Eng yaxshi kunlarning biri — iyd-ul-fitr

Aslida Allohga bandalikda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ummatlikda o'tayotgan har kunimiz bayramdir. Ammo yanada ahli musulmon xursandchilik bilan nishonlaydigan muqaddas bayramlarimiz borki, biri — Iyd-ul-fitr — Ramazon ha­yiti, yana biri — Iyd-ul-azho, ya'ni Qurbon hayitidir. Muborak ramazon oyini tamomlab, mana bugun Iyd-ul-fitr bayrami arafasida turibmiz. Shu sababdan, bu bayramning fazilatlari, fitr sadaqasi, fidya haqida ko'proq ma'lumotga ega bo'lish maqsadida Toshkent islom instituti katta o'qituvchisi, Toshkent shahridagi Novza jome masjidi imom-xatibining yordamchisi Islomxon domla Ubaydullayev bilan suhbatlashdik.

— Assalomu alaykum, Islomxon aka. Dastavval, Iyd-ul-fitr bayrami haqida batafsilroq gapirib bersangiz.

—  Vaalaykum assalom va rahmatullohu va barakotuh. Avvalo, iyd va fitr so'zlarining ma'nosini bilib olsak. “Iyd” so'zi arab tilida “qayta-qayta takrorlanish”, “foyda-manfaat” ma'nolarini bildiradi. Ayrim ulamolar: “Bu bayram insonlarga ularning qi­yinchilik va g'am-tashvishlariga qaramasdan har yili ularga xur­sandchilik va shodlik bilan qayta-qayta kelgani uchun “iyd” deb nomlangani haqida aytishadi. “Fitr” esa iftor so'zining o'zagi bo'lib, “og'iz ochish” ma'nosida keladi. Musulmonlar ro'za tutgan ramazon oyi tugagach, shavvol oyining birinchi kuni Iyd-ul-fitr bayrami sifatida nishonlanadi. Bizning aholimiz orasida ro'za hayiti yoki ramazon hayiti nomlari bilan yuritiladi.

Bu kuni bomdod namozidan so'ng hayit namoziga chiqiladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga keldilar. Ularning (Madinaliklarning) o'ynab hordiq chiqaradigan ikki kunlari bor edi.

U zot alayhissalom: “Bu ikki kun qanday kun?” — dedilar. Madinaliklar: “Biz johiliyatda bu ikki kunda o'ynab-hordiq chiqarar edik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo sizlarga bu ikkisidan yaxshiroq kunlarni berdi, Iyd- ul-azho va Iyd-ul-fitr”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan). Demak, Iyd-ul-fitr Xudo bergan yaxshi kunlarning biridir.

Bu kunda bajariladigan Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlari qilgan va qilishga buyurgan talaygina sunnatlar mavjud. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni g'usl qilganlar. Hayit namoziga chiqishdan oldin tishlarni mis­vok qilish ham odobdandir. Ikki hayit bayramida ham yangi yoki pokiza va eng yaxshi kiyimlarni kiyish ham sunnatdir. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki iydda hibara chopon kiyar edilar”. Hibara — o'sha davrda Yamanning mashhur kiyimi bo'lgan.

Hayit bayramida saylgohlarga chiqish, qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish ham muhimdir. Bu xursandchiliklar baham ko'rilishiga sabab bo'ladi. Qarindoshlarga, bolalarga sovg'alar ham ulashiladigan bo'lsa, o'zaro mehr-muhabbat rishtalari mus­tahkamlanadi. Musulmon kishi hayit kunlarida imkon qadar muhtojlarga ham xursandchilik ulashishi maqsadga muvofiq bo'ladi. Shu­ningdek, ulamolar va tolibi ilmlarni ziyorat qilish ham hayit bayramidagi fazilatli amallardan sanaladi.

— Ramazon hayiti eslanganda, albatta, fitr sadaqasi ham eslanmay qolmaydi. Shu haqda ham so'zlasangiz.

— Yuqorida aytdikki, fitr so'zining ma'nosi “og'iz ochish”dir. Shuningdek, yana bir ma'nosi ham bor bo'lib, “ehson”, “hadya” ma'nosida keladi. Fitr sadaqasini berish 30 kunlik ro'zadan keyin shukronalik sifatida qilinadigan vojib amallardandir. Boshqa sadaqalar mol hisobiga ko'ra qilinsa, bu sadaqa oiladagi kishi boshi hisobiga ko'ra qilinadi. U g'amxo'rlik, hayit kunini xur­sandchilik bilan o'tkazishi uchun qilinadigan ko'makdir. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro'zador uchun behuda gap-so'z va harakatlardan pok­lanish hamda miskinlar uchun taomlanish bo'lishi uchun farz qildilar. Kim uni namoz (hayit namozi)dan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo'lur. Kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan biri bo'lur”. (Abu Dovud rivoyatlari)

