Ma'naviyat masalasiga barcha mas'ul

Darhaqiqat, bu xususda Prezidentimiz shu yilning 19 yanvar kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo'yicha o'tkazgan videoselektor yig'ilishida aniq vazifalarni belgilab bergan holda, jamiyatda, bu hayotda ma'naviyat masalasi eng ustuvor, eng birinchi vazifa ekanligini alohida ta'kidlab o'tdilar.

“Agar kimdir, ma'naviyat masalasi — bu faqat ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o'ylasa, xato qiladi”, dedi Prezidentimiz.

Chindan ham nafaqat har bir oila, har bir jamoada, balki har bitta inson uchun qaysidir tashkilotni ma'naviyat ishi bo'­yicha javobgar yoki mas'ul deb bilishimiz to'g'rimi? Umuman, ma'naviyat deganda biz nimani tushunamiz, nimani anglaymiz? Davlatimiz rahbari ushbu yig'ilishda shu xususda kuyunchaklik ila atroflicha so'z yuritar ekan, avvalo jamiyatda ta'lim-tarbiyaga, farzandlarimiz ertasiga e'tiborini qaratdi.

Ma'naviyat, birinchi navbatda, yaxshi tarbiya, yaxshi xulq, bilim demakdir. Halollik va poklik, insoniy fazilatlar hosilasi demakdir. Ha, hayotda shunday insonlar ham uchraydi, ya'ni bolalarining ta'lim-tarbiya­­si, yaxshi bilimli va xulqli bo'lmasligiga faqatgina maktabni aybdor deb biladilar.

To'g'ri, farzandlarimiz ta'lim-tarbiyasi yo'lida maktablar yo'lchi yulduz vazifasini o'tashi kerak. Lekin uyda-chi, ota-ona burchi, vazifasi nimadan iborat unda?

Axir, xalqimiz bejiz: “Qush uyasida ko'rganini qiladi”, deb aytmaydi-ku.

Shunday ekan, ma'naviyat masalasiga barcha mas'ul bo'lmog'i tabiiy. Hech qachon va hech qaysi zamonda komil inson tarbiyasi masalasini qaysidir bir tashkilot yoki muassasaning ishi deb qaralmagan.

Yaxshi bilamiz, azal-azaldan “bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan naqlga amal qilgan xalqmiz. Bugun esa ko'pchilik nimadir noraso ishni ko'rsa-da, hatto qo'shnisining bolasining biror nojo'ya ishini ko'rsa-da, “Menga nima, nima qilaman yomon ko'rinib”, deyishgacha bormoqda.

Davlatimiz rahbari hammaga — kattayu kichikka, butun xalqimizga bir ogohlik qo'ng'irog'ini chaldi. “Ma'naviyat birinchi o'rinda turishi kerak”, dedi. Ma'naviyat sohasida umrini baxshida etgan insonlar haqida so'z yuritar ekan, “Ma'naviyatchi bo'lish oson emas”, dedilar.

… Kechagidek esimda, bolaligim o'tgan Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi 27-maktabda “Uchqun” nomida devoriy gazeta chiqarilardi. Har hafta gazetaning yangi soni tayyorlanardi. Uning o'z ijodiy guruhi bo'lib, ushbu guruhga hamma sinf­dan bir nafardan faol o'quvchi jalb etilardi. Beshinchi sinfga o'tishim bilan ular safiga men ham qo'shildim.

Guruhning navbatdagi yig'ilishida ijodiy jamoa rahbari, ona tili va adabiyoti fani o'qituvchisi Ozoda Kamolova menga ham topshiriq berdi. O'shanda zimmamga yuklangan vazifa katta mas'uliyat ekanligini angladim. Shunda miyamda sinfimizning eng a'lochi qizi — Gulchehra Rustamova haqida yozish fikri keldi. Yozdim va ustozga ko'rsatdim. Kamchiliklarini aytdi, birgalashib qayta-qayta ishladik. Va nihoyat “Uchqun”ning yangi sonida “A'lochilik siri” sarlavhasi ostida e'lon qilindi. Endi Gulchehraning shodligini ko'ring, o'zimni xursand bo'lganimni aytmaysizmi. Materialning pastki qismiga “5-sinf o'quvchisi X.Salimov tayyorladi”, deb yozilganidan o'zimni qo'yarga joy topa olmasdim. To'g'risi, har tanaffusda shu yozuvga bir qarab o'tib ketardim. Bu menga o'zgacha ko'tarinki ruh, kuchli his-hayajon baxsh etgani rost.

Endi o'ylab qarasam, o'sha paytlari jurna­listikaga ilk qadamni qo'ygan ekanman, menda sohaga qiziqish o'sha davrdan boshlangan ekan. Shu-shu “Uchqun”ning har bir sonini tayyorlash jarayonlarida faol qatnashadigan bo'ldim. Gazetamizda eng muhim va qiziq maktab va o'quvchilar hayotiga oid e'lonlar, yangiliklar, shuningdek, o'quvchilarning ijod namunalari — qisqa xabar va hikoyalar, she'rlar chiqarilardi. Ularni tik turgan holda o'qib chiqardik. Bu bizni kitob o'qishga qiziqishimizni oshirgani, turtki bergani rost.

Shu o'rinda 1980-90 yillari yurtimizda mobil telefon hali ommalashmagani, internet rivoj­lanmagani, yoshlar ma'naviyatiga salbiy ta'sir ko'rsatish ehtimoli mavjud bu kabi ko'p vosita va omillar bo'lmaganini ham aytib o'tish kerak.   Barchaga ma'lum, bugun bu borada vaziyat tamomila boshqacha. Texnika rivojlanishning eng cho'qqisiga chiqqan zamonda yashayapmiz. Buning o'ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari bor.

Kuni kecha o'zim o'qigan maktabda uzoq yillardan beri o'qituvchilik qilib kelayotgan tengdoshim Farhod O'ralov bilan telefon orqali suhbatlashib qoldim. U ham bugungi kun axborot texnolo­giyalarining rivojlanish jarayonlari, maktab hududida internet tezligi, yuqori sinf o'g'il-qizlari orasida qo'l telefoni yo'g'ini topish qiyinligi xususida so'z yuritdi. Shuningdek, hozirgi o'quvchilarni ma'naviyatli qilib tarbiyalash oson emasligi, maktabda devoriy gazeta chiqmay ketganiga juda ko'p yil bo'lgani, ijodkor yoshlar safi kamayib borayotganini tashvishlanib gapirdi.

Prezidentimiz ham “Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo'lidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko'pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda”, deya ta'kidladilar.

Ta'lim maskanlarida o'g'il-qizlarimiz ma'naviyatini yuksaltirishga qaratilgan bu kabi ishlarning sifatli va samarali tashkil etilishiga nafaqat shoiru yozuvchilar, jurnalistlar, balki har birimiz, har bir tashkilot o'zining munosib hissasini qo'shishi lozim va shart, bunga mas'ul.

Shu o'rinda aytish joiz, ko'pchiligimiz yoshlarning zamonaviy texnologiyalardan, xususan, telefon va internetdan haddan oshiq ko'p foydalanishi, turli saytlarga kirishi natijasida ularning tarbiyasi buzilayotgani, turli yot g'oyalar ta'siriga tushib qolishi mumkinligi haqida ko'p gapiramiz. Ammo bunga qarshi samarali ish olib bormayotganimizni tan olgimiz kelmaydi. Aksariyatimiz: “Men bolamni to'g'ri tarbiyalayapman, doimiy nazorat qilayapman”, deb noto'g'ri o'ylaymiz. Ammo hamisha ham, hammada ham unday emasligini ko'nglimiz sezgandek bo'lsa-da, har doim ham farzandimiz uchun vaqt ajratmaymiz, yetarlicha mehr bermaymiz, to'g'risini aytganda, uni uzluksiz nazorat qilishga erinamiz.

Hozir ota-ona o'z telefoni orqali farzandining qaysi saytlarga kirayotgani, qaerda yurganini bilsa bo'ladigan, uning yoshiga to'g'ri kelmaydigan ijtimoiy tarmoqlarga taqiq qo'yadigan maxsus das­turlar chiqqan. Buni ko'pchilik biladi, foydalanmoqda ham. Qisqasi, izlagan imkon topadi. Faqat hafsala bo'lishi kerak. Beparvolik va loqaydlik eng katta xavfdir.

Yig'ilishda davlatimiz rahbari ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishda omma­viy axborot vositalari katta kuch ekaniga ham alohida e'tibor qaratgani bejiz emas. Hozirgi kunda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida olti ming nafarga yaqin ijodiy xodim faoliyat olib bormoqda. Ular, shubhasiz, katta kuch. Har bir jurnalist, o'z navbatida, ma'naviyat targ'ibotchisi hamdir. Ma'naviyat targ'ibotchisining, eng avvalo, ma'naviyati yuksak bo'lishi kerak. Shu sabab mazkur yo'nalishdagi dastlabki ishlarni soha xodimlarining madaniyati va ma'naviyatini yuksaltirishga qaratish   zarur.

Ushbu yo'nalishdagi ishlar doirasida yaqinda uyushma qoshida kutubxona va o'quv burchagini o'z ichiga olgan ma'naviyat xonasi tashkil etdik. Ushbu ziyo mas­kanimizda sohaga, shuningdek, badiiy va ilmiy adabiyotlar, milliy jurnalistikamizda o'ziga xos maktab yaratgan ustoz jurnalistlar hayoti va faoliyati, qolaversa, hamkorlarimiz — xalqaro media tashkilotlar ish uslublariga oid qo'llanmalar o'rin olgan. Bundan tashqari, to'rt tilda nashr etiladigan o'ttizdan ziyod markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni taxlamlari hamda ularning elektron variantlari bilan tanishish mumkin.

Kezi kelganda ta'kidlash lozim, ayni kunda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshida ma'naviy-ma'rifiy kengash tashkil etishni, har bir ustozga besh nafardan yosh jurnalistni biriktirishni rejalashtirayapmiz. Uyushma bosh­qaruvi a'zolari, ko'plab jurnalistlar bunday kengash va ma'naviyat xonalarini viloyat bo'limlarimizda   ham yo'lga qo'yish taklifini bildirmoqda.

Bitta noxolis axborot bugungi kunda jamiyatga qanchalik ma'naviy zarar yetkazishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Ana shunday holatlarni nazarda tutgan holda, noxolis xabar tarqatish, sohamizga doir qonun, farmon va qarorlar, shuningdek, O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qoidalari buzilishining oldini olish, so'z va matbuot erkinligidan to'g'ri foydalanishga qaratilgan faoliyatimizni jonlantirish bo'yicha reja tayyorlanayapti.

Ayni paytda ma'naviy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini keng yoritishga ko'maklashish, ushbu yo'nalish bo'­yicha samarali ijod qilayotgan jurnalist va blogerlarni rag'batlantirish, ularga taklif va tavsiyalar berish, faoliyatini tahlil qilish, o'zaro hamkorlikda media-turlar tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishish maqsadida   Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda Madaniyat vazirligi mas'ullari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Shubhasiz, ma'naviyat masalasiga barchamiz birdek mas'ulmiz.   Bu masala xalq va millatning jonkuyarlari bo'lmish shoir va yozuvchilar, jurnalistlar uchun yanada muhim. Shunday ekan, bildirilayotgan ishonchni oqlash har bir ijodkor, jumladan, har bir jurnalist, qolaversa, uyushmamiz zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi.

Xolmurod SALIMOV,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi raisi o'rinbosari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + seventeen =