Qalblarni yoritgan yulduzlar
Xalqimiz hech qachon unutmaydigan san'at yulduzlari ancha. Ular ijro etgan rollar, qo'shiqlar yana yuz yillar o'tsa-da, unutilmaydi. Chunki ular el qalbidan, yuragidan joy olganlar.
Quyida bundan ancha yillar oldin qilingan suhbatni mushtariylarga havola etishni lozim topdim.
Chunki bu suhbat ajoyib aktrisa, go'zal va hamisha sevimli bo'lib kelgan Tamara Shokirova hamda uning qizi — estrada yulduzlaridan biri Rayhona bilan kechgan edi.
Yaxshisi, suhbat qanday kechgan bo'lsa, aynan havola etaman. Aziz o'quvchi, hayotini kino va adabiyotga, qo'shiqchilikka bahshida etgan qalblar bilan hamsuhbat bo'ling.
Ekranga, estrada sahnasiga serjilo shu'lani baxsh etgan Tamara va Rayhonaning fayzli, orasta xonadonida bo'lganimda mezbonga dedim:
— Tamara, tez orada “Mehrobdan chayon” romani asosida film suratga olinsa kerak. O'zbek tilini o'rganing. Kembridj universiteti tilni o'rganishning yangi metodikasini ishlab chiqibdi. Ra'no roliga taklif etilsangiz kerak. Abdulla Qodiriyning qahramoni sof, chiroyli. Ammo u o'zbek qizi, shubhasizki o'zbekcha gapiradi. U ham sevikli yor, ham shoirtabiat, ham dovyurak qiz. O'lmas (Alixo'jayev) o'zbek tilini o'zlashtirmay turib Otabek rolini o'ynadi. Shukur Burxon odob saqlab muloyimgina e'tirozini bildirgan edi.
Biroz vaqt o'tib bir seriyalik ekran asari nihoyasiga yetdi. Chilonzordagi o'sha fayzli xonadonga bordim. Tamara u yerda katta qizi Rayhona bilan istiqomat qilar edi.
Tamaradan so'radim:
— Siz yaratgan Ra'no Abdulla Qodiriy mehr-muhabbat bilan yozgan qahramon obraziga yaqinmi? Adibning bir ta'rifini eslataman: “Musavvir bo'lganimda Ra'noning portretini chizardim… menga ko'proq gul rangi kerak bo'lardi”, deb o'z qahramonining chiroyini, ayni bir vaqtda o'zining Ra'noga bo'lgan munosabatini ham bildiradi. Gul rangi — sevgi, sadoqat, ko'rkamlik ramzi. Go'zallikda siz Ra'nodan qolishmaysiz. Uning ma'naviy go'zalligi, shoirona ruhi, xon haramidan hazar qilishi – bularni ko'rsatish imkoni bo'ldimi?
— Zaifroq rol bo'ldi bu gal. Rejissyor ko'proq libos, imo-ishora, xatti-harakat haqida kuyunib yurdi. Aslida murakkab holatni — yurak iztiroblarini ko'rsatish yo'llarini izlash kerak edi. Xon bilan olishuvga jur'at etadi-ya!
Suhbatimizni daf'atan eshitib, biroz kulimsirab kichik davramizga qo'shilgan Rayhona qat'iy ohangda:
– Yo'g'-e! Tadbir qo'llay oladigan, lekin tabiati nozik, murakkab sharoitda topag'on va zehni nihoyatda o'tkir Ra'no jasoratini namoyon etgansiz-ku! Ra'no rolini onamdek kuchli iroda sohibasi, qat'iyatli, fikri ham, faoliyati ham go'zal aktrisa Tamaraxonim Shokirova o'ynaganidan xursandman, mamnunman. Hamkasblarim ham shu fikrdalar. Ularning badiiy mezonlari esa hamisha yuksak.
