Toshlar tilga kirganda…

Xorazm vohasi iste'dodli tasviriy san'at ustalari va hunarmandlari bilan mashhur. Shulardan biri O'zbekiston Badiiy akademiyasi a'zosi Shavkat Usmonovdir. Bu yil u 80 yoshni qarshiladi. Sh.Usmonov tasviriy san'atning eng mashaqqatli turlaridan biri haykaltaroshlik sohasida ijod qilib kelayotgan iste'dodli ijodkorlardan biri hisoblanadi.

Haykaltaroshlik uch o'lchamli hajmda tas­virlanadigan tasviriy san'at turi hisoblanadi. Haykaltaroshlikning nafis san'atdan farqi shundaki har tomondan tomosha qilish mumkin. Haykalni bu xilda ko'rish natijasida uning tasvir kuchi yanada oshadi.

Shavkat Usmonov haykaltaroshlikning mahobatli va dastgohli haykaltaroshlik sohasida samarali ijod qilgan haykaltarosh sifatida butun respublikaga tanilgan. Ma'lumki, monumental haykaltaroshlik — muhim tarixiy voqealarga, xalq qahramonlari, davlat arboblari, atoqli shaxslar, rassom, yozuvchi, shoirlar, olimlar, fan arboblari va tarixiy shaxslarning xotirasiga bag'ishlab ishlanadi. Bunday haykallar katta, ochiq maydonlarga, ko'cha boshlariga qo'yiladi.

Shavkat Usmonovning mahobatli haykaltaroshlik asarlari Urganch shahrida, viloyatning turli tumanlarida qad rostlab turibdi. Haykaltaroshning Abulg'ozi Bahodirxon, Avaz O'tar, Ogahiy, Komiljon Otaniyozov, Alisher Navoiy haykallari byust shaklida yaratilgan. U yaratgan mahobatli haykallari o'ziga xos plastik yechimda ishlanganligi bilan ajralib turadi. Shavkat Usmonov asli xivalik bo'lib juda yoshligidan rassomchilikka qiziqa boshladi. O'rta maktabni bitirib Toshkentdagi P.Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtiga kirib O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, haykaltarosh F.I.Grishchenko rahbarligida o'qiy boshladi. Bilim yurtidagi diplom ishida Xiva yog'och o'ymakorligi bobokaloni Ota Polvonov byustini yaratdi.

Bu asarni davlat imtihonida komissiya yuksak baholadi. Bilim yurtini imtiyozli dip­lom bilan tamomladi. Keyin Toshkent teatr va rassomchilik institutining haykaltaroshlik bo'limiga kirib, o'qishni davom ettirdi.

Haykaltaroshning sevimli mavzusi Xorazm shoirlari va xalq amaliy san'ati ustalari, mutafakkirlari bo'lib qoldi. U institutda dip­lom ishi uchun Pahlavon Mahmud haykalini yaratishni o'z oldiga maqsad qilib oldi. Bu haykalni yaratish uchun ko'p izlandi, Pahlavon Mahmudga oid materiallar va shoirning she'rlari bilan tanishdi, o'rganib chiqdi. Haykaltarosh Pahlavon Mahmud kurash oldidan xayolga cho'mib, tizzasiga qo'lini qo'yib o'tirgan holatini tasvirlaydi. Afsuski, bu haykal hech qaerga o'rtatilmadi, chunki buyurtmachi bo'lmagan.

Urganch otchoparida o'rnatilgan “Chavan­dozlar”, Ogahiy nomidagi musiqali drama teatri uchun Ogahiy obrazini yaratish ustida uzoq vaqt izlandi. Shoirning hayoti va u haqidagi ma'lumotlar bilan tanishdi, uning she'rlarini mutolaa qildi va nihoyat haykaltarosh Ogahiyni egnida po'stin tashlab qo'lidagi kitobni tizzasi ustiga qo'yib, xayolga cho'mib o'tirgan holda tasvirladi. Haykaltarosh bu asarni zo'r mahorat bilan ishlagan. Unda Ogahiy obrazini to'la namoyon qilishga muvaffaq bo'lgan. Keyinchalik bu haykal qattiq materialga ko'chirildi. Ogahiy haykali yechim shakli jihatidan monumental xarakterga ega.

Ijodkor dastgohli haykaltaroshlik sohasida samarali ijod qiladi. Dastgohli haykaltaroshlik — mustaqil mazmun va syujetga ega bo'lgan, san'atning boshqa turlariga kirmaydigan, ko'rgazma zallari, uylar, korxona, o'quv-jamoat joylariga qo'yish uchun ishlangan haykallardir. Bunday haykallar kichikroq hajmda bo'lsa-da, unda inson psixologiyasi va ichki kechinmalari o'z ifodasini topadi. Shu boisdan bunday asarlar g'oyat nozik his-tuyg'ular bilan ifodalangan bo'ladi. Shavkat Usmonov 50 dan ortiq dastgohli haykaltaroshlik asarlarini Urganch suratlar galeriyasiga sovg'a qilgan.

Yaqinda O'zbekiston zamonaviy san'ati muzeyida ustoz Shavkat Usmonovning hayoti va ijodiga oid fotoko'rgazma tashkil qilindi. Shu ko'rgazmada   haykaltaroshning asarlari namoyish qilinib, shuning fonida Shavkat Usmonovning 80 yilligi nishonlandi. Ko'rgazmada ko'plab san'at ixlosmandlari, yaqin do'stlari, hamkasblari, shogirdlari, talabalar ishtirok etdi. Ustozga ijodiy ishlariga omadlar tilab, hech qachon ilhom parilari tark etmasligini, yuzlarga kirib yurishini tilab qolamiz.

Ko'rgazmada shuningdek, san'atshunos, fotograf Ozod Sultonovning Shavkat Usmonov ijodi haqida tayyorlangan badiiy fotolari ham namoyish qilindi. Hozirgi kunda ham serg'ayrat ijodkor Sh.Usmonov Urganch ixtisos­lashtirilgan san'at maktabida yoshlarga badiiy san'at sohasida ta'lim berib, shogirdlar tayyorlab kelmoqda.

Gulchehra SULTONOVA,

SamDU o'qituvchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − thirteen =