Farg'onalik jurnalistlar – Xorazmda
Endi Farg'onadan Xorazmgacha bo'lgan 1500 kilometrlik masofani 1 soatu 40 daqiqada bosib o'tish mumkin. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan Urganch–Farg'ona–Urganch aviaqatnovining yo'lga qo'yilgani ichki turizmning rivojlanishi uchun yaxshi yangilik bo'ldi. Ana shu xushxabardan sevingan bir guruh farg'onalik jurnalistlar o'tgan haftada “Farg'ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Muhammadjon Obidov tashabbusi bilan qadimiy Xorazm vohasi tomon yo'l oldi.
“Urganch” xalqaro aeroportidan chiqqan mehmonlarning nigohi dastlab Al-Xorazmiy ko'chasining ikki tomonida joylashgan Al-Xorazmiy va Al-Beruniy me'moriy majmualariga tushadi. Ularni tomosha qila ko'ngildan ne-ne hislar o'tadi: “Bu diyorda ikki qomusiy allomadan tashqari Zamaxshariy, Jaloliddin Manguberdi, Pahlavon Mahmud, Ogahiy singari buyuk insonlar yashab o'tgan-a!
Xorazmga yetti iqlimdan tashrif buyuradigan sayyohlar Urganchda qo'nim topib, keyin ming gumbaz shahri Xivaga boradi. Biz ham ana shu an'anaga sodiq qolib sayohatni Urganch shahrining qoq o'rtasida joylashgan Xorazm viloyat teleradiokompaniyasidan boshladik.
— Televidenie binosi Prezidentimizning tashabbusi bilan bir yil avval bunyod etilib, qurilishiga davlat byudjetidan 26 mlrd. so'mlik mablag' ajratilgan, — deydi Xorazm viloyat teleradiokompaniyasi raisi O'tkir Matqurbonov. – Endi kompaniyani zamonaviy texnik teleapparatura va boshqa asbob-uskuna bilan ta'minlash uchun yana 40 mlrd. so'm ajratiladigan bo'ldi.
Yuksak did bilan barpo etilgan kvadrat shaklidagi katta bino hamda bu yerda tele va radiojurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bizda katta taassurot qoldirdi.
— Biz bunday zamonaviy usulda qurilgan, so'nggi axborot texnologiyalari bilan ta'minlangan telestudiya, telekompaniyalarni Xitoy, Koreyaga uyushtirgan media-turimiz chog'ida ko'rgandik, – deydi O'zbekiston Milliy axborot agentligi Farg'ona viloyati muxbiri Ma'sudjon Sulaymonov. – Endilikda o'zimizning hamkasblarimiz ham xuddi shunday sharoitlarda ijod qilayotgani bizni quvontirdi. Bunday imkoniyatlar nafaqat poytaxtda, balki har bir viloyat televidenielarida ham bo'lishi kerak.
Ertasiga ertalab juma kuni trolleybusda “hayyo-hayt” deb Xiva shahriga otlandik. Xivadagi ilk tashrifimiz ilm maskani – Xorazm Ma'mun akademiyasiga bo'ldi.
“Dorul hikma va ma'rifa”
2006 yili YuNESKO sha'feligida 1000 yillik yubileyi nishonlangan Ma'mun akademiyasi binosiga “Nahot shu maskan ming yillik bo'lsa?! Hech o'xshamaydi, kecha qurilgandek” deya hayratlanib tikilib turganimga javob o'laroq bizga gidlik qilib turgan Rahmatjon Bolbekov shunday izoh berdi: “Biz turgan bino o'z davrida faoliyat yuritgan Xorazm Ma'mun akademiyasining aynan binosi emas. Sharqning yirik ilmiy markazi hisoblangan “Dorul hikma va ma'rifa” Abul Abbos II saroyida 1004 yili Abu Rayhon Beruniy tashabbusi va rahnamoligida qurilgan. 1924-25 yillarda milliy hudud chegaralanishi natijasida Xorazmning poytaxt shahri Gurganch (Ko'hna Urganch) Turkmaniston hududida qolgan. Biroq meros, allomalar bizniki bo'lganligi sababli mustaqillikdan keyin akademiya faoliyatini qayta tiklash va iloji boricha davom ettirishga alohida e'tibor qaratildi.
Beruniy, Ibn Sino, Abu Mahmud Xo'jandiy kabi olimlar faoliyat yuritgan bu muqaddas maskanda ayni paytda 56 nafar xodim faoliyat yuritadi, ulardan 38 nafari ilmiy xodim. Akademiyada 3 ta – ijtimoiy-gumanitar, tabiiy va aniq fanlar bo'limi, 6 ta laboratoriya, eksperimental baza, 128 nomdagi nodir kitoblar saqlanayotgan kutubxona, noshirlik bo'limi va muzeydan iborat.
So'nggi besh yillikda mazkur ilm dargohida 4 ta loyiha ustida tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, “Bino va inshootlar zilzilabardoshliligini ta'minlashning aktiv usullarini yaratish”, “Xorazm viloyati sharoitida dorivor o'simliklarni o'stirish va ular asosida biologik faol qo'shimchalar ishlab chiqish”, “Qadimgi Xorazm marosimlari, kultlari va din tarixi”, “M-subgarmonik funksiyalar va ularning kalibrlangan geometriyaga tatbiqlari” kabi masalalar ustida izlanishlar qilingan, ma'lum xulosa va yechimlar berilgan.
Demak, bemalol aytishimiz mumkinki, Xorazm Ma'mun akademiyasidagi olimlar Beruniy, Ibn Sino, Abu Mansur as-Saolibiy, Abul Hayr ibn al-Hammor, Abu Mahmud Xo'jandiy, Abu Nasr ibn Iroq, Abu Sahl Masihiylarga munosib vorislik qilmoqda. Xorazm Ma'mun akademiyasining 1000 yillik faoliyati hamon davom etmoqda.
Ichan qal'a va Dishan qal'a
Ko'hna Xivani boylar, xonlar yashagan qismi – Ichon qal'a (Ichki qo'rg'on) hamda hunarmandlar, kosiblar yashagan Dishon qal'a (Tashqi qo'rg'on)siz tasavvur etib bo'lmaydi. “Ochiq osmon ostidagi muzey”ni bir kunda aylanib, tarixning olis puchmoqlariga mo'ralashning imkoni yo'q. Axir, 26 gektarli Ichan qal'a – Shahristonning o'zida 54 ta tarixiy me'moriy obida bor.
Safarimiz davomida Oq masjid, Juma masjid, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Olloqulixonning Tosh hovli saroyi, Islom Xo'ja, Muhammad Aminxon va Qutlug' Murod Inoq madrasalari, Ko'hna Ark, Kalta minor kabi ming yillik tarix va ajdodlarimiz qudratidan so'zlovchi qadamjolarni ziyorat qildik. Mennonitlar muzeyi, birinchi o'zbek fotografi Xudoybergan Devonovning ko'rgazma zali, Nurillaboy saroyi ham har birimizda olam-olam taassurotlar qoldirdi.
— Jurnalistlar uchun bunday media-tur, sayohatlarning ko'proq tashkil etilishi faqat manfaatli bo'ladi, – deydi “Xalq so'zi” gazetasining Farg'ona viloyati muxbiri Botir Madiyorov. – Jurnalist tarixdan, xalq hayotidan, hamkasblari faoliyatidan qancha xabardor bo'lsa, yozganlari hayotiy, pishiq-puxta, o'qishli bo'ladi. Xorazm diyoriga sayohatimizdan o'zim uchun yangi bilimlar oldim, shunga yarasha yangi g'oya va mavzular topildi.
“Yurgan – daryo, o'tirgan – bo'yra” maqoliga amal qildig-u, Xorazm davlatchiligi, aholi turmush tarzi, madaniy hayoti bilan bog'liq ko'plab osori-atiqalar, me'moriy obidalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldik. Hamkasblarimiz bilan kechgan sayohatimiz qisqa, ammo maroqli, qiziqarli voqealar, taassurotlarga boy bo'ldi.
Sevara ALIJONOVA,
“Hurriyat” muxbiri.
Suratni Elyor OLIMOV olgan.