Tamara va Rayhonaning uy sharoitida yurish-turishi, o'zaro iliq munosabatlarini so'zda, mehrli tabassumi ila bildirishini ko'rib, biroz kuzatib shunday xulosaga kelaman: ular ona- bolagina emas, ko'proq ahil dugonalardek, bir-birini qadrlaydigan, e'zozli do'stlardek edi. Zavq oldim bu manzaradan! Nasihatomizlik holatni sezmadim. Samimiy, do'stona kulgi, xirgoyi bilan bo'linib turdi muloqot damlari. Ikkisi ham mulohazali, aqlli, xushchaqchaqligidan men – mezbonga ham iltifot ko'rsatib kino, televidenie, yozilayotgan kitoblar haqida savol berganimda so'zni bo'lmay, qiziqish bilan eshitishdi… Keyin o'zga yurtga ketgan Dilorom Qambarovani ham esladik.
Tamara kulimsirab dedi:
– Tez-tez kelib turadi Dilya! — Yuzi yorishdi Tamaraning, — uzoq masofani bosib kelganida bizdan baxtliroq odam bo'lmaydi. “Olovli yo'llar” ko'pseriyali film yaratilishida birga ishlagan kunlarni goh kulib, goh afsuslanib xotirlaymiz.
Ikki mashhur san'atkorning biriga yarim hazil tarzda, oila siriga taalluqli, ehtimol “ilmoqli”roqdir, shunday savol berdim:
– Rayhona, dong'i ketgan aktrisa Tamara Shokirova bilan birga, bir fayzli uyda istiqomat qilish zavqi bo'lsa kerak?
– Bu savolni onamga bering, – deb kula-kula javob berdi estrada yulduzi.
Tamaraga yuzlanaman. Javobi tayyor:
– Ehtimol, Rayhonaxon uzil-kesil javob berarlar. Men barcha sevadigan, e'zozlaydigan xushovoz xonandaning volidasiman!
Tamara ko'rkam qizining shinam ismiga “xon” qo'shimchasini qo'shib, xayrixoh kinoyaning jindek nishonasi – vaziyatga hazilnamo ohang bergandek bo'ldi. Shu damda tasavvurimda katta konsert zalida “Ona” ashulasi Rayhona ijrosida eshitilgandek bo'ldi. Xonandaning nozik, nafis harakati yangrayotgan ta'sirchan musiqaga juda mos ko'ringandi. Yoqimli ohang, yoqimli ovoz, obrazli satrlarning teran mazmuni mehribon, jonkuyar onaning maftunkor portretiga yangi-yangi chizgilar tortar edi. O'sha musiqali daqiqalarni tasmaga muhrlaganlar Rayhonaning onaizoriga bo'lgan minnatdorchiligi, hayrati, tovlangan mehrini yirik planda ko'rsatgan ekanlar. Bu manzaraga yoqimtoy, shirali ovozga o'zga maromda, o'zga ijro usulida, yangi sadolar jo'rligidagi Rayhonaning ijrosi o'ziga oshufta etadi. Shu oromli damlarga erishish, musiqa, vokal shaydolariga yetkazish sirlaridan birini bilish istagida xonandaga savol beraman:
– Yaxshi aktyor kamerani his etib turadi. Estrada xonandasi – tinglovchini, tomoshabinning sahnadagi ijroga bo'lgan munosabatini ko'rib turadi. Siz zal bilan aloqa o'rnata olishingizni ko'rganman. Xushovozingizdan tashqari artistlik mahoratingiz ko'zga tashlanadi. Bu ijrochilik mahorati ibtidosi haqida o'ylaysizmi? Onangizdan, otangizdan o'tgandir. Tamaraning ijrosi… millionlarga manzur otangiz Otabek G'aniyev buyuk rejissyor Nabi G'aniyevning – rejissyor va aktyorning – nabirasi!
– Ashulani ijro etish asnosida ta'riflab bo'lmaydigan holatga kiraman, – dedi xonanda. — Ilhom parisi tashrif buyuradimi bu sirli onlarda? Yoxud mashhur avlodimiz ruhlari madad beradimi?! Sirli, sehrli sadolar og'ushida qolasiz. Xatti-harakatning nafis, ko'rimli, nozik ifodasini darhol topa qolasiz… Ovozing boricha, kuylaging, osmonu falak tomon parvoz qilging keladi… Zaldagilarning gulduros qarsagi sahnaga qaytaradi meni. Bu ijod maskaniga kelgan yoshlar ko'nglini to'ldirish istagi kuchli bo'ladi. Axir, estradamiz navqiron kino san'atidan ham yosh-ku. Kinoning estradaga ta'siri sezilyapti. Savolingizga javoban aytamanki, bugungi estrada, uning estetikasi sahnani yoritish texnikasiga ham, optikaga ham, ko'p kameralar bir suratga olinishi darajasiga ham, tabiiyki, ijroga ham bog'liq. Shuningdek, sahnaga chiqish oldida qandaydir kuch-qudrat, ijod nashidasi kuy orqali yetib kelgandek bo'ladi. Juda yoqimli, sirli holat. Sahnadagi ashula ijrosi zalga yetib borishida kompozitor, estrada postanovkasi bilan shug'ullanganlar, nur manbalari bilan ta'minlovchilar va boshqa ijodiy-texnik xodimlar xizmatlarini ham his qilib turaman.
