Noyob iste'dod sohibasi

“O'zbekkonsert” davlat muassasasi O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda Tamaraxonim uy-muzeyi bilan hamkorlikda o'zbek milliy raqs va laparchilik janrida nom qozongan, ulkan san'at darg'alaridan biri, O'zbekis­ton xalq artisti Tamaraxonimning 115 yilligiga bag'ishlangan madaniy tadbir bo'lib o'tdi.

 

Tadbir boshlanishi oldidan Tamaraxonim ijodiga bag'ishlangan videorolik namoyish etildi. Ulkan san'atkorning hayot yo'li aks etgan ushbu hujjatli film yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Albatta, Tamaraxonimning san'at sohasidagi faoliyati nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo ahlini mamnun etib keladi. Madaniy tadbirda ustoz san'atkorlar, o'zbek milliy raqs sa'ati ustalari, yosh raqqosalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

O'zbekiston xalq artisti Viloyat Oqilova: “Tamaraxonimdek noyob iste'dod sohibalari yuz yilda bir keladi, desam yanglishmayman. U 186 dan ziyod mamlakatda bo'lib, san'ati bilan tomoshabinni hayratga solgan xassos san'atkordir. U qadami yetgan turli mamlakatlarning raqslarini o'rganar va yuksak mahorat bilan ijro etardi.

Shu bilan birga, laparchilik janriga ham asos solgan. Mana oradan shuncha vaqt o'tsa ham, hali-hanuz bunday tug'ma iste'dod sohiblari yetishib chiqayotgani yo'q. Tamaraxonim 1935 yilda taniqli sozanda Usta Olim Komilov bilan Londonning Albert Xoll katta san'at saroyida bo'lib o'tgan Xalqaro raqs festivalida “Pilla” raqsi bilan O'zbekiston nomidan ishtirok etib, oltin mukofotga sazovor bo'lgani-yu London qirolichasini hayratga solganini butun dunyo biladi. Uning yorqin xotirasi biz shogirdlar qalbida mangu yashaydi”, dedi.

Tadbir so'ngida Yu.Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti talabalari ijrosidagi maqom ashulalari va lapar aytishuvlari yig'ilganlarda ko'tarinki kayfiyat uyg'otdi.

 

“O'zbekkonsert” davlat

muassasasi axborot xizmati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + 7 =