Xazina ustiga chordana qurgan yurt

Mamlakatimizning asosiy oltin xazinalari Navoiy viloyatining Zarafshoni bag'rida bolalab, ko'payib yotibdi. Eng yirik marmar konlari esa G'ozg'onda. Bugungi kunda yetti iqlim intilayotgan, bu yerga kelib ixlos bilan Allohga ibodat qilayotgan, duolarining mustajobini topayotgan, o'zidan nur taratib turgan tabarruk ziyoratgoh Nurota — Navoiyda.

Hazrati Navoiy demishlar:

“Vatan tarkin bir nafas aylama,

Yana ranju g'urbatni havas aylama.

Musofir bo'l, ammo Vatan ichra bo'l,

Tila xilvatu anjuman ichra bo'l”.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan press-tur dasturida Navoiyni kezar ekanman, she'riyat mulkining sultoni bitgan bebaho satrlari tilimda aylanab, xayolimni chulg'ab oldi. Press-tur ishtirokchilari Navoiy shahriga olamning tong nurlari yorita boshlagan paytda kirib bordik. Bu bir beqiyos lahzalar edi. Bu paytda Navoiy shahri uyqudan uyg'onib, xazina ustida chordana qurgan kuyovga o'xshar edi. U shunchaki o'tirgani yo'q. Qiyofasidagi baxtiyorlik, muhabbatdan cho'g'langan nigohlarida o'ktamlik va kelajak rejalari, maqsadlarini pishiq, puxta tuzib, o'zini kutib turgan muvaffaqiyatlarni aniq his etib turgan sohibi saodatga monand edi.

Navoiy shahridan go'yo to'y hidi ufurib turardi. O'ziga xos dizaynga ega inshootlar, nurafshon yo'llar, orolangan ko'chalar, yangidan – yangi namunali uylar, to'liq ta'mirdan chiqqanligi bilinib turgan turar-joylar. Shahar markaziga kelganimizda g'ira-shira tongda hali chiroqlar o'chmagan yangi ko'prikka duch keldik. Qiziqish ustin kelib avtobusdan tushdik. Bizni kutib olib hamrohlik qilayotgan Navoiy viloyati hokimining matbuot kotibi Dilshod Mamarajabov va Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Otabek Aslanovlar   barchani ko'prikka boshlab zavq bilan tanishtira boshlashdi:

— Shahrimizning Amir Temur va G'alaba shohko'chalari chorrahasida piyodalar uchun qurilgan MEGA KO'PRIK shu yil “Navoiy yo'llardan foydalanish korxonasi” tomonidan ishga tushgan bo'lib, qiymati 12 milliard so'mlikdir. Ko'prik joylashgan chorraha shahrimiz dehqon bozori va kiyim-kechak bozorlari yonida joylashgan. Ko'prikdan bir daqiqada 400 ga yaqin odam o'tishi mumkin. Ko'prik bunyod bo'lgunga qadar bu chorrahada sodir bo'lgan tirbandliklar, asabbuzarliklar, yo'l transport hodisalarini eslashga hali ham yurak bezillaydi. Mana ko'rib turibsiz, mega ko'prik o'ziga xos dizayn yechimiga ega va milliy uslubda ishlangan.Uch qavatli ushbu inshoat Osiyoda yagona.

Erta tongda ko'prikka yugurib chiqib ketayotgan yoshlar, ko'prikning asosiy yo'lakchasi yonidagi veloyo'lakchalarda qatnov boshlanganidan dalolat berardi. Shaharning o'zi istagan yo'nalishi bo'ylab yurishga qiynaladigan keksalar va nogironlar uchun maxsus lift va lift kuzatuvchisi xizmatga tayyorligini ko'rib yanada mamnun bo'ldik.