Biroz jiddiy masalalarni unutib, fayzli, ko'rkam xonadonning o'shandagi shirin tashvishlarini bilmoqchi bo'lib:
— Rayhona, onangiz tayyorlaydigan yegulikning qaysi biri eng lazzatli? — deb so'radim.
— Deyarli barchasi. Ayniqsa, osh — palov. Mazasi og'izda qoladi, — deydi u kulib.
— Ro'zg'or yumushlarida ishtirok etasizmi?
— Ha, lekin har doim emas. Erkalab, suyib, ehtiyot qiladilar meni. Shu bois, hamisha formadaman, ijodga shayman. Ular tufayli xonanda bo'ldim, shekilli. Mening birinchi ustozim, munaqqidim, rejissyorim, prodyusserim — mening onam. Besh ashulani tayyorlasam, ulardan ikkitasini, ba'zidagina uchtasini tanlaydilar. Munozaraga bormaymiz. O'zlari tanlagan hayot tarziga hamisha sodiq qoladilar. Halollik, talabchanlik, yuksak malaka (professionalizm) tamoyillariga hamisha amal qiladilar. E'tiqod bilan qiladilar har bir mas'ul ishni.
Samimiy, iliq muhit hukm surgan xonadonda men eshitgan shinam ovoz, ko'rkamlikda bir-biridan qolishmaydigan volida-yu, uning qizalog'ining xayrixona suhbatlaridan to'lib-toshib, ko'tarinki holatimda musohaba tafsilotlarini qog'ozga aynan tushirishga oshiqdimu, uy bekasi orasta, oqila Tamara sha'niga bir shingil so'zni suyukli qiz ishtirok etayotgan musohabada aytganidan hozir ham xursandman!
— Tamara xonim, baxtli onasiz. Kichik qizingiz Nasibaning qiziqish doirasi kengligini bilaman. Hozirgi tilda aytganda, kommunikabelligi bilan ham barchani o'ziga oshufta etib qo'yadi. Rayhona esa musiqa san'ati xizmatida. Uning shaydolari oshno bo'ladi xushovozi, mukammallashib borayotgan ijro texnikasi, iste'dodi bilan. U bilan faxrlanarsiz?!
— Bo'lmasa-chi?! Ko'pchilikning unga bo'lgan mehrini bilib, sezib turaman. Sim qoqadiganlarga javob berishga ulgurmayman. Lekin hamisha bandligini, gastrollarda ko'p yurishini, sahnaga chiqish taraddudi murakkabligini bilaman. Ijod soatlarida ko'rsangiz edi uni?! Shunday sukunatga cho'mganday ko'ringan Rayhona yozgan asarini ko'tarib yonimga keladi. Ko'zlari yonib turadi. Qanday baholashimni qiziqish bilan kutadi. Bu daqiqalarni qanday qadrlashimni bilsangiz edi, — deb musohabaga yakun yasagandek bo'ldi baxtiyor ona.
Tamara beradigan navbatdagi savolimni kutmagan edi:
– Tamara, onangiz ukrainalik ayol bo'lgan. Rayhonaning otasi Otabek ko'ngilchan, oqibatli, ehtirosli bo'lgan. Buvasi esa buyuk asar “Tohir va Zuhra” filmining rejissyori. Ana shunday boy meros faoliyatingizga ta'sir etishini sezasizmi? Rol ustida ishlashingizda, ssenariyni o'qishingiz, o'zlashtirishingizda? Bu ajoyib, totuv damlarni ta'riflay olasizmi? Aql-idrok mezonlari, o'lchovlari, mantiqiy dalillar bilan aniqlash, izohlash, xulosaga kelish amri maholdir? Balki xufyona kechar bu shirin-totuv kechinmalar?!
