Erkin Vohidov daraxti

Bu maktab bog'ida har bir o'quvchining o'z daraxti bor. Muhammad daraxti, Sevara daraxti… Ular o'z daraxtini yil bo'yi parvarishlaydilar. Lekin maktab hovlisida yana bir daraxt borki, u barcha o'quvchilarga tegishli. Uni maktab jamoasi o'zlarining xos daraxtidek e'zozlashadi. Bu daraxt O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov o'tqazgan niholdir. Ko'kka bo'y cho'zgan azim daraxtning shundoq yoniga “Erkin Vohidov ekkan shumtol” degan lavha o'rnatib qo'yilgan.
Biz maktab direktori Muxtorjon Sultonovdan bu qadrli daraxtning tarixini so'rab-surishtiramiz.
— Yuring, xonamga kiraylik. Maktabimiz tarixi haqida albom tutganmiz. Unda barcha voqea-hodisalar qisqacha yozib qo'yilgan, – dedi u.
Yostiqday keladigan albomni varaqlaymiz. Uning beshinchimi-oltinchi sahifasida anchagina uniqib qolgan surat ko'zga tashlanadi. Suratda sevimli shoirimiz Erkin Vohidov nihol uchun qazilgan chuqurga tuproq tortmoqda. Suratning ostiga qisqagina tagyozuv bitilgan: “1981 yil Navro'z bayrami arafasida bizning Sayxunobod tumanidagi 11-umumta'lim maktabiga sevimli shoirimiz Erkin Vohidov tashrif buyurdi. U kishi maktabimiz direktori Abduraim O'ljaboyev bilan bog'imizga shumtol ko'chati o'tqazdilar”.
Keyin maktab zalida katta mushoira bo'lib o'tibdi. O'shanda tadbirda qatnashgan o'quvchilardan ikki nafari ayni paytda maktabda o'qituvchilik qilisharkan.
— Kechagidek esimda, – dedi Shoira Shomurodova. — O'sha kezlar Erkin akaning ijodi to'lishgan palla ekan, shekilli, birin-ketin yoddan she'rlar o'qiy boshladilar. Ayniqsa, menga “Go'zallik” degan she'ri juda yoqqan edi. Mayin ovozda o'qilgan she'r hali-hamon qulog'im tagida jaranglaganday bo'laveradi:
Mulki borliq ichra bir mahal
Ko'rksizgina olam yaralgan.
Bermoq uchun dunyoga sayqal
Olam aro odam yaralgan.
Shundan beri inson tinmayin
Shu yer uzra ter to'kar hamon.
Yerni go'zal qilgani sayin
Go'zal bo'lar o'zi ham inson…
Hozirgacha ana shu satrlarni davralarda o'qib yurishni kanda qilmayman.
— Erkin aka biz, o'quvchilarni ko'proq kitob mutolaa qilishga chorladilar, – dedi Muqaddasxon Rahmonova. — So'ngra milliy adabiyotimizda munosib bahosini olgan “Kamtarlik haqida”, “Po'lat”, “Yo'q, halovat istamayman”, “O'lka” kabi she'rlarini o'qib, barchamizni maftun qilgandilar.
O'zbekiston Qaxramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov o'tqazgan shumtol daraxti bu yil 43 yoshga to'ldi. Bu bir navqiron yigitning umri. Daraxt ko'kka bo'y cho'zib, yoz oylarida mayin shabbodada barglari xuddi ulug' shoirimiz kabi mahzun ovozda she'r o'qiganday taassurot uyg'otadi kishida. O'tgan yili daraxt yonida mo''jazgina ko'rkam ayvon qad rostladi. Sahnning chetlariga o'rindiqlar o'rnatildi. Bu ayvonga o'quvchilar “Nazm bo'stoni”, deya nom qo'yib olishgan. O'quv yili davomida mazkur ayvonda muntazam ravishda she'rxonliklar o'tkazib turiladi.
— Bu yil bahorda maktabimiz bog'iga “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 144 tup mevali va manzarali ko'chatlar, 1500 tup mirzaterak qalamchalari qadadik, – dedi Muxtor Sultonov. — Avval ekkan mevali daraxtlarimizning bir qismi shig'il hosilga kirdi. Hamkasblarimiz bog'imizga Erkin akaning mashhur mazkur satrlarini yozib qo'yish taklifini berdi.
Sendan farzandingga bog' qolsin,
ey do'st,
Bog'ing Vatan degan nom olsin,
ey do'st…
Maktabda har oyda shoir o'tqazgan daraxt yonidagi ayvonda Erkin Vohidov she'riyati bo'yicha adabiy kecha o'tkaziladi. Unda o'quvchilar hassos shoirimizning she'rlarini to'lib-toshib o'qiydilar. Badiiy ijodga qiziqqan o'g'il-qizlar o'z bitiklarini tengdoshlariga peshkash qilishadi. Adabiyot o'qituvchilari esa havaskor qalamkashlarning she'r va hikoyalariga baho berishadi. G'oliblar qahramon shoirimizning kitoblari bilan siylanadi.
Ha, o'lkamizda ulug'larimiz o'tqazgan daraxtlar bisyor. Faqat ularni sayxunobodlik ustozlar kabi e'zozlab, yosh avlodning ma'naviyati va ma'rifatini o'stirishga xizmat qildirsak, qadriyatlarimiz soni yana bittaga ko'payadi.
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
Suratlarda: Erkin Vohidov maktab bog'iga ko'chat o'tqazmoqda; shoir ekkan daraxt ko'kka bo'y cho'zgan.