Onalarga ehtirom
Farg'ona shahridagi “Beshbola” mahalla fuqarolar yig'inida bu yil viloyatda to'rtinchi bor o'tkazilayotgan “Onalarga ehtirom” festivalining mahalla bosqichi bo'lib o'tdi. Mahallada yashovchi 500 nafardan ziyod onaxonlarni, jamoatchilik vakillarini o'zida jamlagan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
Mahallada Nuroniylar maskani ochilishi bilan bog'lanib o'tkazilgan ushbu tadbirda yildan-yilga an'anaviy tus olayotgan, onalardek ulug' zotlarga bo'lgan yuksak ehtiromni namoyon etishni maqsad qilgan festivalning joriy yilgi mavsumiga start berildi.
Bayramga aylanib ketgan tadbirda so'z olgan viloyat hokimi barcha onaxonlarni, opa-singillarni samimiy qutlab, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning tub zamirida mo''tabar onalarimiz, mehribon ayollarimizni e'zozlash, roziligini olish, baxtli yashashlarini ta'minlash maqsadlari mujassam ekanini qayd etdi.
Xususan, “Beshbola” mahallasining har sohadagi ko'rsatkichlari yaxshilanib borayotgani, amalga oshirilayotgan ishlar ko'lami kengligini qayd etgan viloyat rahbari mahalla ahli, tadbirkorlarning sa'y-harakatlari va mablag'lari hisobiga hashar yo'li bilan barpo etilgan yangi nuroniylar maskani mahallaga yanada ko'rk bag'ishlashini ta'kidladi.
Ko'plab sohalarda el-yurtga tanilgan insonlar yetishib chiqqan “Beshbola” mahallasi kelajakda nafaqat viloyatda, balki respublikada ham eng namunali mahallalardan biriga aylanishiga tilak bildirildi. Shuningdek, Beshbola bilan Quvasoy chegarasidan o'tgan Isfayramsoy hududida turizm markazi tashkil etish rejalashtirilayotgani, bu loyiha mahallaning yanada rivojlanishida muhim omil bo'lishi alohida ta'kidlandi.
Mahalla ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh ayollar hamda 100 yoshni qarshilagan onaxonlar viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda sovg'alari bilan taqdirlandi.
El suygan san'atkorlar Zulayho Boyxonova va Abduhoshim Ismoilovning musiqiy chiqishlari esa tadbirga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.
Sherzod QORABOYEV,
“Hurriyat” muxbiri.