Buyuk muhabbat qissasi
Jahon adabiyotidagi g'oyat go'zal, dardchil va mungli muhabbat qissalaridan biri – Uyg'onish davrining buyuk san'atkori Uilyam Shekspirning “Romeo va Julyetta” fojiasi har qanday yurakni hayajonga soladi, ishqning olovli tafti, qaynoq iztiroblari vujudni kuydiradi, qalblarni yondiradi. Kurrai zamindagi biror millat tili yo dinidan qat'iy nazar bu g'amgin kechmishga jimgina quloq tutolmaydi, zero, bundagi tuyg'ular, dardu kechinmalar umuminsoniyatga daxldor. Shekspirning ushbu genial tragediyasi asosida yuzlab film va spektakllar yaratilgan, hatto ularning aniq sonini aytish dushvor. Asarning talqinlari ham turfa xil: goh mumtoz, goh zamonaviy, gohida ijtimoiy-siyosiy tuzum fonidagi fojia sifatida talqin etilgan. Asrlar silsilasidan o'tib, barcha zamonu makonlarda ham buyuk muhabbat qissasi bo'lib kelayotgan mazkur asar yaqinda O'zbekiston davlat drama teatrida atoqli rejissyor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi Olimjon Salimov tomonidan sahnaga qo'yildi.
Tan olish kerak, keyingi yillari teatrlarimizda jahon klassikasiga e'tibor birmuncha susaygan edi, maishiy muammolar, o'tkinchi mavzular tegrasida o'ralashib qolayotgan o'zbek teatri uchun mumtoz dramaturgiya suvu havodek zarur edi. Chunki teatrning klassikasiz mavjud bo'lishi, rivojlanishi aqlga sig'maydi, bu – oddiy aksioma. O'zbek teatrining shonli sahifalari bir sidra varaqlansa, fikrimizni quvvatlovchi o'nlab dalillarga guvoh bo'lamiz. Milliy teatrimizning zabardast aktyorlari aynan jahon mumtoz dramalarida katta-kichik rollar o'ynab shakllangani, sahna solnomasiga muhrlangan o'nlab durdona obrazlar yaratilgani buning yorqin misolidir. Shu ma'noda “Romeo va Julyetta”dek mahobatli asarning sahnaga qaytishi madaniy hayotimizda katta hodisa bo'ldi desak, xato bo'lmas.
Shoir va mutarjim Jamol Kamol tarjimasida sahnalashtirilgan besh pardali fojianing ilk sahnasi Verona maydonida, bir-biriga azaliy dushman ikki oila – Montekki va Kapulettilar xizmatkorlarining nizosi bilan boshlanadi. Atrof-javonib zulmatga burkangan, bu ikki xonadonning dastidan shaharda tinchlik, orom yo'q, odamlar ozurda, besaranjom hayot kechirmoqda, har kuni nedir talofat, qirg'in, xunrezlik, alqissa, shundayin badbin muhit, razolat hukmronki, bu jamiyatda insoniy munosabatu tuyg'ularga o'rin yo'q. Ayni voqelik sahnalashtiruvchi rassom Sergey Chufarnov tomonidan mahorat ila tasvirlangan: sahna markazida yirtqich sher haykali – bamisoli bu sovuq mahluq butun shahar qonga to'lganining ramzi, adovat, fisqu fasod, zulm makoniga aylangan yurtda inson faqat o'lim, g'orat etilishga mahkum.
Ikki oila xizmatkorlarining nizosi janjalga aylanadi – qilichu qalqonlarning zarbidan yeru ko'k titraydi, zamin motam libosini kiyadi. Ammo bu boshlanajak fojialarning ibtidosi, xolos. Feodal jamiyatning chirkin qoyalari bag'rida ikki gul g'uncha ochadi, asarda tasvirlanganidek:
Va lekin bu dushman oilalardan
Tug'ilgan farzandlar sevishib qoldi.
Bu ikki baxtsizning o'limi bilan
Adovat o'zi ham go'rda yo'qoldi.
Romeo – muhabbat dardida yonayotgan bo'z yigit, u Julyettani butun vujudi, jismu joni ila sevadi, qizda ham xuddi shu hol, ikki yoshning sevgisi buloq suvidek pokiza, shaffof. Ularning ilk uchrashuvi spektaklda nihoyatda go'zal va nafis bo'yoqlarda chiziladi: Kapulettilar xonadonidagi bazmga yashirincha borgan Romeo Julyettaga nigohi tushadiyu, tamomila es-hushidan ayriladi, qiz ham yigitga oshiq bo'ladi. Spektaklda bosh qahramon obrazlarini ijro etgan yosh aktyorlar – Behzod Zokirjonov va Gulruh Pirnazarova rejissyorning haqiqiy topilmasi bo'ldi. Behzod Romeoning tiynatidagi inja tuyg'ular, pokiza hissiyotlarni lirik-romantik jo'shqinlik, poetik ruh ila ko'rsatadi. Uning qahramoni haqiqatda ishq jazbasida yonayotgan mahbub, lablari har nafasda sevgilisining ismini aytib “pichirlaydi”, ko'zlari, yuzlarida ishq otashi alanga oladi. Bunday dardmandlik, cho'ng ehtiros, ishqqa mubtalolikning Shekspirdan yuksak va teranroq tasvirini faqat Hazrat Navoiyda topish mumkin. Layli ruxsorida parvonadek kuyayotgan Majnun nolasi baayni Romeoning iztiroblarini yodga soladi, ammo Majnun ishqi ilohiyga doxil bo'lgani sabab uning ruhidagi junun Romeonikidan o'n chandon kuchliroq, o'tliroq. Biroq haqiqat shuki, Romeoning muhabbati ham odam bolasida kam uchraydi, Shekspir yigit qalbining nozik tebranishlari, nafis tuyg'ularini misli musavvirdek, g'oyat nazokat ila chizadi.
