Dil so'zlari
Yil yakunlanar chog' har bir insonning ko'nglidan o'tgan kunlar sarhisobi zanjir halqasidek bir-bir kechadi. Kirib kelayotgan yangi yildan bu yil ulgurmagan orzu-niyatlarini amalga oshirish ishtiyoqi ham uyg'onadi. “Hurriyat” gazetasi jamoasi ushbu yilda baholi qudrat o'z mushtariylarining xohish-istaklarini e'tiborga olib, pandemiya sharoitida og'ir kechgan oylarda chiqmay qolgan sonlarini ham chop etdi. Mana, qo'lingizda gazetaning joriy yildagi yakunlovchi — 51-52-sonlari. Albatta, gazetamiz nechog'li o'qishli, mazmunli chiqdi — bu Siz aziz o'quvchilarimizning hukmiga havola.
Quyida esa tahririyatimiz jamoa a'zolarining o'tayotgan va kirib kelayotgan yil haqidagi dil so'zlari o'rin oldi.
Abdurasul Jumaqulov,
Bosh muharrir:
Kunduzgi chiroq
Har bir insonning yuzi, qalbi, vijdoni bo'lgani kabi, har bir nashrning ham o'z qiyofasi, ko'rki, farishtasi bo'ladi. Bo'lishi kerak ham.
“Hurriyat”ning har bir sonini Siz aziz yurtdoshlarga taqdim etishdan avval har doim, har hafta bizni bir savol qiynaydi: nima deya olayapmiz odamlarni o'ziga jalb qiladigan, ularning yuragidagi dardu hasratlarni ayta olayapmizmi? Yo chin so'zni demoqdan hayiqib, ikkilanib qolayapmizmi?
Albatta, biz bularni doim o'ylaymiz. Yurtimizdagi yagona mustaqil nashr bo'lgan “Hurriyat” — elimizning ochiq minbari bo'lishi kerak. Unda fikrlar, g'oyalar, erkin bahs-munozaralar o'z aksini topmog'i shart!
Shubhasiz, to'g'ri gapni aytish, yozish — nonga sariyog'ni surtib yoyishdek oson ish emas. Xalqimiz bejiz: “To'g'ri gap tuqqaningga yoqmaydi”, deb aytmagan. Lekin zimmamizda shunday mas'uliyat bor, yuraklarimizda shunday yolqin, ezgu istaklar mujassam.
Bundan to'rt yil avval rostdan ham oson emas edi. Oddiy bir muammoni ko'targan jurnalistga ham go'yoki yog'iyday qaralardi. O'zi-ku hamma davrlarda ham ochiqlik, oshkoralik quchoq ochib kutib olinmagan. Ammo tan olaylik, bugun yurtimizda OAViga munosabat o'zgardi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugun Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ham alohida ta'kidlaganlaridek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko'plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so'z erkinligi bu — davr talabi, bu — O'zbekistondagi islohotlarning talabi”.
Endi umid qilamizki, matbuotda aytilayotgan gap, ko'tarilayotgan muammolarga e'tibor ham o'zgarishi zarur. Qachonki, katta-kichik amaldorlar matbuotdan qochsa, gazeta o'qimasa, “majburiy obuna”ni bahona qiladigan ayrim vazirlar ne deb yozsangiz ham go'yo bilmagandek, eshitmagandek, o'qimagandek o'zini tutsalar, bu ham achinarli, ham ayanchli holat. Matbuot yozsa, shu el, shu yurt tashvishini yozadi. Gapirsa, shu Vatan manfaatini o'ylab gapiradi. O'zga sabab ham, muddao ham yo'q. Matbuot jamiyatga ko'zgu vazifasini o'taydi, xolos. Uni qo'llab-quvvatlab, o'ziga yaqin olsa, faqat-faqat xalqimiz, Vatanimizga foyda bo'ladi-ku bundan!
O'qigansiz, yunon donishmandi Diogen kuppa-kunduzi ko'chada chiroq ko'tarib yurganini ko'rib, undan so'raydilar: “Nima izlab yuribsan?” U javob qildi: “Odam izlayapman!”
