“Mening ismim – qo'g'irchoqboz!”

Toshkentning mashhur, hamisha odamlar bilan gavjum Sayilgoh ko'chasidan o'tarkanman, qo'qqis qo'g'irchoq o'ynatayotgan, yoshi qirq besh-elliklar atrofidagi bir odam e'tiborimni tortdi. Uning butun dunyoni unutib, bolalarcha beg'ubor xonish qilishini qarang-a! Yuzimga nogahoniy tabassum yugurdi. Unga qo'shilib xirgoyi qilgim, qo'g'irchoqlarni bir-bir o'ynatgim keldiyu o'sha, hali tanib ulgurmaganim, biroq ming yildan buyon taniydigandek yaqinlik u insonning yoniga chorladi. Atrofni, dunyoniyu o'zimni unutib, bir dam bolaga aylandim o'sha choq. Bu qo'g'irchoq bolaligimda o'ynagan “Salomatxon”dan butkul boshqacha: tayoqdek qotib turavermas ekan. Aytganday, qo'g'irchoq teatriga hech borganmisiz? Borgan bo'lsangiz, durust, u yerda turli “rol”larga kiruvchi, xuddi mitti odamchalarga o'xshash qo'g'irchoqlarni ko'rgan bo'lsangiz kerak? Ularga jon kirganday, a?! Eng qizig'i, o'sha odam qo'lidagi qo'g'irchoqlarga siz, o'zingiz jon baxsh etishingiz mumkin: uni o'ynatasiz, raqsga tushadi, sizdan berkinadi, kuladi, xafa bo'ladi… faqat gapirmaydi, xolos. Biroq yaxshilab razm solsangiz, uning tilini tushunasiz ham.

Keling, men ham bir o'ynatib ko'ray! Ulardan birini qo'limga olishimni bilaman, usta akamiz xirgoyini bosh­lab yubordi-ku:

“Gulijon o'zi chaqqon,

Qoqi gulini taqqan,

Bir kulishi bor uchun

Oyijoniga yoqqan”.

Ko'p o'tmay atrof tumonat odamga to'ldi. Qoyil-e, tuppa-tuzuk qo'g'irchoq o'ynatuvchi ekanman! Buni siz ham eplaysiz! Faqat ularni bir bor qo'lingizga olsangiz bas, qo'ygingiz kelmaydi.

Hayotini qo'g'irchoqlarga bag'ishlagan O'rinboy aka Ibrohimov har kuni shu ko'chada odamlarni bir dam bo'lsin, dunyo tashvishlaridan chekintirib, ertaklar olamiga yetaklayotgandek. Bizning ham u kishi bilan bolalar olamiga, ertaklar dunyosiga sayohat qilgimiz keldi.

– O'rinboy aka, nega aynan san'atning bu turiga murojaat qildingiz?

– Insonning bolalik yillari uning kelajagi, taqdir yo'llarini belgilab berarkanmi, deyman. Besh-olti yoshimdan bobom Ibrohim ota meni o'zi bilan turli to'yu tomoshalarga yetaklab borguvchi edi. U kishi qo'g'irchoq o'ynatuvchi, dorboz bo'lib, Amudaryo tumanidagi biror xatna to'y ularning ishtirokisiz o'tmasdi. Shunday davralarda kichikdan tortib kattalarning-da zavqlanib, miriqib kulishlari, yuz-ko'zlaridagi shodlik ifodasini ko'rib, ko'nglimda bir tog' qad ko'targanday bo'lardi. Dunyoda bolalar, ayollar, umuman odamlarning tabassumidan ortiq iqbol yo'qdek men uchun. Ha, baxt, shodlik, tinchlik, xotirjamlik, jamiki ezguliklarni odam kulgisi orqali ifoda etmaydimi, axir! O'shanda ko'nglimni gullatgan tabassumlar hanuz qulog'im ostida jaranglaydi: qalbimda odamlarga mana shu bebaho tortiqni ulashish istagi, ishqi tug'ildi. Keyin bolaning fe'l-atvori, o'y-fikri, orzu-intilishida muhitning ta'siri juda sezilarli ekan. Ota-onam ham go'zallikka oshufta odamlar bo'lgan, har kech ular ishdan, biz o'qishdan qaytganimizdan so'ng erinmay, vaqtlarini ayamay bizga qo'g'irchoq spektaklini qo'yib berardilar. Uyimiz to'rida supacha bo'lardi, o'sha yerga parda tortib “sahna” yasashardi, qarang! Bu “sahna” bizni hayot sahnasiga tayyorladi desam, yanglishmayman. Ko'z o'ngingizda jonsiz matohga jon kirishini tasavvur qiling-a! Bu mo''jiza emasmi?! Murg'akligimdayoq ko'ng­limda ana shu mo''jizalarni yaratish fikri uyg'ongani shundan. 1983 yili Toshkent davlat madaniyat va san'at institutining qo'g'irchoq aktyorligi fakultetiga o'qishga kirdim. 1987 yili o'qishni tamomlab, Buxoro davlat qo'g'irchoq teatrida ish boshladim. U yerda ham aktyor, ham sexda qo'g'irchoq yasash bilan shug'ullandim. O'qish davrida qo'g'irchoq yasash texnologiyasi darsiga qiziqishim bo'lakcha edi. Haftada bir martagina bo'ladigan darsni intiqib kutar, bo'sh paytlarim mus­taqil qo'g'irchoqlar yasardim. Bu keyinchalik ijodiy faoliyatimda juda asqotdi.

– Qo'g'irchoqlarning bolalar ruhiyati, salomatligi va ma'naviyatiga ta'siri haqida siz nima deysiz?

– Bolakay o'zidan o'n chandon kichik qo'g'irchoqni qo'liga olsa, ko'z o'ngida u har xil harakatlarga kelsa, albatta, u xursand bo'ladi. Sekin-asta uning ongida tirilish, hayot haqida tushuncha shakllana boradi. Bu unda intilish, qiziqishni uyg'otadi. Harakatchan qo'g'irchoq unga hayot haqidagi ilk tasavvurni beradi. Bolaning rang-tasvirni ajratish, ko'rish, eshitish qobiliyati va tasavvuri rivojlanadi.

Shu kungacha bolalarga yaratiladigan barcha kashfiyotlar birinchi galda ularning salomatligi uchun xizmat qilishi ko'zda tutiladi. Dunyoning qay burchini qaramang, qo'g'irchoqboz ustalar qog'oz, makkajo'xori, yog'och, mato, jun va turli iplardan qo'g'irchoq yasashga alohida e'tibor beradi. Tabiiylikka intiladilar.

Ma'naviyat masalasiga kelsak, bu ancha jiddiy, e'tiborga arzigulik jihat. Zamonani qarangki, odamlar mana shu mitti, jonsiz qo'g'irchoqdan ham qurol o'rnida foydalanishga urinayapti. Masalan, xitoyliklar o'zlari tayyorlayotgan qo'g'irchoqlarni o'z xalqiga, bolalariga tavsiya qilmaydi. Bu faqat biznes, foyda ko'rish maqsadida amalga oshirilgan ish, xolos. Lekin buning ortida nima yotibdi? Durkun qiz qiyofasidagi qo'g'irchoqni qo'liga olgan uch-to'rt, hatto bundanam kichik qizaloq undan nimani o'rganadi? Bu qo'g'irchoq uni satang, tannoz oyim bo'lib ulg'ayishiga turtki bermaydimi? Shuning uchun ham milliy qo'g'irchoqlarga talab katta. Bolani kichikligidan milliy ruhda tarbiyalash, odob-axloqqa o'rgatish va vatanparvarlik hissini oshirishda milliy qo'g'irchoqlarga juda katta ehtiyoj sezamiz.

