Mehnatu zahmat yöli
Taniqli olim, filologiya fanlari doktori,
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi Islom Yoqubov haqida muxtasar söz
Odamzodning tabiati qiziq. Baʼzi odamlar bilan deyarli har kuni körişişing mumkin, lekin özaro munosabatlarda ular bilan oraliqda kattagina “masofa” saqlanib qolaveradi. Ayrim insonlar bilan esa ilk tanişuvdanoq göyo ming yillik qadrdonday bölib ketasan. Yanglişmasam, ötgan asrning 90-yillari edi, dastlabki uçraşuvdanoq Islom Yoqubov könglimga yaqin odamlardan biriga aylangan. Öşa kezlari ikkalamiz ham aspirant edik. Falsafa fanidan birga darslarga qatnaganmiz. Bir paytda nomzodlik minimumlarini topşirganmiz. Nomzodlik minimumi nima ekanini hozirgi yoşlarning aksari bilmasa ham kerak, öşa vaqtlari hozirgi malakaviy imtihonlar şunday nomlanar edi. Bugungi kunda Islom aka adabiy jarayonda eng faol adabiyotşunoslarimizdan. Nizomiy nomidagi Toşkent davlat pedagogika universiteti professori, filologiya fanlari doktori, Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
“Özbek romani tadriji”, “Milliy uyğoniş davri özbek nasri”, “Badiiy matn va estetik talqin”, “Badiiy-estetik söz sehri”, “Muhammad Ali ijodida tarixiy jarayon konsepsiyasi va liro-romantik talqin”, “Mustaqillik davri özbek romanlari poetikasi” singari monografiyalari, “Maʼnaviyat va qadriyat zarvaraqlari”, “Adabiy meros va milliy tafakkur”, “Isteʼdod va mahorat” kabi risolalari, 200 dan ortiq ilmiy-tahliliy maqolalari Islom Yoqubov kötargan ilm xirmonining kölami kattagina ekani isbotidir. Tabiiyki, bunday salmoqli ilmiy yutuqlarga öz-özidan erişilmaydi. Buning uçun, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, igna bilan quduq qaziş – tunni tongga ulab mutolaa qiliş, tafakkur yuritiş, yuzlab kitoblardan yiğilgan materiallarni saralaş, ularni tasnif va tahlil etiş, tadqiqot natijalaridan nazariy umumlaşmalar çiqariş talab etiladi. Ana şu murakkab, “nöşi bir bölsa nişi ming, rohati bir bölsa, taşvişi ming” (Ogahiy taʼbiri – N.J.) yölni sabot bilan bosib öta olgan odamgina ilmda biror natijaga erişadi. Islom Yoqubov buni uddalay olgan ilm kişisidir.
U adabiyotşunoslikka jadid adabiyoti tadqiqotçisi sifatida kirib keldi. Nomzodlik dissertatsiyasini Otajon Hoşimning adabiyotşunoslik va tanqidçilik faoliyati böyiça himoya qildi. Tahliliy maqolalari bilan ilm ahlining eʼtiboriga tuşdi, eʼtirofini qozondi. Bu boradagi ilmiy izlanişlari natijasi “Otajon Hoşimovning adabiy-tanqidiy faoliyati” risolasida aks etdi.
Islom Yoqubovning ilmiy tadqiqotlari qamrovi keng. U Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Zamaxşariy adabiy-ilmiy merosidan Jaloliddin Rumiy asarlarigaça, Muhammad Rizo Ogahiy lirik şeʼrlari va tarjimalaridan jadid adiblari ijodigaça, Hamza va Abdulla Qodiriy nasridan zamondoş adiblarimiz hikoya va romanlarigaça, undan bugungi özbek şeʼriyati muammolarigaça bölgan mavzularda maqolalar yozdi. “Beruniy asarlarining uslubi haqida mulohazalar”, “Az-Zamaxşariyning olam va odam haqidagi qaraşlari”, “Modern özbek romançiligiga Jaloliddin Rumiy merosining taʼsiri töğrisida ayrim mulohazalar”, “Ogahiy ijodida xalqçillik negizlari”, “Ogahiy va Kaykovus”, “Abdulla Qodiriy va hozirgi özbek romani poetikasi”, “Sönggi yillar hikoyaçiligining öziga xos tamoyillari”, “Özbek romanining ilk sarçaşmalari”, “Hozirgi özbek poeziyasida şakliy-uslubiy izlanişlar” singari maqolalari ilmiy muammoning qöyilişi va öziga xos yeçimi jihatidan alohida ahamiyatga ega.
