Loyihaning amaldagi ko'rinishi. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov nima uchun matbuot vakillariga tayanishini bildirdi

2020 yil butun dunyo uchun katta imtihon bo'ldi. Bu yilda davlatlarning, jamiyatning, insonlarning ojiz tomonlari yaqqol ko'zga tashlandi. Bu esa barcha uchun yaxshigina saboq va tajriba vazifasini o'tadi. Dard kelsa, qo'shaloqlashib keladi, deganlaridek, mamlakatimiz 2020 yilda butun dunyoga xavf solib turgan pandemiyadan boshqa bir nechta muammolarga ham duch keldi. Bulardan eng tashvishlisi — Sirdaryodagi Sardoba suv omborining falokati bilan bog'liq hodisadir.

Shuningdek, bu hodisa pirovardida o'zbek xalqining bardoshli-matonatli, o'zaro mehribon, ahil va saxovatpesha xalq ekani ham yaqqol namoyon bo'ldi. Yil yakuniga yetib borayotganiga qaramasdan, mas'ullar ham, aholi ham tiklanish, yangilanish yo'lida dadil qadam tashlab bormoqda. 20 dekabr kuni Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlariga press-tur tashkil etildi. Bu ijodiy safarimiz davomida guvohi bo'ldikki, aholi oldinga ilgarilamoq, taraqqiy qilmoq payida.

23 oktyabr sanasida vazirlik va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o'rtasida “Sirdaryo viloyatidagi aholining zaif qatlamlarini qo'llab-quvvatlash dasturi”ni amalga oshirish bo'yicha memorandum imzolangan edi. Yuqorida aytganimiz, uchta tuman miqyosida amalga oshirilgan press-tur ham shu dastur doirasida kechdi.

Aholining Sardoba suv toshqini natijasida aziyat chekkan, ishsiz qolgan qismini, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Ammo tabiiyki, ularni o'zlari bilmagan, tushunmagan ishlarga joylashtirib qo'yish bilan masala hal bo'lib qolmaydi. Ularni kasb-hunarga o'qitish zarurati paydo bo'lgan edi. Shu sababli, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi KOICA bilan hamkorlikda Oqoltin tumanining “Shodlik”, Sardoba tumanining “Birlik” va Mirzaobod tumanining “Dehqonobod” mahallalaridagi Madaniyat markazi binolarida “Mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish” maskanlari tashkil etildi.

Ijodiy safarimiz davomida mazkur o'quv maskanlarining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Birinchi manzilimiz Oqoltin tumanining “Shodlik” mahallasi bo'ldi. Mahallada bayram kayfiyati hukmron edi. Bu yerdagi kasb-hunarga o'qitish maskanini mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov va Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O'zbekistondagi vakolatxonasi direktori Pak Sunjin xonim ochib berdilar. Kirish eshigidagi lenta kesilganidan so'ng, jurnalistlar, mahalla faxriylari va vazirlik xodimlari o'quv markazi binosiga kirdilar. O'zaro suhbatda vazir Rahmat Mamatov quyidagilarni ta'kidladi:

—       Nima uchun jurnalistlar kelishini xohlayman, bilasizmi? Masalan, men o'z aksimni oynada ko'rishim mumkin. Lekin tizimimning, amalga oshirayotgan ishlarimning aksini matbuot vakillari sababli ko'ra olaman.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda chiqadigan xabarlarni har doim kuzatib boraman. O'zimning sohamga oid masalalar bo'lsa, tezda hal qilishga urinaman va ijobiy natija kutaman. Jurnalist va blogerlarimiz bo'lmasa, shunaqa masalalardan bexabar qolaman-da. Chunki menga hamma gapni yetkazaverishmaydi. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi bevosita fuqarolar bilan ishlaydigan tizimdir.

Ta'kidlash kerakki, kasb-hunarga o'qitish kurslarining tashkil qilinishi oiladagi muammoning vaqtida barham topishiga ta'sir qiladi. Sirdaryo viloyatida ko'plab ish o'rinlari yaratish bo'yicha dastur qabul qilingan. “Kim ishlaydi?” — degan savol tug'iladi. Agar yoshlarni, xotin-qizlarni kasbga o'rgatadigan bo'lsak, to'g'ridan-to'g'ri, muammosiz ishga qabul qilinaveradi. Avval yordamchi bo'lib, kam maosh bilan emas, tayyor mutaxassis sifatida ish bosh­laydilar.

