Shikoyatlar nega o'qilmayapti? Yoki oliy suddan “g'alati javoblar”
O'zbekiston Respublikasi Oliy Sudi e'tiboriga
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul KUShERBAYEVning “Hurriyat” gazetasining shu yil 20 yanvar 3-sonida e'lon qilingan “Oliy sud nega fuqarolarni qabul qilmayapti?” sarlavhali maqolasini o'qib o'zim duch kelgan sudlovga oid voqealar ko'z oldimdan o'tdi.
Aytishim kerakki, uzoq yillardan buyon fuqarolarning shikoyatlari asosida turli markaziy nashrlarda “Sapqonchi sudyalar”, “Mundirdagi yulg'ichlar”, “Uy olib, uysiz qoldim” hamda “Firibgarni “diller” dedi, katta idoraning kichik rahbari”, “Ulug'bek kamoli”ni kim zavolga uchratdi?!” sarlavhali hamda gazetada chop etishga ulgurmay, mening 14 yilga ozodlikdan mahrum qilinishimga sababchi bo'lgan “Zo'ravonning tankasi “korrupsiya”da ishlarmush” sarlavhali maqolalarim uchun hozirga qadar go'yo “aybsiz” — “aybdor”man.
Yaxshi eslayman, 2001 yil 27 iyunda “Hurriyat” gazetasida “Muxbir mansabdor emas!” sarlavhali maqola bosildi. Ko'p o'tmay Jazoni ijro etish muassasasiga Oliy suddan “mening ishim bo'yicha protest keltirilgani” to'g'risida xat keldi va oradan ikki oy o'tib, jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudidan ajrim oldim. Unda: “Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi shu kodeksning 165-moddasi 3-qismiga almashtirilib, jazo muddati 14 yildan 10 yilga keltirilib, Amnistiya aktiga asosan belgilangan 10 yillik jazoning teng yarmiga qisqartirilgani va qolgan 5 yillik jazoning yarmi ijro etilganligi sababli, qolgan yarmi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilib, jazoni o'tash muassasasidan ozod etilgan”ligim bayon etilgan edi.
Savol tug'iladi. Nega mening yozgan 17 ta shikoyat xatimga “asos topilmadiyu”, nega aynan shu shikoyatlarim asosida yozilgan maqoladan so'ng “Protest keltirishga va jazoni o'zgartirishga asos” topildi. Bu, avvalo, matbuotning, gazeta so'zining kuchi, jamoatchilikning oshkora nazorati, Oliy sudda halolu pok ishlayotgan saviyali sudyalar mehnatining mevasi bo'lsa, ikkinchi tarafdan sudlanishim o'sha yillardagi Adliya va Ichki ishlar vazirliklarida o'rnashib olgan bugungi kunda sobiq ayrim mansabdorlarning jinoyatchi “diller”, “firibgar” va “bosqinchi”lar bilan “hamtovoq”ligining, tergovchi va “Ayblovni” ko'r-ko'rona tasdiqlaydigan prokuratura va sud idoralarida o'rnashib olgan loqayd, inson taqdiriga befarq, odamlar dardini tinglashdan, yozgan shikoyatlarini o'qib chiqishdan yiroq, ba'zi byurokrat, savodi haminqadar kimsalar, ya'ni bir-birini qo'llab-quvvatlayotgan korrupsion guruh kasofatining mevasi edi.
Yaxshiyamki, bu har uchchala idorada adolatli, xolis insonlar prokuratura idoralarida ishlagan general Vali Kabirovich Qosimov, marhum, oxiratlari obod bo'lsin Bo'ritosh Mustafoyev, Abdurashit Mutalovich Mannanov, uzoq yillar sud tizimida va umrining oxirgi yillari Oliy sudda ishlagan hozirda marhum, oxiratlari obod bo'lsin Karimxon Nosirov, Muxtorjon Mirzaolimov, hozir yuzlab sudyalarga otadek mehribon, kezi kelsa qattiqqo'l ustoz Ubaydulla Qurbonovich Mingboyev va Uchqun Rustamovich Qurbonov, hozirgi yosh sudyalardan Oliy sud sudyalari U.Ro'ziyev, Sh.Abbosov kabi “vergul”ni to'g'ri qo'ya oladigan halol, qo'li ham, vijdoni ham pok insonlar bor.
O'shanda muassasadan qaytib, Oliy sud raisi Bo'ritosh Mustafoyev qabuliga kirdim, aybsizligimni isbotlaydigan 19 ta dalil keltirib yozgan shikoyatimni qunt bilan o'qib chiqib, “birovning qarz puli pora yoki tovlamachilik predmeti bo'lmaydi, lekin hozir vaqtimas, oqlaydigan kunlar ham keladi, hozircha bu ishni orqaga tashlab, tuman sudiga sudlanganlikni olib tashlash uchun ariza topshirib qo'ying”, dedilar. Afsuski, bu insonning o'zi bugungi “oqlanadigan kunlar” kelganini ko'rmadilar…
2018 yil 20 mart tungi soat 20.00 larda, ming taassuflar bo'lsinki, yo'l transport hodisasiga uchradim. Qarama-qarshi yo'nalishni ajratib turuvchi o'q chiziq ustida bir piyoda to'xtab turgan edi, qarama-qarshi tomondan kelayotgan birgala avtomobillardan biri uzoqni kuchli yorituvchi chirog'ini yoqib-o'chirganda (ekspertiza xulosasiga ko'ra “engil darajali mastlik holati”da bo'lgan) piyoda to'satdan undan qochib, birdan mening yo'nalishimga otilib chiqdi va men keskin tormoz bosganimga qaramay, harakatdagi piyodani urib yubordim, piyoda avtomashinam kapoti ustiga chiqib ketib, tormozlanib harakatlanayotgan mashina taqqa to'xtagach, piyoda mashina kapoti ustidan yo'lning qarama-qarshi tomoniga yumalab tushdi. Men mashinadan tushib, piyodaga yordam berish uchun yugurib bordim, darhol mashinalar galasi yerda yotgan piyodani bosib ketmasin deb qo'l telefonim chirog'ini yoqib, ishora qilib, yordamga chaqirdim…
Ammo, u vafot etdi, ortida bolalari bo'zlab qoldi-da. Musulmonchilik yuzasidan imkonim boricha ta'ziya marosimlariga yordam berdim. To'y maslahat bilan, aza bemaslahat keladi, degan gap rost ekan. Avvaliga marhumning onasi ham, turmush o'rtog'i ham mendan hech narsa so'rashmadi. 16 yoshli katta farzandi 18 yoshga to'lguncha yordam berib turishimni so'radi, xolos. Rozi bo'ldim…
Dastlabki tergov-surishtiruv ishlarini olib borayotgan Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tuman IIB tergovchisi, meni chaqirib, “marhumning oilasi nima so'rashyapti”, dedi. Men “hech narsa” dedim. U “50 million so'rasa, 50 million, 100 million so'rasa 100 million berishim”ni, aks holda “kelisha olmas”ligini aytdi. Shoshib qoldim, “marhumning oilasi mendan hech narsa so'ramayotgan bo'lsa, meni aybsizligim shundoq ko'rinib turgan bo'lsa, siz bilan “kelishish” haqida og'iz ochmagan bo'lsam, siz men bilan nimani “kelisha olmaysiz” dedim. U “yorildi”, “dardini” aytdi. Men: “menda bunday imkoniyat bo'lsa, sizga emas, o'sha bo'zlab qolgan oilaga bergan bo'lardim. Siz dardkashlikda adashdingiz”, dedim. Va oradan ko'p o'tmay, marhumning turmush o'rtog'ining “yozuv-chizuvi” boshlandi.
2018 yil 20 martdan roppa-rosa 4 oy-yu 11 kun o'tib, 2018 yil 1 avgustda qabrni ochib va eng yomoni “murda tanasidan olingan son suyagining ayrim bo'laklari yetishmasligiga” qaramay, “Son suyagining bo'laklarga bo'linib “burchaksimon” parchalanib sinishidan” kelib chiqib “Zarba tananing “chap tomoni”dan yetkazilgan”, degan mutlaqo haqiqatga zid yangi Ekspertiza xulosasi va 2018 yil 20 avgustda ikkinchi avtotex ekspertiza xulosasi paydo bo'ldi va 2018 yil 28 avgustda “ayblanuvchi” sifatida qayta so'roq qilindim va shu kuni ish tugatilib, sudga chiqdi. Ish viloyat va Oliy sudgacha ko'tarildi.
Oliy sud raisi o'rinbosarining 2019 yil 4 noyabrdagi ajrimiga asosan 2019 yil 27 noyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida (Oliy sud sudyasi U.Ro'ziyev raisligida) ko'rib chiqilib, mazkur hay'atning 2019 yil 27 noyabrdagi ajrimi bilan JIB Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atining 2019 yil 29 yanvardagi ajrimi bekor qilindi va jinoyat ishi JIB Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atida yangidan ko'rib chiqish uchun yuborildi. Biroq, kassatsiya instansiyasining 2020 yil 6 fevraldagi ajrimi bilan JIB Yuqori Chirchiq tuman sudining 2018 yil 12 oktyabrdagi hukmi yana o'zgarishsiz qoldirildi.