Adabiyotning nazariy masalalari bilan şuğullanmay turib, nafaqat yetuk mutaxassis, hatto saviyali adabiyot muxlisi bölişning ham imkoni yöq. Şuning uçun bu soha vakili, albatta, nazariy masalalar ustida ham jiddiy izlanişlar olib borişi şart va zarur. Adabiyot nazariyasining muhim masalalariga doir eʼtiborga molik maqolalar yozgani Islom Yoqubovning mutaxassis sifatidagi salohiyatiga dalil böla oladi. Olimning “Tarixiy roman va estetik ideal”, “Hozirgi özbek romanlarida sinkretizm”, “Roman stilistikasida sajʼ usuli”, “Romaniy tafakkur va uslub jilosi”, “Kompozitsion parallelizm usuli”, “Struktural poetika imkoniyatlari”, “Badiiy ijod psixologiyasi: keçinmadoşlik” singari maqolalari adabiyotning nazariy muammolariga bağişlangani, tahliliy quvvati bilan alohida ajralib turadi.
Islom Yoqubov adabiy aloqalar yönalişida ham bir qança tadqiqotlar eʼlon qildi. Bokudagi “Filologiya masalalari” jurnalida çop etilgan özbek-ozarbayjon adabiy aloqalariga doir, Eron elçixonasi muassisligidagi “Sino” jurnalida eʼlon qilingan “Rudakiy merosining umuminsoniy mohiyati”, Özbekiston Fanlar akademiyasi Özbek tili, adabiyoti va folklori instituti ilmiy töplamidagi “Çingiz Aytmatov – özbek xalqi uçun aziz va qadrli siymo” singari maqolalari özbek-ozarbayjon, özbek-tojik, özbek-qirğiz adabiyotlarining özaro aloqalari mavzusiga bağişlangani bilan qimmatlidir.
Ilm yöli mehnatu zahmat yöli ekani ayon. Ilmiy faoliyat kölamini bu tarzda keng olmoq uçun muttasil izlaniş, muntazam fikrlaş, aniqlangan fakt va maʼlumotlarni tizimga soliş, ilmiy uslubda ifodalay biliş, maqola, risola yoki monografiyaga aylantiriş talab etiladi. Ana şunday maşaqqatni zimmasiga olgan, ilmiy izlaniş zahmatidan halovat topgan odamgina bu sohada muayyan natijaga erişmoği mumkin böladi. Islom Yoqubov uşbu katta masʼuliyat talab etadigan yölning sobitqadam yölçilaridandir.
