Ma'rifiy uyg'onish timsoli

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi

 

Buyuk o'zbek shoiri va mutafakkiri, atoqli davlat va jamoat arbobi, ta'lim-tarbiya va ilm-fan, ma'naviyat va madaniyat, ona tilimiz va adabiyotimiz homiysi bo'lgan Alisher Navoiy hazratlari — xalqimiz ma'naviy dunyosining shakllanishiga g'oyat kuchli va samarali ta'sir ko'rsatgan ulug' ajdodlarimizdan hisoblanadi. Ul zotning bebaho ijodiy-ilmiy va ma'rifiy-huquqiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o'rin tutadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilingan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarorida ta'kidlanganidek: “Ulug' shoir o'zining she'riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g'oyalarni, ona tilimizning beqiyos so'z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mus­tahkam o'rin egalladi”.

Davlatimiz rahbari yuqorida nomi tilga olingan tarixiy qarorni aynan O'zbek tili bayrami kuni arafasida imzolagani bejiz emas. Yanada muhimi, Alisher Navoiy hazratlarining qutlug' to'yi O'zbekiston Mus­taqilligining 30 yilligi nishonlanadigan joriy yilga to'g'ri kelmoqda.

Bu ulug'vor voqealarning zamirida ilohiy qonuniyatlar o'z mujassamini topgandek, nazarimizda. Binobarin, ushbu muborak bayramlar bilan bog'liq uzviy jarayonlarning barchasi mantiqan bir-birini to'ldirib, el-yurtimiz ma'rifati va ma'naviyatini yuksaltirishda hamda yangi O'zbekistonning ma'naviy Uyg'onishida ulkan ahamiyat kasb etishi tayin.

 

Ulug' shoirga e'zozu ehtirom

 

Alisher Navoiyning o'zbek tilidagi she'riy merosi, asosan, “Xazoyin ul-maoniy” devoniga jamlangan. Asar to'rt qismdan iborat:

birinchi qismi — “G'aroyib us-sig'ar” (“Bolalik g'aroyibotlari”);

ikkinchi qismi — “Navodir ush-shabob (“Yigitlik nodirotlari”);

uchinchi qismi — “Badoe' ul-vasat” (“O'rta yosh badialari”);

to'rtinchi qismi — “Favoyid ul-kibor” (“Keksalik foydalari”) deb nomlangan.

Bu devonlarning har birida 650 tadan 2600 g'azal, umuman, “Chordevon”da jami 210 qit'a, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chis­ton, 5 musaddas, 4 tarje'band, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy va 1 soqiynoma mavjud. Ya'ni, Sharq she'riyatining 16 turi unda namoyon bo'lgan. Ana shu nazmiy javohirlarning mazmun-mundarijasini muxtasar izohlaydigan bo'lsak, o'zbek she'riyatida inson dardi va hasratlarini, yor, do'st va Ollohga muhabbat taronalarini Navoiy hazratlaridan o'tkazib ifodalagan shoirni topish qiyin.

Ulug' shoir ijodining shoh asari — “Xamsa” besh dostondan iborat. Fors adabiyotidagi xamsachilikka javob sifatida o'zbek tilida birinchi marotaba yaratilgan bu beshlik ulkan hajm — 52 ming misrani tashkil etadi. Navoiyning “Xamsa”si, bir tomondan, ona tilimiz cheksiz imkoniyatlarining amaldagi isboti bo'lsa, ikkinchi tomondan, XV asr islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot, adabiyot va fiqx haqidagi o'ziga xos qomusidir.

Alisher Navoiy forsiy tilda ham ijod qilib, barakali meros yaratgan. Ushbu tildagi she'rlari “Devoni Foniy” nomi bilan mashhur. Ustod o'zining forsiy qasidalaridan alohida to'plamlar ham tuzgan bo'lib, ularning biri “Sittai zaruriya” (“Olti zaruriy qasida”), ikkinchisi “Fusuli arbaa” (“To'rt fasl”) deb ataladi.

Navoiyning nasriy asarlarini mutolaa qilish asnosida ham, u zot o'z fikrlarining ba'zilarini she'r bilan, xususan, ruboiy shaklida bayon qilganiga guvoh bo'lamiz. Bu hol, albatta, ulug' shoir qaysi masalaga qo'l urmasin, o'zini she'riyatdan hech uzoq tutmaganini, doimo she'riyat bilan nafas olganini muxlislariga hamisha eslatib turadi.

“Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga o'girgan tarjimon Garri Dik ta'biri bilan aytganda, “Ilohiy ishq zavqini tuygan kishilar qalbida jamiyat farovonligi uchun naf keltirish istagi barq urgan bo'ladi. Men Sharq adabiyotida topgan, ruhoniyati buyuk shoirlardan biri Alisher Navoiydir”. (Qarang: “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, 2013 yil, 8 fevral).

Garri Dikning mana bu xolis xulosasi yanada e'tiborli: “Har qanday qimmatbaho javohir ehtiyotkorlikni va e'tiborni talab etadi. Navoiy o'z xazinasi bilan bu dunyoning mantiqsizliklari va chalkashliklarini bartaraf etishga yordamlashadi. Biz bunday shoirga muhtojmiz, u esa bizga ko'mak beradi”. Bu iqtibos ulug' ajdodimizning atigi bitta asarini shu yaqin davrda o'z tiliga o'girgan G'arb ziyolisi jo'shqin qalbining izhoridir.

O'z navbatida, Alisher Navoiy ijodiyotiga qiziqish, buyuk ajdodimizning asarlarini o'rganish nafaqat Sharqda, balki G'arbda, Yevropa mamlakatlarida o'zining katta tarixiga ega ekani biz, vorislarga cheksiz g'urur bag'ishlashi bilan bir qatorda, ulkan mas'uliyat ham yuklaydi, albatta.

Shu nuqtai nazardan, mustaqillik tufayli mamlakatimizda Alisher Navoiy merosini o'rganishning keng ufqlari ochilgani ayni muddao bo'ldi. Istiqlol arafasidayoq, ya'ni 1991 yilda Navoiy tavalludining 550 yilligi yurtimizda tantanali nishonlandi. Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy bog'i barpo etildi va bog' o'rtasida shoirning salobatli haykali qad ko'tardi. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta'sis etildi.

Poytaxtimizdagi muhtasham “Ma'rifat markazi”da joylashgan Milliy kutubxona, shuningdek, Katta akademik opera va balet teatri, San'at saroyi, Adabiyot muzeyi, O'zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkentdagi shohko'cha va metro bekati, boshqa o'nlab ko'cha va xiyobonlar, bitta viloyat va shahar buyuk bobokalonimiz nomi bilan atalgan.

Keyingi yillarda Alisher Navoiyning 10 va 20 jildli mukammal asarlar to'plamlari nashr etildi.

Yurtimizda, jumladan, shoir tug'ilgan qutlug' 9 fevral sanasini har yili adabiyot va ma'rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash an'anasi qaror topdi.

Keyingi 4 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. Mamlakatimiz va bir qator xorijiy davlatlarda Hazrat xotirasiga yodgorliklar o'rnatildi, ul zotning asarlar to'plami to'liq nashrdan chiqarildi.

Poytaxtimiz markazidagi ulug' bobomizning muazzam me'moriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etildi. Ushbu xayrli amallarning barchasi, haqiqatan ham, ma'naviy va madaniy hayotimizda ulkan voqealarga aylandi.

Prezidentimizning qarori esa bu boradagi ezgu ishlarni tubdan yangi, yanada yuksak bosqichga ko'tarishga qaratildi. Nega deganda, mamlakatimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo'yib, yangi Uyg'onish davri — Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o'zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o'rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Mutafakkir merosini o'rganishga doir tashabbuslarning mohiyati nimada?

 

Binobarin, yangi O'zbekiston bilan bog'liq yangi davr voqeligi Alisher Navoiyning xalqimiz va jahon madaniyati, ilm-fani rivojiga qo'shgan ulkan hissasini yanada keng targ'ib etish, bunda mus­taqillik sharofati bilan Navoiy biobibliografiyasini to'liq o'rganish va haqiqiy tarjimai holini yaratish, ul zotning ijodi va ma'naviy merosini aslicha, mohiyatini teran tushungan holda tadqiq etish borasida yuzaga kelgan imkoniyatlardan izchil va samarali foydalanishni taqozo etmoqda.

Prezidentimizning yana bir muhim tashabbusi — Alisher Navoiy ordenini ta'sis etishdir. Bu sharafli g'oya Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda top­gan milliy va umuminsoniy g'oyalarning jahon tamaddunida tutgan o'rnini hamda o'sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulug' shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targ'ib etish maqsadiga qaratilgani bilan ulkan ahamiyatga molik.

Ushbu yuksak mukofot bilan Alisher Navoiyning ijodiy merosini chuqur o'rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo'shgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ilmiy-ijodiy muassasalari taqdirlanadi.

