Oltin bilan yozilgan so'zlar

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, “Zafarnoma” aslida podsho Anushervoni odil uchun uning vaziri Buzurgmehr tomonidan bitilgan hikmatlar majmuasidir. Abu Ali ibn Sino Nuh ibn Mansur Somoniy ko'rsatmasi bilan uni milodiy 997 yilda qadimda qo'llanilgan pahlaviy tilidan forsiyga o'girgan. Bu risola asrlar mobaynida eng nodir asarlar qatorida avaylab-asrab kelingan.

Odil Anushervon zamonida hech narsa hikmatli so'zdek qadrlanmas, u davr donishmandlari g'oyat e'tiqodli va pokdomon edilar.

Aytishlaricha, bir kuni Anushervon Buzurgmehrni huzuriga chaqirib, dedi:

— Hayotiy tajribalardan tug'ilgan hikmatlarni jamlasangiz. So'zi iloji boricha ixcham, lekin ma'nosi keng bo'lsin. Toki dunyodagi jamiki insonlarga foydasi tegsin.

Buzurgmehr bir yil muhlat so'rab, bu so'zlarni jamladi. Unga “Zafarnoma” deb nom qo'ydi va Anushervon huzuriga olib bordi. Kitob shohga ma'qul bo'ldi.

Buzurgmehrning xususiy mulklariga yana bir shaharni qo'shib berdi. Kitobdagi hikmatlarni esa tilla suvi bilan ko'chirishni buyurdi. Bu so'zlarni u doimo o'zi bilan birga olib yurar, ko'p vaqtini ularni mutolaa qilishga sarflardi…

Buzurgmehr shunday naql qiladi:

— Men ustozimdan so'rardim va u javob qaytarardi. Undan so'radim:

— Ey ustoz, Xudodan nima tilasam, Undan barcha yaxshiliklarni so'ragan bo'laman?

— Uch narsa: sog'lik, xotirjamlik va boylik.

Ishlarimni kimga ishonib topshiray?

— Har tomonlama munosib bo'lgan kishiga.

Kimdan ehtiyot bo'lay?

— Hasad qiladigan do'stdan.

Behishtga muyassar etuvchi narsa nima?

— Ilm o'rganmoq va yoshlikdan Haq zikriyu halol ish bilan mashg'ul bo'lmoq.

Odamlar nazarida juda katta bo'lib ko'rinadigan ayb qaysi?

— O'z hunarini maqtanib ta'riflamoq.

Agar noloyiq do'st paydo bo'lsa, undan qanday qilib uzoqlashmoq kerak?

— Uch yo'l bilan, ya'ni huzuriga kam borish, hol-ahvol so'ramaslik va undan yordam kutmaslik bilan.

Ishlar sa'y-harakatga bog'liqmi yoki taqdiri azalga?

— Sa'y-harakat taqdirga sabab bo'ladi.

Yoshlardagi qaysi fazilat yaxshi-yu, keksalardagi ne xislat afzal?

— Yoshlardagi sharm-hayo va shijoat, keksalardagi donolig-u vazminlik.

Kimlardan ehtiyot bo'lay?

— Riyokor xushomadgo'y va xasisdan.

Saxiy kim?

— O'z saxovatidan mamnun kishi.

Odamlar hamisha qidiradigan, ammo hech kim to'liq topolmaydigan narsa nima?

— Uch narsa: salomatlik, shodlik va sodiq do'st.

Yaxshilik durustmi yoki yomonlikdan uzoq bo'lishmi?

— Yomonlikdan uzoq bo'lish barcha yaxshiliklarning ibtidosidir.

Ayb sanaladigan biror fazilat bormi?

— Minnatli saxovat.

Mardlikdan dalolat beruvchi narsa nima?

— Imkon boricha afv etish.

Oqillarning qaysi ishi yaxshiroq?

— Yomonni yomon yo'ldan qaytarish.

Odamlarga qaysi ishi ko'proq zarar keltiradi?

— Xalq ko'zidan yashirin ayblari.

Inson hayoti uchun eng zarur narsa nima?

— Farog'at va xotirjamlik.

O'limdan battarroq narsa nima?

— Faqirlik.

Do'stlikka raxna soladigan illatlar qaysi?

— To'rt narsa: ulug'lardagi baxillik, donishmandlardagi kibru havo, ayollardagi besharmlik va erkaklardagi yolg'onchilik.

Odamlarning ishini barbod qiluvchi narsa nima?

— Zolimlarni ulug'lash.

Tabiblarga hojat qolmasligi uchun nima qilish lozim?

— Oz yemoq, oz uxlamoq, oz so'zlamoq.

Xorlikka nima sabab bo'ladi?

— Yalqovlik va axloqsizlik.

G'amga nima sabab bo'ladi?

— Yolg'izlik.

Nomusu hamiyatni nima barbod qiladi?

— Tama.

Tavozening asosi nimada?

— Chehrasi ochiq bo'lish va o'zidan mamnun bo'lishda.

Kimdan maslahat so'ray?

— Uch fazilatga – halol hayot kechiradigan, yaxshilarga mehr bilan qaraydigan va chuqur bilimga ega kishidan.

Odamlar qaysi fazilatlarni ko'proq qadrlaydilar?

— Uch narsani: birovlarga sitam o'tkazmaslik, yolg'on so'zlamaslik, gap bilan birovni xafa qilmaslikni.

Mol-dunyo to'plashdan maqsad nima?

— Zimmadagi qarzlarni uzish, ota-onaning turmushini ta'minlash, dushmanni do'stga aylantirish, do'st-u dushman bilan murosa qilish.

Yeyilmasa ham vujudga foyda keltiradigan biror narsa bormi?

— Yaxshilar suhbati, yoru do'st diydori, ohorli kiyim, mo''tadil hammom va yoqimli hid.

Sharaf nima?

— O'z vazifasini boshqalar zimmasiga yuklamaslik.

O'zi shirin, ammo tatib ko'rgan kishini o'ldiradigan narsa nima?

— Hasad.

Aslo xarob bo'lmaydigan bino qaysi?

— Adolat binosi.

Oxiri shirin achchiqlik qaysi?

— Sabr.

Oxiri achchiq shirinlik qaysi?

— Shoshqaloqlik.

Qaysi dushman barcha do'stlardan aziz tuyuladi?

— Nafs.

Odamlar qaysi balodan qochib qutulolmaydilar?

— Ishq.

Qaysi fazilat ayolu erkak uchun ziynat sanaladi?

— To'g'rilik va poklik.

Qaysi yo'lning oxiri yaxshilikka olib bormaydi?

— Faqiru fuqarolarga zulm o'tkazish.

“G'am-qayg'usiz yashay desangiz”

kitobidan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =