Olima ayollar — e'tiborda
Mamlakatimizda ayolga bo'lgan munosabat o'z tarixiy ildizlariga ega. Ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda bo'lishga da'vat etishgan. Ma'rifatparvar olim Abdulla Avloniy “Qizlar bilim olishga hammadan ko'proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, ularning bugungi faoliyati ham davlatimiz e'tiborida.
11 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuniga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Unda vazirlik tomonidan e'lon qilingan “Olima ayollar grantlari” tanlovi g'oliblari ishtirok etib, o'z loyihalari taqdimotini o'tkazdilar. Tadbirda, shuningdek, yosh ixtirochi qizlar qatnashdilar, ularning taqdimotlari ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Tadbirga tashrif buyurgan ayol va qizlarni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov qutlab, jumladan shunday dedi:
— Ayollar bosh bo'lgan ishlarda hamisha tartib-intizom kuchli bo'ladi. Ular bor joyda bag'rikenglik va adolat hukm suradi. Shuning uchun ham yurtimizda Prezidentimiz tomonidan jamiyatda xotin-qizlarning o'rnini oshirish, ularga alohida e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, ayolga e'tibor — kelajakka, butun millatga e'tibordir. Shaxsan o'zim ham aynan olima ayollarning shogirdlari mo'l bo'lishini sohaga mas'ul rahbar sifatida ko'p kuzatganman. Ular bilim ulashishda, fanga yoshlarni jalb qilishda biz erkaklardan ko'ra faolroq. Olimalarimizning ilm-fan sohasida ulushi ko'p bo'lishi inson kapitalining rivojlanishiga, demakki, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to'g'risidagi rezolyutsiyada ushbu sohalarda gender tenglikni ta'minlash masalasi ko'tarilgan bo'lib, butun dunyoda xotin-qizlarning fan, texnika va innovatsion yutuqlardan teng va to'laqonli foydalanishlariga imkoniyatlar yaratilishiga chaqirilgan. BMT qaroriga ko'ra, 2016 yildan boshlab har yili 11 fevral — “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida nishonlanadi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad ayollarning ilm-fandagi salohiyatiga e'tibor qaratish va qo'llab-quvvatlashdan iborat.
Xotin-qizlarning ilm-fan va ilmiy faoliyatdagi o'rnini oshirish va ularning innovatsion g'oyalarini, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tegishli choralar ko'rilmoqda. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 2020 yildan buyon ayollar uchun alohida tanlov – “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi e'lon qilinmoqda.
Xotin-qizlarning innovatsion g'oyalarini, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashning amaliy natijalariga erishish uchun olima ayollar xorijiy nufuzli ilmiy markazlar, universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborilmoqda. Startap loyihalar tanlovlarida hamda xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborilayotgan yosh olimlar orasida ham xotin-qizlarning sonini ko'paytirish bo'yicha choralar ko'rilyapti.
Hozirgi kungacha olima ayollar rahbarligida ilmiy-tadqiqot ishlari uchun davlat buyurtmasi talablariga muvofiq umumiy yillik moliyaviy hajmi 219,6 mlrd. so'mlik 174 ta ilmiy loyiha bajarilmoqda. Loyihalar doirasida esa tijoratlashtirish salohiyati yuqori bo'lgan yangi ishlanmalar yaratilayotir. Bu kabi ezgu ishlar, albatta, o'z mevasini beradi.
X. AHMADJONOVA