Til uchidagi va dil tubidagi gaplar

Yurtboshimiz Oliy Majlisga Murojaatnomalarida xalqimiz dilidagi orzu-umidlari haqida gapirdilar. Azal-azaldan poraxo'rlik yoki korrupsiyaga qarshi kurash to'g'risida so'z borsa-da, bu gal “Korrupsiya — yovuz balo!” — degan xalqona so'z ishlatildi. Jurnalist emasmanmi, jamiyat tanasidagi bu dog' qachon yo'qolishi haqida ko'p o'ylaganman.

Murojaatnomada yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga  alohida e'tibor qaratildi. Darvoqe, byudjet mablag'lari hisobiga “boyvachcha”lik qilgan mutasaddilarni ko'p ko'rganman.

Prezidentimiz odamlar hali eshitmagan, ehtimol chuqur o'ylab ham ko'rmagan yana bir mulohazani o'rtaga tashladilar: “Davlat moliyaviy nazorati”ni tashkil etish. Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashni izchil, tizimli olib borish uchun alohida organ tashkil etilishi maqsadga muvofiq bo'ldi. Shuningdek, “Jamoatchilik nazorat palatasi” tuzishni ham taklif etdilar. Albatta, bu takliflar amalga oshiriladi, natijada har bir o'zbekistonlikning hayoti yanada obod bo'ladi, adolat ustuvorligini ta'minlashga katta qadamlar qo'yiladi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz soliqlarni bo'lib-bo'lib to'lash, tadbirkorlar xarajatlarining bir qismini davlat qoplab berishi singari mutlaqo kutilmagan takliflarni ilgari surdilar. Darhaqiqat, soliq tizimini isloh qilishda katta ijobiy o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Endigi maqsad tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik prinsiplariga asoslangan yangi soliq tizimini yaratishga qaratildi.

Keyingi uch yil davomida O'zbekistonimizda aholini uy-joy bilan ta'minlash borasida olib borilayotgan islohotlar sabab ko'p qavatli binolar qad rostladi. Olis qishloqlarda ham turar-joylar qurilmoqda. Yurtboshimiz “Vatan ichra vatani — uy-joyi bo'lsa xalq ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo'ladi!” deganlarida ko'zimiz quvonchdan yoshlandi. Ayniqsa, kam ta'minlanganlar 12-15 foizni tashkil etishi, bu degani 4-5 million odam kambag'allik kasridan qiynalayotgani, kambag'al tushunchasini kamaytirib borish hayotiy zarurat ekani, bunda Farg'ona vodiysidagi 22 ta qishloqning aholisi uchun berilgan kreditlar, ularning turmush sharoitini  yaxshilash yo'lida ish bilan ta'minlangani, bu tajriba respublikadagi boshqa qishloqlarda ham joriy etilishi  ta'kidlandi. Bu maqsadlar uchun 700 million AQSh dollari sarflanishi aytildi.

Eng muhimi, o'zbekistonliklar respublikamizning o'zi istagan joyida “propiska”dan o'tishi masalasi o'rtaga tashlanganda necha minglab odamlarning uzoq yillardan buyon “dardi”ga malham bo'ldi, desak aslo xato bo'lmasa kerak.

Xalq hayoti farovonligi favqulodda yechim topayotibdi. Shaxsan Yurtboshimiz: “Menga sadoqatli yoshlar kerak, bilmaganini o'zim o'rgataman”, deganlarida naqadar haq ekanliklari mana bugun o'z isbotini top­moqda.

Hammamiz tabiat farzandlarimiz. Qariyb 30-40 yil davomida “Orol! Orol!” — deb keldik. Undagi qurg'oqchilik haqida yozilgan kitob-daftarlar, qog'ozu qalamlar o'rniga suv sotib olinganda edi, Orolning ma'lum qismi to'larmidi? Ha, rost, gap ko'p, ish oz bo'ldi.

Muhtaram Prezidentimiz buning yechimini o'zlari topib berdilar: “Bu ishni bizga birov kelib qilib bermaydi! Orolni o'zimiz qutqarishimiz kerak!” Bu chaqiriqqa o'tgan yili barcha viloyatliklar “Labbay!” deb javob qaytardilar. Yuzlab kilometr, minglab gektarlarga saksovulzorlar tashkil etildi. Yuzlab traktorlar jo'yak ochib, sho'r yuvishga kirishildi.

“Nima uchun Bosh vazirdan boshlab barcha hukumat a'zolari, viloyat hokimlari parlamentga hisobot beradi-yu viloyat va tumanlardagi rahbarlar o'z faoliyati haqida Mahalliy kengashlarga hisobot bermasligi kerak?”

Yurtboshimiz bu haqqoniy talabni qo'yganlarida mahalliy rahbarlar bir “qo'zg'alib” olishgani rost. Ularni tushunsa bo'ladi. Negaki, ular orasida “o'zini xon, ko'lankasini maydon”, “bu tizimda mendan aqlli, tajribali, donosi yo'q”, deguvchilari ham yo'q emas-da…

Prezidentimiz til uchidagi va dil tubidagi gap­larni aytdilar. Nega “til uchida” deyapman. Xalqda “Tilimni uchida turibdi-yu aytolmayapman”, degan ibora bor.

Endi bir-birini takrorlaydigan turli idoralarga ana shu yumushlarning yarmi olib beriladigan bo'ldi. Bu masalada Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligiga qator vazifalar yuklatildi.

Bir necha kun avval qabulimga ushoqqina kampir kirdi. Namangan shahridagi Mehnatobod MFYda yashovchi Ra'no Dadaxonova ekan. Yoshligida bolalar uyi­­da katta bo'lgan. Turmush qurib farzandli va nabirali bo'lgan. 2002 yili 684-sonli qaror bilan adirlikdan yer olib, bog' yaratgan. Ammo 2018 yilda 656-sonli qaror bilan uning yeridan Nigina Ro'ziyevaga uchastka ajratilganini, to'g'risi, tushunolmadim. Shahar qurilish bo'limi, davlat kadastr idorasi mushtipar kampirning kirish eshigi va yo'lini ham N.Ro'ziyevaga qo'shib beribdi. R.Dadaxonovaning: “Bir-ikki sotix olsa olar, ammo kirish eshigimni qaytarib bersin!” — deb yozgan arizasiga shahar hokimi o'rinbosari A.Bobomirzayev: “Sudga bering! Men hal qilmayman!” — debdi javob xatida. Endi ikki qo'shni bir umr sudlashishi kerakmi? “Sudga ham bordim, — deydi R.Dadaxonova, — biz hal qilganmiz deyapti-da…”

Prezidentimiz: “Sud ostonasiga qadam qo'ygan har bir inson O'zbekistonda adolat hukm surayotganiga to'la ishonch hosil qilishi kerak” — deganlarida yuz bora haq albatta. Shuningdek, davlatimiz rahbari nemis faylasufi Immanuel Kantning fikrini keltirish bilan adolat tarozusi qo'lida bo'lganlarni insofga chaqirdilar. Adolatsizlik, korrupsiyaga qarshi gapira turib, ularni “halollik vaksinasi” bilan emlash masalasini o'rtaga tashladilar.

Muhtaram Prezidentimiz so'nggi uch yil ichida so'z erkinligi, jurnalistlar uchun erkin ishlash, buning uchun huquqiy asos va imkoniyatlar yaratilganini ta'kidladilar. Qaerdaki, maddohlik hukm surar ekan u joyda istiqbolda o'zgarish bo'lmaydi. Aksincha, “Tanqid kelajak mevasi”, deb bilganlar bundan to'g'ri xulosa chiqarib, oldinga intiladilar.

Rahimjon Irisov,

Namangan viloyati Axborot va

ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig'i.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 3 =