Rahbar yurtparvar bo'lmasa…
Prezidentimizning Farg'onaga tashrifi har safar fayzli uchrashuvlar, yangi–yangi g'oyalar, unutilmas taassurotlarga boy bo'layapti. Bu galgisi aholiga yanada xushkayfiyat, mamnunlik ulashdi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Endigi masala Prezident tashrifidan so'ng o'quvchi-yoshlarning ta'lim-tarbiyasi qanday takomillashtiriladi? Prezident vakillari — hokim va sektor boshliqlari dunyoqarashi o'zgaradimi?
Afsuski, shu kungacha ayrim rahbarlar, ba'zi sektor boshliqlarining ish faoliyatida o'zgarish sezilmayotgan edi. Ochiq aytganda, rahbarlar yerda yurib, odamlar og'irini yengil qilganda ijtimoiy tarmoqlarda ularga achchiq gaplar bu qadar serob bo'lmasdi. Ammo kabinetda o'tirib, mashinada yurib bunga erishib bo'lmasligini anglab yetolmayotgan rahbarlar borligi achinarli, albatta.
Prezidentimiz ikki yil ichida Farg'ona viloyatini Respublikada “Eng namunali viloyat” qilish mumkin, deya ta'kidladi. Buning uchun Farg'ona faollari, rahbarlari, ayniqsa, sektor boshliqlari, avvalo, fidoyi, vatanparvar bo'lishlari kerak.
Prezident ko'rsatmasiga asosan yangi tizim bo'yicha sektor boshliqlariga viloyatdagi 1041 ta mahalla bo'lib berildi. Viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlari ham MFYlarga biriktirildi. Ular endilikda fuqarobay, xonadonbay, mahallabay tizimda faoliyat olib boradilar.
Prezidentimiz tashriflari hamda yurtimizda keyingi 3-4 yil ichida amalga oshirilgan o'zgarishlar haqida fermer Shodiboy TEMIROV to'lqinlanib so'zladi:
— Butun umrim dalada o'tayotgani rost. Ammo bunaqasini ko'rmaganman. Rosti, qishlog'imizda birorta tegirmon ham yo'q edi. O'zimizning qishloqlik tadbirkor Mo'minjon Yo'ldoshev tug'ilgan maskani uchun, tumani uchun, yurti — Vatani uchun zo'r ishlarni qildi, qilyapti. Log'on shahar bo'lib ketdi. Paxta zavodi, to'qimachilik fabrikasi, charm mahsulotlar ishlab chiqarish fabrikasi… Yana paxtani tolaga, chigitni kunjara, sheluxaga ajratadigan sex, o'simlik moyi chiqaradigan shohobcha ishga tushayapti. Hozir ikki mingga yaqin odam ishli bo'lgan bo'lsa, yana ming-minglab ishchi o'rinlari yaratilishiga shubha yo'q.
Shundan so'ng, Xalq deputatlari Farg'ona viloyat Kengashi deputati Mo'minjon Yo'ldoshevning qilingan, qilinayotgan o'zgarishlar to'g'risida fikrlari bilan qiziqdik:
— Bizning Farg'ona tumani, Log'on qishlog'ida umuman birorta ishlab chiqarish sexi yoki ob'yekti bo'lmagan. Mol-qo'y boqib, dalada mehnat qilib kelganmiz. Mana, keyingi 3-4 yil ichida qator ishlab chiqarish obektlarini qurdik va ishga tushirdik. Davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan foydalandik. Bunday qulayliklar O'zbekistonda g'oyat sodda, ixcham qilib yaratilgani bizga qo'l kelayapti.
Men ko'p chet ellarda bo'lganman. Oddiy bir ishlab chiqarish sexi uchun o'sha Dubayda ham, Yevropa mamlakatlarida ham oylab yugurasiz. Keyin bu hujjat ishlariga 10-15 ming dollar mablag' sarflaysiz.
Charm mahsulotlari tayyorlash, to'qimachilik korxonasida hozirgi kunda to'rt ming nafar odam ishlayapti. Ularning yetmish foizdan ko'prog'i yoshlar. Yana yangi korxonamiz bityapti. Unda ham yangi ish o'rinlari yaratiladi, — dedi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Farg'onada yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, o'qish-o'zlashtirishlarda qilinayotgan amaliy natijalar borasida gapirar ekan, yoshlarning fikri bilan qiziqdi.
Sadafbek HUSANBOYEV, Farg'ona viloyati loyihalar fabrikasi menedjeri:
— Viloyatdagi mavjud kollejlar, kasb-hunarga yo'naltirilgan o'rta-maxsus o'quv yurtlarida o'quvchilar uchun yotoqxonalar barpo etib, ular uchun qulay sharoit yaratishni maqsad qilganmiz. Shunda o'quvchilarning emin-erkin bilim olishlariga imkon yaratiladi, ular ijarada yashash tashvishidan xoli bo'ladi.
Prezidentimiz farg'onalik yoshlarning zamonaviy, ilg'or loyihalarni amalga oshirishlarida — Xitoy Xalq Respublikasiga borib tajriba almashib kelish tashabbusini qo'llab-quvvatladi.
Ayniqsa, yoshlar yetakchisi Boburbek MO'MINOVning qat'iy fikrlari Prezidentimizga ma'qul keldi.
— “Farg'ona azot” zavodida yoshlar yetakchisi bo'lib ishlardim. Viloyat Kengashi sessiyasida Prezidentimizga biz – yoshlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida gapirdim. O'sha onda meni Prezidentimizning o'zlari Farg'ona shahar hokimining birinchi o'rinbosari vazifasiga tayinladilar. Hayotimda yangi kun, yangi sahifa ochildi. Bu yuksak ishonchni oqlash uchun bor kuch-g'ayratimni, bilim va malakamni sarflayman, — dedi B.Mo'minov.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrifning ikkinchi kunida Farg'ona shahridagi “Shodiyona” MFYga bordi.
— Xayolimizga ham kelmagan edi, tushimizga ham kirmagan edi, — deya o'z hayajonini yashirmay so'zladi shu mahallada yashovchi faol ayollardan biri. — Ko'rib, ko'zimizga ishonmasdik. Qarasak, Prezidentimiz yuribdilar. Biz Yurtboshimizni ko'rib, hol-ahvol so'rashish, xonadonimiz yonida uchrashish baxtiga muyassar bo'ldik. Ishoning, bizning mahalla qanchalar baxtli mahalla!
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining kutilmaganda rejalashtirilmagan, tashrif doirasida bo'lmagan tarzda bu mahallaga borishi, barcha katta-kichik rahbarlarni shoshiltirib qo'ydi. Xalq ichiga kirish ana shunday bo'ladi! Eng muhimi, bugun “Shodiyona” mahallasida olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq. Mahallani obod qilishga hamma kirishgan.
Lekin… Prezident borgunicha nega mas'ullar jim edilar? Ular shu yumushlarga oldinroq nega kirishmagan edi?
Hamma jumboq ana shunda!
S. DADAXO'JAYEV,
“Vodil yog'dusi” gazetasi muharriri