir. Agar sen aqlli odam bo'lsang, undan voz kechma, undagi yozuv ravon va go'zal bo'ladi. U oddiy bo'ladimi, “sultoniy” bo'ladimi, yaxshisini olishga harakat qil”. Zahiriddin Muhammad Bobur esa “Boburnoma” asarida “Olamda yaxshi kog'az Samarqanddin chiqar, Juvozi qog'ozlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar”, deya yuksak e'tirof etadi. Bu o'sha zamonlarda ham Samarqanddan chiqadigan qog'ozning qadri baland ekanligiga ishoradir.
— Bir necha asrdan beri ishlab chiqarilishi to'xtab qolgan Samarqand qog'ozini tiklash fikri sizda qachon paydo bo'ldi, buni amalga oshirish jarayoni haqida gapirsangiz?..
— 1994 yilda YuNESKO tashabbusi bilan Buxoroda o'tgan xalqaro konferensiyada ilk bor Samarqand qog'ozi haqida gap bordi. Mutaxassislar Samarqandda qog'oz ishlab chiqarilmayotganiga qariyb ikki asr bo'lganini ta'kidlashdi. Ikki asrdan beri nahotki hech kim shu hunarni boshidan tutmadi, deb uzoq o'yladim. Qadimiy kitoblarni titib ma'lumot qidirdim. Samarqand qog'ozini ishlab chiqarish texnologiyasini tiklash bo'yicha uyimda bir necha bor tajriba o'tkazdim. Izlagan imkon topar deganlaridek, nihoyat bu ishni epladim.
— Daraxtdan qog'oz xomashyosi olish jarayonigacha bo'lgan ketma-ketlikni oshkor eta olasizmi?
— Albatta. Bir yillik tut novdalari kesiladi, ular suvda 4 kun ivitiladi. Keyin po'stlog'i novdalardan ajratiladi. Ajratilgan po'stloqning qobig'i pichoqda shilinadi. Ichki qismi 4 soat davomida qaynatiladi. Po'stloq yumshoqlashadi. So'ngra u suvda yuvilib, tegirmonda 8-10 soat mobaynida yanchiladi. Yanchilgan massa suvga solinadi va qo'zg'alganda titilib ketadi. Elaksimon formada u tutib olinadi. Tut po'stlog'idagi tolalar biri birining ustiga yotib, to'qima hosil qiladi. Uni so'nggi suv tomchilaridan siriqtirish uchun press ostiga qo'yiladi. Hali nam qog'oz taxta sirt yoki deraza oynasiga yopishtirib, quritiladi. So'ngra 2-3 soat davomida agat toshi, dengiz chig'anog'i, qoramol shoxi kabi vositalar yordamida qog'ozning har ikki tarafi hafsala bilan silliqlanadi. Mana shu jarayonlar puxtalik bilan bajarilsa, qimmatbaho ipakdek mayin va chidamli qog'oz paydo bo'ladi.
— Bu ishni boshlashingizda sizga kimlar yaqindan ko'mak berdi?
— 1995 yildan 2002 yilga qadar o'tkazilgan sinov-tajribalardan so'ng menga Konigil qishlog'ining Siyob anhori oqib o'tadigan eng so'lim go'shasidan davlatimiz yer ajratdi. YuNESKO va Yaponiyaning «JEIKA» xalqaro agentligi ko'magida «Konigil meros» qog'oz ishlab chiqarish hunarmandchilik markaziga asos soldim. Hozirgi kunga qadar mazkur markazda O'rta Osiyo hududlarida keng tarqalgan, mevasi iste'molga yaroqli bo'lgan, aholi orasida «balx tuti» deb ataladigan tut navi po'stlog'idan turli xildagi Samarqand qog'ozlarini ishlab chiqaryapmiz.
— O'rta asrlarda qog'ozning Samarqandda ishlab chiqarilishi madaniyatning rivojlanishiga ham turtki bo'lganini tarixchilar o'z asarlarida ma'lum qilgan. Uning qiymati zamonaviy asrda qanday ahvolda?
— Qog'ozning Buyuk ipak yo'li orqali Yevropa bozoriga yetkazib berilishi jahon miqyosida ilm-fanning, texnika va texnologiya taraqqiyotining tez sur'atlar bilan rivojlanishiga zamin yaratdi. Samarqand qog'ozi kashfiyoti natijasida dunyo nashriyotchiligi shakllandi hamda ravnaq topti. Ilgari bir kitobni tayyorlash uchun yuzlab hayvon terisidan ne-ne mashaqqatlar bilan sahifalar tayyorlangan bo'lsa, keyinchalik Samarqand qog'ozi asosida sohaning oson va qulay texnologiyasi kashf etildi. Bizning qog'oz bugungi kunda ham jahonning eng sifatli qog'ozlari sirasiga kiradi. Ushbu mahsulotning turli xil navlari VIII asrdan XIX asrga qadar nafaqat O'rta Osiyo va Yaqin Sharqda, balki Yevropaning ko'pgina davlatlarida mashxur bo'lgan. Sharq olamida Samarqand qog'ozlari Misr qog'ozi kabi keng omma tomonidan foydalanila boshlandi. Bunga ayniqsa, IX-X asrlarga kelib, ko'pgina fors va arab tilidagi asarlar va qadimiy qo'lyozmalar aynan Samarqand qog'oziga yozilishi yaqqol misol bo'la oladi.
Yana bir bor ta'kidlashim mumkinki, bugungi kunda ham bu qog'ozning qiymati pasaymagan. Har kuni turli davlatlardan kelgan sayyohlar qog'ozdan xarid qilishadi. Qolaversa, Yaponiya va Koreyadan muntazam olib ketadigan xaridorlar ham bor. Samarqand qog'ozi noyob mahsulot sifatida hozirgi kunda nafaqat o'zbekistonlik miniatyurachi rassom va kalligraflar uchun qo'l kelmoqda, balki undan mamlakatimizdagi va hatto Yaponiyadagi qadimiy yozma bitiklar va nodir asarlarni qayta ta'mirlashda keng foydalanilmoqda.
Feruza Rahimova,
“Hurriyat” muxbiri.