Faxriy jurnalist huzurida
Darvozaning ohista chertilishidan hushyor tortgan Samariddin ko'chaga chiqqanida mehmonlarga ko'zi tushdi.
— Assalomu alaykum, kelinglar, — dedi “Kesh” gazetasi bosh muharriri Sobir Primov hamda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo'limi raisi Galoviddin Yuldoshevlar bilan salomlasharkan. — Qani, ichkariga marhamat!
— Dada, sizni mehmonlar so'rab kelishibdi…
— Faxriy jurnalistlarga uyushma tomonidan ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelgandik, — dedi Galoviddin Yuldoshev. — Mana bu “Faxriy yorliq” ham sizga!
Shu kuni Shahrisabz tumanidagi “Temirchi” mahalla fuqarolar yig'ini hududida istiqomat qilayotgan 83 yoshli Egamberdi ota Ochilov bilan kechgan samimiy suhbatdan nuroniy otaning chehrasi ancha yorishdi.
— Yo'qlab kelganlaringiz uchun katta rahmat. Boshim osmonga yetdi, — dedi otaxon. Hovli yuzidagi supachada o'tirib bobo bilan suhbatlashar ekanmiz, chehrasidagi ajinlar uning o'tmishini eslatdi.
…Kechagidek esimda. O'shanda 1969 yilning erta bahori edi, — gap boshladi Egamberdi ota. — 31-umumiy o'rta ta'lim maktabida o'quvchilarga o'zbek tili va adabiyoti fanidan saboq berardim. Tuman partiya qo'mitasining (ideologiya) kotibi Fayoza Haqnazarova maktabimizga kelib o'qituvchilar bilan uchrashdi. Savol-javoblarga boy bo'lgan suhbatdan so'ng meni o'qituvchilar xonasiga chaqirganida, ochig'i “biror kamchilik”ka yo'l qo'ymadimmikan degan savol xayolimdan o'tdi.
— Bilaman, o'qituvchilikni yaxshi ko'rasiz, — dedi kotib bosiq ohangda. — Gazetada yoritilgan “Bag'ritosh farzand” sarlavhali maqolangiz sabab ajralish yoqasida turgan bir oila qayta tiklanib, savobga qoldingiz. Maqolaga aloqadorlar raykom byurosida muhokama qilinib, tomonlar o'zaro kelishib, yarashib ketishdi. Gazetaga Sizdek dadil yozadigan jurnalistlar kerak. “Kommunizm bayrog'i” (hozirgi “Kesh”) gazetasiga mutaxassislar juda zarur. Sizni gazetaga ishga o'tkazmoqchimiz. O'ylab ko'rib fikringizni aytarsiz…
Shu voqeaga ham 52 yil bo'lsa-da, Egamberdi bobo jurnalistika sohasida ishlagan kunlarini kechagidek eslaydi. Gazeta bosh muharriri bo'lgan Mannon Sattorov keng fikrlaydigan Egamberdi Ochilovni har tomonlama qo'llab-quvvatlab turdi. Toshkent davlat universitetining (hozirgi Milliy universitet) jurnalistika fakultetida sirtdan o'qib malakali mutaxassis bo'lib yetishdi. Tumanning olis tog'li hududlaridan odamlar hayot tarzini yoritish uchun uch-to'rt kunlab qolib ketgan paytlari ham bo'lgan. Ayniqsa, kamchiliklarni bartaraf etish haqida aholi tomonidan tahririyatga kelgan xatlarni o'rganishda har bir masalaga sinchkovlik bilan yondashib, “Egamberdi Ochilov” imzosi bilan gazetada tanqidiy maqola chiqqach, mutasaddilar muammolarga yechim topardi.
Ish faoliyati davomida Sofiya Uzoqova, Alisher Xolov, Ahror Yahyoyev, Mohira Majidova singari bir necha shogirdlar tayyorladi. Bir so'z bilan aytganda lavhamiz qahramoni ish faoliyati davomida o'tkir, mulohazali maqolalari bilan el og'ziga tushdi. Jamiyat hayotida sodir bo'layotgan yangiliklar, muammolarni gazeta sahifalarida keng yoritdi. Chin ma'noda xalqning yuragidan joy oldi.