– Kurrai zamindagi odam yerning qay burchidan bo'lmasin, uni go'zallik va axloqqa intilishi, ezgulikka topinishida yaqinlikni tan olmay choramiz yo'q. Har millatning o'z qo'g'irchog'i, qiyofasi bo'ladi-ku. Demak, har kim “o'zi pishirgan oshni o'zi yeyaversa”, bag'ri­kenglik unutilsa, dunyoqarash, ong-tafakkur ham shunga yarasha bo'lmaydimi? Axir, madaniyatu adabiyot, san'atu nafosat bir-biridan ulgi olib, sohani yuksaltirmaydimi?

– Bu gapingizda jon bor. Albatta, xalqlar bir-biridan o'rganadi, bir-birini shakllantiradi va hokazo. Nega endi o'zbek bolasi fransuz qo'g'irchog'ini o'ynamasligi kerak? Hech kim bunga chek qo'yayotgani yo'q. Faqat ota-onalarning zimmasiga yuklanadigan vazifa shundaki, o'yinchoqlarni bolaning yoshi, jinsi va qiziqishiga monand tanlab bersin. Bu o'yinchoqlar uning kelajagi va qiziqishlarining ro'yobga chiqishi uchun turtki bo'lsin. Ezgulikka xizmat qilsa, bas. Gap shunda, sing­lim.

– Qahramonlarni har bir ijodkor o'z bilimi va dunyoqarashi doirasida tasavvur qiladi. Siz qo'g'irchoqlarni yasashda xalq og'zaki ijodiyoti, folklorga murojaat qilasizmi? Ustoz hunarmandlar ijodidan o'rgangan paytlaringiz ham bo'ladimi?

– Mening qahramonim asosan Bichxon, Kachalpolvon, Zumrad-Qimmatlar kabi ertak qahramonlaridan biri bo'ladi. Men biror chiroyli qizni qo'g'irchoq qilib, xuddi o'ziga o'xshatib yasashni sira xohlamayman. Buni u qiz o'ziga haqorat deb bilishi mumkin. Ertak qahramonlari o'lmas, shu bilan birga hech kimning shaxsiyatiga, g'ururiga tegmaydigan obrazlar. Har bir ijodkor ertak qahramonini o'z ko'zi bilan ko'radi, muayyan tasavvur yo'q. Ijodkorning ijodkorligi ham shunda deb bilaman. Marat Taqviddinov ustozimning ko'p hadisini olganman. Qo'g'irchoq teatrida ishlaganim ham menga obraz, shakl topishda juda yordam beradi. Yigirma yil mobaynida har xil qo'g'irchoqlar o'ynatib, turli rollar ijro etganman. Rassomlar ijodiga ko'p murojaat qilaman. To'g'ri, ularning asarini o'g'irlab olishga haqqim yo'q. O'zimning tasavvurimdagi va ustoz-hunarmand, rassomlar talqinidagi qahramonlarni birlashtirib, oraliqni tanlayman. Shu paytgacha yaratgan qo'g'irchoqlarimni sira sanog'iga e'tibor qilmagan ekanman. Shuni aytishim mumkinki, hech birini qayta yaratolmaganman, istasam ham o'xshamagan kezlari bo'lgan.

– Izingizni bosguvchilar bormi?

– Shogirdlarim – mening farzandlarim. Oilaviy tadbirkorlik, desak ham bo'ladi (kuladi). Bundan uch-to'rt yillar oldin Kasaba uyushmasiga murojaat qilib, nogiron bolalarga shu hunarni xolis o'rgatish taklifini aytganimda, kinoyali kulganlar ham bo'ldi. Ularni hayotga, go'zallikka qaytarish uchun biz shu ishlarni qilmasak, kim qiladi? Men, masalan, o'zimni shu ishda mas'ulman, deb hisoblayman. Quvonarlisi, ular o'z qo'llari bilan shunday go'zallikni yarata olishdi. O'zlari yasagan qo'g'irchoqlarni ularga sovg'a qildim. Dunyoda qoladigani mehr, yaxshilik emasmi? Balki ular keyin qo'g'irchoqboz aktyor yoki usta bo'lishmas, biroq ko'ngillarida yaxshilik kurtak ochgani aniq. Men shundan xursand bo'laman.

Sevara ULUG'BEK qizi suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 6 =