100 yoshda ham kitob mehri

Umrning har bir daqiqasi qadrli, albatta. Oramizda shunday odamlar borki, ular elu yurtga ezgu so'z ulashib, tarix sahifalariga o'zining mavjudligini muhrlab yashayotibdi. Ana shunday inson, hayotini jurnalistika sohasiga baxshida etgan, yuzlab shogirdlarning mehribon ustozi Farida opa Usmonova shu kunlarda yuz yoshni qarshiladi.

Bir guruh ustoz ijodkorlar bilan Farida opa Usmonovani qutlug' yoshi bilan muborakbod etgani u kishining xonadoniga tushrif buyurdik. Avvaliga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev Administratsiya tomonidan yo'llangan tabrikni o'qib eshittirdi. Shundan so'ng, faxriy jurnalist F.Usmonovaga agentlik hamda O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasining esdalik sovg'alari topshirildi.

— Ustoz jurnalistlarimiz davlatimiz rahbarining doimiy e'tiborida, — dedi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o'rinbosari   X.Salimov. — Biz Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlar tufayli keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz, jumladan, keksa, faxriy jurnalistlarimiz holidan xabar olish, ularni turli bayram va mana shunday yubiley sanalari bilan qutlash, moddiy va ma'naviy rag'batlantirish sharafiga muyassar bo'lmoqdamiz.

Darhaqiqat, “Qarisi bor uyning parisi bor”. Keksalar — uyimizning ko'rki, qalbimizni munavvar qilib turguvchi chiroq, beminnat duogo'yimiz, pand-nasihatlari bilan umrimizni yoritguvchi quyosh, tajriba-yu maslahatlari bilan yoshlarimizga to'g'ri yo'l ko'rsatuvchilardir. Ana shunday ustozlarimizdan biri bo'lgan F. Usmonova uzoq yillar matbuot sohasida mehnat qilgan.

— Jurnalistning qalbi yonib turishi kerak. Yonmagan, o'zidan uchqun chiqarmagan qalb bilan yozish qiyin. Qalamingiz o'tkir, yuragingiz yonib tursa xalqning ko'ngliga yetib boradigan materiallar yarata olasiz, — deydi Farida Usmonova.

O'zlari aytib o'tganidek, bosma nashrlarda qalami charxlanib, ijod, jurnalistika qozonida qaynagan, toblangan ustoz jurnalist Farida aya “Bahor malikasi”, “Mehri daryolar”, “Yaxshilik umri” risolalari, “Dil faryodi” romani, “Onanoma”, “Hijron”, “Qiz kelin” qissalari hamda “Sinov”, “Ona bag'ri” dramalarini yaratdi.

Davlatimiz tomonidan ustoz ijodkorning o'zbek matbuotini rivojlantirishga qo'shgan xizmatlari inobatga olinib “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” unvoni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Onaxon shu muborak yoshda ham kitob mutolaa qilishdan, yozishdan, yuzga yaqin nabiralar, evara-yu chevaralarini vatanga muhabbat, keksalarni e'zozlash, o'z kasbini sevish, ardoqlash sifatlarini o'rgatishdan to'xtamaydi. Ular biz bilan suhbatlari davomida “Qutlug' uydan quruq ketasizlarmi, sizlarga o'zim yozgan kitoblarimdan olib qo'yganman, albatta o'qib chiqinglar, yoshlarga, navqiron avlod vakillari — nabiralarimga yetka­zinglar”, deya kitoblaridan ulashdilar.

Biz ustoz ijodkor, faxriy jurnalist Farida Usmonovaga sihat-salomatlik, sermahsul ijod ilhomi, farzandlari, nabira, chevara va evaralari, shuningdek, shogirdlar kamolidan zavqlanib yashashning saodatli onlari uzoq bo'lishini tilab, xayrlashdik.

Islom ASILBEKOV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi mutaxassisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 13 =