U köp yillar davomida “Mustaqillik davri özbek romanlari poetikasi” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlaniş olib bordi. Roman janrining genetik ildizlari, taraqqiyot tamoyillari, poetikasi muammolariga doir jiddiy maqolalari uning adabiyotşunos sifatida yuqori malakaga ega ekanini namoyon etdi. Natijada atoqli adabiyotşunos olim, professor Qozoqboy Yöldoşev ilmiy maslahatçiligida 2018 yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Fan doktori ilmiy darajasini beruvçi Ilmiy kengaş aʼzosi sifatida uşbu dissertatsiya himoyasida iştirok etganman. Bu dissertatsiya adabiyotşunoslikka qanday yangiliklarni olib kirdi, qaysi jihatlari bilan ahamiyatli, degan savollar tuğilişi tabiiy. Birinçidan, Erkin Samandar, Naim Karimov, Xurşid Döstmuhammad, Hojiakbar Şayxov, Nodir Normatov, Alişer Mirzo, Nazar Eşonqul, Uluğbek Hamdam va Isajon Sulton singari zamondoş adiblar romanlari nazariy poetika talablari asosida tadqiq qilindi. Ikkinçidan, tadqiqotning badiiy sinkretizm, semantik qatlam esselaşuvi, janr modifikatsiyasi, badiiylik moduslari, epik bayon yösinlari, obraz yangilanişi tamoyillari kabi nazariy muammolar aspektida olib borilgani milliy anʼanalar va jahon romançiligi tajribalarining sintezi yuzasidan yangiça ilmiy xulosalarga keliş imkonini berdi. Uçinçidan, istiqlol davri özbek romanlarida realizmning yangi imkoniyatlari böy körsatayotgani, janrlar mutatsiyasi va gibridlaşuv jarayoni keçayotgani, metaforik tafakkur kengaygani, poetik metaforfozaga eʼtibor kuçayayotgani, gumanistik pafos teranlaşayotgani singari belgilar namoyon bölayotgani aniqlangani, har bir poetik hodisaga asosli ilmiy baho berilgani adabiyotşunosligimiz yutuğidir.
Eʼtiborli jihati şundaki, dissertatsiyani yoziş jarayonida Islom Yoqubov aksar ilm odamlarida bölgani kabi tadqiqot obʼyektiga mahliyo bölib qolmagan. Balki özbek romanlarini poetika talablari asosida tekşirar ekan, ulardagi bir qator kamçiliklarni ham aniqlagan. Jumladan, olim Töxtamurod Rustam va Qamçibek Kenja romanlarida bayonçilik va fikr takrorlari, naturalistik lavhalar hamda kitobxonni zeriktiruvçi mavhumlik, Omon Muxtor va Nurali Qobul asarlarida obraz nutqini individuallaştirişda makon-zamon aniqligiga yetarli eʼtibor bermaslik, Abduqahhor Ibrohimov va Uluğbek Hamdam romanlarida syujet va konflikt rivojida publitsistik bayonga beriliş, Salomat Vafo va Zulfiya Qurolboy qizi romanlarida ehtirosli, pardasiz sahnalarning oçiq tasvirlanişi, Luqmon Börixon asarlarida ijtimoiy muammolar talqinida keskin konflikt yetişmasligi, Asad Dilmurod romanlarida tafsilotlarga ortiqça beriliş, Ilhom Zoyir va Nazar Eşonqul asarlarida A.Kamyu va F.Kafkaga taassub qiliş singari kamçiliklar kuzatilişini haqli ravişda körsatib beradi va ularga xolis ilmiy baho beradi.
Darhaqiqat, katta kölamdagi adabiy materiallar çuqur ilmiy örganilgani, nazariy muammolar kesimida tahlil etilib, eʼtiborga molik umumlaşmalar çiqarilgani Islom Yoqubov doktorlik dissertatsiyasining adabiyotşunoslik ilmi rivojiga qöşilgan munosib hissa bölgani isbotidir.
Islom Yoqubov nafaqat olim, hurmatga sazovor muallim hamdir. U köp yillardan beri Urganç davlat universitetida, Nizomiy nomidagi Toşkent davlat pedagogika universitetida, Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universitetida talaba yoşlarga adabiyot va adabiyotşunoslik sirlaridan saboq berib keladi. Bugungi kunda Nizomiy nomidagi Toşkent davlat pedagogika universiteti professori sifatida adabiyotşunoslarning yangi avlodini tarbiyalaş işiga munosib hissa qöşib kelayotir. Oliy taʼlim tizimida dars beriş jarayonida u ilmdagi eng sönggi yutuqlarni öquv jarayoniga olib kiriş, talabalarda ilmga rağbat uyğotiş borasida ham tinimsiz mehnat qilyapti. Universitetlar va pedagogika institutlari talabalari uçun “Hozirgi adabiy jarayon” fanidan öquv-qöllanma, “Ilmiy tadqiqot asoslari” fanidan hamda umumtaʼlim maktablarining ijtimoiy-gumanitar va tabiiy-matematik yönalişlari 10-sinf öqituvçilari uçun “Özbek adabiyoti” fanidan uslubiy qöllanmalar muallifi ekani uning öquv jarayoni sifatini oşiriş, adabiyot taʼlimining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlaş borasida ham samarali xizmat qilayotganini körsatadi.