* * *

Xizmat safarimiz davomida ustav shartnomasi 2.000.000 AQSh dollarini tashkil qilgan “Baht Textile” mas'uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdik. Shveysariya davlatidan ilg'or yengil sanoat dastgohlari ishlab chiqaruvchi “RIETER” kompaniyasidan ip yigiruv sexlari uchun binolar Milliy bank kreditlari evaziga qurilib, Shveysariyadan R66 yangi pnevmatik dastgohlari olib kelingan. 2012 yilda 7200 tonna ip-kalava ishlab chiqargan jamiyat 2019 yilga kelib to'liq quvvatda ishga tushib yiliga 27000 ip-kalava ishlab chiqara boshladi.Hozirda jamiyatda 1327 nafar ishchi-xizmatchi xodimlar mehnat qilib kelmoqda. Shundan 901 kishi ayollar, 426 kishi erkaklarni tashkil etadi. 2020 yil yanvar oyida esa jamiyat Rossiya fuqarosi ustav kapitaliga kirishi hisobiga qayta davlat ro'yxatidan o'tkazilib qo'shma korxona maqomini olibdi. Hozirda jamiyatning ustav jamg'armasi 10.007.554 AQSh dollarini tashkil etmoqda ekan.

Dunyoda jumladan mamlakatimiz hayotidagi iqtisodiy rivojlanishga ham salbiy ta'sir ko'rsatgan SOVID-19 tufayli ushbu korxona ishchilarning maoshida o'sish bo'lmagani dilimizni xira qilgan bo'lsada og'ir kechgan yilda ham korxona klaster usuliga o'tishi va buning natijasda Karmana, Xatirchi, Qiziltepa tumanlaridagi 616 ta fermer xo'jaligi bilan kontraktatsiya shartnomalari imzolanganini aytishdi. Bunda 24474 gektar yer maydonida 70 ming tonna paxta hosili yetishtirilgan.

Quvonarlisi mazkur korxonaning filiallari Navoiy viloyatining tumanlarida ochila boshladi. Yangi ish o'rinlarini yaratish hamda paxta to'qimachilik klasterining to'liq hajmda ishlashini ta'minlash maqsadida Karmana tumanining Xazora QFY hududida 800 o'rinli tikuv fabrikasi qurib bitkazildi. Bu yerda bir oy ichida tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo'lga qo'yiladi.

* * *

Mamlakatning yer ostidagi xazinasi oltinu kumushlari, javohirotlari bo'lsa, yer ustidagi xazinasi — uning aqlli odamlaridir. Yer osti boyliklarini, avvalo, izlab topish, uni qazib olish naqadar mashaqqatli ish. Tasavvur qiling, qop- qorong'u yer ostida peshonaga qo'ndirilgan chiroqcha bilan, qo'lingizdagi asboblar — ish qurollari yordamida xazina tomon yo'l olasiz. Har qadam ustingizga tuproq qulab tushishi mumkin, ehtiyot bo'lmasangiz, aqlu farosat va chaqqonlik bilan harakat qilmasangiz nafaqat xazinadan ayrilasiz, balki hayotingizga nuqta qo'yiladi. Ammo baribir niyat qilish va olg'a intilish kerak. Inson tarbiyasi ham xuddi shunday gap. Sharafli, mashaqqatli, nozik, inchinun tarbiya borasidagi xato ham halokatga olib kelishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining “REYTING-19” natijalariga ko'ra Davlat test markazi tahlillari asosida oliy ta'limga kirish ko'rsatkichlari bo'yicha Navoiy viloyati Respublikada 2-o'rinni egallagan bo'lsa, 2019-2020 o'quv yilida 13 044 nafar 11-sinf bitiruvchilaridan 25 nafari kumush va 125 nafari oltin medal bilan umumta'lim maktabini bitirgan. Shuningdek, 13044 nafar o'quvchidan 3881 nafar o'quvchi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilingan. Oliy ta'limga kirish ko'rsatkichlari bo'yicha Navoiy viloyati bu yil yurtimizda ilg'orlar safida.

2019-2020 o'quv yilida viloyat hokimligi tashabbusi bilan Buxoro viloyati Qorako'l tumanida joylashgan “Xalqaro matematika maktabi” bilan hamkorlikda Navoiy shahrida matematika, fizika va ingliz tili fanlariga ixtisoslashtirilgan 360 o'rinli maktab-internati tashkil etilibdi. 500 o'ringa mo'ljallangan ushbu maktab bilan tanishar ekanmiz, eng asosiy o'qituvchilarning saralanganligi diqqatimizni tortdi. Har bir sinfxonalarga o'rnatilgan kuzatuv kameralari orqali maktab rahbariyati va xohlagan ota-onalar dars jarayonini kuzatishi mumkin. Xullas, bu maktabda matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlarining iqtidorli ustozlari   shu fanlarga qiziquvchi o'quvchilarga   ilm sirlarini o'rgatadi. Natija esa har yili o'tkaziladigan xalqaro olimpiadalar va o'quvchilarning maktabni bitirib oliy o'quv yurtlariga kirishida yaqqol nomoyon bo'ladi. Maktab 2,8 mlrd. so'mga mukammal ta'mirlanib 1,7 mlrd. so'm mablag' evaziga zamonaviy moddiy-texnika bazasi bilan to'liq jihozlanishi, bu ishlarga mahalliy byudjet hisobidan jami 4, 5 mlrd. so'm mablag' ajratilgani O'zbekistonda ta'lim uchun sarflanayotgan mablag'lar miqdori naqadar kattaligidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, ta'limga yo'naltirilgan mablag' eng to'g'ri yo'naltirilganidir. Maktabdan barchamizning kayfiyatimiz ko'tarilib chiqdi. Keyingi manzilimiz viloyatning yangi G'ozg'on shahri bo'ldi.

Bepoyon kengliklar, adirlar, past-baland tepaliklardan so'ng xuddi ertaklardagi sirli qasrdek oldimizda G'ozg'on shahri paydo bo'ldi. Olisdan G'ozg'on marmari timsoli — oq marmar monumenti go'zal malikadek viqor to'kib turibdi. G'ozg'onning oq, qora, kulrang marmarlari Allohning xalqimizga bergan mo''jizasidir. “Marmarobod” mas'uliyati cheklangan jamiyatining kirish joyidagi marmar lavhaga:

“Ushbu majmua O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2019 yil Navoiy viloyati G'ozg'on shahriga tashrifi davomida qilingan tarixiy tashabbusiga asosan barpo etildi”, — deb yozib qo'yilgan.

Bir lahzada Yurtboshimizning Navoiy viloyatiga o'sha tarixiy tashriflari xayolimdan kechadi. Xotira uyg'onadi, go'zallashadi. Biz jurnalistlar “Marmarobod” mas'uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan ham tanishdik.

“Marmarobod” mas'uliyati cheklangan jamiyati qazib olingan tabiiy toshlarga qayta ishlov beruvchilarni zarur xomashyo bilan ta'minlovchi korxona etib belgilangan ekan. Ming-ming kvadrat metrlik marmar va granit toshlarni xuddi saryog'ni kesgandek kesib, beqasam matodek tekislab qo'yayotgan asbob-uskunalarni ko'rib hayratda qolasan kishi.

Bankning 4 million dollarlik imtiyozli mablag'i hisobiga Xitoy davlatidan keltirilgan uskunalarning yillik quvvati 70 ming kub metr toshni qazib olish va 800 ming kvadrat metr toshni qayta ishlashga mo'ljallangan ekan. Hozirgi kunda “Marmarobod” da 170 ta xodim mehnat qilayotgan bo'lsa, korxona to'liq quvvat bilan ishga tushsa, g'ozg'onlik yoshlardan yana 400 nafari ish o'rniga ega bo'ladi.

Marmar konlarining zaxirasi jihatidan dunyoda to'rtinchi o'rinda turadigan G'ozg'on bilan faxrlanmay bo'ladimi?! G'ozg'onda, jilodor marmarlar yonida mashhur sangtarosh usta – “El- yurt hurmati” ordeni sohibi Tohir hoji Rahimov bilan suhbatlashdik.

Tohir hojining bobosi Abdurahim usta birinchi o'zbek sangtaroshi bo'lgan ekan. Millatimizning ma'rifatli ziyolilari qatorida Abdurahim sangtarosh ham 1937 yilda qatag'on qilinadi. Uning o'g'illari xalq dushmanining bolasi sifatida maktab darslariga qo'yilmaydi. Maktab eshigidan darsga kiraolmay, sinf oynalaridan qarab yig'lab yurgan bolalariga onasi dalda beradi — “Yig'lamanglar bolalarim, sizlar hunarmand sangtaroshning farzandlarisiz. Aslo xor bo'lmaysiz. Kun keladi, otangiz oqlanadi, sizlar boy-badavlat yashaysizlar. Xazina ustiga chordana qurib o'tirasizlar.Faqat halol bo'ling. G'ozg'on qishlog'imizdan yiroqlashmang. G'ozg'onni tashlab ketmang!”.