Ta'bir joiz bo'lsa, “Hurriyat” kechasiyu, kunduzi erkin so'z ilinjida chiroq tutishdek ezgu, mashaqqatli vazifani o'tashni istaydi. Elimiz uning har bir sonini qoldirmay o'qishini, u bilan do'st, hammaslak bo'lishini xohlaydi.
Jamoamiz ahli uncha katta emas. Lekin ularning bari mehnatkash, samimiy, iqtidorli, ko'z tegmasin.
Albatta, rejamizda hali aytilmagan, yozilmagan qanchadan-qancha mavzular bor. Mamlakatimizdagi ulkan o'zgarishlar, yangilanishlar, yutuqlar qatorida yechimini kutayotgan muammolar ham yo'q emas. Hamma uchun og'ir, sinovli kelgan 2020 yil oxirida, yangi yil ostonasida esa yurtimizda, har bir vatandoshimiz uyida yaxshiliklar bo'lsin, ona diyorimizda olib borilayotgan ulkan ishlar samarasi barchamizga tatisin, deymiz.
Yusuf Jo'rayev,
Bosh muharrir o'rinbosari:
Yillar hayrati
— Go'yo yillar nafas olib, nafas chiqarguncha o'tib borayotgandek, kechagina boshlangan sayllar davom etayotgandek tuyiladi odamga. Aslida bunday emas, balki doimiy harakatdagi odam vaqtning qanday o'tganini sezmay qoladi, xolos.
Eng muhim gap esa o'tgan bir yillik umrdan mazmun topa olishda. Ana shunda yillar hayrat kasb etadi. Hayrat esa issiq jonni yanada oldinga harakat qilishga undaydi. Uning yana bir qudrati shundaki, inson qalbini sokin, fikr dunyosini teranlashtiradi. O'tayotgan 2020 yil men uchun hayratlarga boy bo'ldi, desam yanglishmayman.
Aslida, dunyoning o'zi bir ummonga o'xshaydi, uning tubida qum barhanlari ostiga yashiringan ilm gavharlari bor. Inson borki, quvvai hofizasi, iqtidori, imkoni yetganicha barhanlar yashirgan ilm gavharlarini, albatta, har kim o'z hayot yo'liga qarab, misqollab terib oladi.
“Hurriyat” gazetasi ham ummon uzra bir barhanki, unda sara ilm gavharlari yashiringan, bu yerda mehnat qilayotgan jurnalist borki, o'z qarichi bilan o'lchab, barmog'i bilan qazib, ilm gavharini qo'lga kiritishiga shubha yo'q.
Hikmatulloh Qodirov,
bo'lim mudiri:
Ha, aytganday, bayram muborak bo'lsin!
Matbuotda ishlay boshlaganimga yigirma yildan ziyodroq vaqt o'tibdi. O'ylab qarasam, ancha yo'lni bosib o'tibman. Lekin nima orttirdim, qanday ezgu ishlarning boshida turdimu, nimalarni yo'qotdim. Shuncha davr mobaynida yutuqlardan ko'ra yo'qotishlar ko'p bo'ldi. Go'yoki o'zim uchun emas, birovlar uchun yashagandekman.
Atrofimdagi tanish-bilishlar, oshna-og'aynilar va qarindosh-urug'larning ta'kidlashicha, poytaxtda yashab qishloqdan bir parcha yer olib hovli-joy qurolmaganim, na dala hovli, na mashina ololmaganim ahyon-ahyonda o'yga toldiradi. Bugun yaxshi yashash bilan ish bitmaydi, kelajak va mo'ysafidlikni ham o'ylash kerak, umr oqar daryo, 40 yoshdan keyin hech narsaga erisha olmaysan, deyilayotgan dashnomlar odamni charchatib ham qo'yar ekan.
