Xalqimiz roziligi — faoliyatimizga berilgan eng oliy baho

Bugungi yangi islohotlar davrida tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Erishilayotgan natijalarni tadbirkorlar, o'rta va kichik biznes vakillari yurtimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun bor imkoniyatlarini safarbar etayotganida ko'rish mumkin.

Pandemiyaning sinovli kunlarida Yurtboshimiz tomonidan ko'rsatib o'tilgan yangilanish jarayonidagi tavsiyalarni barcha yurtdoshlarimiz qatori biz kabi tadbirkorlar ham qo'llab-quvvatladi. Ular shunday og'ir sharoitda ham yurtimizda yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma ob'yektlarini qurishda bor kuch va imkoniyatlarini sarflashmoqda.

Shu jumladan, “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi jamoasi qurilish, mehmonxona va restoran xizmati, to'qimachilik, metall konstruksiyalar, tosh minerallarini qayta ishlash, temir-beton, g'isht, ohak kabi mahsulotlarni ishlab chiqarishda, meva-sabzavotchilik, chorvachilik yo'nalishlarida samarali faoliyat olib borayapti. Kompaniya o'z oldiga yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish orqali o'z milliy brendini yaratish hamda zamonaviy arxitektura talablari asosida sifatli uy-joylar va ijtimoiy ob'yektlarni barpo etishni maqsad qilib qo'ygan. Hozirda ikki ming kishilik jamoamiz bilan yakunlanayotgan yilda bajarilgan ishlar yuzasidan sarhisob qilinmoqda. Erishilgan natijalar shuni ko'rsatadiki, yangi yilda yangi loyihalarni amalga oshirishga imkoniyatimiz yetarli. Agar o'zimiz rejalashtirayotgan ishlarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirsak, safimizga yana yuzlab mutaxassislar, ishchi-xodimlar kelib qo'shiladi. Ular kafolatlangan ish o'rinlariga ega bo'lishadi.

Aytish kerakki, poytaxtimiz — Toshkent shahrida ham 10 ta ko'p qavatli uylar barpo etildi. Hozirda zamonaviy uy-joylar, biznes markazi va mehmonxonadan iborat majmua poytaxtimizdagi Sebzor dahasida bunyod etilmoqda. Quruvchilarimiz tomonidan qad ko'tarayotgan bu uylarda aholi uchun barcha qulayliklar yaratiladi.

Pandemiya sharoitida ham kompaniyamizning barcha ishlab chiqarish korxonalari o'z faoliyatini davom ettirdi. Ayniqsa, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bilan tuzilgan uzoq yillik shartnomaga asosan davom etib kelayotgan o'zaro hamkorligimiz natijasida, bankning moliyaviy ko'magi bilan Karmana tumanida zamonaviy issiqxonalar majmuasi, asalarichilik, uzumchilik, bog'dorchilik kabi yo'nalishlarda hamda Qiziltepa tumanida tashkil etilayotgan yangi to'qimachilik fabrikasi kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirayapmiz.

Shuningdek, kompaniyamiz so'nggi uch yil davomida Navoiy viloyatida 30 dan ortiq ko'p qavatli uy-joylarni qurib, foydalanishga topshirdi. Navoiy va Zarafshon shaharlarida yana o'nga yaqin ko'p qavatli turar-joylar qurilmoqda.

Bundan tashqari, Navoiy shahrida zamonaviy texnologiyalar asosida gaz-beton va temir-beton qurilish materiallarini ishlab chiqarish zavodi foydalanishga topshirilish arafasida. Rossiya va Xitoy davlatlaridan kelgan mutaxassislar montaj ishlarini yakunlayapti. Yangi korxonada 300 nafardan ziyod ishchi-xodim doimiy ish bilan ta'minlanadi.

Bugungi sinovli kunlarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar senator va deputatlar zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklash bilan birga, joylarda aholi bilan ko'proq muloqotda bo'lishni talab etmoqda. Yakunlanayotgan yilda Qiziltepa, Konimex tumanlari va G'ozg'on shahri aholisi bilan muntazam uchrashuvlar tashkil qilib keldik. Uchrashuvlar natijasida mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda bir qator muammoli masalalar joyida o'z yechimini topdi. Aholining ayrim murojaatlari yuzasidan yuqori tashkilotlarga so'rovnomalar kiritildi.

Joriy yilda biz uchun quvonarli kechgan holatlardan yana biri, Turkiya Respublikasiga qilgan xizmat safaridan yangi loyihalar va g'oyalar bilan qaytdik. Kompaniyamiz Turkiyaning “Serasan Yapi Teknik” qishloq xo'jaligi va injiniring issiqxonalar markazi hamda “Varnet Glass Greenhouse Systems” kompaniyasi bilan 10 million AQSh dollarilik hamkorlik bitimi imzoladi. Yaqin kelajakda viloyatimizda qishloq ho'jaligi mahsulotlarini yetishtirishning eng zamonaviy, innovatsion usullari asosida resurs tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etgan holda agroklaster yaratiladi. Agrobiznesning klaster modelini tatbiq etish tufayli yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo'shiladi.

Hozirda Karmana tumanining Malikrabot qo'rg'oni hududida barpo etilgan zamonaviy issiqxonada Gollandiya va Turkiya texnologiyalari asosida gidroponika usuli bilan sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Mahsulotlar, asosan, eksportga yo'naltirilayapti.

Bir so'z bilan aytganda, xalqimizning roziligi — bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy va eng adolatli bahodir. Shu bois, kelgusida istiqbolli loyihalarimizni amalga oshirishda aholining manfaatlarini ustuvor bilib, faoliyatimizni yana davom ettiramiz. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqiga hissa bo'lib qo'shiladigan qator loyihalarimizni amalga oshiramiz, yangi ishlab chiqarish ob'yektlarini qurib foydalanishga topshiramiz, albatta.

Go'zal va betakror yurtimizda Yangi yil bayrami shukuhi kezmoqda. Sarhisob va ezgu niyatlarga to'la ushbu ayyom arafasida barcha yurtdoshlarimizni samimiy tabriklaymiz. Barchaning xonadonidan qut-baraka arimasin! Tinchligimizga ko'z tegmasin!

Ulug'bek Fayziyev,

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi,

“Zarafshan Golden Group” kompaniyasi ta'sischisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 13 =