O'sha — eri qatag'on qilingan, bolalari maktabdan chiqarib yuborilgan, goh och, goh nochor ammo mag'rur onaxon haq gapni aytgan ekan. Kunlar keldi Abdurahim Turdiyevning avlodlarining yelkasiga oftob tegdi.

Yurtboshimizning Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida sangtaroshlarga ham alohida marhamat ko'rsatdilar. Prezident ko'rsatmasi bilan Tohir hojining “Marmar kamyob” xususiy korxonasiga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kredit ajratdi. Maxsus marmar kesadigan uskunalar Xitoydan olib kelindi. 2011 yilda Tohir sangtaroshning 5 ta shogirdi bo'lgan bo'lsa, hozir ularning soni 30 nafardan oshdi. Albatta, ular orasida o'z farzandlari, nabiralari ham bor. Yurtimizdagi barcha ziyoratgohlarda Tohir hoji va uning shogirdlarining hissasi bor. Bugungi kunda ularning ijodiga mamlakatimizdan tashqari Eron va Afg'onistondagi ziyoratgohlar, tabarruk masjidlarni bezashda ham talab katta.

“Yaratgan Egam meni sangtarosh usta avlodi qilib sangtarosh hunarini berganiga behad shukr. Haj ziyoratiga bordim, yana bir ulug' ziyoratim Afg'onistonga bo'ldi. Men u yerda Navoiy qabrini ziyorat qildim. Hukumatimiz topshirig'iga binoan ul muhtaram zotning maqbaralariga marmar bezaklar berdim. Nazarimda atrof-olam yanada nurga to'lgandek bo'ldi. Ming shukr! Axir shu hunarim bilan ulug' bobomiz ruhini shod etdim. Endiki, mendan baxtli va boy odam yo'q”.

Navoiy viloyatidan qaytar ekanmiz, ta'rif bilmas tuyg'ular og'ushida edik. Allohga hamdlar bo'lsinki, she'riyat mulkining sultoni nomi bilan atalgan viloyatda har kuni yangilanish va yuksalish. Bu el odamlarining huzurida qancha bo'lsang shuncha ilhomlanasan. Navoiyliklar aqlu idroklari, bor iqtidorlari bilan mehnat qilmoqda. Endi Zarafshonning oltin sandiqlarining kaliti o'z egasining qo'lida. G'ozg'on va Zarmitan xazinalari ustida chordana qurganlar o'z yurtining – Yangi O'zbekistonning beklaridirlar.

Ularni halol mehnat boy qildi, ularni qanoat g'ani etdi. Zero, hazrat Navoiy aytganlaridek:

Kimgaki ish bo'ldi qanoat fani,

Bilgilki, ani qildi qanoat g'ani.

* * *

Navoiy shahridagi temiryo'l shohbekatida Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov bilan pres-tur ishtirokchilari o'rtasida qisqacha suhbat bo'lib o'tdi. U poytaxtdan kelgan ijod ahlini kuzatib qo'yar ekan, Prezidentimiz boshchiligida viloyatda olib borilayotgan ishlar haqida so'z yuritdi.

—  Ko'pgina ko'rsatkichlar bo'yicha respublikamizda Navoiy viloyati birinchi o'rinda, peshqadam, — dedi u.

Alisher Navoiydek ulug' piri-komil nomi bilan ataluvchi viloyat endi matbuot nashrlariga obuna bo'lishda demak, ma'naviyat sohasida ham birinchi bo'lsin, yarim hazil yarim chin fikr bildirdi hamrohlarimizdan biri. Bu gapga viloyat hokimi kulib, jilmayib javob qaytargan bo'ldi. — Obunani o'zi endi boshladik… Ko'ramiz…

O'ylaymizki,   viloyatda bu borada ham ijobiy natija qayd etilishiga erishilsa, ajab emas.

  Zulfiya Mo'minova

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 4 =