Yangi yil boshidagi istaklar

Halima Xudoyberdiyeva, O'zbekiston xalq shoiri

Qishda dov-daraxtlar burkanar oqqa,

Qorga lab bosadir o'ylarim manim.

Qadrdon qalamim oppoq varaqqa

Pichirlab to'kadir kuygan, suyganim.

Kuydirgan, suydirgan do'stlarim, salom,

Bul kun barchangizni chorlayman bir-bir.

Bul kun oqaradi kurrayi olam,

Muruvvat qo'lini cho'zadi taqdir.

Qishda qor bo'ralar, davra qiziydi,

Suhbat ketayotir nari-beridan.

Kim shuhrat tojini ertaroq kiydi,

Kimlar siljimadi turgan yeridan.

Toj kiygan qo'ymasin tojin tushirib,

Toj ostida boshni asrasin ko'proq.

Turib qolgan ketsin chopib, charx urib,

Qulasin yelkadan bosib turgan tog'.

Kimki farzandsizlik dog'ida yursa,

Ro'shnolik kelsinu yetib kunu oy,

Bibi Fotimadek qo'sh farzand ko'rsin,

Qo'sh beshik o'rtasi bo'lsin unga joy.

Kim aytmadi bitta so'zni iymanib,

Shu so'z uchun unga tilayman jur'at.

Kuymagan ketmasin doim kuymanib,

Engil nafas olsin tiklay-tiklay qad.

O'ksigan go'dakka ko'zim tushgan chog',

Sadoqati buyuk yil kelsin deyman.

Qay bir ittifoqqa solsalar nifoq,

Siyosati buyuk yil kelsin deyman.

Xayollar charx urar boshimda manim,

Erta kun qolmas deb yerda dog'li zog'.

Erta bajo bo'lar mening aytganim,

Serg'avg'o dunyo ham bo'lgaydir bedog'.

Erta kun bu dunyo bo'lgay deb behisht,

Jimjitgin bog'lar qilar ishora.

Bu qor ham shularni aytmoqda, eshit,

Bu qor ham shunday deb qilar bashorat.

Men behisht shamolin yashirib so'zga,

So'zladim, so'zlarim o'psin yer sharin.

Piri badavlatlik, Otalar, sizga,

Xotirjam baxt sizga, Onajonlarim.

Jannat jilg'alari bog'larda chopsin,

Yigitlar bo'lsin deb Go'ro'g'li kelbat.

Kimki tanho, bu yil baxtini topsin,

Bemor do'st sog'ayib ketsin deb albat.

Yangi yil oppoq qor so'zlagan tunda,

Bazm suronlarin kuzatarkan jim,

Beg'am o'tsin deyman yilingiz shunday,

Suydirgan, kuydirgan do'st-yoronlarim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 8 =