JIB Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay'atining 2020 yil 6 fevraldagi mazkur ajrimiga va JIB Yuqori Chirchiq tuman sudining 2018 yil 12 oktyabrdagi hukmiga nisbatan, aybsizligimni isbotlab, ya'ni men 2018 yil 1 avgustdagi va 2018 yil 20 avgustdagi 2 ta ekspertiza xulosalari bilan ayblansam, ishdagi 6 ta hujjat bilan esa – 2018 yil 20 martdagi voqea joyi chizmasi, voqea joyida olingan suratlar, 21 martdagi STE xulosasi va asosiy ikki guvohning ko'rsatuvlari, 2018 yil 5 maydagi trassologiya (kiyimlar) ekspertizasi xulosalaridagi 20 dan ortiq dalillar bilan aybsiz ekanligimni to'liq isbotlab, yana Oliy sudga shikoyat yozdim. Biroq, Oliy sud sudyasi Sh.Tojiyevdan 2020 yil 15 dekabrda №13-628-19-sonli javob xati va unga ilova qilingan g'alati Ajrim oldim. Ajrimda:
“Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2020 yil 6 fevraldagi ajrimi bilan o'zgarishsiz qoldirilgan, jinoyat ishlari bo'yicha Yuqori Chirchiq tuman sudining 2018 yil 12 oktyabrdagi ajrimiga ko'ra, (e'tibor bering, nahotki, Oliy sud sudyasi “Hukm” bilan “Ajrim”ning farqiga bormasa…) S.Sirojiddinov O'zRJK 266-moddasining 2-qismi bilan aybli deb topilib, JKning 45-, 57-moddalari qo'llanib, … 17.224.000 so'm miqdorda jarima jazosi tayinlangan”, deyilsa, ajrimning yakunlovchi qismida “…jazo tayinlashda… qonun sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, asosli xulosaga kelgan”, deyiladi.
E'tibor bering, nahotki Oliy sud sudyasi Sh.Tojiyev tuman sudining “Hukmi” bilan “Ajrimi”ning hamda “Jarima” jazosi bilan “Ozodlikdan mahrum qilish” jazosining farqiga bormaydi? Axir menga tuman sudining “Ajrimi” bilan emas, “Hukmi” bilan “Ozodlikdan mahrum qilish” jazosi emas, “Jarima” jazosi tayinlangan edi-ku!..
Oliy sudda murojaatlarni to'liq o'qib chiqmasdan bunday g'alati “Ajrim” chiqarish va “Javob” yozish birinchi holat emas. Shu o'rinda yana bir misol:
“Arbitraj va huquq” gazetasi tahririyatiga murojaat qilgan fuqaro Shohista Yusupovaning shikoyat xati atroflicha o'rganilib, shikoyat xati yuzasidan o'tkazilgan “Jurnalist tekshiruvi yakunlari”ga tayangan holda, shikoyat xat qisman qisqartirilib gazetaning 2016 yil 8 aprel sonida “Tan olinmagan 60 ming dollar qarz” yoxud tergovchining ochiqdan-ochiq jinoiy xatti-harakatlari xususida murojaat sarlavhali maqola chop etilgan edi.
Biroq, maqolaga jinoyat ishlari bo'yicha Sirdaryo viloyat sudi va viloyat prokuraturasidan “protest keltirishga asoslar mavjud emas”, degan mazmunda javob olingandi.
Shundan so'ng, tahririyat tomonidan o'tkazilgan “Jurnalist tekshiruvi” jarayonida aniqlangan va gazetada chop etilgan maqolada bayon etilgan qonunbuzilish holatlariga har ikkala idora tomonidan huquqiy baho berilmaganligi va bu qonunbuzilish holatlari har tomonlama chuqur o'rganilmaganligi sababli O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga murojaat qildik.
Mazkur murojaat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining bo'lim boshlig'i M.E.dan 2016 yil 26 noyabrda J-4284-1/16-sonli g'alati javob xati olgandik. Unda shunday deyiladi: “Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Navoiy ko'chasi 3-a-uyda yashovchi S.Sirojiddinovga (vo ajab, “Navoiy ko'chasi 30-uy, “Arbitraj va huquq” gazetasi Bosh muharriri S.Sirojiddinovga” emas), O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga 2016 yil 8 noyabrda yo'llagan (e'tibor bering, tuzatish bizniki, “taxririyatga murojaat qilgan fuqaro Sh.Yusupovaga” emas) turmush o'rtog'i Sh.Yusupovaga oid jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan sud qaroridan norozi bo'lib yozgan 4284-1/16-sonli murojaatingiz Oliy sudda ko'rib chiqildi (murojaat “Ko'rib” chiqildimi yoki “O'rganib” chiqildimi?!! Tuzatish bizniki).
O'zbekiston Respublikasi JPKning 510-moddasiga muvofiq, mahkum, uning himoyachisi va qonuniy vakili apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko'rib chiqilgan ishlar bo'yicha chiqarilgan hukm va ajrim (qaror) ustidan nazorat tartibida shikoyat berishlari mumkin.