Musulmon erkagu ayol, balog'atga yetgan-etmagan, xoh oqil, xoh majnun bo'lsin, nisob egasi bo'lsalar zimmalariga fitr sadaqasini berish vojib bo'ladi. Shuningdek, musulmon, nisobga moli yetgan erkak o'zi va balog'atga yetmagan, nisob egasi bo'lmagan farzandlari uchun fitr sadaqasini berishi vojib bo'ladi. Fitr sadaqasini hayit namozigacha ado etishlari kerak. Kishi fitr sadaqasini o'zi va yosh bolalari uchun berishi vojib bo'ladi. Balog'atga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqasi berish vojib emas. Bundan murod balog'atga yetgan bola o'zi berishi kerak va ayol ham o'zi berishi kerak. Fitr sadaqasini berishga qodir bo'lib, uni bermay qolgan kishining zimmasidan soqit bo'lmaydi. Fitr sadaqasi bug'doy, xurmo, mayiz yoki arpadan beriladi. Bug'doy yoki uning yormasidan, mayizdan yarim so', ya'ni 2 kilogramga yaqin beriladi. Arpa va xurmodan bir so', ya'ni 4 kilogramga yaqin miqdorda berish kerak. Bu narsalardan birortasining qiymatini bersa ham bo'ladi. Ya'ni, aynan bug'doy, mayiz yoki xurmoning o'zini emas, uning qiymatini, pul holatida ham berish mumkin.

Fitr sadaqasi zakotga haqdor bo'lgan kishilarga beriladi. Bular: faqirlar, ya'ni nisobga yetadigan mulki yo'q kishilar; miskinlar, ya'ni bir kunlik tao­­mi bor kishilar; juda qarzdor kishilar; Alloh yo'lida yurgan talabi ilmlar va boshqalar.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining qaroriga ko'ra, 2021 yil uchun fitr sadaqasining miqdori shunday: 2 kilogramm bug'doy 10 ming so'm; 4 kilogramm arpa 14 ming so'm; 2 kilogramm mayiz 80 ming so'm; 4 kilogramm xurmo 140 ming so'm deb belgilandi. Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.

— Shu o'rinda fidya haqida ham aytib o'tsangiz?

— Shariatimizda umuman ro'za tutolmaydigan darajada keksaygan, kundan-kunga zaiflashib borayotgan kishilar; surunkali kasal bo'lib, ro'za tutish sog'lig'iga ziyon yetkazishi mumkin bo'lgan kishilar; musofirlar ro'za tutmasligiga ruxsat berilgan. O'rniga ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurilgan.   Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “Sanoqli kunlarda. Sizlardan kim bemor yoki safarda bo'lsa, bas, sanog'i boshqa kunlardan. Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida fidya – bir miskin taomi bordir. Kim yaxshilikni o'z ixtiyori ila qilsa, bu o'zi uchun yaxshidir. Agar bilsangiz, ro'za tutmog'ingiz siz uchun yaxshidir” (Baqara surasi 184-oyat).

Fidya Alloh taoloning bandalariga bergan yengilligidir. Har kunlik fidyaning miqdori yarim so' (2 kilogramm) bug'doy yoki 1 so' (4 kilogramm) xurmo yoxud 1 so' (4 kilogramm) arpa. Bugungi kunda bir kunlik fidyaning miqdori 25 ming so'm etib belgilandi. Yuqorida aytgan toifamizdagi kishilar ramazon boshlangach istasalar, har kunlik fidyani bo'lib-bo'lib beradilar. Istasalar, 30 kunligini birdan beradilar. Fidyani bir kishiga ham yoki bir necha kishiga bo'lib ham berish mumkin. Fidya miskin, faqir, beva-bechora, yetim-esir va zakot berishga qodir bo'lmaganlarga beriladi. Ammo kishi ota-onasiga, turmush o'rtog'iga, farzand yoki nabiralariga hamda zakot berishga qodir bo'lgan kishilarga fidya to'lashi joiz emas. Bemor kishi tuzalib qolsa, uning bergan fidyasi bekor bo'lib, qazosini tutishi vojib bo'ladi. Ro'za tutishga qodir bo'la turib, fidya bersa, fidyasi qabul bo'lmaydi. Ma'lum vaqtdan keyin tuzalishga umidi bo'lgan bemorlar fidya bermaydilar va tuzalgach, ro'zaning qazosini tutib berishlari kerak bo'ladi.

Afsuski, ayrim kishilar ramazon vaqtida xasta bo'lsalar, fidya berib qo'yib, tuzalgach men fidya berganman, qazo tutmayman, deydilar. Bu noto'g'ridir. Homilador ayollar ham ro'za tutmaydilar, fidya ham bermaydilar. Farzandini dunyoga keltirib, uni sutdan ajratganidan so'ng qazosini tutib berishlari vojib.

Shahzod ShODMONOV suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 5 =