Abdulla Qodiriy — millat oydini

Darhaqiqat, adib shaxsiyati biz uchun ibrat maktabi. Uning asarlarida tariximizning og'riqli kunlari aks etgan. Bugun biz millat sifatida yanada yuksalishimiz uchun ham uning ijodini tinmay o'rganishimiz kerak, uning izdoshlarini tarbiyalashimiz zarur. Shunda yurtimizning qaddini hech kim buka olmaydi, xalqimizning qadri hamisha baland bo'laveradi.
Shu bois yurtimizda keyingi yillarda Abdulla Qodiriy ijodini keng targ'ib qilish, adib nomini abadiylashtirish bo'yicha ko'plab xayrli ishlar qilinyapti. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va yuksak e'tibori tufayli Abdulla Qodiriy ijod maktabi, memorial va uy-muzeylari tashkil etildi, Adiblar xiyobonida adib haykali qad ko'tardi. Ushbu yodgorlik Toshkent davlat texnika universitetiga biriktirildi. Universitet jamoasi adib ijodini keng targ'ib qilish bo'yicha xayrli ishlarni bajarib kelyapti.
Bu yil Abdulla Qodiriy tavalludiga 130 yil to'ldi. Sana munosabati bilan yurtimizda ko'plab tadbirlar, kechalar bo'lib o'tmoqda. Xususan, kuni kecha Shayxontohur tumani “Samarqand darvoza” mahallasi Termiz tor ko'chasi 35-uyda joylashgan Abdulla Qodiriy uy-muzeyida universitet, muzey hamda ijod maktabi jamoalari tashabbusi bilan “O'tmishga aylanmagan “O'tkan kunlar” nomli adabiy-ma'rifiy kecha tashkil etildi.
Tadbirni Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov ochdi. Unda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari Nurali Qobil, Zuhriddin Isomiddinov, Uzoqboy Jo'raqulov, Abdulla Qodiriy nabirasi, uy-muzeyi direktori Xondamir Qodiriy so'zga chiqib, adib hayoti va ijodiga oid qimmatli ma'lumotlarni taqdim qildi.
Shuningdek, kechada O'zbekiston davlat rus akademik drama teatri aktyorlari ijrosida Abdulla Qodiriyning “Uloqda” asaridan sahna ko'rinishi va Abdulla Qodiriy ijod maktabi o'quvchilari ijrosida “Qatag'on” spektaklidan parcha namoyish etildi. Ko'paysin Dehqonov, Milliy cholg'u ashulachilar ansambli, Respublika musiqa va san'at kolleji o'quvchilari ijrosida mumtoz kuy va raqslar namoyish qilindi. Aktrisa Ruxshona Abdullayeva ijrosida “Zaynab nolasi”, universitet talabasi Dildora Qurbonova ijrosida “Kumush nolasi” qo'shiqlari, aktyor Doston Boboxonov ijrosida “O'tkan kunlar” romanidan Yusufbek hoji monologi” namoyish etildi.
Kechada Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani ilk marta arab tiliga o'girilib, Misrda “O'tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” nomi ostida taqdim etilgani haqida ma'lumot berildi.
— Yaqinda “O'tkan kunlar” romanining Qohirada bo'lib o'tgan taqdimotida qatnashdim, — dedi Xondamir Qodiriy. — Asar taniqli tarjimonlar Ayn-Shams va Luksor universiteti professori Muhammad al-Jibali tomonidan arab tiliga o'girildi. Tarjimada asarning eski o'zbek yozuvidagi ilk nusxasidan hamda rus va ingliz tillaridagi tarjimalaridan foydalanildi. Taqdimotda Misrdagi butun universitet va institut vakillari keldi. Oliy o'quv yurtlari kutubxonalariga kitob taqdim qilindi. Ular Misrdagi talabalariga kitobni o'qitishmoqchi ekan. Ayni paytda ushbu tarjima Saudiya Arabistonida ham nashr qilinish arafasida. Yaqinda muzeyga Koreya elchixonasi vakillari kelishdi. Ular “O'tkan kunlar” romanini koreys tiliga o'girishmoqchi. Ijodiy aloqalar olib boryapmiz.
Tadbir davomida Adham Rahmatullayev boshchiligidagi “Hunarmand” uyushmasi a'zolari tomonidan kulolchilik, yog'och o'ymakorligi bo'yicha mahorat darslari namoyish etildi. Mehmonlarga ehson dasturxoni yozildi. Marhum adib xotirasiga Qur'on tilovat qilindi.
Fozil FARHOD