Yolg'on hazil bo'lolmaydi

Yaqinda tanishlarimdan biri aytib qoldi. Oliy ta'lim dargohida birga o'qigan do'stini qidirib, uy manzili yoki qo'l telefon raqamini olish uchun ishxonasiga borsa, u bilan birga ishlaydigan hamkasbi, mehmonga: “E, eshitmadingizmi aka, axir u kishi olamdan o'tdi-ku” debdi.

— Birdan ich-etim muzlab ketdi. Ha endi, uzoq yo'ldan atay keldim, uyiga borib oila a'zolariga ta'ziya bildirib, ko'ngil so'rab ketay dedimda, uy manzilini olib, do'stimning uyiga bordim. Do'stimning keksa onasiga: “Onajon, bandalikda, do'stim yaxshi yigit edi”, deganimni bilaman, kursdoshimning onasi to'satdan “Voy, bolamga nima bo'ldi” deya, uvvos solib yig'lab yubordi. Shu payt “olamdan o'tgan” do'stim, chorbog'ida ishlayotgan ekan kelganimni eshitib, menga quchoq ochib kirib kelsa bo'ladimi… Tilim kalimaga kelmay qoldi. Onaxon menga bir yomon qaradi-yu xonadan chiqib ketdi. Keyin bilsam, do'stimning hamkasbi hazil qilgan ekan. O'zim ham juda noqulay ahvolga tushib qoldim, deydi u.

Oramizda bu darajada bo'lmasa-da, sal qo'polroq hazil qiladiganlar oz emas. Ayniqsa, yoshlar o'zaro hazil-mutoyibani juda xush ko'rishadi. Bilib-bilmay, anlab-anglamay hazil deb har xil gapni, bo'lar-bo'lmas xabarni bir-biriga yetkazishayotganiga guvoh bo'lgan hollarimiz ko'p. Noo'rin va o'ng'aysiz hazillar haqida buyuk bobolarimiz o'z asarlarida qator misollarni keltiradilar.

Masalan, Kamoliddin Binoiy noo'rin hazil haqida shunday yozadi:

Sening joningga xush yoqqan hazil,

O'zganing diliga nashtari qotil.

Ha, yuqoridagi misolning yaqqol ifodasi bu. Hazil qobig'iga o'rab aytgan yuqoridagi yolg'on xabarni o'ylamay aytgan odam mehmon ketgach, hamkasbimni bopladim, — deya balki zavqlangandir.

Yuqoridagi holatda kim beizzat bo'ldi. Yolg'on xabarga ishonib uzoq yo'ldan do'stini so'rab borgan mehmonmi, yoki yolg'onni hazil o'rnida to'qigan tar­biyasiz kimsami? Alal-oqibat noto'g'ri va nojoiz qo'llanilgan bir og'iz so'z ikki kishini beburd, beqadr odamga aylantirdi.

Yolg'onni kim gapiradi? Birinchisi g'anim, ikkinchisi o'z foydasini ko'zlaydigan firibgar. Uchinchisi esa nodon.

Qadimgi bir rivoyatga ko'ra hind rojasi 200 tuyaga oltin yuklab mana shu oltinlarga 200 tuya kitob olib keling debdi. 200 tuya kitob kelgach mulozimlarga mana shu kitoblarni o'qib, ma'no-mohiyatini 20 tuya kitobga joylang debdi. Ular bu topshiriqni bajarishgach, endi shu kitoblarni o'qib 2 tuya kitob qiling debdi. 2 ta tuya kitobni ma'nosini esa 2 ta kitobga joylashni buyuribdi.

Olimu ulamolar barcha kitoblar mazmun-mohiyatini o'qib ular mazmunini 2 ta kitobga joylagach, roja aytibdi. Qani shu ikkita kitobdagi ma'nolarni 2 ta gap qilib xulosani aytinglar-chi.

Ular shunday xulosaga kelibdi: bu olamdagi barcha yaxshiliklarning yaxshisi yaqinlaringga yaxshilik qilishda, yomonliklarning yomoni esa yaqinlaringga yomonlik qilishda degan ekan.

Xullas, yolg'onning hazili ham yoki hazilning yolg'oni ham bo'lmag'ur natija va bemaza hosil beradi.

Yolg'onligi avvaldan ma'lum gapni haqiqat deyishdan ortiq hayosizlik yo'q, deyiladi “Qobusnoma” asarida.

Darhaqiqat, hazilning ham “zili” bor. Asalning ham ozi shirin deganlaridek, me'yorida bo'lmagan hazil bilan hurmat-izzatni yo'qotish hech gap emas.

Shuhrat Ro'ziyev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × two =