Tarbiyada tanaffus bo'lmaydi

Mamlakatimiz Prezidenti raisligida shu yil 19 yanvar kuni bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida aytilgan gaplar, o'rtaga tashlangan mulohazalar har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, o'zini ziyoli deb bilgan har bir hamyurtimiz qalbiga cho'g' soldi, to'lqinlantirdi, desak xato bo'lmaydi. Chunki Yurtboshimiz jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir, dedi. Bu juda hikmatli, ulug' gap bo'ldi.

Chindan, jon va ruh bo'lmasa bari bekor. Hamma narsa ikkinchi darajali. E'tibor qilib, o'ylab, mushohada qilib ko'raylik. Mamlakat taraqqiyoti uchun ming-ming chaqirim yo'llar qurish, katta-katta bunyodkorlik­lar — uy-joylaru odamlarni ishli qilish maqsadida necha-necha sanoat, ishlab chiqarish korxonalari barpo etishga misli ko'rilmagan sa'y­-harakat, mablag'lar sarf etiladi. Albatta, bular kerak.

Lekin nega jamiyatning “joni va ruhi” ma'naviyat deyildi? Nega davlatimiz rahbari buyuk jadid bobolarimiz kabi, avvalo ta'lim va tarbiyaga bosh masala sifatida urg'u bermoqda?

Darhaqiqat, insoniyat hamma narsaga, misli ko'rilmagan yutuqlarga erishishi mumkin ekan. Ammo ma'naviy jihatdan tanazzulga yuz tutsa, bu hayotda nimaiki bo'lsa, baridan mosuvo bo'lish ham hech gap emas ekan.

Bunga tarixdan o'nlab, yuzlab misollar keltirish mumkin. Shu boisdan ham yuksak taraqqiyotga erishgan saltanatlar ham o'tmishda ma'naviy kemtiklik bois parokanda bo'lgan, olamni mahliyo qilgan obidalar yer bilan bitta bo'lgan.

Ha, demak, bu olamda faqatgina ulug' tafakkur sarchashmalari, yuksak tarbiya hamda ma'naviy qud­rat ta'siri bilangina nafaqat o'tmish yodgorliklari, betakror obidalar, balki dunyoning o'zi ham jon saqlab turibdi.

O'ylab ko'raylik, jahonda yuz bergan vo­qealarga boqaylik, o'tgan asrda emas, bor-yo'g'i oxirgi 10 yil ichida dunyo madaniyatining betak­ror obidalari hisoblangan, ming-ming yillar avval bunyod etilgan betimsol tarixiy obidalar Iroqda, Misrda terrorchilik xurujlari natijasida kunpayakun qilinmadimi!

Xudoga shukur, ulug' zotlar, dunyo madaniyati ustunlari yetishgan zotlarni kamolga yetkazgan millatmiz, xalqmiz. Dunyo havasmandlik bilan talpinadigan barokatli yurtmiz.

Ammo davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, loqaydlikka, xotirjamlikka berilishga hech kimning haqqi yo'q. Negaki, yashirishga hojat yo'q, ko'plab iqtidorli yoshlarga ega el bo'lsak-da, biroq juda ko'p yoshlarimizning ma'naviy darajasi ko'ngildagidek emas. Umrida aqalli birorta kitobni o'qimagan, na gazeta-jurnalni o'qish emas, hatto qo'liga ushlab ko'rmagan ming-ming­lab yoshlar voyaga yetdi. Bunday yoshlar ertaga oila qurishadi va ulardan tug'ilajak farzandlar-chi, ular qanday odamlar bo'lib yetishadi?

Bu hayotda yashashning mazmuni, maqsadi nima qilib bo'lsa ham boy-badavlat bo'lib kun o'tkazish, yaxshi yeb, yaxshi kiyinib yurishnigina o'ylaydigan yoshlarning yuragida yana nimalar bor?

To'g'ri, yaxshi yashashning, farovon turmush kechirishni istashning yomon tomoni yo'q. Aslida, jamiyatimizda olib borilayotgan bor islohotlardan maqsad ham shu: xalq farovonligi, yurt obodligi. Ammo bu farovonlik, to'qlik nimalarning evaziga, qanday omillar sabab muyas­sar bo'ladi? Masalaning ildizi ana shu joyda.

Darvoqe, inson bu hayotga nima uchun, faqat to'q, o'ynab-kulish, yallo qilish uchun keladimi yo? Bu hayotning qadri, ota-ona, yurt, Vatan tushunchalariga sodiq bo'lib xizmat qilish-chi? Azal-azaldan halol mehnat qilib, izlanib, keksalarimiz aytganidek, kattani hurmat, kichikni izzat qiladigan millatmiz.

Aksincha, mehnat qilmay, tayyoriga ayyorga hozir ayrim yoshlarga Vatan taqdiri, yurt taqdirining ahamiyati nechog'li deb o'ylaysiz?

Yurtboshimiz eng og'riqli masala, tarbiya masalasida to'xtalar ekan, “Hozir bolalarimizni telefon tarbiya qilayotgani”ni bejiz kuyinib gapirmadi. Rost, bugun ba'zi bir ota-onalar boshlang'ich sinfga boradigan bolasiga ham eng qimmat rusumdagi telefon olib bermoqda. Lekin o'sha telefonda aloqa vositasidan tashqari, jamiki buzg'unchilik, fahsh kabi illatlar ham joylanganini nahot o'ylab ko'rmasak?

Telefondan ham, kompyuterdan ham foydalanish madaniyati bor, me'yori bor. Avvalo, har bir oila farzandini bunga tayyorlab bormog'i fazilatdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar tarbiyasi, ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishda ta'lim sohasi vakillari bilan bir qatorda, ijod ahliga, xalqimizning yozuvchi-shoirlariga alohida tayanayotgani bekorga emas. Avvalo bu ijod ahliga katta ishonch, mas'uliyat demak. Bolalikdan kitob o'qib, she'r yodlab, san'atga qalbi oshno bo'lgan odam ma'naviy to'kis bo'ladi.

Afsuski, bugun ayrim rahbarlar, ayniqsa, mahalliy rahbarlarning hammasi ham birdek bu haqiqatni to'g'ri anglab yetmoqda deyishimiz dushvor. Xususan, yoshlarimizning ta'lim-tarbiyasi boshida turgan Xalq ta'limi vazirligi mutasaddilarining matbuot nashrlariga bo'lgan munosabatini olaylik. U deyarli o'zgarmasdan qolmoqda. “Majburiy obuna” bahonasida millionlab farzandlarimiz — yosh nihollarimiz hatto bolalar nashrlari bo'lgan “G'uncha”, “Tong yulduzi”, “Gulxan” kabi nashrlarni ko'rmasdan maktabni bitirib ketishmoqda.

Yaxshi eslaymiz, bir paytlar har bir bosh­lang'ich sinfda nechta bola bo'lsa, shuncha “G'uncha” yoki shuncha “Tong yulduzi” kelar edi. Narxi ham arzimagan pul bo'lardi. Kattaroq sinfga ko'chganimizda har bir sinfdoshimiz “Gulxan”ni olar, qiziqib o'qir edi.

Bu nashrlar tom ma'noda hayotimiz shamchirog'i bo'lgan. Kitobga, adabiyotga mehr shundan boshlanar edi-da. Bugun-chi, hayotimizda to'rt yil oldingi munosabat tufayli, bu jihatlarga e'tibor ma'lum darajada yo'qolib qoldi. Yo'qsa, 10 mingdan ortiq mak­tablari bor, millionlab bolalar o'qiydigan yurtda o'quvchilarning jurnallari, gazetalari respub­lika bo'yicha bir ming, yo ikki ming nusxada chop etilarmidi?!

Bu degani hatto o'nta maktabga bu nashrlar aqalli bir nusxadan ham bormaydi, deganidir. Agarda har bir maktab o'quvchisi “Gulxan” olsa, u necha yuz ming to'g'rirog'i, million nusxada chop qilinmasmidi?! Uning obuna bahosi ham ko'pi bilan 3-4 ming so'm bo'lardi, shunda. O'ylaymizki, bundan aksariyat ota-onalar ham xursand bo'lishar edi.

Mana, bugun nima uchun bolalar telefon degan matohga yopishib qolgan?

Shu masalada, o'tgan yilning oxirida Xalq ta'limi vazirining o'rinbosarlaridan biri bilan suhbatlashib qoldik. Unga aytdikki, “Prezidentimiz haqli e'tiroz bildirdilar, ya'ni o'qituvchilarning ham gazeta-jurnal o'qimay qo'yganligini tanqid qildilar, O'qituvchi va murabbiylar kunidagi nutqlarida” degan ma'noda so'z qotsak, hurmatli vazir o'rinbosari, nima dedilar deng: “To'g'ri, lekin obuna bo'linglar deb tavsiya qilsak, biz orqaga ketgan bo'lamiz”.

Nahotki, tavsiya, targ'ibot, to'g'ri tushuntirish, axir, bu sizlarning, hammamizning vazifamiz emasmi?! Buning nimasi “orqaga ketish” bo'lar ekan?! Bu kuyunchakligimizni eshitib o'tirgan vazir o'rinbosari esa pinagini ham buzgisi kelmaydi…

O'ylab ko'raylik, yana bir bor, muhtaram Prezidentimiz bejiz qayta-qayta so'z aytmayaptilar. Qolaversa, hech kim zug'um-zaqqum qilaylik, gazeta-jurnallarga majburlab obuna qiling, demayapti, janob vazir. Maktab bolasiga to'g'ri tushuntirib, ota-onalar bilan bamaslahat, hech qursa, bolalar jurnallari, gazetalari bitta sinf­­ga 4-5 tadan borganda ham edi, bu nechog'li ahamiyatli, savobli, kerakli, demoqchi bo'lamizu, bu haqda qancha yozmaylik, gapirmaylik ulardan bunga hatto oddiy munosabat, biror aks-sado ham bo'lmayapti.

Axir, davlatimiz rahbari yig'ilishda “Agar kimdir ma'naviyat masalasi — bu faqat Ma'naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o'ylasa, xato qiladi”, deya nechog'li haqli gapni gapirdi. Chindan ham ma'naviyat, ta'lim-tarbiya masalasi har bir vij­donli, imonli kishining vazifasi, burchi bo'lmog'i kerak.

Zero, gap inson tarbiyasi haqida ketar ekan, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, bu ishda tanaffus bo'lmaydi.

Abdurasul JUMAQULOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + nineteen =