Islom Yoqubov taniqli olim va katta tajribali pedagog böliş bilan birga oilaboşi va ota sifatida ham hurmatga loyiqdir. Turmuş örtoği Tozagul Matyoqubova – filologiya fanlari nomzodi, dotsent. “Ogahiy şeʼriyatida anʼanaviy obrazlar talqini” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Ayni kezda Alişer Navoiy nomidagi özbek tili va adabiyoti universiteti Özbek adabiyoti tarixi va folklor kafedrasida işlab, ilmiy-pedagogik faoliyat bilan şuğullanib kelayotir. Qizi – Sevinçoy Yoqubova tayanç doktorant. Talabalikda Alişer Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bölgan Sevinçoy hozirda “Jadid şeʼriyatida poetik ramz va timsollar talqini” mavzuida ilmiy tadqiqot olib boryapti. Bir söz bilan aytganda, uşbu filologlar oilasi adabiyotşunoslik sohasining turli yönalişlarida ilm-fan rivojiga munosib hissa qöşib kelmoqda.
Qariyb uç yildan buyon Islom aka bilan Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi Adabiyotşunoslik va adabiy tanqid kengaşida ham birga faoliyat yuritib kelyapmiz. Şu jarayonda uning zimmasiga yuklatilgan har qanday vazifaga katta masʼuliyat bilan qaraşi va aʼlo darajada uddalaşiga bevosita guvoh böldim. Uluğ şoiru adiblarimiz, adabiyotşunoslarimiz yubiley sanalari bilan boğliq uçraşuvlar-u adabiy tadbirlar böladimi, adabiy hayotimizda katta ahamiyatga ega bölgan kitoblar taqdimotida nutq sözlaşga töğri keladimi, yangi asarlar qölyozmalariga taqriz yoziş topşiriladimi – barça-barçasida zukko olimga bemalol işoniş mumkin.
Islom aka – samimiy, xayrixoh, özgalarning yutuğidan quvona biladigan olijanob inson. Şu paytgaça birorta ham kasbdoşimizning u kişi haqida yomon gap aytganini yoki undan xafa bölganini eslay olmayman.
Ustoz Abdulla Oripovning hayot falsafasi teran ifodalangan mana bu maşhur satrlarini bilmaganlar kam bölsa kerak:
Baxtiyor har dilga
oşno topilgay,
Ğussali dilga-çi,
lekin yöq hamdam.
Döstlar eşigi ham
taq-taq yopilgay
Ğussali dil u yon
gar qöysa qadam.
Köp yillardan buyon yaxşi bilganim uçun işonç bilan ayta olamanki, Islom Yoqubov ustozlariyu döstlariga oqibatni vaqtinçalik körsatadiganlar toifasidan emas. Uning ustozlariga, döstu birodarlariga sadoqati köpçilikka örnak bölarlidir. Sadoqat va oqibatni hayotiy aʼmol darajasiga kötargan ana şunday insonlarning borligi, buning ustiga, u sening qadrdonlaringdan ekani naqadar quvonarli hol! Bunday tahsinga loyiq fazilatlarni mujassam etgan odamlar safi tobora kamayib borayotgani ularning qadri neçoğli baland ekanidan darak beradi.
Ayni yoşlik kezlarimizda tanişganimiz, ilmdagi har bir yutuğiga bevosita guvoh bölganim uçunmi, Islom aka közimga ançayin yoş körinar ekan. Şu kunlarda 60 yoşga tölişini eşitib, rosti işongim kelmadi. Aslida, oltmiş yoş olim uçun umrning ayni navqiron pallasi hisoblanadi. Eng muhimi, u oltmiş yoşga köpçilik havas qiladigan darajadagi katta ilmiy natijalar bilan peşvoz keldi.
Nurboy Jabborov,
filologiya fanlari doktori,
professor