Julyetta obrazini gavdalantirgan aktrisa Gulruh Pirnazarova ham qizning beg'ubor olami, sof tiynati, otashin qalbini nozik did, yorqin pafos uyg'unligida ochib beradi. Aytish o'rinliki, spektaklda Julyetta Romeoga nisbatan faol, kurashuvchan, jasoratlidek ko'rinadi. U muhabbatiga yetmoq uchun har nega tayyor, hatto o'limgada tik boqmoqqa qodir. Romeo Montekki oilasining farzandi ekanini bilsa-da, aslo ortga chekinmaydi, “o'zing emas, noming dushman menga…” – deya nadomat qiladi. Aktrisa Julyettaning botini, ruhiyati, xarakterini teran his qiladi, rejissyor ko'rsatmasini to'g'ri anglagan holda bor imkoniyati, iste'dodini obraz mohiyatini ochishga yo'naltiradi.
Asar va spektakldagi eng hayajonli, go'zal, romantik sahnalardan biri – ikki sevishganning Kapulettilar chorbog'idagi uchrashuvidir. Aktyorlar bu sahnaga o'zgacha ehtiros, qalb qo'ri va did bilan yondashgan. Romeo derazadan boqayotgan Julyettaga nazar tashlaydi, visol shukuhidan yuragi hapqiradi:
Anuv derazada chaqnab ko'ringan nima?
Kunchiqar ufqi u, unda
Julyetta – quyosh!
Porla, quyosh, rashk aylagan
oyni ado qil,
O, sevgilim, go'zal yorim,
ishqim, malikam,
Bir malaksan, jonim,
o'zing bilarmikansan?
Romeo yor visoliga shu qadar tashnaki, hatto uning qo'lqopi bo'lib, yuzlarini silashga ham rozi. Aktyor B.Zokirjonov qahramonidagi kuchli muhabbat, qaynoq haroratni yurakdan kechiradi, ayniqsa, Julyettaning ayvoniga osilib turishi, shu yo'l bilan sevgilisining vasliga intilishi tomoshabinni hayajonga soladi.
Endi spektakldagi boshqa obrazlar xususida ham to'xtalsak. Voqealar rivojida muhim o'rin tutuvchi, bosh qahramonlarni bir-biriga erishmog'i uchun astoydil kurashuvchi faol personajlardan biri – rohib Lorensodir. Shekspir yaratgan rohib obrazi O'rta asrlarga xos diniy mutaassiblik, cherkov radikalizmidan butkul xoli, hurfikrli, sog'lom dunyoqarashga ega inson sifatida namoyon bo'ladi. U qaysidir ma'noda adibning Uyg'onish davri haqidagi badiiy tafakkurining timsoli hamdir. Rohib Lorenso har qancha tahlikali bo'lmasin, ikki dushman oila farzandlarini nikohlab qo'yadi, Julyettaga uyqu dori berib, Romeo bilan dahmadagi oxirgi uchrashuvini tashkillashtiradi. Tabiiyki, bu ishlar cherkov aqidalariga zid, biroq Lorensoning insoniy tuyg'ulari e'tiqodidan ham ustun, u bir-biriga talpinayotgan ikki yoshga yordam bermaslikni vijdoniga xilof deb biladi. Bu obrazni ijro etgan taniqli aktyor Po'lat Normatov qahramonidagi ana shu insoniylik, mehr-muhabbat, sadoqatga asosiy urg'uni qaratadi.
Aktyor Karim Ramazonov ijro etgan Merkutsio Romeoning eng yaqin va vafodor do'sti, hazilkash, hushchaqchaq bu yigit ikki oila o'rtasidagi nizoning baxtsiz qurboniga aylanadi. K.Ramazonov Merkutsioning ham quvnoq, ham hazin ruhiyatini ishonarli talqin qiladi, muhimi, ijroda adovat naqadar ulkan fojia ekani, u begunoh insonlarning umriga zomin bo'layotgani ochib beriladi.
Spektakldagi har bir ijro diqqatga arzigulik. Xususan, enaga (O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Dono Boboxonova), Montekki (G'aybulla Jumanov), Montekki xonim (Go'zal Payziyeva), Kapuletti (Bahodir Mirmaqsudov), Kapuletti xonim (Tamara Mirmaqsudova), Benvolio (Sirojiddin Sattorov), Tibalt (Ilhom Berdiyev), Paris (Ilhom Ochilov) va boshqa qahramonlarni ijro etgan aktyorlar ham o'zlariga yuklatilgan rolni muvaffaqiyatli bajarishdi. Hatto spektaklda bor-yo'g'i birgina epizodda ko'rinish beruvchi dorifurush (Rustam Ahmedov) personaji ham ishonarli, ta'sirchan talqin etilgan.
Albatta, ta'kidlash joizki, jahon adabiyotining go'zal namunalaridan biri, g'am-anduh, hijronu azobga to'la dardchil muhabbat qissasi – “Romeo va Julyetta” fojiasining sahnaga qaytishi bugungi o'zbek teatrida o'ziga xos voqelik bo'ldi. Sababi, mana shunday mumtoz asarlar teatrning maqomi, ijodiy salohiyatini oshiradi, aktyorlar uchun haqiqiy mahorat maktabiga aylanadi.
Shohrux ABDURASULOV,
san'atshunos