Ehtiromga loyiq ustozlar

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari yangi yil arafasida “E'zoz, e'tibor va ehtirom” loyihasi doirasida milliy jurnalistikamiz ravnaqiga munosib hissa qo'shib kelayotgan faollar va faxriy jurnalistlarning xonadonlarida bo'lishmoqda.

Jumladan, yuz yoshni qarshi olgan faxriy jurnalist Farida Usmonova, shuningdek, taniqli ijodkorlar Ahmadjon Meliboyev, Boybo'ta Do'stqorayevlarni yangi yil bilan   muborakbod etib, ular bilan dildan suhbatlashishdi. Ustozlarga uyushmaning sovg'a-salomlari topshirildi.

— Mana, qariyb bir asr davomida ne-ne davrlar-u, sinovlarni ko'rmadik. Bolaligim oltin vodiyning Qo'qon shahrida kechgan. Jurnalistikaga bo'lgan havas meni Toshkentga yetaklab keldi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ni tamomlab, ijodiy faoliyatimni dastlab “O'zbekiston ovozi” gazetasida boshlaganman. Keyinchalik “Toshkent haqiqati”da uzoq yillar ishladim. Ustozlarimdan jurnalistikaning sir-asrorlarini o'rgandim. Qalamim charxlandi, ishlash ko'nikmalarim mustahkamlandi. Shu yillar davomida “Dil faryodi” romanim, “Qiz kelin” nomli qissam va yana 10ga yaqin kitoblarim nashr etildi, — deydi biz bilan suhbatda Farida aya.

Yuz yoshni qarshi olayotgan bo'lsa-da onaxon hamon kitob mutolaa qilish, yozishdan charchamaydi. Ko'plab nabiralar, evarayu chevaralariga vatanga muhabbat tuyg'ularini singdirishdek ezgu ishlar bilan mashg'ul. F.Usmonova biz bilan suhbat davomida “Ona iztiroblari” va “Yaxshilik umri” nomli kitoblarini yozib tugatganini aytdi.

Keyingi manzilimiz O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sovrindori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, ustoz Boybo'ta Do'stqorayev xonadoni bo'ldi.

Boybo'ta Do'stqorayevdan saboq olib, sermazmun ma'ruzalarini, sohaga oid qiziqarli hikoyalarini mutolaa qilgan soha mutaxassislari yurtimizda juda ko'p. Chunki domla umrining qariyb yarim asrini jurnalist kadrlarni tayyorlashga sarflab, o'z maktabini yaratgan olimlardan biri hisoblanadi.

— Sizlarning tashrifingiz bizni quvontirdi. Har gal shogirdlari, jurnalistlar ularni ko'rgani kelganida domlaning ko'ngli tog'dek ko'tarilib, yana qizg'in ijodga berilib ketadilar, — deydi Boybo'ta akaning turmush o'rtog'i kitob javonidan taxlam-taxlam gaetalarni ola turib. — Yangi uyga ko'chayapmiz. Domlaning kitoblari, to'plagan gazeta-jurnallarini kechadan buyon tashiymiz. Kitoblarning biror joyiga ziyon yetkazib qo'ysak ulardan dakki eshitishimiz tayin. Lekin uyimizga kelgan biror kishi quruq ketmaydi. Ustoz, albatta, o'zlarining kitoblaridan sovg'a qiladilar. Sizlarga ham bayram sovg'asi sifatida kitoblar tayyorlab qo'ygandilar.

Kamtar, samimiy, o'z sohasining chin ma'nodagi olimi bo'lgan ustoz xonadonidan qo'limizda kitob, jurnallar bilan chiqar ekanmiz ilm ziyosi taralib turgan xonadonga yana albatta kelish istagi bilan xayrlashdik.

Ehtiromga loyiq ustozlardan yana biri, taniqli jurnalist, publitsist, “Jahon adabiyoti” jurnali Bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevdir. Ustoz bizni ishxonalarida kutib oldilar. Kitob mutolaasi bilan band ekan.

— Kitob va gazeta o'qishni kanda qilmayman, avval ham bir suhbatimda aytgan edim har kuni tongda bir necha sahifa o'qiyman. Albatta, gazeta o'qisangiz bitta yangi narsa topasiz. Hayotimizda ularning o'rnini hech bir narsa bosa olmaydi. Har qanday taraqqiyot va yuksalish zamirida kitob mutolaasi, insonning ma'naviy irodasi yotadi. So'zni qadrlash, uni huda-behudaga uvol qilavermaslik kerak. Bu ayniqsa, publitsistikada juda muhim, — deydi ustoz Ahmadjon aka.

Faxriylarimiz yakuniga yetib borayotgan yil yurtimiz uchun ham katta sinov bo'lgani, bu murakkab sinovdan xalqimiz birlik va hamjihatlikda mardonavor o'tganini alohida e'tirof etib, kelayotgan yil Vatanimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik olib kelishini tiladilar.

Islom Asilbekov,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 18 =