“Qalb” kodeksi
Ishxonaga oshiqib taksiga chiqdim. Manzilimga bir bekat qolganida yo'lovchilardan keksaroq onaxon:
— Bolam, mana yo'l haqini ol. Bir yarim ming. Besh yuz so'mim yo'q ekan. Rozi bo'larsan. Duo qilaman, — dediyu, cho'ntagidan g'ijimlangan pulni uzatdi. Jig'ibiyron haydovchi esa:
— Sizga o'xshagan duogo'ylardan uchtasini mashinamga mindirsam, kunlik topganim o'zimga yetmaydi-ku, xola! — deya jerkib tashladi.
Jahlim chiqdi. Yuragimning bir chetlari jiz etib ketdi…
— Xolajon, tushavering, — dedim-u, u kishi uchun ham yo'l haqini uzatdim. Hijolatomuz bo'lgan onaxonning ahvolini tasavvur qilish qiyin. Ko'nglidan nimalar o'tmadi ekan? Qalbi og'rigandir…
Ishga kelib, hujjatlarni bitirgan kishi bo'ldim-da, maktabdagi soat o'nda boshlanadigan tadbirga oshiqdim. Har doimgidek yoshlar tarbiyasi. Ochiq muloqot. Maktab direktoridan tortib, ma'naviyatchi-yu mahalla raisi, maslahatchilari so'zga chiqdi. Shu payt lirik chekinish qilish maqsadida ijodkor yoshlar bo'lsa, she'r o'qishlari so'raldi. Orqa o'rindiqning bir chetida qimtinib, dugonalaridan ajralibgina o'tirgan qizaloq ko'zlari charaqlab, “men o'qisam maylimi”, — deya taniqli shoirlardan birining go'zal misralarini ayta boshladi. Uning ovozini eshitgan bir o'qituvchi joyidan sapchib turdi-da, “to'xta” ishorasini berish uchun qo'lini ko'tardi. Zalda birdaniga kulgi ovozi jarangladi.
Kimdir yonidagi o'rtog'iga u haqda pichirlab kulsa, yana kimdir labini tishlab, achingandek boshini sarak-sarak qilib qo'yardi. Hijolat bo'lgan qiz nima qilishini bilmay to'xtab qoldi. Yana jahlim chiqdi. “Tushunmadim” deya yonimdagi maktab ma'naviyatchisiga yuzlansam: “E'tibor qilmang, mehmon. U qizimiz o'zi shunaqa. Hamma joyga o'zini tiqishtiraveradi”, — dedi.
Battar asabiylashdim. Axir, bu nimasi? Maktab sha'ni uchun katta bir tadbirda chiqib she'r aytgan bola ming yomon talaffuzda aytsa ham, “o'qituvchi, ustoz, muallim”, degan buyuk zotlar ularni ma'nan qo'llashi kerak emasmi?
Shuncha odamning oldida izza bo'lgan qizchaga dalda berish uchun: Rahmat senga, mingga yaqin o'quvchisi bo'lgan maktabda dadillik bilan turib, she'r o'qiganing uchun. Nasib etsa, sendan ajoyib ijodkor chiqadi, — dedim ham unga, ham o'zimga tasalli berib. Biroq, uning ko'zlaridagi tomchilar qalbining ozor chekkanidan dalolat berib turardi. Ko'nglim behuzur bo'lib ketdi…
Tadbir tugab, “ma'naviyatchi”ning kuzatar chog'ida aytgan gapi yuragimni teshib o'tdi.
— Kechirasiz, singlim. Boyagi holat uchun uzr so'rayman. U qizning onasi “baklajka” terib sotadi. Shu sabab yurish-turishi ham o'ziga yarasha. Sinf rahbari bilan biroz munosabatlari ters, ko'rganingiz boyagi kishi sinf rahbari edi…
Qiziq, qachondan beri ta'lim-tarbiya insonlarning ijtimoiy kelib chiqishiga qarab berilayotgan bo'lsa? Ustozlarni o'quvchi ota-onasining boyligi-yu mansabi qiziqtirsa? Bu holatdan dilim ezildi… U qizning ahvolini esa tushunish qanchalar og'ir…
Maktabdan chiqib, yo'l-yo'lakay kitob do'koniga kirdim. Hamma o'ziga kerakli asarni qidirish bilan ovvora. Shunda bir yigit:
— Iltimos, menga “Ma'muriy”, “Jinoyat”, “Oila”, “Mehnat” kodekslarini bersangiz. Qolganini keyingi oyligimdan olaman. Hamma kodekslarni o'rganmasam bo'lmayapti. Haq-huquqimni o'rganmoqchiman! Qonunni bilmasangiz, odamlar ezg'ilab o'tishga urinadi, — dedi-da kitoblarni xarid qilib, chiqib ketdi.
Shunda sotuvchiga yuzlanib, kechirasiz, “Qalb kodeksi” bormi, desam, menga hayratlanib qaradi. Uning zardali boqishidan, “shu zamonda qalbga balo bormi? Puldan gapiring, puldan! Puling bo'lsa, hammasi bo'ladi. Kerak bo'lsa, Qalbni ham sotib olish mumkin”, — degan ma'noni uqish mumkin edi…
Bizga bir-birimizning dilimizdan, ko'nglimizdan, qalbimizdan ne foyda? Muhimi, pulimiz bo'lsin. Qolgani bir tiyin! Kim xafa bo'ladi, kim ranjiydi, kim ozor chekadi… Ularning nazdida qalbni davolash oson. Ja, bo'lmasa unutib yuboradi. Ayniqsa, ayollarimiz bir yig'lasa — olam guliston. Hozir qalbimiz bilan hisoblashadigan vaqt emas. Biz pul topishimiz, yanada ko'p topishimiz kerak. Axir, Qalbni yaralab, tuzatishimiz, tugab qolsa Mehr sotib olishimiz kerak-ku… Ular topiladi, sotiladi. Faqat… Faqat… pulimiz bo'lsa bo'lgani…
Dilnoza Abduhamidova.