Shu sababli (tuzatish bizniki: “tahririyatga murojaat qilgan fuqaro Sh.Yusupova” emas) turmush o'rtog'ingiz yoki uning himoyachisi ish bo'yicha chiqarilgan sud qarorlari ustidan Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat qilishi mumkinligi tushuntiriladi. Bo'lim boshlig'i imzo M.E.”.
Ajabo, O'zbekiston Respublikasi Gerbi tushirilgan va “O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi” deb yozilgan tabarruk “Blanka”dagi javobni o'qib, seskanib ketasan kishi. Nahotki, bu ulug' dargohda insonning taqdiriga, uning yillar davomida umrini, sog'ligini kemirib kelayotgan alamli murojaatlariga e'tibor shu darajada bo'lsa?!!
Nahotki, Oliy suddek ulug' dargohda gazetada bosilgan “Tan olinmagan 60 ming dollar qarz” yoxud tergovchining ochiqdan-ochiq jinoiy xatti-harakatlari xususida murojaat sarlavhali maqolani o'qib turib ham (agar haqiqatan ham o'qigan bo'lsa) bir tergovchining xatosi bilan aybsiz kishining peshonasiga “Sudlanganlik tamg'asi” bosilib, aybsiz ekanligini isbotlash uchun o'nlab sud, boshqa yuqori idoralarga va oxir-oqibat tahririyatimizga murojaat qilgan birovning bir jafokash jufti halolini “Arbitraj va huquq” gazetasi bosh muharririning “turmush o'rtog'i”ga aylantirib qo'yishsa?!…
Bu javob shundog'am Shohista Yusupovaning otasi Shomurod Bekmurodov bilan o'rtamizda keskinlikni keltirib chiqardi. Yolg'on xabar berish, tovlamachilik va tuhmatchilik bilan qorishib ketgan yangi mojaro paydo bo'ldi…
Aziz gazetxon, o'zingiz shohidi bo'lganingizdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudidek mo''tabar dargohda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasidan va tahririyatlardan yuborilgan murojaatlarga shunday munosabatda bo'linsa, oddiy fuqarolarning “qabuli” u yoqda tursin, ularning “murojaat”lariga “munosabat”ning qay ahvoldaligini tasavvur qilavering.
Muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, “…yangi yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta'minlashda bosh mezon bo'lishi lozim”. Shundagina yuqorida keltirilgan ikki xolatga o'xshash sharmandali “Ajrim” va “Javob”lar keskin kamayishiga hamda “Qabullar” yo'lga qo'yilib, “Murojaatlar” o'qilib, ularning natijador bo'lishiga umid qilib qolamiz!
Sahobiddin SIROJIDDINOV,
yurist-jurnalist
Tahririyatdan:
So'nggi yillarda Prezidentimizning doimiy e'tibori bilan sud-huquq tizimini isloh qilish, sudlar mustaqilligini va odil sudlovni hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash borasida katta o'zgarishlar, ijobiy ishlar amalga oshirildi va bir qator sohaga tegishli qonun hujjatlari qabul qilindi.
Biroq ma'lumotlarga qaraganda, fuqarolarning turli idoralarga, jumladan, tahririyatlarga sud qarorlaridan norozi kayfiyatda yozilgan shikoyat xatlarining oqimi kamaymayapti.
Xususan, bizning tahririyatimizga kelayotgan shikoyatlar va unga ilova qilingan yuqori idoralarning javob xatlarining tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, odamlarning noroziligiga sabab bo'layotgan omillardan biri ko'rilgan ishlarning natijasidan ko'ra, ularning shikoyatlariga qaytarilayotgan javoblarning “shtampnoy”, “shablon”ligi, ya'ni “bir xil”ligi, yuzakiligi va eng yomoni, “pala-partish” yozilayotganligidir. Demak, aytish mumkinki, inson haq-huquqiga yuksak hurmat va qonuniy munosabatning ma'lum darajada noxolisligidadir. Bunga yuqoridagi maqola ham yaqqol dalil bo'la oladi.
Oddiy misol, ushbu maqolada keltirilgan ikki dalil: Oliy sud sudyasining tuman sudining “hukmi” bilan “ajrimi”ning, “jarima jazosi” bilan “ozodlikdan mahrum qilish” jazosining farqiga bormasligi yoki “tahririyatga murojaat qilgan bir ayolni” bosh muharrirning “turmush o'rtog'iga” aylantirib qo'yishi shunchaki xatolikmi yoki loqaydlik? Nazarimizda, nima bo'lganda ham bu juda uyatli holat.
Axir, har bir shikoyatda inson taqdiri, qismati mujassam. Shunday ekan, sud idoralarining va sudyalarning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik ustuvor bo'lishi shart.
Binobarin, tahririyatimiz O'zbekiston Respublikasi Oliy sudidan mazkur maqola bo'yicha o'z munosabatini bildirishini kutadi.