Olijanob odamlar orasida
Dunyodagi eng olijanob insonlar Vatan uchun urib turgan, fidolikka shay bo'lgan yuraklarning egalari bo'lishsa kerak. Yurtni sevish va uni himoya qilish barcha xalqlarning qon-qoniga singib ketgan xislatdir.
Mamlakat muhofazasida, eng avvalo, harbiy xizmatchilarning, mudofaa tizimi xodimlarining hissasi juda katta. Bu sohalarda eng yetuk kadrlarning faoliyat ko'rsatishi muhimdir. Bugungi dunyoning siyosiy vaziyati, Tog'li Qorabog'dagi qonli urushlar, turli buzg'unchi kuchlar tomonidan uyushtiriladigan qaltis vaziyatlar, qolaversa, ilgariroq barchamizni tashvishga solgan Farg'ona viloyati So'x tumanidagi ko'ngilsizliklar mudofaa va xavfsizlik borasida sergak bo'lish kerakligini ko'rsatib turibdi.
Shuningdek, zamonaviy asrda xavfsizlik borasida gap ketganda, axborot bilan ishlash, uni himoya qilish, eng so'nggi texnologiyalarni o'zlashtirib, axborotdan foydalanish masalalari juda muhimdir. 2018 yilda Prezident qarori bilan Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining tashkil etilishi ham bejiz bo'lmagan.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti hamkorligida tashkil etilgan ijodiy safar (press-tur) davomida yuqorida aytganimiz harbiy institut va Toshkent viloyati Zangiota shahridagi harbiy qism faoliyati bilan tanishdik.
Harbiy qism telekommunikatsiya, radioaloqa, kriptografiya va moddiy ta'minot kabi bir nechta markazlarga bo'lingan bo'lib, bu yerda xizmat qilayotgan askarlarga ma'naviyat va ma'rifat, xorijiy til, jangovar tayyorgarlik, saf tayyorgarligi kabi dars mashg'ulotlari o'tilar ekan.
Institutga kursantlar O'zbekiston Milliy universitetining sohaga aloqador fakultetlari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Turin va Inxa kabi universitetlarning 2-bosqichni tugatgan talabalaridan suhbat asosida tanlab olinadi.
Ijodiy safarda O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining harbiy jurnalistika fakulteti talabalari ham qatnashdi. Ular o'z sohalari bo'yicha kengroq tasavvurga ega bo'lishlari, harbiy soha bilan yaqindan tanishishlari mumkin bo'ldi. Albatta, bu juda muhimdir. Chunki harbiy jurnalist ham kamida bir askarchalik bilim va malakalarga ega bo'lishi, harbiy uskunalardan foydalana bilishi, jangovar holatlarda o'zini tutish ko'nikmalariga ega bo'lishi lozim. Faqat oliy ta'lim muassasasidagi nazariy bilimlar bilan bunday natijalarga erishish mushkul.
Aslida ham harbiy soha bilan jurnalistika o'rtasida nozik bir mushtaraklik bor. Askar Vatanni himoya qilgani, uning uchun kurashgani kabi, chinakam jurnalist ham o'z yurtim, xalqim deb yashaydi, shuning uchun kurashadi. Va buning ortida, albatta, xalqning manfaati, orzu-istaklari, tinchlik va farovonligini ta'minlashdek ulug' maqsadlar turadi.
Vatan himoyachisi albatta, jismonan chiniqqan, ham zehni pesh, bilimli, uddaburon hamda ko'nglida ona yurtga sadoqati mustahkam, muhabbati cheksiz inson bo'lishi kerak. Vatanga shunday farzandlarni tarbiyalab berish esa juda katta mas'uliyat talab etadi. Ayniqsa, axborot va aloqa sohasidagi harbiy mutaxassislarni tayyorlash yana ham zalvorli vazifa. Ana shunday mas'uliyatli, qiziqarli harbiy ta'lim tizimidan olgan taassurotlarni kelgusida kengroq qog'ozga tushiramiz, albatta.
O'z muxbirimiz