O'zbek hamshiralari Yaponiyaga boradi

Yodingizda bo'lsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 17-20 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo'lgan edi. Tashrif davomida ikki davlat rahbarlari o'zaro muzokaralarda O'zbekiston-Yaponiya munosabatlarini, shu jumladan, sog'liqni saqlash tizimini uzoq muddatli ustuvor yo'nalishlari yuzasidan hamkorlikni yanada rivojlantirishni ham muhokama qilgan edilar.

Muzokaralarda o'zaro foydali bo'lgan shartnomalar imzolandi. Shartnomalarning amaliy natijasi sifatida yurtimizga tashrif buyurgan Yaponiyadagi qariyalarni parvarish qilish klinikalari Prezidenti Hirokazu Kimura hamda Markaziy Osiyo Inson resurslari assotsiatsiyasi rahbari Kazumi Maeda bilan suhbatlashdik.

Hirokazu Kimura:

— O'zbekiston Yaponiyaning azaliy do'sti bo'lib kelgan. Xalqlarimiz o'rtasida o'xshashlikni kuzatganman. O'zbek xalqi ham yaponlar kabi mehmondo'st, samimiy. Davlatingiz rahbari Yaponiyaga qilgan rasmiy tashrifi chog'ida ikki davlat o'rtasida ko'pgina kelishuvlarga erishildi. Shu jumladan, sog'liqni saqlash  tizimida ham. Endilikda ana shu kelishuvlarga muvofiq O'zbekis­tonda tahsil olgan yoki olayotgan hamshiralarni maxsus sinovlar asosida Yapo­niyada ishlashga tavsiya etamiz.

Toshkent shahridagi ikkita tibbiyot kollejida bo'lajak hamshiralar bilan suhbatlashdik. Yaponiyada ish faoliyatini boshlashga tayyor bo'lgan talabalar uchun maxsus guruhlar ochiladi va endilikda talabalar ushbu guruhlarda yapon tilini o'rganishadi.

— Kelishuvga binoan faqat hamshiralar malaka oshiradimi? Ularga qo'yiladigan eng asosiy talablar nimalardan iborat?

— Eng avvalo, hamshira mutaxassisligiga ega  bo'lishi va albatta yapon tilini bilishi shart. Sababi, bizning klinikalarda davolanayotgan fuqarolarning barchasi mahalliy xalq vakillari. Yaponiyaga ishga keladigan mutaxassislar uchun belgilangan tartibga ko'ra, yapon tili bilim darajasini aniqlovchi JLPT yoki NAT-TEST dasturiga muvofiq, kamida N4 sertifikatiga ega bo'lishi kerak.

Shuningdek, bizda ishlashga borganlarga til kursi o'qitilmaydi. O'rganmoqchi bo'lganlar mehnat shartnomasida ko'rsatilgan 8 soatlik ish soatidan tashqari,  mustaqil tarzda o'rganishi mumkin.

— Nima uchun aynan o'zbekis­tonlik hamshiralarga e'tibor qaratildi?

— Biz 2017 yilda ham O'zbekistonda bo'lib, hamshiralarning ish jarayonini kuzatganmiz. Yurtingizdagi hamshiralarning bilim darajasi bizga ma'qul tushgan. O'rta maxsus diplom uchun uch yil o'qitilishi soha uchun katta yutuq deb o'ylayman.  O'zbek hamshiralari bemalol murakkab operatsiya jarayonlariga ham kirishi bizni lol qoldirdi.

Ochig'ini aytsam, yapon hamshiralarining bilim va amaliyot malakasidan o'zbek hamshiralarining  bilimi bir pog'ona yuqori, deb bilaman. O'zbekis­tondan borgan hamshiralar faqat til bo'yicha nutqini rivoj­lantirsa, Yaponiyada hech qiyinchiliksiz ishlab keta oladi.

Albatta, o'zbek hamshira-qizlari uchun bu yana bir imkoniyat. Endilikda undan unumli foydalanish o'rta maxsus ta'lim tizimida olgan nazariy va amaliy bilimini yetarlicha o'zlashtirgani hamda tegishli sihatgohlarda o'tagan amaliyotlari sifati va samarasiga bog'liq bo'ladi.

— Yurtingizda shifokorlarga bo'lgan munosabat qay darajada?

Kazumi Maeda:

— Oliy darajada, desam to'g'ri bo'ladi. Yaponiya aholisi bugungi kunda eng uzoq umr ko'ruvchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Yaponiyada tibbiyotga munosabatni aholining yoshidan ham bilsa bo'ladi.

— Yaponlar uzoq umr ko'ri­shining siri nimada?

— Qadim zamonlardan buyon odamlar mustahkam sog'liq va uzoq umr ko'rishga alohida e'tibor qaratishgan. Yaponiya aholisining o'rtacha umr ko'rishi 84 yoshni tashkil etadi. Uzoq umr ko'rish bo'yicha ildamligining sababi, ular kundalik ovqatlanishga alohida e'tibor qaratadi. Ko'proq tabiiy  mahsulotlarni iste'mol qiladi. Organizmga zararli yegulik yeyilsa ichki a'zolarga ta'sir qiladi va sog'liqqa zarar yetkazadi. Sabzavot, go'sht va soyadan iborat yengil hazm bo'luvchi va to'yimli ovqat yeyish kerak.

To'g'ri ovqatlanib, siz nafaqat organizmga foydali moddalarni o'zlashtirishda yordam berasiz, balki sog'ligingizni mustahkamlaysiz. Statistikaga ko'ra, keksa yoshlilarning 80 foizdan ko'prog'i yaxshi kayfiyatda bo'lsa, hayotdan bahra oladi va ko'p do'stlarga ega bo'ladi. Agar doim tashvishlanib yurilsa, bu endokrin diskraziyasiga va insulin ishlab chiqarilishining kamayishiga olib keladi. Bu ichki a'zolar uchun o'ta ziyondir. Doimiy stresslar sog'liqni barbod qiladi, ijobiy his-tuyg'ular esa, aksincha, uni mustahkamlaydi.

— O'zbekistonning qaysi taomlari sizlarga ma'qul keldi va ovqatlanish tarzimizdagi qaysi jihatlarni xato deb hisoblaysiz?

Hirokazu Kimura:

— O'zbeklar ham ovqatlanishda bizga o'xshab dasturxonga avvalo non va salat tortar ekan. Sabzavotlardan ko'p foydalanadi. Bu juda yaxshi. Taomlanishingizdagi eng asosiy xato deb kechqurungi ovqatga haddan ziyod kaloriyasi baland mahsulotlarni iste'mol qilishingizni aytish mumkin. Sizlarda asosiy urg'u kechki ovqatga qaratilarkan. Yotish oldidan kaloriyasi yuqori taom­dan to'yib ovqatlanish organizmda ortiqcha yog'lar yig'ilishini keltirib chiqaradi. Turli kasalliklarga sabab bo'ladi.

 Feruza Rahimova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =