Yoshlarga odamiylikni singdiraylik

Prezidentimiz tomonidan ushbu yilning 19 yanvar kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha videoselektor yig'ilishi o'tkazilganidan yurtdoshlarimiz yaxshi xabardor. Zero, videoselektorda ko'tarilgan masalalar sog'lom fikr­­li har bir insonni tashvishga solishi, mulohaza qilishga, yuzaga kelayotgan ko'ngilsiz holatni o'nglashga undashi kerak.

Odamiylik — xalqimizning azaliy xislati. Ajdodimiz ma'naviy ilmga, uning takomiliga baholi qudrat hissa qo'shgan, sodda va beg'ubor insoniy munosabatlar esa hamisha milliy qadriyatlarimiz sarasi hisoblangan.

Ma'rifatparvar jadid vatandoshimiz Mahmudxo'ja Behbudiy 1913 yilda “Moziy — istiqbolning tarozusidir, har kim o'lchasun-da, bilsun”, deb yozgan ekan. Hozirgi kunga kelib, yaqin o'tmishda bobolarimiz ehtiyotlagan odob-axloq va ta'lim-tarbiya arkonlaridan, nodir qadriyatlarimizdan ancha uzoqlashdik. Oqibatini esa ko'rib-bilib turibmiz.

 

Yarimta zog'ora non

 

Ikkinchi jahon urushi mahali. Ochlik, qahatchilikdan hammaning tinkasi qurigan. Vodiy tarafda bir ayol qo'shnisiga, och qolgan farzandlari uchun: “Tilla boldog'imni yarimta zog'ora nonga almashtiring”, deb yalinibdi. Qo'shni nonni beribdi va tilla boldoqni eski do'ppiga o'rab, sandiqqa tashlab qo'yibdi. Oradan yillar o'tib, farzandiga vasiyat qilibdi: sandiqning to'rida falonchi qo'shnining tilla boldog'i bor, bir dona zog'ora non evaziga egasiga qaytarishing kerak.

Vasiyatni ado etish payti to'qchilikka, bitta tilla boldoq puliga 10 qop un keladigan kunlarga to'g'ri kelgan ekan. Vaqti kelib, o'sha ayol boldoqning yodgorlik ekanini aytib, qaytarishini so'rab, evaziga bir qop un bermoqchi bo'ladi. Qo'shnining farzandi esa: “Yo'q, onam bir dona zog'ora non evaziga qaytarasan, deganlar”, deb aytgan ekan…

Bundayin odamgarchilik, mehr-oqibat, va'daga vafo, omonatga xiyonat qilmaslik uncha-muncha millatda yo'q. Aslida ham bu nodir xislatlarni, halollikni biror kimsaga aytib, yozdirib singdirish qiyin. Tansiq taom pishirilgan kuni qo'shnisiga ilinadigan, dard cheksa, boshiga tashvish tushsa, og'a-­inidan avval parvona bo'ladigan xalq yer yuzida yana bormi?! Qo'shnining bolasi ham mening bolam deydigani-chi?!

“Assalomu alaykum”, deb og'iz rostlashimiz bilan yelkamizga o'ndan ortiq majburiyat tushadi. Ruhiyatimizni, chehramizni salom tilagiga chog'laymiz. O'tirgan turadi, yonboshlagan qo'zg'aladi. Shoshib qadam tashlayotgan sekinlaydi. So'rashadiganimiz tabarruk kishi bo'lsa, alohida tavoze ko'rsatamiz. Agar sanayman desak, bu salom odobiga daxldor majburiyatlar juda ko'p. Bir so'z bilan aytilsa, salom berishning o'zi katta maktab, butun boshli ilm. Bularning barchasi bolalarga namuna ko'rsatib, ibrat bo'lib yetkaziladigan ilmlar. Biz kattalar bu maktab va ilmni yoshlarga yetarli o'rgata olmayotganimiz achinarli. Tarbiyaning, ta'sir o'tkazishning oddiy usullaridan, samimiy uslublardan foydalana olmayotganimiz tashvishli. Bolalarimizga telefon “bobo va buvi”, “ota va ona” bo'lib borayotganiga tomoshabinday toqat qilib yurganimiz irodasizlik, borib turgan loqaydlik emasmi?!

 

Eng og'riqlisi — qaramlik

 

Dunyoda ma'naviy qaramlikdan og'irroq savdo yo'q. Qaramlik inson ruhini yemiradigan illat. Mus­taqillikni cheklaydi, taraqqiyotga zarba beradi, g'oya­viy-mafkuraviy tazyiqlar millatni, shaxsni, insonni xarob qiladi. O'zgalar xohish va istagiga qarab borish qalb muteligini keltirib chiqaradi. Borib-borib loqaydlik, beparvolik odatiy holga aylanadi. Ma'naviy qashshoqlik, iymon-e'tiqod zaiflashuvi milliy qadriyatlarni zavolga olib boradi. Oqibat ayon. Mayib-majruh ma'naviyat bilan istiqbol haqida o'ylashning o'zi ortiqcha.

Bugun odamzod telefonga yopishib olib, ma'naviy-ruhiy tanazzulga qarab borayotganday. Yetti yoshda ham, yetmish yoshda ham telefon. Hamma unga qaram bo'lib qolganday. Uyqudan bosh ko'tarmay bu matoh qurg'ur qo'llarimizda bo'ladi. O'zaro munosabat ham, nima yeyish-ichish ham, nima deyish-demaslik ham, muomala va muomalasizlik ham telefonda. Hatto mashina boshqarib borayotganlar ham telefondan uzila olmaydi. Diqqat-e'tibori chalg'ib, yo'l-transport hodisasiga yo'liqishlar birin-sirin ko'payib borayotgani ham nadomat.

Reklamaning kuchaygani-chi?! Biznes egalari duch kelgan konsentratni, sog'likka to'g'ri keladimi-yo'qmi, ijtimoiy tarmoqqa tiqishtirib yotibdi. Dori-darmonini ko'z-ko'z qilish, nima bo'lsayam pullash kuchayib ketdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilayotgan malakali mutaxassis, tajriba ko'rgan, ilmi bor olim yoki fozil insonlar yo'l-yo'rig'iga toqat qilish mumkin. Ko'pincha ona tilimizni abgor qilib, chala-chulpa gap tizib, bachkana, shaloq so'zlar bilan betayin matn­larini joylayotganlarga nima deysiz?! Ayrimlarini o'qib, kulishingni ham, kuyishingni ham bilmaysan. Bor-yo'g'i ikkita gapda o'nlab xato. Go'yo uyalish, nomus qilish ham yot tuyg'uga aylanib bo'lgandek, savodsizligidan uyalishmaydi ham. Shunday kimsalar yana osmonu falakdan kelib, fikr aytmoqchi, boshqalarga aql o'rgatmoqchi bo'ladilar. Shu holatni o'g'il-qizlarimiz ko'ryapti, “bo'laverarkan-ku”, degan xulosaga kelayotgani, aqli va tafakkuri chaqilib borayotgani — eng xavflisi shu.

Taassuflar bo'lsinki, odobimizda ovoza qilinishi uyat sanalgan qaysidir oilaning o'zaro janjali, kimningdir nomussizligi, yana birovning sharmandali haqoratlari ijtimoiy tarmoqning “mulki”ga aylanib, telefonlararo jamiyatga yoyilayotganiga qanday toqat qilish mumkin?!

Yaqinda yonib turgan “Damas” videoga olinib, tarmoqlarga qo'yilibdi. Suratga olayotgan yigitlar hiringlaydi, xolos. “Ana portladi”, degan ovozlar eshitiladi. Orqasidan hafsalasizlik bilan: “Bo'ldi, o'chir, endi qizig'i yo'q”, degan ovoz keldi. Tavba, yana bir marta tavbaki, o'zbekning o'g'loni qachon bu kabi favqulodda yuz beradigan holatlarga, musibatlarga tomoshabin bo'lib qarab turgan. Axir qachondan buyon o'zgalar kulfati tomosha manbai bo'lib qoldi?

“Ommaviy madaniyat” niqobi bilan tarmoqlarga tiqishtirilayotgan yuzsizlikni, turli to'nta­rishlarni, jangarilikni targ'ib qilishlar qadriyatlarimizni ichidan yemirishi mumkinligini his qilishimiz zarur va aslo unutmasligimiz kerak. Bunday “o'yin”larni o'ylab topgan Yevropaning o'zi ham ta'bir joiz bo'lsa, bugun “bosh”ini ushlab o'tiribdi.

 

Odamiylik tiynatdan

 

Yoshlar bebosh bo'lib ketdi, aytganimizni qilmayapti, deb o'tirishimiz noto'g'ri, nazarimda. Ochiq tan olaveraylik, biz o'zimiz ham o'g'il-qizlarimizdan bir qadar uzoqlashib qoldik. Bahonalarimiz ham o'zimizcha asosli. Ota “ishlashim kerak, tirikchiligini ta'minlashim kerak”, deydi. Ona “men uyda o'tirib nima qildim”, deydi. Qo'li bo'shasa, u ham telefonni ermak qiladi. Shunday qilib, ertaga boshimizga og'irroq bo'lib tushadigan tashvishni oldindan ko'rolmayotgandaymiz.

Odamiylik — ilm. Faqat bu ilmni egallash uchun o'qish va o'rganishning o'zi kamlik qiladi. Odamiylik qonda bo'ladi. Shaxsiy ibrat, yuksak namuna lozim bo'ladi. Uni his etiladi, mehr-muhabbatli so'zimiz, ardoqli qo'llarimiz, yuragimizdagi taftimiz bilan farzandlarimizga singdirishimiz kerak bo'ladi. O'qishdadir, ishdadir erishgan har qanday natijasini rag'batlantirishimiz, bolajonimizni bag'rimizga bosib, mehr ko'rsatishimiz, boshlarini silab, ko'zlarimiz orqali mehr berishimiz, odamiylik taftini yuqtirishimiz lozim. Shundagina ularni o'zimizga yaqin qilamiz, ularni boshboshdoqlikdan qutqaramiz, boshiga tushishi muqarrar balo-ofatlardan himoyalaymiz.

Davlatimiz rahbari tomonidan ko'tarilgan masalalar har qanday iqtisodiy islohotlardan muhim. Qarsak natijaga binoan chalinadi. O'ng qo'limiz ma'naviyat va ma'rifat bo'lsa, so'li iqtisodiyot va taraqqiyotdir. Bir qo'l bilan esa chapak chalib bo'lmaydi.

Biz, eng avvalo, ma'naviyat so'zining mazmun-mohiyatini, ko'zlangan ezgu-maqsadlarni obdon o'ylab ko'rib, har birimiz tegishli xulosa chiqarishimiz, targ'ibot va tashviqotda fidoyi bo'lishimiz, o'g'il-qizlarimizda esa odamiylik hissini kuchaytirishimiz talab etiladi.

Zero, Yurtboshimiz aytganidek, ma'naviyat masalasi hammaga va hamisha tegishli bo'lmog'i kerak.

Mahmudjon PARPIYEV,

Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim va

sog'liqni saqlash masalalari

qo'mitasi raisi o'rinbosari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − eleven =