Ramazon – qutlug' imkoniyatlar oyi

O'tgan haftada ijtimoiy tarmoqda shunday e'lon o'qidim: “Kimda-kim Qur'on o'qiy oladigan, ammo Qur'on kitobi olishga imkoniyati bo'lmagan kishilarni, shuningdek, iqtisodiy sharoiti qiyin oilalarni bilsa, bizga murojaat qilinglar”. Bu yozuvdan keyin qator telefon raqamlari berilgan va ehtiyojmandlarga Ramazon oyida xolisanlillah muqaddas kitob hamda moddiy yordam yetkazib berilishi aytilgan.
Oylarning sultoni — Ramazonning sharofatlari, saxovatlari, xayru barakotlari nafasi yuksak tog'larning musaffo havosi, bahoriy bog'larning ifori, buloqlarning tiniqligu munavvarligini jamlab ko'ksimga, qalbimga kirib kelgandek, xayollarim nurlarga chirmashib ketgandek bo'ldi: bu mo''tabar oyning fazilatlarini to'kis anglashga ojiz ekanim aniq, shunday bo'lsa-da, eng ulug' hikmatlaridan biri bu — Ramazon rangimiz, millatimiz, tilimizdan qat'i nazar, bandalar barchamiz teng va eng yuksak martaba — insoniylik maqomiga yuksalishimiz, ikki dunyoda yuzimiz yorug' bo'lishi uchun berilgan imkoniyatlar oyi ekanini ko'p qatori anglayman. Boyliklar, unvonlar, mansablaru qaysi toifalarga mansubligimiz emas, balki jismoniy, imonu e'tiqod, ruhiy pokliklar ko'zgusida yuzimiz, qalbimiz yorug'ligi haqiqiy baxt ekanidan saboq beradi Ramazon.
Ro'za kunlari dasturxonlarimiz har doimgidan ham to'kin bo'lib ketadi. Ammo saharlikdan shomgacha bo'lgan ochlikdan keyin ozgina taomdan nafsimiz qonadi. Ba'zida bir-ikki kungina parhez ovqat tanovul qilsak, darmonimiz quriganidan noliymiz. Ro'zador kunlarda esa bora-bora yarim kosagina ovqat ham kifoya qilib, jismimiz yengillashib, dardlarimiz kamayib borayotganidan quvonamiz. Ha, an'anaviy tibbiyot XIX asrga kelib inson organizmining tozalanishida, ayrim kasalliklardan forig' bo'lishida ochlik ham mo''jizaviy vosita ekanligi haqida tadqiqotlar o'tkazib, natijalarini yangilik sifatida ma'lum qila boshladi. Aslida, musulmonlar olami uchun qariyb bir yarim ming yildan buyon Ramazon jismonan, ma'nan poklanish oyi, bayrami bo'lib kelmoqda. Balki bu Alloh farzini bajarganimiz uchun bizga yaqqol sezilib turgan mukofotdir?..
Bir aziz inson yodimga tushdi: Shayx Abdulaziz Mansur tomonidan qilingan Qur'on kitobi tarjimasi matnini avval mashinkada, keyinchalik kompyuterda tergan Rahima opa Karimjon qizi sakson yoshdan o'tib vafot etdilar (Alloh rahmatlari yog'ilsin!). Butun umri davomida ulamo ajdodlarimiz merosini bugungi avlodga yetkazishga hissa qo'shgan Rahima opa sakson yoshlari arafasida ham kirillchayu arab alifbosidagi matnlarni ko'zoynaksiz sharillatib sahifalarga terardilar. Opa bilan hayotlarining oxirgi yillarida tanishganman. Ramazon kunlaridan tashqari, yil-o'n ikki oy har dushanba, payshanbada ro'zani tark etmaydigan bu qaddi tik, chaqqon ayol bilan yo'lga chiqsak, biz ularga yetishib yurishga harakat qilardik…
Ro'zador og'zimizni nafaqat yemak-ichmakdan, balki nojo'ya, tig'li, nimkosa tagiga yashirilgan ozorli so'zlardan, gaplardan ham asraymiz. Hamisha og'ir-bosiqlik, dilovarlik, yetti o'ylab bir so'zlash kerakligini juda yaxshi bilamiz, ammo har doim ham tilimizga kuchimiz yetavermaydi. Qarang, Qodir egam shaytonlarning barchasini zanjirband etadigan bu munavvar oy bizni dilozorlikdan saqlanishga, eng og'ir gunohlarga sababchi bo'ladigan suyaksiz tilning o'zimiz va o'zgalarga zulm etishidan saqlanishga ham o'rgatmaydimi?! Ulamolar aytganidek, “Haqiqiy ro'za faqat yeb-ichishni emas, balki bekorchi va hayosiz so'zlarni ham tark etish orqali tutilgan ro'zadir”.
Bu yorug' olamda kimlar boy-badavlat, to'kislikda, kimlar kambag'allikda yashashi bilimi, mulohazasi, qalbi tor, nafsi mor odamlar uchun oddiy holatdek. Aslida, kimlar to'kinlik, kimlar esa qo'li yupqalik bilan hayot kechirishi — sinov. Zero, bu dunyo hayotida odamlar amalga oshirgan misqol zarrasidek yaxshiliklari uchun ham, misqol zarrasidek yomonliklari bois ham ajru mukofotlar olishi tayin ekan, Parvardigori olam bandalari uchun yaratgan ne'matlarning ko'pi yoki ko'prog'iga ega bo'lgan kishilarning hisob-kitobi ham o'ziga yarasha, inshoolloh. Ramazon o'zi bilib-bilmay yoki loqaydligi, yoki boylikka hirsi tufayli yon-atrofidagi moddiy va ma'naviy yordamga muhtojlarga e'tiborsiz bo'lganlar, ularning holidan xabar olmaganlar, o'zlariga ravo ko'rgan farovon hayotni vatandoshlariga ham ravo ko'rmaganlarni o'tkinchi boylikka mahliyolik g'aflatidan, baxillik balosidan, xudbinlik kasofatlaridan qutulmoqqa — qalban uyg'onmoqqa chorlaydi. Ko'pchilik mol-davlati nisobidan zakot berganlar haqida “Falonchi falonchiga yordam beribdi”, “Saxovat ko'rsatibdi”, deyishadi. Aslida, ulamolar har qanday (ayniqsa, moddiy) saxovatni ko'rsatishga jazm etgan odam o'z xatti-harakatlari, so'zlari, fe'l-atvori bilan ehson (moddiy yordam, zakot)ni qabul qilib olayotgan odamni noqulay vaziyatga tushirmasligi; yaxshilikni qabul qilib olayotgan kishidan minnatdor bo'lishi kerakligini izohlab tushuntiradilar: Alloh roziligi yo'lida saxovat qilgan kishiga Allohning mukofotlari — savobi, xayru barakoti (inshoolloh!) oldida tog'dek boylik ham tuproqdek arzimas emasmi?
Ramazonda eng ezgu tilaklar bolajonlar tilidan xonadonlarga kirib boradi:
Ramazon aytib keldik
eshigingizga,
Xudoyim o'g'il bersin
beshigingizga.
Saxovat egalari nomlari duolarga qo'shiladi:
Shu uyning orqasidan
oy ko'rinar,
Shu uyning egalari boy ko'rinar.
Dono boboyu momolar umrning tezkor, o'zimiz har bir kunga omonat ekanimizni va shu bois yaxshi ishlarimiz bilan yaxshi nom olish imkoniyati ham g'animatligini ajdodlar aytimida takrorlaydilar:
Ramazon ayta-ayta odatim-a,
Yoqamga o'ttiz tumor
qadatdim-a.
Yoqamda tumorlardan biri qani,
Bulturgi mo'minlardan
bu yil qani?..
Keyingi yillarda Ramazon oyida xolisanlillah iftorlik, saharlik tayyorlab, ro'zadorlarni mehmon qilayotgan yemakxonalar; mahsulotlari narxini arzonlashtirib sotayotgan savdo tarmoqlari ko'payib bormoqda. Kimligini pinhon tutib, ehtiyojmand oilalarga, keksalar, nogironlarga moddiy yordam ko'rsatayotganlar safi ayni Ramazonda kengaymoqda (bunday himmat bozorlardagi “paytdan foydalanib qolish” ilinjida ayrim xaridorgir mahsulotlar narxini oshirib yuboradiganlarga ham ibrat bo'ladi, inshoolloh).
So'zimizning avvalida keltirilgan ijtimoiy tarmoqdagi e'lonni o'qiganda, xayolga lop etib mamlakatimizda yildan-yilga qatorlari to'lib borayotgan badavlat tadbirkorlar, mirishkorlar… shonu sharafdorlikda, mahoratu daromadda dunyoning nomdor sportsmenlariga tenglashib, O'zbekiston bayrog'ini hilpiratib turgan yigitu qizlarimiz ham keldi. Ularning shijoati, salohiyatiga mos bo'lgan saxovatlaridan, molu mulklariga qut-baraka kiritadigan zakotlaridan yurtimizning minglab hojatmand oilalari Ramazon oyida moddiy, ma'naviy tomondan qaddini yanada tiklab oladi, Xudo xohlasa.
Aslida, nafaqat badavlatlar… balki e'tiborimiz, shirin so'zimiz, mehru oqibatimiz, kechirimliligimiz, ezgu tilak va duolarimiz bilan savoblar olmoqqa, qalb g'uborlaridan poklanmoqqa imkoniyat oyi kirib kelmoqda! Alloh barchamizni qutlug' Ramazon oyining saodatbaxsh nasibalaridan bahramand etsin.
Muhtarama ULUG'OVA