Matbuotning oltin avlodi
Kuni-kecha poytaxtimizdagi “Oqsaroy” marosimlar koshonasida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan o'tkazilgan ma'naviy-madaniy tadbir “Faxriy jurnalistlar — sohaning oltin avlodi” deb nomlandi. U O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2022-2023 yillarda ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi”, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 sentyabrdagi tegishli bayonnomasida belgilangan “Keksalarni e'zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko'rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g'oyasi ostida, “Keksalar haftaligi” doirasida tashkil etildi.
Tadbirda uzoq yillar ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borgan ustoz jurnalistlar, oliy ta'lim muassasalarida jurnalistika sohasi bo'yicha yoshlarga ta'lim bergan faxriylar, shuningdek, ayni kunda gazeta va jurnallar, teleradiokanallar hamda internet nashrlarida yoshlarga namuna bo'lib kelayotgan soha fidoyilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uyushma raisi O. O'sarov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjayev, O'zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori A.Ko'chimov, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati X.Do'stmuhamedov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida inson qadrini ulug'lash, keksa avlod vakillariga hurmat-e'tibor ko'rsatish, ularni moddiy-ma'naviy rag'batlantirish, “Ustoz shogird” an'anasini davom ettirish masalalariga alohida e'tibor qaratilayotgani va bu boradagi ishlar o'z samaralarini berayotganini alohida ta'kidladilar.
Bir yuz o'ttiz nafarga yaqin soha faxriylari qatnashgan kechada ustoz jurnalistlar bilan dildan suhbatlashildi, ularning fikr-mulohazalariga quloq tutish, soha rivojiga xizmat qiladigan taklif va tavsiyalar olish imkoniyatiga ham ega bo'lindi.
Quyida ushbu tadbir ishtirokchilari bo'lgan ustoz ijodkorlarning ayrimlari bildirgan dil so'zlari bilan tanishing.
Sherzod G'ulomov,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi
Faxriy jurnalistlar kengashi raisi:
– Jurnalistika shunday sohaki, uning vakillari keksalikni tan olmaydilar, shu bois qo'llaridan qalam tushmaydi, balki yillar davomida to'plangan tajriba tufayli yanada sayqal topaveradi. Shuning uchun ham O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan yillik rejada keksa jurnalistlar ishtirokida “Avlodlar uchrashuvlari”ni tashkil etish, nuroniy ijodkorlar tajribalarini yoshlar o'rtasida keng yoyish, katta avlod vakillari holidan xabar olish, ularni qo'llab-quvvatlash kabi xayrli ishlarga alohida e'tibor qaratilgan. Bugungi uchrashuv ham mana shunday tadbirlardan biri bo'lib, jurnalistikamiz oqsoqollari, onaxonlarini bir davraga yig'ib, ularning fikr-mulohazalarini tinglash, vaqtlarini mazmunli o'tkazishlariga yana bir imkoniyat bo'ldi.
Jabbor Razzoqov,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist:
– Faxriy jurnalistlar – bu o'zbek jurnalistikasining oltin avlodi. Ular haqiqiy iste'dod egalari, mahoratlari va ijod uslublari va yo'llari ham o'ziga xos. Har birlari o'nlab, yuzlab shogirdlarga ustoz. Ular mustabid tuzum aldovlarida toblanib, o'tkir qilichday so'zlarni dadil ayta olgan haqiqiy matbuot zahmatkashlari. Bu insonlarni qadriga yetish, e'zozlash va ularning boy tajribasini Yangi O'zbekistonning o'sib kelayotgan yosh jurnalistlariga yetkazish – O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vazifalaridan biri deb bilaman. Mohiyatan ana shu vazifalarni Uyushma keyingi yillarda dadillik bilan amalga oshirmoqda. Biz faxriy jurnalistlar O'zbekiston deb atalmish Vatan sarhadlarini ma'naviy qo'riqlash uchun bor kuchimizni, ijodimizni, fikr-o'yimizni safarbar etishga burchlimiz.
Dilbar Saidova,
faxriy jurnalist:
— O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Ustozlar va murabbiylar bayrami munosabati bilan matbuot faxriylari uchun tadbir tashkil qildi. Unda ishtirokchilar sharafiga qutlovlar, she'ru qo'shiqlar yangradi, raqslar ijro etildi, sovg'alar, gullar ulashildi, dasturxonga palovxonto'ra tortildi. Ijodkor dugonalarim — shoiralar Sharifa Salimova, Xanifaxon Zokirova, men va shu atrofda ko'rishib qolgan muxlislarimiz birgalikda esdalikka suratga ham tushib oldik.
Tadbir tashkilotchilariga alohida rahmat!
Xurshid Davron,
O'zbekiston xalq shoiri:
— O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi ommaviy axborot vositalarida (gazetalar, jurnallar, axborot agentliklari, televidenie va radioda) uzoq yillar xizmat qilgan ustoz jurnalistlarni katta bir davraga to'plab, nozu ne'matli dasturxon yozishdi.
Ustozlarni o'tgan ayyom bilan qutlashdi, ularning xizmatlarini taqdirlab, sovg'alar berishdi. Mengayam alohida quchog'imga sig'maydigan bir sovg'a topshirishdi. Juda ko'p ustozu shogirdlarni ko'rganimdan ko'nglim yorishib uyga qaytdim.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi axborot xizmati