Fayzsiz qolgan “FAYZ” mahallasi

15- va 19-ko'pqavatli uylarning orqa tomonida uy qurilishi boshlanib, birinchi qavati bitar-bitmas to'xtab qolgan va hozirda xaroba, tashlandiq joyga aylangan, kattagina maydon e'tiborimizni tortdi. Taxminan bir gektarga yaqin joyning bir burchagi chiqindi tashlanadigan hududga aylanibdi.

Ma'lumki, 2018 yildan buyon “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida mamlakatimizda qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.

Ammo Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi “Fayz” mahallasi bu yo'nalishdagi ishlardan chetda qolganga o'xshaydi. Mahalliy aholi tilida “Myasokombinat” nomi bilan ataladigan bu joyga mutasaddilar umuman e'tibor qaratishmayapti. Bu yerdagi kommunal xizmat ko'rsatish, yo'llar va ko'pqavatli uylar atrofidagi manzara shunday deyishga asos bo'ladi.

Uzoq yillar istiqomat qilib kelayotgan odamlarning aytishicha, 1980 yillarda bu joylar obod maskan bo'lgandi. Hududda Toshkentdagi eng katta go'shtni qayta ishlash korxonalaridan biri — “Toshkent go'sht kombinati” faoliyat ko'rsatardi. Aholi ish bilan band edi. O'sha paytlarda yigirmaga yaqin 4 qavatli uy, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish maskanlari qurilgandi. Yillar o'tib “Toshkent go'sht kombinati”ning faoliyati to'xtagach, go'yo bu yerda hayot bir nafas to'xtaganday bo'ldi.

15- va 19-ko'pqavatli uylarning orqa tomonida uy qurilishi boshlanib, birinchi qavati bitar-bitmas to'xtab qolgan va hozirda xaroba, tashlandiq joyga aylangan, kattagina maydon e'tiborimizni tortdi. Taxminan bir gektarga yaqin joyning bir burchagi chiqindi tashlanadigan hududga aylanibdi. Buni chiqindilar uyumidan bildik, na bir chiqindi tashlanadigan idish bor, na bir devor bilan o'ralgan, na olib ketadigan egasi bor… Qolgan hududda kesilgan daraxt shoxlari, beton bo'laklari, xullas, bir uyum axlatxonadan qo'lansa hidi anqiydi.

— Yoshim 67 da, shu yerda isti­qomat qilaman, — deydi Z.Sharipova. — Siz ko'rib turgan chala qurilish 1986 yillarda boshlangandi. Keyin to'xtab qoldi. O'shandan beri ahvol shu, yoz oylari qo'lansa hidiga turib bo'lmaydi. Turli yuqumli kasalliklar tarqaladigan makonga aylangan. Hech kimning ishi yo'q.

Bu joyning yonidan kattagina ariq oqadi. Yoz jaziramasida odamlarning ariq bo'yida salqinlashini qo'ya turing, ular yurak hovuchlab o'tirishadi, bolalar bilib-bilmay suv ichib qo'ymasin yoki cho'milmasin deb. Ariqning atrofidagi axlat yig'ilib qir hosil qilgan.

— Televizorda joylarda qilinayotgan obodonchilik va bunyodkorlik ishlarini ko'rib: “Bizning ham mahallamiz obodonlashtirilsa”, deb havas qilamiz, — deydi 82 yoshli Rima ismli onaxon. — Bu joy 30 yildan beri tashlandiq. Buning o'rnida bolalar maydonchasimi, sport majmuasimi, xullas, nimadir qursa bo'lardi. O'zingiz ko'rib turibsiz, ko'pqavatli uylarda yashaydigan bolalar uchun tayinli o'yin maydoni yo'q. Hozir bu yerda kemiruvchi jonivorlar va turli hasharotlar ko'paymoqda.

Onaxonning gapida jon bor. Bu joy sport majmuasimi yoki bolalar maydonchasi qurish uchun juda qulay. Sababi elektr, gaz, suv, issiqlik ta'minoti va kanalizatsiya tarmoqlari mavjud.

Qurilishi to'xtab qolgan uy, tashlandiq hudud haqida ma'lumot olish maqsadida mahalla fuqarolar yig'ini idorasiga ketayotganimizda yo'lda ko'lmaklarni aylanib o'tib, maktabga kelayotgan bolalarga ko'zimiz tushdi. Buni qarangki, tashlandiq yerning yonginasida 44-umumta'lim maktabi bor ekan.

Ertalabki soat 9:00 da “Fayz” mahallasi idorasida hech kim yo'q, eshigi qulf. Biz mahalla raisi yoki mutaxassislari kelib qolar, degan o'y bilan 2 soat, ya'ni soat 11:00 ga qadar kutdik, ammo na mahalla raisi, na profilaktika inspektori va na biror-bir mas'ul xodimdan darak bo'lmadi.

Endi tasavvur qiling, bir fuqaro ma'lumotnoma olish yoki biror boshqa masala yuzasidan mahalla raisinimi, profilaktika inspektorinimi izlab kelsa, sarg'ayib 2 soatdan ziyod vaqt kutsa-yu, ulardan darak bo'lmasa… Odamlarda mahallaga, profilaktika inspektoriga bo'lgan ishonch qoladimi?!

Qurilishi bitmay qolgan uy, qarovsiz joy bo'yicha savollarimizga javob olish maqsadida Zangiota tuman hokimligiga yo'l oldik.

Tuman hokimi topshirig'i bilan hokimning qurilish masalalari bo'yicha muovini Avaz Mavlyanov “Fayz” mahallasidagi qurilishi tugallanmay qolgan uy bo'yicha bizga ma'lumotlarni taqdim etdi.

Ma'lum bo'lishicha, tuman hokimining 2017 yil 8 sent­yabrdagi 2203-sonli qaroriga asosan, qurilish osti maydoni 866,97 kv.m bo'lgan va qurilishi tugallanmagan ko'pqavatli uy tuman hokimligi tasarrufiga o'tkazilgan. Ushbu bitmagan bino-inshootni tadbirkorga biriktirish yuzasidan Toshkent viloyati doimiy komissiyasiga murojaat qilingani ham aytildi, ammo qachon murojaat qilingan, degan savolimiz baribir ochiq qoldi.

Shuningdek, O'rtaovul hududi bosh rejasi tasdiqlangandan so'ng ushbu qurilishi bitmagan bino yer maydonida zamonaviy ko'pqavatli uylar qurilishi 2020 yilga rejalashtirilayotgan ekan.

Hamid Axror.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 2 =