 

Davlat rahbari ilgari surgan ana shu tashabbuslarning ahamiyati nimada?

 

Birinchidan, bunday yangicha amaliy qadamlar ma'naviyatimiz yuksalishi, ko'hna tariximiz tiklanishi, Alisher   Navoiy hamda o'z hayoti va ijodi bilan Sharq xalqlari madaniyatini yaqinlashtirgan boshqa o'nlab allomalar, shoir va mutafakkirlarning boy ilmiy-adabiy merosini o'rganish, ular qoldirgan noyob kitob va qulyozma asarlarni dunyoning turli tillariga tarjima qilish, nashr etish, ommalashtirish bilan bog'liq tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash, bu boy moddiy-ma'naviy meros­ni xalqlar do'stligini mustahkamlashga xizmat qildirish maqsadlarini ro'yobga chiqarishda muhim o'rin tutadi.

Ikkinchidan, xorijiy mamlakatlar kutubxonalari, muzeylari va fondlaridan Alisher Navoiy ma'naviy merosini izlab topish yuzasidan ilmiy-qidiruv ishlarini olib borish, xorijiy mamlakatlarda Alisher Navoiy haqida chop etilgan kitoblarni o'zbek tiliga tarjima qilib nashr etish, o'zbekistonlik mualliflarning shu mavzudagi asarlarini mamlakat va dunyo miqyosida ommalashtirish ishlarini rag'batlantiradi.

Uchinchidan, Alisher Navoiy xalqimiz ma'naviy dunyosining shakllanishiga g'oyat kuchli va samarali ta'sir ko'rsatgan ulug' zotlardan biri ekani, ul zotning mo''tabar nomi, ijodiy merosining boqiyligi, badiiy dahosi zamon va makon chegaralarini bilmasligi haqidagi asl haqiqatlarni keng ommaga yetkazishga, aholini, ayniqsa, yosh avlodni O'zbekis­tonning shonli tarixi, saodatli buguni va yorug' kelajagi uchun g'urur-iftixor, shuk­ronalik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatlarini tubdan kengaytiradi.

To'rtinchidan, Alisher Navoiy haqida badiiy, hujjatli filmlar va telefilmlar yaratish, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatiga oid qo'l­yozmalarni chop etish, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar uyushtirish, adabiyot va san'at festivallari, shuningdek milliy konsert dasturlarini o'tkazish uchun yangi hamda qulay maydonni yuzaga keltiradi.

Beshinchidan, bir tomondan, turli mamlakatlar o'rtasida ziyolilar, mutaxassislar, talaba va o'kuvchilardan tuzilgan maxsus turistik guruhlar almashuvini joriy qilish, ikkinchi tomondan, iqtidorli yoshlarni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish uchun Alisher Navoiy, uning asarlari qahramonlari nomlari bilan stipendiya va mukofotlar ta'sis etish uchun qulay sharoitlar yaratadi.

 

Navoiy va ma'naviyat

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha 19 yanvar kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida kuyinib aytganidek, “bugungi kunda dunyoning juda ko'p mintaqalarida insoniy qadriyatlar yemirilmoqda. Ayniqsa, pandemiya sharoitida ayrim o'lkalarda betoqatlik, tajovuzkorlik kayfiyatlari kuchayib bormoqda. Mana shunday kes­kin vaziyatda, ulug' mutafakkirlar aytganidek, dunyoni ezgulik, mehr-shafqat, insoniylik qutqaradi”.

Yurtboshimizning shu so'zlarini ting­lar ekanman, Ikkinchi jahon urushi davrida, ya'ni 80 yil avval 1941 yil 10-12 dekabr kunlari qamalda qolgan Leningrad — (hozirgi Sankt-Peterburg) shahrida, bombalar portlab turgan bir sharoitda Ermitaj yerto'lasida ulug' o'zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning 500 yilligi nishonlanganiga doir tarixiy va favqulodda voqea yodimga tushdi.

O'shanda Neva bo'yidagi shahar aholisi ochlik va sovuqdan qirilib ketayotgan bir vaqtda Navoiyning boy va boqiy merosini o'rganishga bag'ishlangan tantanali anjumanda ishtirok etish uchun urush jang­gohlaridan, shahar atrofidagi blindajlardan sharqshunos olimlar, Navoiy asarlarini tarjima qilgan shoir va yozuvchilar — jami qirqqa yaqin jasoratli ziyoli safarbar etilgan.

Shu ma'noda, mamlakatimizda boshqa dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar mavjudligidan qat'i nazar, qolaversa, hozirgi koronavirus pandemiyasi sharotini hisobga olgan holda, Alisher Navoiyning 580 yilligini munosib nishonlash uchun qariyb to'rt oydan buyon qizg'in tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani diqqatga loyiqdir. Yanada muhimi, Prezidentimizning bu boradagi qarori bilan keng jamoatchiligimizning istak-xohishi ifodasi o'zaro uyg'un va mushtarak ekani yaqqol namoyon bo'lmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, Alisher Navoiy jahon badiiy tafakkuri tarixida o'z o'rni va maqomiga ega ijodkor bo'lib, dunyo badiiyat xazinasiga qo'shgan shoh asarlari uning beqiyos so'z san'atkori, buyuk faylasuf va olimligidan yaqqol dalolatdir. Xususan, taniqli navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinov Navoiy asarlarida inson ma'naviy-axloqiy kamoloti g'oyasi yetakchi ekaniga e'tibor qaratar ekan, “odamiylik, bag'rikenglik, ezgulik esa shoir falsafasining asosini tashkil etadi”, deya ta'kidlaydi.

Tarixdan bilamizki, Alisher Navoiy xalqni madrasalar qurish, ariqlar qazish, xayru ehson qilish kabi ezgu ishlar atrofida birlashtirgan. Navoiy hazratlarining tom ma'noda xalqparvar shaxs bo'lgani, uning o'lmas g'oyalari bugungi kunlarimiz uchun ham bag'oyat hamohang va ibratli ekani, ayniqsa, ahamiyatlidir.

Buyuk bobokalonimiz katta yer-mulk egasi bo'lib, keyinchalik (1481 yilda) o'zining bor mol-dunyosidan voz kechadi va xayriya, ya'ni vaqf mulkini tashkil qiladi. Hirotda Navoiyning shaxsiy tashabbusi va mablag'i bilan Xalosiya, Shifoiya, Nizomiya kabi bir necha madrasa va xonaqoh qurilib, ularda mashhur olimlar dars berish va ilm bilan shug'ullangan.

E'tiborli jihati shundaki, Navoiy rahnamolik qilgan Hirot adabiy muhitining rivoji uchun sultonning o'zi katta sharoit va qulayliklar yaratib bergan. Natijada bu davrda riyoziyot, ilmi nujum, handasa, mantiq, fiqh, islom nazariyasi va boshqa sohalarga oid ko'plab asarlar yaratilgan.

Shu tariqa Alisher Navoiyning nomi yetti iqlim fozillari va san'atkorlari homiysi sifatida dovrug' topgan.

 

Navoiy va o'zbek tili

 

O'zbekiston Prezidenti bugungi murakkab va tahlikali hayot oldimizga qo'yayotgan vazifalardan kelib chiqib, bir qator dolzarb masalalarni hal etishga e'tiborni qaratdi. Shu ustuvor vazifalardan biri — o'zbek tilining davlat tili maqomini amalda kuchaytirishdir.

O'tgan yili birinchi marta O'zbek tili bayramini yurtimizda keng nishonladik. Qo'shni Afg'oniston va boshqa davlatlarda ushbu bayramga bag'ishlangan katta anjumanlar o'tkazildi. Yurtboshimiz endi bu ishlarni izchil davom ettirish, ona tilimiz targ'iboti bilan jiddiy shug'ullanishimiz zarurligini ta'kid­ladi. Xususan, xorijda va yurtimizda o'zbek tilini o'rganish bo'yicha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish zarur.

Bunda ona tiliga muhabbat, uni ulug'lash, beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg'usi ham ongu tafakkurimizga, yuragimizga, avvalo, Navoiy asarlari bilan kirib kelgani bizga nihoyatda qo'l kelishi. Zotan, hatto Sohibqiron Amir Temur saroyida turkiy tilni davlat tili darajasiga olib chiqish ishlari oxiriga yetkazilmay qolgan bir sharoitda Alisher Navoiy o'z oldiga o'zbek tili maqomini tiklash maqsadini qo'ygan tom ma'noda Hazrat Navoiy adabiy o'zbek tilining asoschisidir.

Ulug' ajdodimiz bu ezgu maqsadiga erishdi — butun mamlakatni yakqalam, ya'ni bir tilli qildi. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning mashhur “O'zbekiston” qasidasida e'tirof etilganidek:

“Temur tig'i yetmagan joyni

Qalam bilan oldi Alisher”.

Akmal SAIDOV,

akademik

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − seven =