Tamara negadir xoholab kulib yubordi. Chehrasida shirin, qandaydir maxfiy o'ylar aksini sezgandek bo'ldim!
— Men ham o'ylayman bu haqda, jiddiy so'zlay ketdi u. — Ilm ahli bunday mushohadalardan yiroq bo'lar deb yurardim. Stixiyali ravishda ta'sir etar qandaydir kuch. O'zligicha kelar, siz aytgandek, xufyona bir tarzda. Suratga olish maydonchasida ba'zan ukrain ayollarining nozik ehtirosi, o'z fikrini o'tkazishga bo'lgan xohishi, ehtiyoji menda ham goho ustun turgandek bo'ladi. Doim muloqotda bo'lish istagi, katta yoshdagilarga hurmat-izzat, muhtojlarga dalda bo'lmoq, yordam ko'rsatmoq – bu xususiyatlar otamdan o'tgan. Mo''jiza ro'y berib ikkinchi jahon urushida omon qolib, qadrdon yurtiga – O'zbekistonga qaytib kelib, Chirchiq shahrida umrlik hamrohini topgan padari buzrukvorimni ko'p fazilatlari bizda ham uyg'onar… Onam tibbiyot xodimasi edi. Ukrainadagi gospital Chirchiqqa evakuatsiya qilinganida hamkasblari bilan birga o'zbek diyoriga kelib, shifokorlik faoliyatini davom ettirgan.
Ijro etish iste'dodi sohiblariga tegishli bu mulohazalar. Ijro ta'sirchanmi, ishonarlimi – buni kamera “uqib” oladi. Yirik planda ko'rsatadi. Go'yoki ob'yektivda rentgen nurlari aktyor kira olgan holatni aks ettiradi tasmada, ekranda.
— Tamara, Rayhona, meni qiziqtiradigan masalalarga munosabatingizni ochiq-oydin bildiryapsiz. Mamnunman. Siz – bugungi suhbatdoshlarimdan birining rollarga bo'lgan jiddiy munosabatini, ssenariyga bo'lgan talabchanligini, ikkinchisi estradadagi faoliyat, onaga, qadrdon xonadonga bo'lgan mehr, sadoqat his-tuyg'ularini so'ndirmasligi, aksincha, so'nmas mash'al bo'lib qolishini yodga soldingiz yana bir bor. Bir-biringizni ma'naviy jihatdan boyitib borasiz. Shunday emasmi?
– Qizim Rayhona erta-yu kech nimalarnidir yozishidan, bir-biridan yoqimli kuylarni bastalashidan, ularga mos keladigan misralarni izlashidan hayratga kelaman. Menga ham “yuqadi” o'sha tinimsiz harakat. Menimcha, kinoaktyorlar xuddi shu tarzda izlanishi, rolni mukammal o'zlashtirishi, o'zini ham jismoniy va ma'naviy – har taraflama obraz yaratishga tayyorlashi kerak. U doimo ijodga shay bir holatda bo'lishi kerak. Axir, biz – kinoaktyorlarning teatr-studiyamiz yo'q-ku. Mashq bilan, trenaj bilan qaerda shug'ullanamiz?
Tamaraning bu so'zlarini eshitganimda va'daga vafo qilmaganlarni esladim. Yaqin o'tmishda Moskvadagi kino instituti — VGIKda bir guruh o'zbek yigit-qizlarini raqobat tamoyillariga amal qilgan holda tanlab olgan mashhur aktyor Boris Chirkovning ijodiy-o'quv ustaxonasi ish boshlagan edi. Kamina o'quv jarayoni rejalari bilan tanishib, mulohazalarimni o'sha o'quv dargohida aytgan, safar daftarimga batafsil yozib qo'ygan edim. Bu qiziqarli, bizga qolsa, hozir ham dolzarbligini yo'qotmagan ta'lim, ayniqsa, o'quv sahnasida ijro etilgan rollar muhokamasi, tahlili professor B.Chirkov (rafiqasi bilan) dotsent Spirichevning kuzatishlari, oqil maslahatlarini o'rganish (ehtimol, kengroq tarqatish) zarur. Tasvir – noyob tasvir, magnit tasmasiga muhrlangan ovoz mavjud. O'sha yillari “Markaziy televidenie” nomi bilan mashhur bo'lgan studiyani (Moskva) sa'y-harakatlar ila ko'ndirib 16 mm (o'n olti millimetrli) kino tasmasiga qizg'in o'quv jarayoni muhrlanishida ishtirok etgan edim. Uni video kasetalarga zudlik bilan ko'chirish, televidenie xazinasida saqlash kerak. Baxtiyor Zokirov (Botir Zokirovning farzandi), Zuhriddin Rijametov (To'g'on Rijametovning o'g'li), Ra'no Kubayeva va ularning kursdosh do'stlarining ko'p yillar muqaddam VGIK sharoitida o'ynagan rollari hamda ularga moskvalik ustoz san'atkorlarning munosabati tomoshabinda qiziqish uyg'otar, TV filmotekasining noyob eksponati sifatida tomoshabinlarga, tadqiqotchilarga xizmat qilar.
O'sha yillari va'da qilingan kinoaktyorlar studiyasi (yoki teatri) tashkil etilmadi. Yoshlar ko'p urinishdi. Professional ta'lim olgan kinoaktyorlarning kattagina guruhi tarqab ketdi.
Suhbatimiz oxirlab qolganida Rayhona zavq-shavq bilan onasiga “madhiya” o'qidi:
— Kinodan juda minnatdorman! Bu san'at tufayli iste'dodini namoyon etgan Tamaraxonim Shokirova ishtirok etgan filmlarni qayta-qayta ko'raman! Axir, hozir kamol topgan, shuhrati keng tarqalgan onamni o'n yetti yoshida ko'rib hayajonlanaman, zavqlanaman!
Darhaqiqat, eslasak, “Integral”, “Qo'rquv bilmay” (prokatda “Bez straxa”), “Menga aziz inson” (“Moy dobrыy chelovek”) “Mehrobdan chayon”, “Semurg'” (“Semurg”) , “Olovli yo'llar” (“Ognennыe dorogi”), “Xorazm afsonasi” (“Xorezmskiyskaya legenda”) singari kartinalarda kamera, montaj, ekran ijro texnikasi mukammallashib borganini tasdiqlab turadi. Mukammallik, fikr teranligini hozir ham ko'rib turaman. Qoyil qolaman! Televidenie mahsulotlarini ko'rayotganlarida, ssenariylarni o'qiyotganlarida, rol tanlayotganlarida ko'zga tashlanib turadi talabchanliklari, nozik, sayqal topgan didlari, samimiyatlari. Ko'rsatuvning tarkibi, ssenariyning badiiy saviyasi, ekran talablaridan kelib chiqib yozilganmi u?! Bu savollarga beriladigan javoblar asosli, adolatli, tabiiyki samimiy bo'ldi. Qanchadan-qancha rollardan voz kechganlarini ham aytdilar. Bu san'atkorlarning ijod jarayoniga, uning mahsuloti yaratilgan muhitga bo'lgan yondashuvlari meni hamisha o'ylantirib qo'yadi.
Lekin shuni aniq aytish mumkinki, iqtidorli aktrisa Tamara Shakirova ijro etgan 40dan ziyod rollar — ularning bari betakror va chinakam iqtidor namoyishi sifatida kinosan'ati tarixida qoldi.
Yuqorida aytganimdek, bu suhbat qoralamasini yozib qo'yganimga (suhbat rus tilida bo'lgan edi) ham ancha yillar bo'ldi. 2005 yilning iyul oyi edi adashmasam. Chopqir kunlar o'tdi. (Oxirati obod bo'lsin). Tamara Shokirova tark etdi bizni. Rayhona, barchamiz dog'da qoldik. Rayhona esa turmush qurib, ikki farzand ko'rdi. Ona bo'lish baxtiga erishdi. Sahnada ham ko'rkamligini saqlab, yayrab kuylamoqda.
Bugun Rayhona mehrni egizak farzandlari Imron va Islomga baxshida etib, naslan sulolaga sodiq qolish, xush ovozi, mehrigiyosi bilan mashhur sulola an'analarini davom ettirishdek rejalar bilan ijod etmoqda.
Hamidulla AKBAROV,
san'atshunos olim