Eski yilda erishganim, Yangi yildan umidim

Ortda qolayotgan yil yoshga sekin, qariga tez o'tgandek tuyuladi. Bu muhim emas. Albatta, uning samarali o'tgani — birlamchi.

2019 yil O'zbekistonimiz uchun barakali kelgani rost. Ichki va tashqi siyosat bobida e'tiborli yutuqlarga erishdik.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik shartnomasiga doxil bo'lganimiz o'tgan yilning eng muhim yutuqlaridan biri bo'ldi. Chunki dunyoning bilgani-bilgan: «Birlashgan — o'zar».

Davlat mustaqilligiga erishganimizga 28 yildan oshdi. Demokratik tuzum barpo etyapmiz. Lekin bu birdan bo'ladigan ish emas. Buning uchun avval har bir fuqaro mus­taqilligiga erishish lozim. Davlatning mustaqil bo'lishidan ko'zlangan asosiy maqsad — shaxs mustaqilligini ta'minlash. Bashariyatning ming-ming asrlik  cho'ng tajribasi shuni ko'rsatdiki, shaxs mustaqil bo'lmay turib demokratiyani joriy etishning aslo iloji yo'q.  Demokratiya esa — insoniyat uzoq tarixi davomida takomillasha-takomillasha qiyomga kelgan, hozircha eng yuksak ijtimoiy-siyosiy mexanizm.  U fuqaroga hurlik beradi — irqiy, diniy, milliy, jinsiy, ijtimoiy va boshqa har qanday farqdan qat'i nazar, har kimning huquq va erkinliklari tengligini ta'minlaydi.

Hurlik bo'lmasa edi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi duputatlari soniga ko'ra, ikkinchi o'rinda turgan partiya lideri saylovning birinchi bosqichida   g'alabaga erisholmay qolarmidi?! Saylovchi fikriy hurligining birlamchi belgisi unda nomzod shaxsiga haqqoniy, xolis, mustaqil baho bera olish salohiyati shakllanganida ko'rinadi.

O'tgan yilning yozgi ta'tilini Turkiya Respublikasida o'tkazishga to'g'ri keldi. Bu mamlakatning qariyb yarmini aylandim. Kelib «Turkiya: uning har qadamida O'zbekistonni ko'rdim» degan 120 sahifalik kitob yozdim. Yangi yilda nashr yuzini ko'rishidan umidvorman. 8-sinf uchun «Adabiyot» darslik-majmuasining 4-nashri chiqdi. Uch mutaxassis tayyorlaganmiz. Qat'iyat bilan qayta ishladik. «Tafakkur», «Naqshbandiya», «Huquq va burch», «Odil sudlov», «Milliy armiya» jurnallari va «Hurriyat» gazetasida maqolalarim chiqdi, radioeshittirish va teleko'rsatuvlarda ishtirok etdim. «Bahouddin Naqshband» hujjatli filmi suratga olindi. Ssenariy muallifiman. Qariyb yarim asrdan buyon deyarli har kuni  «suhbatlashib» turadigan bir «do'stim» bor. Bu — Navoiy. Yil mobaynida shu ulug' zot bilan ko'p «diydorlashdim». Bunday xos «suhbat»larning ayrimlaridan boshqalarni ham xabardor qilib turish ko'p nasib etdi.

Yangi yilda barcha ezgu ishlar bardavom bo'lishini,  yangi-yangi marralar egallanishini, ikki yilda qilinadigan ishlar shu bir yilda amalga oshishini tilayman.

Bunday barakotning qo'lga kirishi uchun bizdan ham shunga mos harakat bo'lishi lozim.

Sultonmurod Olim,

«Naqshbandiya» jurnali bosh muharriri,

«Mehnat shuhrati» ordeni sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + one =