Shu xayollar hech tinchlik bermaydi. Mendagi imkoniyatlar “ayrim”larda bo'lsa, kamida biror vazirlik xodimi bo'lib ketar ekan, buni aytaverishganidan tanishlar bilan bo'ladigan jaydari suhbatlardan bezib ketganman. Lekin barisiga shukr qilaman. Iloji boricha tafakkur bilan ish tutishni o'zimga e'tiqod qilib olishga harakat qilaman.
Jurnalist bo'lib sipo yashashimga o'zim emas, men duch kelgan davr sabab deb o'ylayman. Mana shunday muhitda oltindan ham qimmat umr o'tib bormoqda. Yorug' kunlarni alqab yashayverish ham kun kelib, “ovutmay” qo'yar ekan, yashirmayman, bu ayniqsa, pandemiya sharoitida uyda yolg'iz qolgan paytlarimda ko'proq bilindi. Har bir sohaning “negr”lari bo'lganidek, biz ham qachon matbuot yorug' kunlarni ko'rar ekan, biz ham to'kisroq yashar ekanmiz, deb kun kechirayotirmiz.
Ko'raylik-chi, umr bersa yana ko'raveramiz-da… Ha, aytganday, bayram muborak bo'lsin!
Nigina Muzaffarova,
xodimlar bo'limi mutaxassisi:
Hissam qo'shilsa…
Inson yaralibdiki, yaxshi yashash va baxtli hayot kechirish ilinjida yashaydi. Zotan, bunga haqli. Men ham maktabni bitirganimdan so'ng, ayollarga xos kasb tanlashni orzu qilib, dasturchilik yo'nalishida o'qishga kirdim va uni muvaffaqiyatli tamomladim. Baxtli oilaning bekasiga aylandim va bu safda menga turmush o'rtog'im hamkoru hammaslak bo'ldi. Oilam bekamu ko'st, farzandlarimni bir ona sifatida tarbiyalash va shuningdek, matbuot sohasida kadrlar noziri bo'lib ishlash menga nasib etdi. Hayot pastu balandlari bilan go'zal. Ish jarayonida ba'zan turli qiyinchiliklarga duch kelinsa-da, uni sabot bilan yengib o'tishga urinaman. Chunki o'z sohamni juda yaxshi ko'raman.
Matbuot ijodkor jurnalistlar dargohi ekanligi mening eng katta yutug'imdir. Ulardan, ayniqsa, kitob mutolaasi va gazeta- jurnallarda berilayotgan qiziqarli maqolalarni tayyorlanish jarayonlarini o'rganib, gazeta ishiga kam bo'lsa-da o'z hissamni qo'shayotganimdan mamnunman.
Kelayotgan yangi yil hamma-hammaga muborak bo'lsin! Yilimiz barchaning xonadoniga baxt-saodat, omad va xursandchiliklar olib kelsin!
Yo'ldosh Mahmudov,
haydovchi:
Matbuotchilar — ustozim
— Bu sohada ishlayotgan har bir xodim jurnalistdan kam emas. Chunki so'zning kuchini his qiladigan kasb egalari orasida ishlash sizni ham qaysidir ma'noda charxlaydi. Men ish davomida yo'l-yo'lakay ulardan ko'p narsani o'rganaman. Ayniqsa, jurnalistlarning o'z kasbiga sadoqat bilan yondashishlari meni har gal hayratlantiradi. Shu jihatdan matbuot va matbuotchilar — mening ustozimdir!
O'tayotgan yil quvonchli bo'lgani holda kelayotgan 2021 yil ham o'zim, oilamiz uchun yanada quvonchli kelishini istardim. Yaxshi niyat bilan boshlagan ishlarimiz o'ngidan kelsin. Shu qatori barcha yurtdoshlarimning ham o'ylagan niyatlari 2021 yilda amalga oshishiga tilakdoshman.
Bu yil qish ancha barakali kelayapti. Qor — rizq-ro'z, baraka deb bejiz aytishmaydi. Demak, kirib kelayotgan yangi yil barakali yil bo'ladi.
Biz haydovchilar yo'lda — ruldamiz. Yaxshi bilaman: yo'l qoidalariga amal qilish birinchi navbatda o'zingiz uchun foydali ish, unga amal qilishga harakat qilaman. Barchaning yo'li behavotir, oq bo'lsin!
Go'zal Begim,
bo'lim mudiri:
Bir yurak orzu
“Mehr” so'zining lug'aviy ma'nosi “Quyosh” ekanligini aytishadi. Nazarimda “mehr” so'zi ham, uning lug'aviy ma'nosi ham ko'proq O'zbekistonga, o'zbekka daxldordek tuyilaveradi. Ehtimol, Ernest Xeminguey O'zbekistonga bir martagina kelganida edi “Parij — eto prazdnik, kotorыy vsegda s toboy”(Parij — bu doim yoningdagi bayramdir ), deb emas, shu jumlani Toshkent deb o'zgartirib yozgan bo'lardi. Chunonchi, mehr, muhabbat, matonat bizning, xalqimizning bayramidir.
Uyida, shaharda, qishloqda, O'zbekistondan tashqarida o'zbekcha kalom bilan qanchadan — qancha odamlar bir dasturxon atrofida jam bo'lishadi. Xayollarimizni, o'ylarimizni, tasavvurlarimizni ko'tarib yangi bir kunga qadam qo'yamiz. U kimnikigadir o'xshar, ehtimol, o'xshamas. Nima bo'lganda ham ichimizdan bo'shab, huvillab yotgan ko'ngilning jarangi eshitilmasa, bas! Ochilgan eshigimizda tafakkurimiz, zehniyatimiz, qalbimiz aksi ko'rinsin!
Ortga qaraging keladi: qabristonlar bir nechta mozorga ko'paygani yanglig', uylarga yangi-yangi beshiklar, shoir aytmoqchi so'qmoqlarga yangi izlar tushgani rost. Shahar onkologiya dispanseriga bir martagina mo'ralab ko'ring, UZI eshiklari qarshisida qiyofasida umidlariga qo'rquv oralagan odamlarga ko'zingiz tushadi. Aslida ko'pchiligimiz hayot eshigini orqa tomonidan berkitishga qo'rqishimiz rost-ku! Bobom 87 yoshida ham “Hayot qurg'ur juda go'zal-da, tashlab ketging kelmaydi” der edilar. Bugun men yosh-yosh bolakaylar tanasidagi oqqon bilan ham hayot go'zalligini, totini 87 yashar bobomdan kam his qiladi, deb o'ylamayman.
Aslida bayramlar, 2021 yil faqat shodumon xonadonlarga emas, kasalxonalarga, qamoqxonalarga, mehribonlik va qariyalar uylariga — hamma-hammasiga birdek kirib keladi. Ular ham bayram zavqini bizdek tuya oladimi, mana nima o'ylantirmoqda meni?! Beixtiyor har bir ko'ngli zabunning, parishonholning umidiga yetishidan umidlanaman!
Hechqursa, bayram kuni svetni o'chirmasa edi, deyayotgan navnihol qizning qorong'ida balqigan go'zalligi yonidan, gazga yolchigan kunlarni biz ham ko'rarmikanmiz, deya o'choqqa o'tin qalashdan zada bo'lgan ayolning o'ylari ustidan, bolam Rossiyadan mo'may pul ishlab keladi, deya bayram tatimayotgan onaning sog'inchlarini parmalab o'tgancha yangi, tamoman yangi bir yil kirib kelmoqda. Zero, biz ana shunday xalqmiz: yangi kunni ham, yangi oyni ham, yangi yilni ham bir kosa zilol suv yanglig' yuraklarimiz jimirlab kutib olamiz.
O'tayotgan yil noxotirjamliklar, bezovtaliklar, yakkalanish yili bo'lgan esa-da, individual ma'noda kimlargadir baxtli yil bo'lgani aniq! Zero, biz ko'zguga qarab sochini to'g'irlagan ayol monand yangi yilga qarab orzu umidlarimizni to'g'irlab olamiz. Bir yurak orzu bilan 2021 yilga yuzlanamiz.
Abdulaziz Ahmedov,
muxbir:
Yosh “Hurriyat”chiman
Yosh “Hurriyat”chiman — xodimlar orasida eng kichigi. 2020 yil, to'g'ri, juda sinovli bo'ldi, og'ir keldi. Baribir, men bu yildan minnatdorman. Sababi, u menga “Hurriyat”ni berdi. Mustaqil gazeta esa o'z so'zimni, ichimni tirnab yurgan gaplarni aytishim uchun maydon hozirlab, yoshimga qaramasdan minbarning to'ridan joy ko'rsatdi.
Balki qo'rsligim, qiziqqonligim sabab yil davomida ko'ngilni xira qiladigan holatlar ham bo'ldi, albatta. Lekin bundan sira afsuslanmayman. Hammasi yaxshilikka, chunki xatomni anglab yetdim, qilmishimdan xulosa chiqardim.
Inson yoshligida qancha ko'p xato qilsa, boshi devorga qancha ko'p urilsa, shuncha “pishadi”, ishning “issiq-sovug'i”ni biladigan yetuk kadr sifatida shakllanadi. Ayniqsa, talabalik paytida imkon qadar ko'p xato qilib olish lozim. Chunki peshanangizga “Oliy ma'lumotli” degan “tamg'a” bosilganidan so'ng, xatoyingiz kechirilmasligi mumkin.
“Hurriyat” bir “quloqsiz” muxbirining barcha “erkaliklari”ga ko'z yumib, meni tajriba maktabi yanglig' toblab kelayotganiga ham bir yil bo'libdi. Ilohim, uzoq yillar davomida Shu aziz gazetaning “hadisi”ni olish, uning qozonida qaynash baxti nasib etsin.
Bayramingiz bilan!
Erkin Yodgorov,
sahifalovchi-dizayner:
Farzandlar baxti baxtimdir
— O'tayotgan yil menga ham el qatori biroz xavotirli, shu bilan birga biroz zerikarli o'tdi. Koronavirus balosi sabab onam va bolalarim, yaqinlarim sog'lig'i, xavfsizligi meni tashvishlantirdi. Ollohga shukr qilib, yaxshi niyat bilan hammasini yengib o'tdik, ortda qoldi degan umiddaman.
O'tgan yildagi quvonchli voqealardan biri qizim Mohinurning orzusi ushaldi. Qizim talaba bo'ldi, kelajakda o'qishini xorijda davom ettirishini niyat qilmoqdamiz. Kirib kelayotgan yilda mening vazifam bu yo'lda unga ma'nan va moddiy tayanch bo'lish, to'g'ri yo'l ko'rsatishdan iboratdir. Jumladan, o'g'illarim tarbiyasiga ko'proq vaqt ajratish, ularning qiziqish va istaklariga hammaslak bo'lish ham otalik vazifamdir. Zero, farzandlar baxti — baxtimdir.
Yangi yilda barchaga, onamga, oila a'zolarim, yaqinlarim, hamkasb do'stlarimga, yurtdoshlarimizga sihat-salomatlik, baxt-saodat tilayman.
Zuhra Hasanova,
musahhih:
Hayotimizdagi yangi sahifa
Negadir, menda har yili eski yilni kuzatish xayolan qiyin kechadi. Umrimning tarixga aylanayotgan ushbu sahifasida kelajak avlod uchun nima qoldirdim, degan savol atrofida aylanaman go'yo. Odatda ancha ishlarni reja qilib, o'zim uchun kam vaqt ajratganim va qilgan rejalarimga ko'p hollarda ulgura olmay qolganimdan bo'lsa kerak. O'zimni o'zim tergab: harakatlarimni tezlashtirishim kerak, deyman gohida.
Ammo maqsad aniq, tanimiz, yaqinlarimiz sog', oilamiz, yurtimiz tinch ana shu narsa taskin beradi yurakka. Ayniqsa, butun insoniyat uchun sinovli bo'lgan o'tayotgan yilimizdan ham eson- omon o'tmoqdamiz. Albatta, buning uchun Allohga hamdlar bo'lsin.
Endi esa hayotimizda yangi sahifa ochayotgan yangi – 2021 yilda tilagim shuki, avvalo, el-yurtimizda, oilalarimizda ahilligimiz davomiy bo'lsin. Prezidentimiz tomonidan e'lon qilingan 2021 — “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” mamlakatimizning barcha fuqarolari uchun xayrli amallarga, tarixiy yutuqlarga boy yil bo'lsin.
Shahzod Shodmonov,
muxbir:
Kelajak muqaddimasi
…Aslida, bir yilning qimmatini har kuni bir varag'idan judo bo'layotgan devordagi taqvim yaxshiroq bilsa kerak. Lekin har nafasda bir soniyasidan ayrilayotgan biz insonlar ko'pincha umrimizning qadrini bilavermaymiz…
Vaqtni o'lchash, turli birliklarga ajratish ilk bor kimning xayoliga kelgan ekan? Bilmadim, lekin yaxshi ish bo'lgan. Aslida-ku, Yaratgan kunu tunning, fasllarning almashinuvi bilan umrning g'animat ekaniga ishora qilib qo'ygan. Ortda qolib borayotgan yil butun ahli inson uchun sinovli-imtihonli keldi. Lekin shukr Robbimizgaki, uni ham ortda qoldirib, yangi yilning bo'sag'asida turibmiz. Barchamizning ham eng katta tilagimiz: barcha tashvishlaru dardlar, g'am-anduhlar, xavf-xatarlar eski yil bilan qolib ketsin!
Insonga yaxshiki, orzu qilish xislati berilgan. Ba'zan har qancha og'ir vaziyatlarda ham odamni nurli kelajakka yetish niyati mahkam tutib turadi. Aslida sabrning ham manbai, avvalo, Allohning xayriga va go'zal kelajakka ishonishdir. Hech zamonda ichimizdagi ana shu ishonch ustuniga darz yetmasin.
Yangi yil — yangi umid, yangi maqsad, rejalar va balki orzulardagi kelajakning muqaddimasidir. Hammasidan ham avval salomatlik bo'lsin ekan. Yagona tilagim shuki, 2021 yil insoniyat tarixida qora halqa bilan belgilab qo'yiladigan yillardan bo'lmasin!
Shohista Ubaydullayeva,
musahhih:
Xayrli tilaklar
— 2020 yil butun dunyo uchun anchagina tashvishli bo'ldi. Ko'pchilik insonlar yaqinlaridan ayrildi. Mamlakatimiz ham bir qancha ko'ngilsiz voqealarni boshidan kechirdi. Bularning barchasi ham vatandoshlariga, insoniyat taqdiriga befarq bo'lmagan odamning yuragida o'zining qayg'uli izini qoldiradi, albatta.
Ammo biz yoshlikdan shukr qilishga, sabr qilishga, xayrli niyatlar qilishga o'rganib yashadik. Tugayotgan yil ko'plarning taqdirida mungli iz qoldirgan bo'lsa-da, shukr qilib aytishim kerakki, mening oilamda bir necha mas'ud voqealar bo'ldi. Kenja o'g'limning kamolini ko'rib, uylantirdim. Kelinim turmush o'rtog'im-u mening xizmatimizda yugurib-elmoqda, ko'z tegmasin. Yaqindagina katta o'g'limning uchinchi farzandi dunyoga keldi. Danagidan mag'zi shirin, deyishadi-ku, nevara suyish baxtini bergan Allohimga takror-takror shukrlar, deyman.
Turmush o'rtog'im shu yil payg'ambar yoshini qarshiladilar. Umrlari uzoq bo'lsin. Barcha yaqinlarimiz ham, o'zimiz ham sog'-salomatmiz. Ilohim, doim shunday bo'lsin!
Kelayotgan yildan ham umidlarim juda katta. Yangi yilda kenja o'g'limning ham farzandini suyib bag'rimga olishni nasib etsin Xudoyim. Ikki o'g'lim, qizim qo'shganlari bilan qo'sha qarishsin. Insoniyatning, xalqimizning boshiga kelgan tashvishlar eski yilda qolib ketsin.