— 32 yillik ish faoliyatimda turli kasb egalari bilan muloqotda bo'lib, turfa taqdirlar bilan uchrashdim, — deydi Egamberdi bobo. — O'sha paytda Qashqadaryo radiosining rahbari bo'lgan Qurbon Egamberdiyev (Olloh rahmat qilsin) meni viloyat radiosiga ishga taklif qilganlarida “oilaviy sharoitim to'g'ri kelmasligi”ni ro'kach qilib, rozi bo'lmaganman. 2000 yilda izzat-ikrom bilan pensiyaga chiqdim.
Shahrisabz tumanining “Temirchi” mahallasida yashovchi Egamberdi ota ayni paytda keksalik gashtini surayotgan purhikmat nuroniylardan biri. Yoz oylarida mo''jazgina hovlisidagi bog'ida turli-tuman ekinlar parvarishlaydi. Ayniqsa, hovlisidagi kishiga zavq berib turuvchi turfa gullar, pomidor-u, karam ko'chatlari, bir tomonda bodring palaklarini ko'rgan kishi bunda otaning mehnati singganligini darrov payqaydi. Dasturxon to'kinligi uchun nimaiki zarur bo'lsa, barchasi tomorqasidan chiqadi. Tinib-tinchimaydigan bobo pensiyaga chiqqach, 50 sotix maydonda bog' yaratdi. Bugungi kunda uning bog'ini ko'rgan kishi bog'boniga rahmat deydi. Bog'dan mahalla-ko'y ham bahramand. 6 nafar farzand, 15 nabira, 4 nafar evaraning suyukli bobosi bugun izzat-ikromda. Farzandlarini kamolga yetkazib, ularni uyli-joyli qildi. Kelin va nabiralari bobo atrofida parvona. To'ng'ich qizi Hilola tibbiyot hamshirasi. Zubayda o'qituvchi. Fazliddin, Husniddin, Salohiddin va Samariddinlar ham hayotda o'z o'rinlarini topishgan. Yostiqdoshi Mohibibi Haydarova bilan 54 yil umrguzaronlik qildi. Ayni paytda kenja farzandi Samariddin bilan birga yashayotgan nuroniy Egamberdi ota va Mohibibi ayalar nabiralarini duo qilib, Yaratganga shukrona aytmoqda. Kelini Hilola Xudoyorova bobo va buvining issiq-sovug'idan boxabar.
— Mahallamizda 2822 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi “Temirchi” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Mavluda Qahhorova. — 802 ta oila istiqomat qilayotgan mahallamizda Egamberdi ota Ochilovlar eng namunali oilalardan sanaladi. Farzand va nabiralari ham bobo va buvilari tarbiyasini olgan emasmi, juda aqlli va odobli. Ularning kitobga bo'lgan mehrlari juda baland. Bo'sh vaqt topdi deguncha bobolari huzuriga oshiqadi. Ulardan hayot saboqlarini olgan nabiralar kelgusida hayotga teran boqadigan, bilimli va zukko bo'lib yetishadi. Egamberdi ota Ochilovlar oilasi bilan mahallamiz ahli haqli ravishda faxrlanadi. O'zining hayotiy boy tajribalari bilan to'y-ma'rakalarni namunali tashkil etishdagi xizmatlari katta.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga a'zo bo'lganiga ham 40 yildan oshdi. Shu yilning bahorida Egamberdi otaga uyushmaning yangi nusxadagi a'zolik biletini topshirgani borganimizda quvonchdan ko'zlari porladi.
Mahalla fuqarolar yig'ini raisining keksalar va faxriylar ishlari bo'yicha maslahatchisi Jovli Zayniddinovning ta'kidlashicha, Egamberdi Ochilov, Nurbobo Ergashev, Sharofiddin Temirov, Baxtiyor Boyqobilov, Rajaboy momo Do'sanova, Dilbar aya Qudratova, Risolat buvi Eshimova, Bahodir Berdiyev, Hafiz bobo Ibragimov singari ko'pni ko'rgan nuroniylarni yoshlarning ta'lim va tarbiyasiga alohida ahamiyat qaratayotgan zamonamiz qahramonlari desak mubolag'a bo'lmaydi.
Darvoqe, ular nafaqat “Temirchi” mahallasi, qolaversa, Shahrisabz tumani faxri hisoblanishadi. Faxriy jurnalist keksa yoshda bo'lsalar-da, yoshlarga xos g'ayrat-shijoati ufurib turadi. Ularga qarata “Ofarin, otaxon!” deging keladi.
Shavkat SULTONOV,
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Qashqadaryo viloyat bo'limi
“Faxriylar” jamoatchilik Kengashi raisi