Markazda, asosan, uchta: tikuvchilik, pazandachilik va kompyuter savodxonligi yo'nalishlari bo'yicha ikki oy mobaynida o'qitilar ekan. Tikuv xonasi, oshxona va kompyuter xonalariga kirib ko'rdik. Barchasi zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan. Bir qishloq mahallasida markaziy shaharlardagi kabi sharoitga ega bo'lgan o'quv maskanining qad rostlagani quvonarli, albatta. Kompyuter xonalarida internet ham muammosiz ishlab turibdi. Darvoqe, bu yerda o'tiladigan saboqlar mutlaqo bepul. Mahalla xotin-qizlari, yoshlarining yaratilgan bu imkoniyatlardan oqilona foydalanishi, avvalambor, o'zlari uchun katta foydadir. Qolaversa, ularning yaxshi kadr bo'lib ishlashi vatan manfaatlari uchun muhimdir.

O'quv maskanining sharoitlari bilan tanishib chiqqanimizdan so'ng, binoning zalida mo''jazgina tadbir bo'lib o'tdi. Tadbirda vazir Rahmat Mamatov hamda Pak Sunjin xonim so'zga chiqdilar. Shundan keyin mahalla yoshlari o'zlari tayyorlagan koreys va o'zbek milliy raqslari bilan chiqish qildilar. Pak Sunjin xonimga mahalla chevarlari tomonidan tayyorlangan o'zbek milliy libosi sovg'a qilindi. Tadbir so'ngida mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob berdilar.

O'quv maskanidan chiqqach, uncha uzoq bo'lmagan tikuv fabrikasiga ham kirib ko'rdik. Bu yerda ishlayotgan xotin-qizlar 850 mingdan 2 million so'mgacha maosh olishar ekan. Fabrikada bolalar liboslari va kattalar uchun uchun issiq kurtkalar tayyorlayapti. Ularning sifatini, bejirimligini ko'rib, ochig'i qoyil qoldik. Chunki juda sifatli va aslo xorijnikidan qolishmasdi.

Keyingi manzilimiz Sardoba tumanining “Birlik” mahallasi bo'ldi. Bu yerda ham yuqorida aytganimiz uchta yo'nalish bo'yicha darslar beradigan o'quv maskani barpo etilgan edi. Faqat bu maskanning boshqalaridan farqi shuki, uning tarkibida kutubxona va ayollar uchun maslahat markazi ham tashkil etilgan ekan. Jurnalistlar o'quv maskanining sharoitlari bilan tanishib chiqdilar. Vaqt o'tib borayotgani va havoning sovib ketayotgani sababli safarimizni tezlatishga zarurat tug'ildi. Shuning uchun darrovgina Mirzaobod tumanining “Dehqonobod” mahallasi sari yo'l oldik.

“Dehqonobod” mahallasida ham “Mahalla aholisini kasb-hunarga o'qitish maskani” oldida bizni karnay-surnay ohanglari ostida kutib olishdi. Bu yerdagi bayramona shukuh hammasidan ham boshqacha edi. Markazning foesi rassomchilik namunalari bilan bezatilgan. Atrofda, odamlarning yuz ifodasida ajib bir shodlik, mamnunlik kayfiyati bor edi. Bu muhitda barchamizning ham dimog'imiz chog' bo'ldi.

E'tiborli jihati shundaki, har uchala o'quv maskanlari ham ikki oy muddatda foydalanishga tayyor holga keltirilgan.

Aytayotganimiz o'quv maskanlarida o'qitish tekin bo'lib, KOICA hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining imtiyozlari asosida ajratilgan mablag'lari hisobiga amalga oshiriladi. Zikr etilgan uch tumandagi o'quv maskanlarida bir vaqtning o'zida 200 nafarga yaqin ayollar va yoshlar ta'lim olish imkoniyatiga ega. Shuni ham aytish kerakki, o'quv markazlarini tugatgan ayollar qaerda faoliyat olib borayotganining monitoringi olib boriladi. Bu esa ular ikki oy o'qib chiqqanidan so'ng, yana uyda o'tirib qolishlarining oldini oladi.

“Sirdaryo viloyatidagi aholining zaif qatlamlarini qo'llab-quvvatlash dasturi” doirasida shu yilning so'ngiga qadar mazkur hududlarda yashovchi 10 mingta ehtiyojmand oilaga zarur ijtimoiy ahamiyatga ega vositalar, shuningdek, 45 ta hassa va qo'ltiqtayoq, 92 ta kattalar, 7 ta bolalar nogironlik aravachalari, 45 ta eshitish moslamalari tarqatish ko'zda tutilgan.

Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining birgalikdagi ezgu ishlari xayrli bo'lishiga tilakdoshmiz.

Shahzod ShODMONOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =