Yangilanayotgan jamiyatda yangicha tafakkur kerak
Ma'rifatni mash'alga qiyos qilishadi. Albatta, mash'alning safning qaerida bo'lishi va kimning qo'lida bo'lishi katta ahamiyatga ega. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 26 mart kuni qabul qilingan “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” va “Ma'naviyat va ijodni qo'llab-quvvatlash maqsadli jamg'armasini tashkil etish to'g'risida”gi qarorlari dasturiy hujjat, jadal olg'a borayotgan mustahkam saflarning uzoq manzilini yoritib beruvchi chinakam mash'ala bo'ldi.
Qarorlarda davr ruhidan kelib chiqib, keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida ongu tafakkuri, dunyoqarashi o'zgarib borayotgan xalqimizning yangi marralarni zabt etishida ma'naviy mash'ala bo'lib xizmat qiladigan “yo'l xaritasi”ni amalga oshirishning asoslari belgilab berildi. Ma'lumki, keyingi 3-4 yilda ma'naviyat, umuman, ruhoniy omillarni rivojlantirishni ko'zda tutgan ko'plab hujjatlar qabul qilindi, amaliy ishlar ado etildi. Olaylik, Adiblar xiyoboni chinakamiga ma'naviyat maskaniga aylandi. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining faoliyati muttasil takomillashtirib borilmoqda.
Mazkur qarorlarning mohiyati shundaki, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” deb atalgan hayotbaxsh g'oyaning talablari ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yangi bosqichda, o'zgarayotgan davr talablari asosida qayta tashkil etishni taqozo qilmoqda edi.
Avvalo, yurtimiz taraqqiyoti yo'lida qo'yilayotgan qadamlarning olamshumulligi, islohotlar ko'lamining kengligi va teranligi dunyo hamjamiyatida kechayotgan keskin o'zgarishlar fonida masalaga yana ham hayotiy va zamonaviy yondashish talabini ko'ndalang qo'yadi. Ayniqsa, mafkura – tashviqot va targ'ibot borasida davr ruhini his etmaslik yo g'ofillikdan, yoki mudroqlikdan dalolatdir. Odamlar ruhiyatiga ta'sir qiladigan vositalar oshib-toshib ketayotgan ayni sharoitda maqsadga erishish uchun eng so'nggi texnologiyalardan foydalanish yumushni osonlashtirishi mumkin. Har kuni vaqtini telefondagi turli saytlar girdobida kechirayotgan, ekran orqali muntazam targ'ib qilinayotgan mudhish olamda yashayotgan kishini birdaniga yorug' dunyoga qaytarish qiyin kechadi. Zalolatdan zulmatga ko'nikib qolgan odamning nigohlari yorug'likka birdaniga moslashmasligi mumkin. Shu tufayli ham mafkura borasida olib borilayotgan salmoqli ishlarga qaramasdan jamiyatning barcha qatlamlarida turmushimizda kechayotgan o'zgarishlarni his qilishda, yangilanishlar jarayonida ma'naviy-ma'rifiy islohotlarning samaradorligiga to'siq bo'layotgan muammolar uchramoqda.
Agar ularning mohiyatiga razm solinadigan bo'lsa, muammolar bir xil manbalardan ozuqlanayotganini, faoliyatda muttasillik kasb etib, umumiy ko'rinishda tizimli tus olayotganini sezmaslik mumkin emas.
Ma'naviy ishlar amaliyotida qator kamchiliklar ham ko'zga tashlanmoqda. Bu, ayniqsa, targ'ibot jarayonlarini tashkil qilishda yaxlit tizim mavjud emasligida aniqroq ko'zga tashlanayapti. Olaylik, katta xarajatlar evaziga olis viloyatga mo''tabar madaniyat arboblari, mashhur olimlar, taniqli san'atkorlar, tashkilotchi yoshlar vakillaridan iborat obro'li ijodiy-ilmiy jamoa tashrif buyuradi. Avvalo, ularning kutib olinishi, joylashtirilishi obdon o'ylangan bo'lishi mumkin, lekin oradan hech qancha vaqt o'tmay, muammolar yuzaga kela boshlaydi: transport, auditoriya, qolaversa, yashash va ovqatlanish masalasida ham hammasi oxirigacha hal qilinmagan bo'lib chiqadi.
Mayli, bular ham ortda qoladi, mehmonlarni intizor bo'lib kutgan aholi vakillari bilan uchrashuv boshlanadi. Yana anglashilmovchiliklar yuzaga chiqa boshlaydi. Hurmatli mehmonlar tomonidan bildirilayotgan fikrlar tinglovchilar uchun u qadar yangilik emas yoki aytilayotgan gaplarning hammasini tushunib olish mushkul. Mutasaddilar bu yog'ini ham o'ylab qo'yganlar, kelganlarga taniqli xonandaning tashrifi va uning repertuari shipshitib qo'yilgan. Tinglovchilar shu lahzalarni kutib, sabr bilan “intiq bo'lib kutgan” ma'ruzalarni tinglaydilar, biroq hamma ilhaq. Nihoyat, kutilgan lahzalar boshlanadi, polni zir titratib yuboradigan kuchli qurilmalar ishga tushadi va yeru ko'kni to'ldirib, musiqa yangraydi. Hammaning bahri dili ochilib ketadi, oldin jonni o'rtovchi qo'shiq, izidan tog'ni ham ko'chiruvchi raqsbop ohang. Boshlanadi, hamma o'rtada, o'ynagan ham o'ynaydi, o'ynamagan ham o'ynaydi. Chunki bugungi tadbirning talabi shunday. Oxirida hamma mamnun tarqaladi.
Ammo mohiyatda nima namoyon bo'ladi? Holbuki, uzoq poytaxtdan mehmonlar bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklar, yaratuvchilik kayfiyati, olamshumul rejalar haqida so'z ochib, yurtdoshlarimiz qalbida ertangi kunga umid-ishonch tuyg'ularini jo'shtirishlari lozim edi-ku! Ishtirokchilar esa kuy-qo'shiqning zavqi bilan qushdek uchib, uyga qaytayaptilar. Ular hatto mehmonlarning kimligi-yu, qanday gap-so'z bo'lganligini ham eslay olmasalar ajab emas. Aksariyat tashkil qilinayotgan ma'rifiy tadbirlar shu yo'sinda o'tkazib kelindi. Oqibatda, ko'zlangan maqsad bir chetda qolib, kishilarda zamonaviy estradaga ishtiyoq kuchaygandan kuchayib bordi. Albatta, bu o'rinda hech kim odamlarning musiqa eshitishi yoki raqsga tushishiga qarshi emas, ammo masalaning tashkiliy tomoni kishida e'tiroz tug'diradi. Aynan ijtimoiy hayotiy voqealar yuzasidan gap ketgan jiddiy rasmiy yig'ilishdan so'ng hammaning ko'ngilxushlik qilishi naqadar joiz, shu holga ehtiyoj bormi, vaziyat talab qilayaptimi? (Har qanday ma'naviy-ma'rifiy tadbirni tashkil qilishdan oldin ana shu masalalar yuzasidan jiddiy o'ylab ko'rish shart). Axir go'zallikning ham o'z me'yorlari, talablari bor-ku (deylik, qoshga o'sma, ko'zga surma tortiladi!). Nima muhimligini avval boshdan chuqur o'ylab olish lozim emasmi? Ha, muammo shunda. Hech qachon asosiy narsani ikkinchi darajalisi bilan aralashtirib bo'lmaydi. Omadi gapni aytganda esa shunday tadbirlardan ko'zda tutilgan natijalarga tuman yoki viloyat gazetasi orqali juda o'ng'ay erishish mumkin. Gazetalar sahifasidagi jonli targ'ibot orqali yurtdoshlarimiz bugungi bunyodkorlik ishlariga ko'proq safarbar qilinishlari bor gap. Chunki matbuot xalqqa yaqin, uning maqolalari hech kimni beparvo qoldirmaydi.
Yoki targ'ibot ishlarida hamon umrini o'tab bo'lgan uslub va yondashuvlardan foydalanilmoqda. Eng oson yo'li – bir joyga 50-60 chog'li odamni to'plab, almisoqdan qolgan uslubda ma'ruza qilish hollari ham uchraydi. Holbuki, turli vertual vositalar orqali miyaning eng sokin joylarigacha kirib boradigan tasvir hamda ovoz omuxtaligidagi ta'sirlar ostida yashayotgan yoshlarga notiqning zerikarli ma'ruzasi chivin chaqqancha ta'sir qilarmikan? Ma'naviy tahdid girdobiga tushib qolgan o'smir bu siyqa yondashuvdan o'z dunyoqarashini o'zgartira oladigan samara olarmikan? Aksincha, bunday ishlarni eng so'nggi texnologiyalar va uslublar asosida tashkil etib, kirlangan dunyoqarash va g'uborli ma'naviyatni poklash yo'llarining eng zamonaviy usullari izlanishi lozim emasmi? Holbuki, bugungi kunda jahon tajribasida kishilar ongi va shuuriga ta'sir etishning eng samarali vositalari yuzasidan yangiliklar izlab topilishi, dunyo tajribasi o'rganilishi, uning natijalari milliy ma'naviyatimiz asoslari bilan umumlashtirilishi lozim emasmi? Shunda targ'ibot-tashviqot ishlarining zamonaviy metodologiyasi yaratilgan bo'lardi ehtimol. Bu yo'nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarining yo'lga qo'yilishidan tortib, ularning natijasigacha bugungi kun talabiga javob bermasligi qarorda o'rinli ta'kidlangan.
Hozirgacha davlat organlari (vazirlik, davlatga qarashli ishlab chiqarish tuzilmalari va boshqalar) hamda nodavlat tashkilotlar (jamg'armalar, jamiyatlar va hokazo) olib borayotgan ma'rifiy ishlar mazmuni va mundarijasida umumiyliklar ta'minlanmagan, yagona boshqarish tartibi joriy qilinmagan, ularning faoliyatini tashkil qilishda ishchi guruhlarning o'rni bilinmasdi. Bu hol qaysidir darajada tarqoqlik va parokandalikka olib borardi. Endilikda ma'naviy-ma'rifiy jarayonlarni tashkil etishda yaxlit tizim joriy qilish maqsadida mafkuraviy ishlarning asosiy yo'nalishlari bo'yicha davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va ishchi (ekspert) guruhlarning bu boradagi faoliyatini tartibga solish maqsadida umumiy ilmiy mezonlar joriy etiladi. Shu maqsadda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi yo'l xaritalari orqali tashkilot va muassasalar bilan olib borilajak ishlarni muvofiqlashtirib boradi.
Ma'lumki, dunyo hamjamiyatida yoshlar ongi, dunyoqarashi uchun ko'zga ko'rinmas kurash ketmoqda. Negaki, ayni paytda urchib ketgan turli oqimlarning yashab qolish-qolmasligi yoshlarning tanloviga ko'p tomonlama bog'liq. Qarorda yoshlarimiz ongiga salbiy ta'sir etuvchi, ularni g'oyaviy jihatdan qaram etishga yo'naltirilgan harakatlarga murosasiz bo'lish talabi ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida e'tirof etilib, irodali, fidoyi, vatanparvar va o'z mustaqil fikriga ega avlodni tarbiyalash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish belgilab qo'yilgan. Buning uchun Markaz Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi, ta'lim muassasalaridagi tashkilotlar bilan hamkorlikda olib boradigan ishlar ko'lamini kengaytiradi. Yangi, zamonaviy yondashuvlar tizimi amaliyotga joriy etiladi. Bunda muassasa qoshidagi mediamarkaz mahsulotlaridan va boshqa ko'rgazmali vositalardan keng foydalaniladi.
Markaz tuzilgan 1994 yildan beri uning faoliyati takomillashtirilib borilayapti. Mazkur qaror asosida yana uning vazifalar tizimi ancha yangilandi. Jumladan, taraqqiyotning hozirgi bosqichida davlatimiz o'tkazayotgan siyosatning mohiyati ko'pincha to'la va to'g'ri tartibda xalq ommasiga yetib borishi ta'minlanmayapti. Ijtimoiy tarmoqlar negadir qora dog'larni ko'proq ko'radilar-u, buyuk o'zgarishlarga ko'zni yumib oladilar. Ba'zan islohotlarning mohiyati, mazmuni manfaatlardan kelib chiqib talqin qilinadi. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ahamiyatini aksariyat hollarda aholi keng tabaqalari o'rtasida keng targ'ib qilish kechikib ketadi yoki bunday tashviqot ishlari amalga oshirilmaydi. Qaror asosida Markazga endilikda faoliyatning mohiyatini jamoatchilikka o'z vaqtida va mukammal tarzda yetkazish bo'yicha tashkilotlarga targ'ibot ishlarining mazmuni va uslubiyati to'la aks etgan tavsiya va takliflar tayyorlash vazifasi ham yuklatildi.
“Ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorda bu boradagi ishlarning ustuvor yo'nalishlari aniq belgilab qo'yilgan. Jumladan, “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g'oyasini keng targ'ib qilish orqali jamiyatda sog'lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish ana shu ustuvor yo'nalishlarning birinchisidir. Sog'lom dunyoqarash va bunyodkorlik muhiti Prezidentimiz tomonidan bildirilgan “Jamiyatning tani iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir” degan qoidaning mantiqiy davomi, uning ijtimoiy hayotdagi in'ikosidir. Sog'lom dunyoqarash buyuk bunyodkorlikka ma'naviy rahnamo — poydevor bo'ladi, har bir yumushda milliy qadriyatlar, ruhoniy yuksaklik, vatanparvarlik va fidoyilik muvaffaqiyatlarga eltuvchi omil bo'lib xizmat qiladi. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g'oyasining ikki tirgagi ham shu, mazkur tarixiy qarorlardan ko'zda tutilgan maqsad ham shu.
Hakim SATTORIY,
Respublika Ma'naviyat va
ma'rifat markazi xodimi
