“Men seni sevaman, O'zbekiston!” “O'zbek milliy kino san'ati haftaligi”dan reportaj
O'tgan sonda 11 yanvardan buyon “O'zbekkino” Milliy agentligi tomonidan poytaxtimizning Yoshlar ijod saroyida “O'zbek milliy kino san'ati haftaligi” o'tkazilayotgani, uning birinchi, ikkinchi kunlari haqida xabar bergandik. Katta premyeralar, eksklyuziv shoular va mahorat darslarini o'zida qamrab olgan kinohaftalikning uchinchi kuni ham o'ziga xos bo'ldi.
Taniqli kinorejissyor va ssenarist Ali Xamroyevning “O'zbekistonda zamonaviy fotografiya va tezkor suratga olish”, Rossiyada xizmat ko'rsatgan artist, o'zbek tomoshabinlariga “Baron” filmi bilan yaxshi tanilgan mahoratli aktyor Farhod Mahmudovning “Kino mening hayotim”, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, mahoratli kinorejissyor Ayub Shahobiddinovning “Kinoda zamonaviylik va professionallik sirlari” mavzusida rejissyorlik va aktyorlik san'atini o'rganish bo'yicha mahorat darslari bo'lib o'tdi. Unda talabalar, kino san'atiga qiziquvchi barcha havaskorlar ishtirok etishdi. “O'zbekkino” Milliy agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur uchrashuv yosh kinoijodkorlarda iliq taassurot qoldirdi.
Shuningdek, kun davomida “Men terrorchi emasman” filmi ijodkorlari bilan brifing tashkil etildi. Unda filmning ijodiy jamoasi, “O'zbekkino” Milliy agentligi rahbariyati, yosh kinoijodkorlar, kinoshunoslar, rejissyorlar, soha vakillari, jurnalistlar ishtirok etishdi. Brifingdan avval “Film haqida film” nomli maxsus videorolik namoyish etildi. Ijodiy guruh filmning suratga olish jarayonlari, s'yomka vaqtida yuzaga kelgan qiyinchiliklar, tasvirga olish ob'yektlari, rekvizitlar, ijodiy jamoaning mehnati haqida batafsil gapirib berishdi. Jamoa kartinada tomoshabinga film orqali nimani targ'ib qilishni istagan bo'lsa, buning uddasidan chiqqanini alohida ta'kidlashdi. Ma'lumot uchun, ushbu filmda terroristik guruhlarga adashib, qo'shilib qolgan, Suriyadagi qo'poruvchilik harakatlarida qatnashgan va qurbon bo'lgan insonlar hayoti ko'rsatiladi.
Filmning suratga olish ishlari aslida boshqa davlatlarda amalga oshirilishi kerak bo'lgan, ammo pandemiya sabab terrorchilar yashaydigan muhitni o'zimizning yurtimizda maxsus pavilion qurib, filmda jangarilar hayotini aks ettirishga muvaffaq bo'lishgan.
“O'zbekkino” Milliy agentligi hamda “Last Media” MChJ bilan hamkorlikda suratga olingan “Millioner Jonibek” filmi haftalikning uchinchi premyerasi bo'ldi.
14 yanvarda kinohaftalikning uchinchi kuni bilan bog'liq taassurotlar sovib ulgurmay to'rtinchi kun tadbirlari ham boshlab yuborildi. Dastlab, “Kino – tarbiyaning zamini” mavzusidagi davra suhbati bo'lib o'tdi. Davra suhbatida kino ta'limini yanada rivojlantirish, umumta'lim maktablariga professional kinoijodkorlar nomini berish, Toshkent shahrida kino san'atiga ixtisoslashgan zamonaviy maktab qurish va faoliyatini yo'lga qo'yish bo'yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbirlar davomida yosh kinorejissyor Shohrux Rasulovning “Adiblar xiyoboni”da haykallari o'rnatilgan atoqli ijodkorlar haqidagi “Xalq yuragi” nomli hujjatli filmi namoyishi va muhokamasi ham bo'ldi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqarilayotgan ushbu ko'p qismli film Adiblar xiyobonida haykallari o'rnatilgan har bir shoir va yozuvchi hayoti va ijodiga bag'ishlanadi.
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan soha vakillari uchun maxsus yuqorida aytganimiz “Men terrorchi emasman” badiiy filmi namoyish etildi.
“O'zbek milliy kino san'ati haftaligi”ning beshinchi kuni “O'zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlar ijodiy-tajriba studiyasi” DUK tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar namoyishi bo'lib o'tdi. Kunning ikkinchi qismida o'tkazilgan ushbu “Debyut” Yosh kinematograflar festivalida taqdim etilgan qisqa metrajli filmlarning 9tasi “Mening dunyom”, yana 9tasi “Men seni sevaman, O'zbekiston!” mavzularida bo'ldi. Kun yakunida o'zbek shou-biznesining taniqli vakillari ishtirokida shou-konsert tashkil etilib, “Debyut” festivalining “Eng yaxshi qisqa metrajli film”, “Eng yaxshi rejissyor”, “Eng yaxshi operator”, “Eng yaxshi rassom”, “Eng yaxshi ssenariy muallifi” nominatsiyalari bo'yicha g'oliblari e'lon qilindi. “Eng yaxshi qisqa metrajli film” nominatsiyasi bo'yicha yosh rejissyor Roman Grublyakning “Kichkina katta odam” filmi g'olib deb topildi, shuningdek, u festivalning ham mutlaq g'olibi bo'ldi.
Haftalikning so'nggi kunida O'zbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, atoqli rejissyor va pedagog Shuhrat Abbosovning 90 yillik yubileyi munosabati bilan uni xotirlash maqsadida “O'zbekkino” Milliy agentligi rahbariyati va bir qator kinoijodkorlar, soha mutaxassislari “Chig'atoy” qabristonida bo'lib, marhumning qabriga gulchambar qo'yishdi.
San'at fidoyisi bo'lgan Shuhrat Abbosov ijodiy faoliyati davomida o'zbek milliy kino san'ati durdonalariga aylangan “Mahallada duv-duv gap”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Sen yetim emassan”, “Toshkent — non shahri”, “Olovli yo'llar”, “Abu Rayhon Beruniy” kabi filmlarni suratga olgan edi. Hamda o'zbek rejissyorlari ichida eng faollardan bo'lib, xalqaro doiradagi nufuzli mukofotlarni qo'lga kiritgan edi.
Shu bilan birga, “Yangi O'zbekiston va milliy kinematografiya” oyligi doirasidagi “O'zbek milliy kino haftaligi” davomida yurtimizning barcha hududlari bo'ylab tadbirlar tashkillashtirildi. Jumladan, 13 yanvarda Qoraqalpog'istonning Nukus shahrida joylashgan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida artistlar, soha mutaxassislari, talabalar va jurnalistlar uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Shu kuni Buxoro viloyatida ham ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Uning so'ngida kinorejissyor Ayyub Shahobiddinovning “O'zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan “Rangsiz tushlar” badiiy filmi namoyish etildi.
Bunday tadbirlardan biri Farg'ona shahrida qiziqarli o'tdi. Unda “Avloniy” tarixiy-badiiy filmi taqdim etildi.
“O'zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, bunday uchrashuvlar, davra suhbatlari viloyatlar bo'ylab “Yangi O'zbekiston va milliy kinematografiya” oyligi so'ngiga qadar davom etadi.
Shahzod ShODMONOV