«Ko‘ngil ko‘zi» — qalblarga yo'l ochadi

Prezidentimizning 2019 yil 2 fevraldagi «O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Ko‘ngil ko‘zi» loyi­hasini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l xaritasi» ijrosi doirasida joriy yilning 3 oktyabr kuni Toshkent shahar Xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko'zi ojizlar internat-maktabida kompyuter markazi xonasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Unda Agentlik direktori o'rinbosari Saida Mirziyoyeva o'quvchilarni o'quv-o'zlashtirishdagi yutuqlari bilan tabriklar ekan, jumladan, shunday dedi:

— Loyiha doirasida sizlarning ijtimoiy yo'nalishda bilim olib kelajakda jamiyatda munosib o'rin egallashingiz, o'z loyihalaringizni hayotga tatbiq etishingiz, bilim marralarini egallashda ortga chekinmasdan, faqat olg'a intilishingizga yetarli sharoit yaratish maqsadida maxsus kompyuter markazi xonasini tashkil etdik. Markaz xonasiga o'rnatilgan eng zamonaviy texnologik kompyuter jihozlari va 20 o'rinli nazariy bilim olishga mo'ljallangan mebel jamlamasi endi xizmatingizda bo'ladi. Men ishonaman, kelajakda bu internat-maktabdan yetuk bilimga ega yoshlar yetishib chiqadi.

Darhaqiqat, bugungi kunda o'quvchi-yoshlarning yetarli bilim olib, kelajakda mamlakatimiz koriga yaraydigan yetuk kadr bo'lib voya­ga yetishishida zarur shart-sha­roit yaratish uchun davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5  tashabbus ijrosi doirasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayapti. O'quvchi-yoshlarning komp­yuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishi, yigit-qizlar ma'naviyatini yuksaltirish uchun kitobxonlikni keng targ'ib qilishni tizimli tashkil etish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Mazkur internat-maktabda dunyo standartlari asosida tashkillashtirilgan ta'lim tizimi joriy etilgan. O'quvchilarning guruhlarga bo'linib darslarda qatnashayotganiga e'tibor qaratdik, sinfxonalar, bilim olish uchun imkoniyati cheklanmagan o'quvchilarniki kabi jihozlangan, darslar ham ta'lim tizimi dasturi asosida olib boriladi. Deyarli farq sezilmaydi. Ammo har tomonlama sog'lom o'quvchilar ta'lim olayotgan ayrim o'quv dargohlarida o'rni kelsa, bironta fan olimpiadasi g'olibini yoki bosh­qa sohada yuksak e'tirofga sazovor bo'lgan o'quvchini uchratavermaymiz…

Buni qarangki, ko'zi ojiz bolalar ta'lim oladigan internat-maktab o'quvchilaridan Mirsaid Muxtorov Bolgariyada o'tkazilgan xalq­aro musiqa festivalida pianinoda jahon kompozitorlari yaratgan musiqalarni mohirona ijro etib, I darajali diplom bilan taqdirlanibdi. Doniyor Soliyev esa o'tgan paraolimpia o'yinlarida yugurish musobaqasining g'olibi bo'ldi.

— 2018-2019 o'quv yilini muvaffaqiyatli tugatgan 16 nafar o'quvchimizdan 7 tasi joriy yil oliy o'quv dargohlarining talabasi bo'lishdi.

Shundan, Yovqosh Abduvaitov matematika fanidan, Abbos Umrzoqov esa ona tili va adabiyotidan o'tkazilgan Respublika fan olimpiadasida birinchi o'rinni olib, Yovqosh O'zbekiston Milliy universitetiga, Abbos Toshkent davlat pedagogika universitetiga imtiyozli qabul qilindi. Mamlakat miqyosida oliy o'quv yurtlariga talabalikka qabul qilingan maktablar o'quvchilari 30-40 foizni tashkil etsa, bizda bu ko'rsatkich 50 foizga yetdi, — deydi internat-maktab direktori Rustam Safarov.

Bu yerda ta'lim olayotgan o'quvchilarning o'zlarida qiziqish kuchli ekani, ayniqsa, ta'lim, sport, musiqa yo'nalishidagi to'garaklarga ishtiyoqi balandligi, o'ziga munosib kasbni iloji boricha mukammal egallashga intilishidan ham sezildi.

— Kompyuter markazi xonasi tashkil etilishi o'quvchilarda o'zgacha zavq uyg'otdi, — deydi matematika-informatika fani o'qituvchisi Oqmurod O'tamurodov. — Agentlik tomonidan taqdim etilgan kompyuterlar ko'rish qobiliyati cheklangan hamda ko'zi ojiz o'quvchilar uchun maksimal darajada moslashtirilgan. Shu jumladan, maxsus ovozli interfeyslar asosidagi dasturlar o'rnatilgan. Xotirasi 700 gegabayt, tezkorligi 8 megabayt, 23 dyum ekran displeyga ega bo'lib, kompyuterni boshqarish uchun “NVDA — 2019-1” ovozli dastur kiritilgan. Maxsus ishlangan klaviaturasi ekrandagi matn bloklari, yorliqlar va menyu elementlarining nomlarini aytish xususiyatiga ega. O'quvchilar bir-birlariga xalaqit bermasliklari uchun barcha kompyuter jamlamasiga quloqchin o'rnatilgan.

Internat-maktab bilan tanishish jarayonida yana shu narsa ma'lum bo'ldiki, ushbu kompyuterlarga Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida saqlanayotgan, shuningdek, Agentlik tashabbusi asosida yo'lga qo'yilgan “Bolalik kunlarimda” loyihasi doirasidagi audioertaklar ham joylashtirilgan bo'lib, o'quvchilar bo'sh vaqtlarida o'zbek xalq ertaklari orasidan o'zlari istaganini eshitish imkoni mavjud. Shuningdek, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan ham ta'minlangandir.

Tadbirda Agentlik rahbariyati, Xalq ta'limi vazirligi vakillari, ixtisoslashgan maktab-internati o'qituvchi-murabbiylari hamda o'quvchilari, ularning ota-onalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Yusuf Xudoyqulov,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 1 =