Barhayot ruhlar navosi

So'z – soz – ovoz vobastaligida yaraladigan dilnavoz asar – qo'shiq (ashula) har doim xaridorgir. Taassufli joyi shundaki, uning umri bir martalik ham bo'lishi mumkin yoki abadiyatga muhrlanib kolishi ham bor gap. Yaqinda shunday hol ro'y berdi: “Zangori ekran”da bir koshonadan konsert namoyish etilayotgan edi. Muxlislar doimiy ijrochilarni loqayd kuzatardilar. Birdan yomg'ir tomchilagandek rez bilan musiqa bosh­landi, keyin u sokin davom etuvchi navoga ulandi-da, xonandaning jozibador ovozi yangradi:

Dilimning armon kosasi lim to'ladir kechalar…

Bu ko'shiq butunlay boshqacha edi, bu yangi ko'shiq edi. Hamma hushyor tortdi, nafas chiqarmay oxirigacha tingladi. Chinakam san'at hammani sehrlab qo'ygandi. Qo'shiq ijrochisi Ozoda Yorova o'sha oqshom minglab qalblarni kashf etdi. Xushovoz xonanda bilan muxtasar suhbatni e'tiboringizga havola etmoqchimiz.

 

— Ozodaxon, “Kechalar” qo'shig'ingizning muvaffaqiyatini nimada, deb bilasiz?

 

— O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov yaratgan bu asarni ijro etganimdan o'zim ham mamnun bo'ldim. Qo'shiq mumtoz uslub bilan zamonaviy oranjirovkaning birlashib ketishidan yaralgan, bir so'z bilan aytganda, bugungi tinglovchiga yoqadigan ohang o'zimizning qadimiy musiqamizdan suv ichgani qo'shiqning muvaffaqiyatini ta'minlagan. U milliy an'analarimizning zamonaviy talqinidir. Qolaversa, she'rning ma'nosi mening ruhiy holatimga yaqin edi, men so'zlarni qalbim, yuragim bilan talaffuz qildim.

 

— Haqiqatan, qo'shiqning yutug'ida birinchi omil — ijrochi. Siz bir oy yoki bir yilda bu darajaga yetmagansiz.

 

— 1996 yilda konservatoriyani tugatib, Parkentdagi maktablarda musiqadan dars berdim. Klassika, maqom ruhiyatim,tabiatimga yaqin, shu tufayli yo'llar meni maqomchilar ansambliga olib keldi. Bu dargohda juda katta maktabni o'tadim. Maqomning shunday sehri borki, unga oshiq bo'lgandan so'ng ketib qola olmaysiz. Maqom milliy qo'shiqchiligimizning eng yuqori darajasi. Mening nazarimda, maqom hali o'zining barcha imkoniyatlarini namoyon eta olgani yo'q, shuning uchun ham u kuylanmagan qo'shiqqa o'xshaydi. Biroq ko'plab ustozlarimiz bu nodir san'atga bor umrlarini bag'ish­ladilar. Ustozim Eson Lutfullayev oltita “Sarahbor”ning hammasini ijro etaman, deb oldiga hayotiy maqsad qo'y gan edi. Haqiqatan, maqsadiga yetdi, “Shashmaqom”ning jami muqaddimasini o'z uslubida kuyladi.

Shuningdek, Fattohxon Mamadaliyev, Orifxon Hotamov bu borada maktab yaratib ketishdi. Bugun ularning o'rni juda bilinayapti (joylari jannatda bo'lsin). Maqom hali to'la kashf qilinmagan qo'shiq, unda kishini o'ylantirib qo'yadigan teranlik, g'ayratlantiradigan shiddat, ezgu tuyg'ularni kuchaytiradigan mahzunlik va latofat mujassam. U xalqimizning barhayot navosi bo'lib yanada yuqori darajalarga ko'tarilishi lozim.

— Maqomni yurakdan sevishingizga ishondik. Endi mulohazalarimizni bosh­­qa o'zanda davom ettirsak. Zamonaviy estradaga munosabatingiz qanday?

 

— Estradaga munosabatim, hurmatim maqomdan kam emas. Hozir bu janrda izlanish­lar ketayapti. Ana shu izlanishlar bizning tarixiy ildizlarimizga tayansa, yaxshi asarlar yaratilardi. Qadim-qadimdan xalq tomoshalari, sayllarida huzurbaxsh navolar yangragan, ular maqomlar darajasida benazir bo'lgan. Bugun qaysi san'atkor shu haqiqatni tan olayotgan bo'lsa, u muvaffaqiyatga erishayapti.

 

— To'g'ri. Yaxshi asarlar qatorida bazan hissiz, tuzsiz, betayin xirgoyilar paydo bo'lib qolayapti. Ularning to'qson to'qqiz foizi qizning yigitdan yoki yigitning qizdan shikoyatidan iborat. Bir ayol sifatida va san'atkor sifatida bunday “asar”lar sizga qanday ta'sir etadi?

 

— Ko'pchilik qatori g'ashimni keltiradi. Qo'shiqchilikda muhabbat talqini eng yuqori darajada bo'lishi lozim, qolaversa, bu san'atning o'zi muhabbatdan tug'ilgan. Sevgi-muhabbat qo'shiqlari bu sehrli olamning anglanmagan qirralarini kashf qilib, iztirobda yurgan dillarga taskin berishi lozim. “Beqasam to'nlar kiyib buncha meni kuydirasiz” – mana shu misraning o'zi tugal bir qo'shiq, undan hayo, nafosat, dard, sog'inch ufurib turibdi. Yoki oshiqning holati “Yuzingni bir ko'ray desam, qo'lingni pardalar qilding” degan satrda qanday go'zal ifodalangan?! Hozirgi ko'plab qo'shiqlarda nafis tuyg'ular shunchalar dag'al akslanadiki, ularni tinglab, o'sha xonandaga rahming kelib ketadi. Go'yo kimdir adashib chamanzorga kirib qolgan-u, gullarni ayovsiz payhon qilayotgandek tuyuladi.

 

— Qo'shiq mavzularining torayib ketayotgani ham tashvishli-da…

 

— Ha, negadir aksariyat qo'shiq deganda faqatgina ikki jinsning ohu voyini tushunadiganga o'xshaydi. Yoshi 40 dan o'tib qolgan xonandalarning odam o'smirligida kechiradigan tuyg'ularini qo'shiq qilib kuylashi juda erish tuyuladi. Holbuki, qo'shiqda inson kechirishi mumkin bo'lgan har qanday ruhiy holat ohangga solib kuylanishi mumkin: imtihon arafasidagi talaba, yo'lga chiqqan o'g'il yoki har bir kasb egasining o'z ichki tug'yoni bor-ku, nega shularni qo'shiq qilib bo'lmaydi? O'zim shunday asarlar yaratilishiga ishonaman, ularni jon-jon deb kuylashga tayyorman.

 

— Demak, muxlislar sizdan yangi dilbar qo'shiqlar kutib koladi. Bu yo'lda omad yor bulsin.

 

H. MUHAMMADIYEV suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − eight =